Misr bilan aloqalar. Amir Temur bilan Misr sultoni Barquqo‘rtasidagi rasmiy aloqalar 1385-yildan boshlangan edi. 1386–1405-yillar mobaynida Amir Temur va Misr sultonlari, shuningdek ularning Suriyadagi noiblari o‘rtasida taxminan 25 marta maktub va elchilar almashuvi bo‘ldi. Amir Temur Misr sultoni Barquq bilan do‘stona munosabatlar o‘rnatilishi, savdogar va tijorat ahllari bemalol bordi-keldilarini amalga oshirishlari, bundan keyin o‘rtada hech qanaqa ixtilof va adovat harakatari bo‘lmasligi haqida takliflar bildirib o‘z elchilarini jo‘natgan edi. Biroq Sulton BarquqAmir Temur jo‘natgan elchilarni qatl etib, takliflarni rad etadi. Keyinchalik Amir Temur Sulton Boyazid ustidan g‘alaba qozongach, Misr o‘z itoatkorligini izhor etadi.
Oltin O‘rda bilan munosabatlar. Amir Temur yordamida To‘xtamish Oltin O‘rda taxtiga kelgan bo‘lsa-da, uning Movarounnahrga talonchilik yurishlari avj oldi. Bundan tashqari, To‘xtamishxon Misr, Iroq va Turkiya bilan harbiy ittifoq tuzib, Amir Temurga zarba bermoqchi bo‘ldi. 1384-yilda To‘xtamishxonning elchisi Misr sultoni Barquq bilan uchrashuvda Amir Temurni yo‘q qilish taklifni kiritadi. Bunday taklifga shu yili Misrga kelgan Turkiya va Sivas elchilari mamlakatlari Amir Temurga qarshi bo‘lgan harbiy ittifoqqa qo‘shilishini aytdilar. Turkiya, Misr va Oltin O‘rdaning o‘zaro yaqinlashuvi Amir Temur davlatiga jiddiy xavf tug‘dirardi. Shuning uchun Amir Temur bu harbiy ittifoq harakatga kelishiga yo‘l qo‘ymadi. Amir Temur ittifoqchilarni bittadan safdan chiqarish siyosatini tutdi. 1395-yilda To‘xtamishxonga,1402-yilda Yildirim Boyazidga qaqshatqich zarbalar berdi.
Xitoy va Hindiston bilan munosabatlar. Sharqning eng katta davlatlaridan Xitoy bilan munosabatlar Amir Temur davrida bir qadar jiddiylashib qolgan edi. Bunga Xitoy hukmdorlarining ulug‘ davlatchilik siyosati sabab bo‘lgandi. Min imperatorlari Xitoyga qo‘shni bo‘lgan mamlakatlarni Xitoyga qaram mamlakatlar deb hisoblar edilar. Amir Temurning elchilari va savdogarlari olib borgan sovg‘a-salomlarni esa o‘lpon deb atar edilar. Temur ham Xitoy elchilari bilan shunga yarasha munosabatda bo‘ldi. Klavixoning ma’lumotlariga qaraganda, 1404-yilda Samarqandga kelgan Xitoy imperatorining elchilarini boshqa mamlakat elchilaridan yuqoriga o‘tqazib qo‘yilgan ekan. Yuqoridagi aytilganlardan kelib chiqib Amir Temur buyrug‘iga ko‘ra ular ham boshqa mamlakat elchilari qatoridan o‘ziga yarasha joyga o‘tqazilgan.