Eron va Kavkazdagi g‘alabalar. Jaloliddin o‘z qo‘shini bilan dastlab Kirmon, keyin Sheroz va Isfahonga borib, mahalliy hukmdorlar bilan kelishib, biroz mustahkam kuchga ega bo‘ladi. Ammo bu yerlar ukasi G‘iyosiddinga tegishli bo‘lganligi uchun u akasining kelishidan norozi edi. Jaloliddinning kelishi mahalliy aholi tomonidan yaxshi kutib olingan, chunki G‘iyosiddin davrida o‘zboshimchalik va zo‘rovonlik avjiga chiqqan edi.
Shunday qilib, Kirmon, Fors, Isfahon Xorazmshohga tobeligini izhor etib, umumiy dushman – mo‘g‘ullarga qarshi kurash istagini bildirishdi. Jaloliddin bu yerlarda birlashgan davlat tuzishga kirishdi.
Sulton Jaloliddin, bir tomondan, qudratli davlat tiklanayotganidan, ikkinchi tomondan, Tabariston, Damashq, Misr hukmdorlari u bilan yaxshi munosanbatlar o‘rnatganidan mamnun edi. Endilikda ular bilan ittifoq tuzib, katta qo‘shin tuzib, Chingizxonga qarshi yurish qilish mumkin edi. Jaloliddin bu yurishga umumrahbar bo‘lishni o‘ylab, Bag‘dod xalifasi Nosirga maktub yo‘llaydi. U xalifani umumiy dushman – mo‘g‘ullarga qarshi kurashga undaydi.
Ammo o‘sha davrdagi Bag‘dod xalifasi avvalgidek qudratga ega bo‘lmay, xudbin va kaltafahm hukmdor edi. Xalifa Islom olamiga ofat yog‘dirayotgan mo‘g‘ullardan emas, balki Xorazmshohning kuchayib borishidan xavfsirardi. Bag‘dod xalifasi tobora kuchayib borayotgan sulton Jaloliddin Manguberdi qudratini zaiflashtirish, uning ittifoqchilari o‘rtasiga raxna solish siyosatini tutdi. Xalifa Nosir bu yo‘lda qurolli kurashdan ham qaytmadi. Uning Jaloliddin Manguberdiga qarshi yuborgan 20 minglik qo‘shini Basra yaqinidagi jangda tor-mor keltirildi. Bu g‘alabadan so‘ng Jaloliddin Manguberdi Ozarbayjon tomon yurish qiladi.
Ozarbayjon hukmdori O‘zbek ichkilik, maishatga berilib davlat ishlarini o‘z holiga tashlab qo‘ygan edi, davlatni amalda uning xotini Malika xotun boshqarardi. Bundan tashqari, hukmdor aholini Gurjiston qo‘shinining talonchilik yurishlaridan himoya qilolmayotgan edi. 1225-yil mayda Jaloliddin Manguberdi Marog‘a shahrini jangsiz qo‘lga kiritadi. Tabriz va G‘azna ham Xorazmshohga taslim bo‘ldi. Ozarbayjon aholisi Xorazmshoh qiyofasida o‘zini gurjilar zo‘ravonligidan ozod etuvchi xaloskorni ko‘rdi. Gurjilar ko‘pdan beri Ozarbayjonni talar, ularga qarshi turadigan kuch topilmas edi. Endi Ozarbayjon xalqi Jaloliddin siymosida qudratli kuchga ega bo‘lgan edi. Jaloliddin Xorazmshoh Ozarbayjon harbiy yurishlar uchun qulay joyda joylashganligi uchun bu o‘lkani o‘z davlatining markazi sifatida tanlaydi. Tabriz shahrini yangi barpo etgan davlatining poytaxtiga aylantirdi.
Ozarbayjon egallangach, Jaloliddin Manguberdi o‘z qo’shinini Gurjiston tomon boshlaydi. 1225-yil avgustda Garni qal’asi yaqinida gurjilarning 60 minglik qo‘shinini tor-mor keltiradi va Tiflisga qarab yuradi. 1226-yilda Gurjiston to‘liq egallanadi.
Ozarbayjon, Shirvon (Armaniston) va Gurjiston Xorazmshoh qo‘liga o‘tgach, mo‘g‘ullar Isfahon shahri yonida paydo bo‘ladi. 1227-yil sentabrda Isfahon yaqinida Jaloliddin Manguberdi mo‘g‘ullarning Taynol no‘yon boshliq qo‘shinini yengadi. Taynol no‘yon Jaloliddin Manguberdini jangdagi mardligiga qoyil qolib “Zamonasining haqiqiy bahodiri ekan, o‘z tengqurlarining sarvari ekan”, degan.
Do'stlaringiz bilan baham: |