Birinchidan, geografik yarim oy shaklida joylashgan shialar mintaqada ma’lum noaniqliklar keltirib chiqaradi. Eron-Iroq-Suriya-Livan-Falastin chizig’ida joylashgan shialar Yaqin Sharqda o’ziga xos siyosiy ittifoqni shakllantirib, AQSh ta’siri ostidagi Saudiya Arabistoni, Misr va Isroilga nisbatan raqib kuchga aylanadi. Mintaqadagi shia kuchlarining yetakchisi bo’lmish Eron AQSh va uning ittifoqchilari amalga oshirayotgan terrorizmga qarshi urush oqibatida sezilarli darajada qudratga erishdi. Eron oxir-oqibat yadroviy qurolga erishib, AQShga nisbatan ochiq tahdidga aylanidimi yoki Isroil va AQSh Eronga qarshi oldini oluvchi xujumlarni amalga oshiradimi yo’qmi, degan savol hanuz ochiq qolmoqda. Suriya masalasidan xulosa chiqargan xalqaro hamjamiyat mintaqa bundan keyin shia va Sunniy Arab Dunyosi o’rtasidagi raqobat maydoniga aylanib qolishidan xavotir bildirmoqda.
Bundan tashqari mintaqada yuzaga kelgan biror inqirozga mahalliy kuchlar qanday munosabat bildirishini oldindan tahmin qilish doimo mushkul. Mobodo Assad hokimiyatdan ketgudek bo’lsa, Suriyadagi kuchlar muvozanati keskin izdan chiqib ketadi va inqiroz Livan hamda Falastinga ham tarqaydi, natijada mintaqadagi muhim ittifoqdoshlaridan ayrilgan Eron o’z muhofazasi uchun yadroviy dasturi ustidagi jarayonlarni jadallashtira boshlaydi. Shu sababli shialar yashaydigan geografik yarimoy mintaqada beqarorlik keltirib chiqaruvchi omillar ichida yuqori o’rinda turadi.
Ikkinchidan, Isroilning xavfsizlik nuqtayi-nazaridan kelajagi noaniq. Bir necha Isroil-Arab mojarolaridan keyin Misr kabi mo’tadil arab mamlakatlari tomonidan ta’minlangan tinchlik sharoiti hozirga kelib yo’qqa chiqdi. NATO a’zosi bo’lgan Turkiya ham islomiy partiyaga asoslangan hukumat siyosati ortidan Arab Bahori arafasida Isroil bilan yaqin aloqalarni susaytirdi. 2011 yilda boshlangan inqiroz ortidan arab mamlakatlarida ortib ketgan ekstremistik kayfiyatga harakatlar nazoratdan chiqib ketishi ortidan Isroilning kelajakda bunday kuchlar tahdidiga duch kelmasligi kafolati ham mavjud emas. 1979 yilda Kemp Devid shartnomasi natijasida yuzaga kelgan nisbiy tinchlik shu tariqa hozirga kelib yo’qqa chiqdi. Isroilning xavfsizlik kelajagi savol ostida qolishi AQShning mintaqadagi yagona ittifoqdoshini himoya qilish uchun yanada ko’p mablag’ va resurs sarflashiga sabab bo’ldi.
Uchinchidan, Fors ko’rfazi davlatlaridagi vaziyat kelajakda qanday bo’lishi bo’lishi noaniq. Bu hududdagi monarxiyalar Arab Bahori davridagi norozilik to’lqinidan qutilib qolishga vaqtincha muvaffaq bo’lgan bo’lsada, bu mamlakatlardagi siyosiy jarayonlar rivoji bir tekisda davom etmasligi tayin. Fors ko’rfazi davlatlari Isroil singari AQShning asosiy ittifoqdoshi bo’lmasa ham, Saudiya Arabistoni kabi arab davlatlari Vashingtonning Yaqin Sharq siyosatidagi muhim ustunlardan hisoblanadi. Ular mintaqadagi har qanday jarayonga ta’sir o’tkaza oladi. Fors ko’rfazi monarxiyalaridagi har qanday ichki siyosiy o’zgarish Yaqin Sharq mintaqasida sezilarli aks etishi mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |