Qo‘zg‘olonchilarga yon berilishi. ⦁Movarounnahr aholisini tinchlantirish va
⦁ arablar hokimiyatini mustahkamlash maqsadida Xuroson noibiAshros Islom dinini qabul qilganlardan xiroj va jizya soliqlarini olmaslikka qaror qiladi. Bu aholini tinchlantirishga qaratilgan vaqtinchalik tadbir edi. Zodagon dehqonlarning ko‘pi o‘z chokarlari va kadivarlari bilan islomni qaytadan qabul qilib, arablar tomoniga o‘tadilar.
Xurosonning yangi noibiNasr ibn Sayyor (738–748)mamlakatda o‘z mavqeyini mustahkamlab olish maqsadida moliya islohoti o‘tkazadi. ⦁Islomni yangi qabul qilgan kishilar jizyadan ozod etildi. ⦁Barcha musulmonlar huquq jihatdan tenglashtiriladi, ⦁yer egasining e’tiqodidan qat’i nazar ularning xiroj to‘lashi shart qilib qo‘yiladi. Oliy martabali arab lashkarboshilari bilan mulkdor dehqonlar o‘rtasidagi qon-qarindoshlik aloqalari o‘rnatiladi. Ayni vaqtda o‘zi ham namuna ko‘rsatib, Buxorxudotning qiziga uylanadi. Bunday siyosat natijasida arablar bilan mahalliy zodagonlar o‘rtasida ma’lum darajada ittifoq yuzaga kela boshladi. Ammo bu ozodlik yo‘lida olib borilayotgan xalq harakatlariga barham bera olmaydi. Movarounnahr xalifalikdagi eng notinch va isyonkor o‘lkalardan biri bo‘lib qolaveradi.
“Oq kiyimlilar” qo‘zg‘oloni.Movarounnahrda yana bir xalq qo‘zg‘olonlardan biri 769–783-yillarda bo‘lib o‘tgan. Qo‘zg‘olonchilar oq libos kiyganlari uchun tarixda u “Oq kiyimlilar” qo‘zg‘oloni nomi bilan tilga olinadi. Bu harakatning rahbari Hoshim ibn Hakim ismli hunarmand bo‘lgan. U boshi va yuziga ko‘k parda tutib yurganligi uchun uni “Muqanna”, ya’ni “Niqobdor” laqabi bilan atashgan. Muqanna Xurosonda kichik lashkarboshidan vazirlik darajasigacha ko‘tarilgan.
Muqanna ajnabiylar hukmronligi va zulmiga qarshi qo‘zg‘alishga da’vat qilib, Movarounnahrga yo‘l oladi va o‘z yaqinlari bilan Naxshab va Kesh shahriga yetib boradi. Kesh yaqinida tog‘ tepasiga bino qilingan Som qal’asini o‘z qarorgohiga aylantiradi. Tez orada butun Qashqadaryo vohasi “Oq kiyimlilar” qo‘liga o‘tadi. Natijada“Oq kiyimlilar” harakati kengayib, katta xalq qo‘zg‘oloniga aylanadi. U ayniqsa Sug‘dda avj olib, Eloq (Ohangaron) vodiysi va Shoshga ham o‘zining ta’sirini o‘tkazadi. Qo‘zg‘olonda turli tabaqalar qatnashadi.
“Oq kiyimlilar” qo‘zg‘oloniga zarba berish uchun xalifa Mansur 775-yilda katta harbiy kuchni Movarounnahrga safarbar qiladi. Dastlabki to‘qnashuvlarda arab qo‘shinlari katta talafotlar berib, Samarqandga chekinadilar. Biroq to‘rt oy davom etgan kurashdan so‘ng qo‘zg‘olonchilar mag‘lubiyatga uchraydi.