Adabiyotlar:
1. Dolimov S, Ubaydullaev H., Ahmedov Q. Adabiyot o‘qitish metodikasi. T.: "O‘qituvchi", 1967.
2. Yo‘ldoshev Q. Adabiyot o‘qitishning ilmiy-nazariy asoslari. T. 1996.
3. To‘xliyev B. Adabiyot o‘qitish metodikasi. T.: Yangi asr avlodi", 2006.
4. Qodirov V. Mumtoz adabiyot: o‘qitish muammolari va yechimlar. T.: Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi nashr., 2009.
5. Qodirov V. Adabiyot darslarida tasavvuf ta’limoti haqida ilk tushuncha berish. O‘qituvchilar uchun metodik qo‘llanma. - Andijon.; AVPXMOI nashriyoti, 1997. -16 6.
6. Yo‘ldoshev Q., Qodirov V. Adabiy sabog‘lar - 7. O‘qituvchilar uchun metodik qo‘llanma. -T.: "Sharq", 2005. - 192 b.
7. Yo‘ldoshev Q., Qodirov V. Adabiy sabog‘lar - 9. O‘qituvchilar uchun metodik qo‘llanma. -T,: "Yangiyo‘l poligrarh service", 2006. - 160 b.
8. Husanboeva Q, Adabiyot - ma’naviyat va mustaqil fikr shakllartirish omili. T.: Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi nashr., 2009.
9. Olimov S. va boshqal. Adabiyot - 8. Metodik qo‘llanma. - T.: G‘. G‘ulom nomidagi nash.-matbaa uyi, 2006.
10. Zunnunov A. Maktabda Gulxaniy va Muqimiy ijodini o‘rganish. -T.: "O‘qituvchi", 1965.
11. Jo‘rayev K. Maktabda Oybek hayoti va ijodini o‘rganish. -T.: O‘qituvchi, 1974, 1982.
12. Zunnunov A. Maktabda G‘afur G‘ulom hayoti va ijodini o‘rgatish. -T.: O‘qituvchi, 1977.
13. Ismatov S. Maktabda Abdulla Qahhor hayoti va ijodini o‘rgatish. -T.:O‘qituvchi, 1978.
8-mavzu. BADIIY ASARNING O‘QUV TAHLILI
Reja:
1. Badiiy tahlil va ularning turlari.
2. Badiiy tahlilga qo‘yiladigan talablar.
3. Filologik (ilmiy) tahlilning o‘quv (didaktik) tahlildan farqi.
4. Badiiy asarning o‘quv tahlili tamoyillari.
1. Badiiy tahlil va ularning turlari.
Adabiy ta’lim oldidagi bosh maqsadga erishish uchun o‘qituvchi badiiy asarni o‘rganish yo‘llarini puxta egallab olishi shartdir. O‘quvchilarning fikrinigina emas, balki uning tuyg‘ularini, qalbini hissiyotlar olamini ham shakllantirishga ahd qilgan adabiy ta’lim badiiy tahlilsiz o‘z muddaosiga erisha olmaydi. Chinakam badiiy tahlil bo‘lmagan joyda adabiyot o‘qitish faqat quruq voqealar bayonidan yoxud yalang‘och g‘oyalar tavsifidan iborat bo‘lib qoladi. Bunday holatda esa badiiy matn o‘quvchining qalbiga ta’sir etmaydi, uning ma’naviyati shakllanishiga yordam bera olmaydi.
Adabiy ta’lim oldida turgan vazifalar ham badiiy asarlarni chuqur tahlil etishni talab qiladi. Negaki, maktab o‘quvchilarida kitobga muhabbat o‘qilgan kitobning sir-asrorini bilgandan keyingina shakllanadi. Talaba badiiy asardan lazzat tuysa, o‘zining zavqini keltirgan tasviriy unsurlarni payqay bilsa, chinakam badiiyat namunasini soxta asarlardan ajrata olish malakasini egallayotgan bo‘lsagina kitobxonga aylanadi. Chunki biror asarni o‘qish jarayonida, uni tahlillash mobaynida tuyilgan lazzat o‘quvchini boshqa asarlarni o‘qishga, ulardan ham zavqlanishga undaydi.
Adabiy asarni tahlil qila olmagan, binobarin, undan ta’sirlana bilmagan bola ma’naviy qadriyatlarga mensimay qaraydigan bo‘ladi. Chunki bunday bolaga insonni tushunish, o‘zgani his etish begona. Unda tor amaliyotchilik, manfaatparastlik illatlari huruj qilish imkoniyati katta. Shuning uchun ham badiiy tahlil oddiy o‘quv tadbiri emas, balki o‘ta muhim ma’naviy hodisadir. Asl adabiyot
namunalarini o‘qimaydigan, his qilmaydigan, badiiy obrazlarning kechinmalarini tuymaydigan, badiiy so‘z jozibasidan ta’sirlanmaydigan o‘quvchilar ulg‘aygach, hamisha hamma narsani "biladigan", har qanday savolga javobi "tayyor" turadigan hissiz, yuraksiz kishilarga aylanishlari mumkin. Unday odamlar adabiyotga faqat ko‘ngilochar mashg‘ulot deb qaraydilar, ular san’at asarlariga to‘pori tirikchilik mantiqi nuqtai nazaridan yondashadilar.
Badiiy tahlilsiz mashg‘ulotda adabiyot o‘qituvchisi nochorligicha, adabiyot darslari zerikarliligicha, asardan chiqariladigan xulosa "ijtimoiy nasihat"ligicha qolaveradi. Tahlil g‘arib bo‘lganligi uchun adabiyot o‘qitish jarayoni oldiga qo‘yilgan bosh maqsad - barkamol shaxs shakllantirish amalga oshmaydi.
Amaliyotda badiiy tahlil qanday maqsadga yo‘naltirilganligiga qarab ikki turga: filologik (ilmiy) va didaktik (o‘quv) tahlilga bo‘linadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |