Mavzu: Muqobil shakldagi muassasalarda ijtimoiy-pedagogik faoliyat Mehribonlik uylari tarbiyalanuvchilarini ijtimoiy hayotga tayyorlash jarayonida ularni milliy ma’naviy-axloqiy qadriyatlar bilan tanishtirib borish muhim ahamiyatga ega. Milliy qadriyat muayyan millatning avloddan-avlodga o‘tib, uzoq vaqt saqlanib kelgan axloqiy normalari, g‘oya va diniy e’tiqodi, urf-odat va marosimlarini o‘z ichiga oladi.
Tarbiyalanuvchilar ijtimoiy hayotda yorqin, mo‘tadil kun kechirishlari uchun o‘z faoliyatlarini milliy ma’naviy-axloqiy qadriyatlar asosida tashkil etishlari lozim. Milliy ma’naviy-axloqiy qadriyatlar garchi, yozma manbaalarda ifodalanmagan bo‘lsada, jamiyat tomonidan tan olinib, og‘zaki shaklda ma’naviy-axloqiy munosabatlarni tartibga soladigan me’yorlarni ifodalaydi.
Bu jarayonda quyidagilar o‘ziga xos o‘rin tutadi:
1) Atrofdagilar bilan o‘zaro muloqot va oldi-berdi munosabatlarini tashkil etish shartlaridan xabardor bo‘lish.
2) Jamoa joylari hamda ta’lim muassasalarida umumiy axloq me’yorlariga rioya qilish.
3) Jamiyat (davlat)da amal qilinadigan, ijtimoiy munosabatlarni tartibga soladigan huquqiy-axloqiy talablarga og‘ishmay amal qilish.
4) Tabiatga (moddiy borliqqa) oqilona munosabatda bo‘lish. Mehribonlik uylari o‘quvchilarini milliy, ma’naviy-axloqiy ruhda tarbiyalashda ijtimoiy ish xodimining vazifalari quyidagilar hisoblanadi:
- yetim bolalar va ota-onasining qarovisiz qolgan bolalarni tarbiyalash, kamol toptirish va qo’llab-quvvatlash;
- tarbiyalanuvchilarni to’liq ruhiy sog‘lomlashtirishga, ijtimoiy moslashtirishga va jamiyatga uyg‘unlashtirishga ko’maklashadigan, ularning sifatli ta’lim va tarbiya olishi, shuningdek ularning ijodiy va intellektual qobiliyatlarini rivojlantirish uchun uy sharoitiga yakinlashtirilgan muhitni yaratish;
- tarbiyalanuvchilarning qonuniy huquq va manfaatlari ijtimoiy-huquqiy himoya qilinishini ta’minlash;
- tarbiyalanuvchilarning hayoti va sog‘ligi, psixologik va jismoniy rivojlanishi himoya qilinishini ta’minlash.
- tarbiyalanuvchilarni jamiyatning yetuk a’zolari sifatida ijtimoiy hayotga samarali tayyorlash, ular tomonidan muayyan kasb yoki hunar sirlarini o‘zlashtirilishiga erishish, keskin raqobatlarga bardosh bera oladigan darajada ruhan kamol topishlari uchun zarur pedagogik sharoitlarni yaratish, mavjud imkoniyatlardan oqilona foydalanish chora-tadbirlarini belgilashdan iboratdir.
Mehribonlik uylari”da tarbiyalanuvchilarni ijtimoiy-axloqiy qoidalar bilan tanishtirib borishi ularning axloqiy jihatdan to‘g‘ri tarbiyalanishlariga zamin yaratadi. Zero, tarbiyalanuvchilar tomonidan ijtimoiy-axloqiy qoidalarning yetarli darajada anglanishi ularga zid xatti-harakatlar sodir etilishining oldini oladi. Shu sababli, muassasada tashkil etiladigan ta’lim-tarbiya jarayonida masalaning mazkur jihatiga jiddiy e’tibor qaratilishi lozim.
Tarbiyalanuvchilar quyidagi yo‘nalishlardagi ijtimoiy-axloqiy qoidalardan xabardor bo‘lishlari kelgusida ularning har tomonlama yetuk shaxs bo‘lib voyaga yetishlarida muhim ekanligi aniqlandi:
1. Shaxslararo munosabat va muloqotni to‘g‘ri tashkil etish.
2. Mehnat va kasbiy faoliyatni samarali tashkil etish.
3. Ta’lim muassasasi hayoti (faoliyati)ni yo‘lga qo‘yishda ishtirok etish.
4. Maishiy turmushni yo‘lga qo‘yish.
5. Jamiyat ijtimoiy hayotida faol ishtirok etish.
Zamonaviy jamiyatda yetim bolalar va bolalarni ijtimoiy munosabatlarni tashkil etishga tayyorlash, ularning ijtimoiy moslashuvlarini ta’minlash dolzarb ijtimoiy-pedagogik muammolardan biri bo‘lib kelmoqda. Mustaqil hayotga qadam qo‘yishning dastlabki bosqichida har qanday o‘spirin ijtimoiy yordamga ehtiyoj sezadi. Bu ehtiyoj odatda oila muhitida qondiriladi. Biroq, ota-onasiz yoki ularning qarovidan mahrum bo‘lgan bolalar va o‘smirlarni mustaqil hayotga to’laqonli shaxs sifatida tayyorlash davlat va jamiyat tomonidan katta kuch sarflanishini talab qiladi.
Bolalar uylari tarbiyalanuvchilarini ijtimoiylashtirish tarbiya va ta’lim ishlari o‘zaro muvofiqlikda olib borilgandagina ta’minlanadi.
Bolalar uylarining asosiy vazifasi tarbiyalanuvchilarni ijtimoiylashtirish sanaladi. Buning uchun oila munosabatlarini o‘zida ifoda etuvchi tadbirlarni tashkil etish maqsadga muvofiqdir. Bunday tadbirlar jarayonida ular kattalarning kichiklar to‘g‘risida g‘amxo’rlik qilishlari, kattalarga hurmat bilan munosabatda bo‘lish, ota-onani hurmat qilish, ota-onalar, oilaning katta a’zolari bilan samimiy munosabatda bo‘lish, bir-birlarini tushunish hamda o‘y-kechinmalarini hurmat qilish kabi fazilatlarni o‘zlashtira olishlari lozim.
Mehribonlik uylari tarbiyalanuvchilari o‘rtasida oila va oilaviy hayot to‘g‘risidagi nazariy hamda amaliy bilimlarni samarali targ‘ib etishda quyidagi metodlardan foydalanish maqsadga muvofiqdir:
1. Pedagogik faoliyat shakllari:
- suhbat;
- uchrashuv
- savol-javob;
- mini ma’ruza;
- bellashuv;
- bahs-munozara;
- debat;
- trening.
2. Pedagogik faoliyat metodlari:
- og‘zaki bayon qilish, tushuntirish;
- namuna ko’rsatish;
- ko‘rsatmali namoyish etish;
- amaliy mashg‘ulotlar.
3. Pedagogik faoliyat vositalari:
- nutq;
- namuna;
- o‘zaro muloqot;
- oila va oilaviy hayot to‘g‘risidagi ma’lumotlar;
- maxsus va badiiy adabiyotlar, o’quv manbalari;
- ommaviy axborot vositalari xizmati;
- texnik vositalar.