Yangi zelandiya
Yangi zelandiya — Tinch okeanning janubi-gʻarbiy qismidagi davlat. Maydoni 268,7 ming km². Aholisi 3,994 mln. kishi (2004). Poytaxti — Vellington shahri Maʼmuriy jihatdan 10 provinsiya (rgoutse)ga boʻlinadi.
Davlat tuzumi. Ya.Z. — Buyuk Britaniya boshchiligidagi Hamdoʻstlik tarkibiga kiruvchi parlamentar monarxiya. Buyuk Britaniya parlamenti va asosan, Ya.Z. parlamenti tomonidan qabul qilingan qonun hujjatlariga amal qilinadi. Davlat boshligʻi — Buyuk Britaniya qirolichasi, uning nomidan generalgubernator davlatni boshqaradi. Qonun chiqaruvchi hokimiyatni 1 palatali parlament — vakillar palatasi, ijrochi hokimiyatni generalgubernator tomonidan tayinlanadigan bosh vazir boshchiligidagi hukumat amalga oshiradi.
Tabiati. Ya.Z. Kuk boʻgʻozi orqali ajralib turgan Shimoliy va Janubiy orollarda joylashgan. Ya.Z.ga Tinch okeandagi bir qancha mayda orollar ham kiradi. Mamlakatning 3/4 qismi togʻ, qir va tepaliklar bilan band. Sohili va daryo vodiylari pasttekislik. Shimoliy orolda tez-tez zilzila boʻlib turadi, soʻnmagan vulkanla
r, geyzerlar, qaynoq mineral buloqlar bor. Janubiy orolda Janubiy Alp togʻlari joylashgan (eng baland joyi 3764 m — Kuk togʻi; choʻqqilarda abadiy qor va muzliklar bor). Shimoliy orol qirgʻogʻi yaqinidagi shelfda neft, gaz, temir, mis, polimetall rudalari, oltin, koʻmir konlari bor. Iqlimi subtropik dengiz iqlimi, chekka janubiy da moʻʼtadil iqlim. Iyulning oʻrtacha temperaturasi shimolida 12°, janubida 5°, yanvarniki shimolida 19°, janubida 14°. Oʻrtacha yillik yogʻin 400–700 mm, togʻ yon bagʻirlarida 2000–5000 mm. Daryolari sersuv, gʻidroenergiya zaxirasiga boy. Eng yirik daryosi — Uaikato (uz. 354 km). Koʻl koʻp: eng yirigi — Taupo (mayd. 612 km²). Ya.Z.da sariq, qoramtir va kashtan tuproq, togʻlarda togʻoʻrmon, togʻoʻtloqi tuproqlar tarqalgan. Oʻrmon, asosan, baland togʻlarda saqlanib qolgan (mamlakat hududining 23%). Oʻsimlik turlarining 75% dan ziyodi endemik. Paporotnik, daraxtsimon epifit va lianalar, mahalliy daraxt turlari (kauri, namaki, rimu, tarairo va boshqalar) koʻp. Hayvonot dunyosi kambagʻal. Sut emizuvchilardan kalamush, it, koʻrshapalaklar, sudralib yuruvchilardan tuatara, qushlardan pingvin, nayburun, chagʻalay va boshqalar koʻp. Uchmaydigan qushlardan kivi, ueka, moa va uchadigan moyqut, chittak, chugʻurchiq bor. Soʻnggi 100 yil davomida hayvonot dunyosi bugʻu, serna, tulki, quyon va boshqalar hisobiga ancha boyidi. Ya.Z.da 10 milliy bogʻ (MauntKuk, Tongariro, Fordlend va boshqalar), 2 dengiz parki, koʻplab rezervatlar bor.
Aholisining asosiy qismi yangi zelandiyaliklar; ular yangi zelandiyalik inglizlar va maorilar (15%) ga boʻlinadi. Bundan tashqari, polineziyaliklar, ingliz, shotland, irland, xitoy, hind va boshqalar xalklar ham yashaydi. Rasmiy tillar — ingliz va maori tillari. Dindorlarning aksariyati — protestantlar. Shahar aholisi 85%. Yirik shaharlari: Vellington, Oklend, Kraystcherch.
Tarixi. Ya.Z.ga 10—14-asrlarda maorilar kelib joylashgan. Yevropaliklardan birinchi marta 1642 yil gollandiyalik dengizchi Abel Tasman borgan. 1769— 70 yillarda ingliz dengizchi sayyohi Jeyms Kuk orollarni tadqiq qilgan. 19-asrning boshlarida yevropaliklarning dastlabki aholi punktlari paydo boʻldi. Ayni vaqtda maorilarga tegishli yerlarni bosib olish jarayoni boshlandi. 1840 yil dastlabki ingliz muhojirlari Vellington shahrini barpo etdilar. 1840 yildan Angliya Ya.Z. ni oʻz mustamlakasiga aylantirdi. 1843 yil maorilarning ingliz mustamlakachilariga qarshi qurolli qoʻzgʻoloni boshlandi. 1872 yilga kelib maorilarning qarshiligi toʻla bostirildi. 1907 yil Ya.Z. dominion maqomini oldi. Birinchi jahon urushi (1914—18)da Ya.Z. Buyuk Britaniya tomonida boʻldi. Urushdan soʻng Ya.Z. Germaniyaning sobiq mustamlakalari boʻlgan Gʻarbiy Samoa va Nauruni Buyuk Britaniya va Avstraliya bilan birgalikda boshqarish uchun mandat oldi. 1926 yilgi imperiya konferensiyasi va 1931 yilgi Vestminster statuti bilan tasdiqlangan qarorlar asosida Ya.Z. tashqi va ichki ishlarda toʻla mustaqillikka ega boʻldi. Ammo Ikkinchi jahon urushi (1939—45) gacha Buyuk Britaniya Ya.Z.ning barcha tashqi aloqalarini nazorat qilib turdi. Ikkinchi jahon urushida Ya.Z. antifashistik koalitsiya tomonida boʻldi. 1930-yillardan hokimiyatni navbatmanavbat Milliy partiya va Leyboristlar partiyasi egallab kelmoqda. Ya.Z. 1945 yildan BMTaʼzosi. 1992 yil 19 martda Oʻzbekiston Respublikasi suverenitetini tan olgan va diplomatiya munosabatlari oʻrnatgan. Milliy bayrami — 6 fevral — Vaytanga kuni (1840).
Do'stlaringiz bilan baham: |