I. M. Mo‘minov
Mustaqillik yillarida Amir Temur xotirasining tiklanishi. O‘zbekiston mustaqillikka erishganidan so‘ng O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimov sa’y-harakati bilan Amir Temurning jahon tarixida tutgan o‘rni o‘z joyiga qo‘yila boshlandi. O‘zbekistonda uning faoliyatini o‘rganishga va uni ommalashtirishga keng yo‘l ochildi. Amir Temurning nomi O‘zbekistonda abadiylashtirildi. Ko‘plab shahar va qishloqlardagi shohko‘chalar, maydonlar, jamoa xo‘jaliklari, maktablar, kinoteatrlar va boshqalar uning nomi bilan ataldi.
Islom Karimov tashabbusi va rahnomaligida Toshkent, Samarqand, Shahrisabz va boshqa shaharlarning markaziy maydonlarida Amir Temurga haykal o‘rnatildi. 1995-yilda Xalqaro Amir Temur jamg‘armasi tashkil qilindi. 1996-yilda Toshkentdagi Amir Temur xiyobonida Temuriylar davri muzeyi barpo etildi, “Amir Temur” ordeni ta’sis etildi.
2017-yil 30-iyunda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyev “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakatining IV qurultoyida so‘zlagan nutqi davomida yoshlarga harbiy ta’lim-tarbiya beradigan kursantlar maktablariga “Temurbeklar maktabi” deb nom berish taklifni ilgari surdi va ushbu taklif yoshlar tomonidan mamnuniyat bilan qabul qilindi.
36-§. TEMURIYLAR DAVRIDAGI SIYOSIY JARAYONLAR
Taxt uchun kurash. Sohibqiron 1405-yil 18-fevral kuni Xitoy tomon yurish vaqtida, qahraton qishda, O‘tror shahrida vafot etadi. Amir Temur vafot etgach, uning bir necha o‘n yillar davomidagi sa’y-harakatlari natijasida barpo etilgan yirik
saltanat parchalana boshladi. Buning asosiy sababi ⦁saltanat tasarrufga olingan yurtlar shu qadar xilma-xil, uzoq masofalarga cho‘zilgan bo‘lib, ularni yagona bir ⦁markazdan turib boshqarish murakkab edi. Buning ustiga ulardagi ⦁muxolafatchi kuchlar ajralib chiqish uchun qulay payt kutardilar.
Saltanatning parchalanishiga Amir Temur vorislari o‘rtasidagi toj-taxt ilinjida uzoq yillar davom etgan o‘zaro ziddiyat va urushlar sabab bo‘ldi. Amir Temur vafoti oldidan taxt vorisi etib nabirasi Pirmuhammadni (Kobul, Qandahor va Hindiston viloyatlarining hukmdori) tayinlagan edi. Pirmuhammadni taxtga o‘tqazish tarafdorlari kuchli bo‘lsa-da, biroq Mironshohning o‘g‘li Xalil Sulton Mirzo o‘zboshimchalik bilan 1405-yilning 18-mart kuni Samarqandni egallab, o‘zini Movarounnahrning oliy hukmdori deb e’lon qiladi. Pirmuhammadning yo‘lini to‘sib, uning rejalarini buzib yuborish niyatida hatto u Amudaryoning o‘ng tomonidagi yerlarni ham o‘z hokimiyatiga qo‘shib oladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |