Biografik ma’lumotlar tarbiyaviy (ma’naviy) omil bo‘lishiga ko‘ra:
5-sinfda Imom Buxoriyning ilmga bo‘lgan yuksak ishtiyoqi, ilmda halollikka intilishi, islomiy ma’naviyatni butun borliqiga singdirib olgani, Ezopning topqirligi, zukkoligi, Navoiyning oliy xulqi va insoniyligi, Boburning millatparvarligi, undagi Vatanga ishtiyoq;
6-sinfda X. To‘xtaboevdagi mehr, kichiklarga muruvvat, Abdulla Qahhordagi iroda, sabr va matonat, O‘tkir Hoshimovdagi onaga cheksiz muhabbat, ehtirom, Navoiydagi donishmandlik;
7-sinfda Hamza, Muhammad Ali, Shavkat Rahmon va Umar Sayfiddinga xos bo‘lgan vatanparvarlik, millatga fidoiylik, tarixga murojaat, kechagi kundan saboq olish, Rauf Parfidagi insoniylik va yurt qayg‘usi bilan yashash fazilati, Navoiyga xos bo‘lgan sof e’tiqod va pokiza diyonat, kuchli iymon va hokazolar tarbiyalanuvchilar ichki olamini shakllantirishda beqiyos manba bo‘lib xizmat qiladi.
Biografik ma’lumotlar metodologik omil bo‘lishiga ko‘ra.
Metodologiya (adabiyotda) muayyan asar yoki umuman adib ijodining ilmiy-nazariy asosi, unga yondashuv tamoyillarining tizimidir. Metodologiya badiiy asar yoki adib ijodiga qanday yondashishni belgilab beradi. U badiiy asar (ijod)ni anglash, bilish asosi sanaladi. Masalan, Ahmad Yassaviy, Ahmad Yugnakiy, Alisher Navoiy, Xoja, So‘fi Olloyor, Huvaydo singari adiblar ijodini anglash uchun tasavvuf ta’limotini bilish darkor. Chunki tasavvuf bu adiblar ijodining metodologik asosi bo‘lib xizmat qiladi. Ularning she’rlaridagi yor, oshiq, raqib obrazlari va ular o‘rtasidagi munosabatlarni bu ta’limotdan ayri holda tushunish va tushuntirish xatodir. Ba'zi nasriy va liro-epik asarlardagi tasavvufiy ramziylikni tushunmagan o‘quvchi ulardagi inson umri mazmuni, olam va odam haqidagi so‘fiyona yondashuvni anglamay, zohiriy ma’nolarga o‘ralashib qoladi. So‘fiyona she’rlardagi yor (ma’shuqa) oxir-oqibat Yaratganning ramziy obrazi bo‘lib, uning mubolag‘ali husni ilohiy go‘zallik ifodasi, jafokorligi Ollohning o‘z oshiqi (bandasi) boshiga og‘ir sinovlar solib, uning sadoqati va iymonini sinovdan o‘tkazishi kabi mohiyatni anglatadi. Dostonlardagi Farhod, Majnun kabi oshiq obrazlari xuddi so‘fiyona she’rlardagi kabi ilohiy dargohga intiluvchi solik timsollari bo‘lsa, Shirin, Layli obrazlari ilohiy visol ramzlari o‘laroq talqin etiladi. Ular o‘rtasidagi munosabatlarni yigit va qiz orasidagi intim intilishlar sifatidagina talqin etish kam deganda bu asarlar mohiyatini jo‘nlashtirishdan boshqa narsa emas. Xojaning hikoyatlaridagi zohiran sodda va jo‘n ko‘ringan syujet ortidagi ramziylik so‘fiyona nigoh bilan qaralsa, o‘ziga xos falsafiy ma’no kasb etadi Masalan, nogoh notanish shaharga kelib qolgan musofir to‘g‘risidagi hikoyatda bosh qahramonning shaharga kelishi uning tug‘ilishi, shahar - bu o‘tkinchi dunyo, undagi bir yillik hukmdorlik insonning umri, hukmdorlar tashlab kelinadigan borsa kelmas oroli oxirat hayotidir.
Adabiyot dasturidan joy olgan Albert Kamyuning "Begona" qissasini tushunish va to‘g‘ri talqin qilish uchun esa yozuvchi mansub bo‘lgan absurd yo‘nalishining ekzentensalizm oqimi mohiyatini bilgandagina o‘qituvchi asarni o‘quvchilarga to‘g‘ri yetkaza oladi. Sho‘ro davrida yaratilgan bir qator asarlarni tushunish uchun esa ular uchun metodologiya asosi bo‘lgan sotsialistik realizm metodi haqida tushunchaga ega bo‘lmoq kerak.
Do'stlaringiz bilan baham: |