73.Resurslar, tovarlar, xizmatlar va daromadlarning doiraviy aylanishi modelini izohlab bering. Tovarlar aylanmasida iqtisodiyot ikki sektorga bo’linadi: uy xo’jaliklari va firmalar. Uy xo’jaliklari o’z resurslarini (ishchi kuchi, kapital va erni) firmalarga sotib daromad oladilar va bu daromadlarini firmalardan tovarlar va xizmatlar olishga ishlatadilar. Firmalar o’zlarining tovar va xizmatlarini sotib undan tushgan daromadni uy xo’jaliklaridan resurslarni sotib olishga ishlatadilar. Quyida keltirilgan 1-chizmadan ko’rinib turibdiki, xaqiqatdan ham nima iste’mol qilish kerak, demak, nima ishlab chiqarish kerak, degan masalani uy xo’jaliklari hal qiladi. Uy xo’jaliklarining bunday qarori, firmalarning ishlab chiqarish rejalarini tuzish uchun asos bo’lishi kerak. Firmalar, o’z navbatida, noyob resurslardan foydalanish qarorlarini bir-biri bilan muvofiqlashtirishi lozim.
Nihoyat, uy xo’jaliklari iste’mol qilish uchun rejalashtirgan ne’matlarni olishlari kerak, ya’ni ular iste’mol qilish bo’yicha qarorlarini bir-biri bilan moslashtirishi kerak bo’ladi. Bozor tizimida muvofiqlashtirish masalalarini ikkita bozor hal qiladi: ishlab chiqarish resurslari bozori va iste’mol ne’matlari bozori. Talab va taklif modeli tadbirkorlar sektori bilan uy xo’jaliklari sektori o’rtasidagi o’zaro munosabatlarni tushuntirishga xizmat qiladi. Agar bu ikki sektor tovarlar bozorida oldi-sotdi bo’yicha o’zaro munosabatda bo’lsa, talab va taklif modeli tovar narxini va sotiladigan tovar hajmini aniqlaydi. Agar ular resurslar bozorida oldi-sotdi bo’yicha o’zaro munosabatda bo’lsalar model sotiladigan resurslar narxini va miqdorini aniqlaydi.
74. Resurslar, tovarlar, xizmatlar va daromadlarning doiraviy aylanishi modelida davlatning oʻrnini izohlab bering
Resurslar hamda tovarlar va xizmatlar oqimi jami taklifni, daromadlar va xarajatlar oqimi jami talabni ko’rsatadi. Davlat ishtiroki mavjud bo’lmagan yopiq iqtisodiyotda yalpi talab va yalpi taklifning o’zaro teng bo’lishi firmalarnining yalpi sotuvi, yoki yalpi ishlab chiqarishi hajmi uy xo’jaliklarining yalpi daromadlari, yoki yalpi daromadlariga teng bo’lishi shaklida namoyon bo’ladi. Bu ko’rsatkichlar o’rtasidagi tenglikning buzilishi ishlab chiqarishning pasayishi, inflyatsiya va ishsizlik darajalarining ko’tarilib ketishiga sabab bo’ladi. Davlat aralashuvi mavjud bo’lgan iqtisodiyotda bu model ancha murakkab ko’rinish oladi. Bunda: 1-Er, mehnat, kapital. 2-Resurslar. 3-Tovar va xizmatlar. 4-Tovar va xizmatlar. 5-Resurslar. 6-Tovar va xizmatlar 7-Transfertlar. 8-Pul daromadlar (ish haqi, renta, foiz, foyda) 9-Iste’mol xarajatlari. 10-Sotishdan tushgan daromad. 11-Resurs xarajatlari. 12-Soliqlar. 13-Soliqlar. 14-Xarajatlar. 15-Xarajatlar. 16-Subsidiyalar.
Bunday iqtisodiyotda resurslar - tovarlar va xizmatlar, daromadlar, xarajatlarning uzluksiz harakati ham bozor mexanizmlari orqali, ham davlat aralashuvi bilan ta’minlanadi. Bunda hukumat ishlab chiqaruvchilar va iste’molchilarning harakatini bevosita boshqarmaydi, balki resurslar va tovarlar bozorlarida qatnashish orqali ularning iqtisodiy faoliyatiga qulay sharoitlar yaratadi. Davlat korxonalar va uy xo’jaliklarini soliqqa tortish bilan birga korxonalarga subsidiyalar berish, aholiga transfert to’lash orqali ularning ishlab chiqarish imkoniyatlari va xaridga qodir talablariga ta’sir etadi. Ayni paytda davlat resurslar bozoridan hamda tovarlar va xizmatlar bozorida sotib oluvchi sifatida ishtirok etadi. Davlat o’z ishtiroki bilan firmalarning ishlab chiqarish hajmlari va uy xo’jaliklarining tovarlar va xizmatlar xarid qilish miqdolari to’g’risidagi qarorlari o’zaro mos kelmagan hollarda ro’y beradigan iqtisodiy tebranishlarni tartibga solib turadi. Davlat doiraviy aylanishga 3 xil yo`l bilan ta`sir qiladi:
a) soliqlarni manipulyatsiya qilib (bevosita ta`sir);
b) davlat xaridlarini ko`paytirish yoki kamaytirish yo`li bilan (bevosita ta`sir);
v) pul miqdorini o`zgartirish orqali (bilvosita ta`sir).