2. Tabiiy ko‘rgazmalilik va ulardan foydalanish. Tabiiy ko‘rgazmalar qo‘shimcha vaqt, mablag‘ yoki kuch talab qilmaydigan, ayni paytda dars samaradorligini oshiriruvchi vosita sanaladi. O‘qituvchi o‘rganilayotgan mavzu mazmuni yoki o‘zi qo‘llashni ko‘zlayotgan metod va usullarni amalga oshirishda asqotadigan tabiiy ashyolarni olib kirishi mumkin. Bular gul, tosh, choynak, piyola, arqon bo‘lagi, novda va boshqalar bo‘lishi mumkin.
Aytaylik, 7-sinfda Uvaysiyning chistonlari o‘rganilmoqda. O‘qituvchi darsga anor, yong‘oq olib kirishi va she’rlar tahlilida ulardan foydalanishi samarani bir necha marotaba yuqori bo‘lishini ta’minlaydi. Yoki o‘rta maxsus ta’limda Erkin Voqidov she’riyati, jumladan, "Kamtarlik haqida" she’ri o‘rganilganda choynak va piyoladan foydalanish maqsadga muvofiq. O‘qituvchi har bir misra va bandni o‘qish, o‘rganish jarayonida tegishli harakatlar bilan ko‘rsatib borishi lozim.
3. Tasviriy-sintetik ko‘rgazmalilik.
Ular ko‘rish bilan bog‘liq ko‘rgazmalilikka mansub bo‘lib, adabiy ta’limda boshqa vositalarga nisbatan ko‘proq qo‘llaniladi. Bunga yozuvchi va shoirlarning portretlari, asarlarga illyustrasiyalar, yozuvchi /adib/ hayoti va ijodiga aloqador bo‘lgan joylar fotografiyasi yoki yozuvchining hayoti, asarlari bilan bog‘liq fotosuratlar v. b. kiradi. Har holda eng kamida darslikdagi rasm namunalari shu vazifani bajarishi mumkin. Ishda hajmi qo‘shimcha texnik vositalarni talab qilmaydigan reproduksiyalardan foydalanish ham qulaylik tug‘diradi.
Otkritka ko‘rinishidagi rasmlardan tarqatma material sifatida foydalanish mumkin. Uning qulayligi shundaki, bunda har bir o‘quvchining qobiliyati va imkoniyatini ham nazarda tutish mumkin bo‘ladi .
Yozuvchi hayoti va ijodini o‘rganishga doir albomlarda tasviriy san’at asarlaridan namunalargina emas, yozuvchining o‘zi va zamondoshlari aytgan fikrlar, xatlardan namunalar bo‘lishi mumkin. Tasviriy va hujjatli materialning bir xildagi birlashuvi albomlardan darsda ham, sinfdan tashqari ishlarda ham, yakka mashg‘ulotlarda ham foydalanish imkonini beradi.
Diafilm va diapozitivlar ham asosan shunga yaqin pedagogik vazifalarni bajaradi.
Yana bir muhim holat mavjud: darsda, mashg‘ulotlarda oq-qora tasvirdan ko‘ra rangli rasmlardan foydalanish maqsadga muvofiqroqdir6. Nizomiy Ganjaviy, Abdurahmon Jomiy, Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur asarlariga ishlangan miniatyuralarning turli yillarda nashr etilgan namunalari bu jihatdan bebaho manba va material bo‘la oladi.
Yozuvchi va adiblarimizning turli davrlarda yaratilgan rangli rasmlari, portretlari, oilaviy yoki ijodiy davralardagi rangli fotosuratlari ham o‘quvchilar qiziqishiga mos va munosib bo‘ladi. Rus adabiyoti haqida gapirib professor Ye.N.Kolokolsev shunday yozadi: "Portret janri o‘quvchilarning tasavvurlarini oydinlashtirishga yordam beradi".
Buning natijasida o‘quvchilarda adib shaxsi haqidagi fikr-mulohazalari tiniqlashadi, ularning real insoniy qiyofasini aniqroq tasavvur etadilar.
Tasviriy ko‘rgazmalilikni, ya’ni suratlarni o‘quvchilarning o‘ziga tayyorlatsa ham bo‘ladi. Masalan, asar o‘rganilgach, sinfga taassurotlari asosida surat chizib kelishni uyga vazifa sifatida berilishi mumkin. Faqat bu qo‘shimcha vazifa sifatida beriladi. Chunki hamma o‘quvchilar ham rasm ishlolmasligi turgan gap. Hammaga bu topshiriq berilgan bo‘lsa ham, bu ish qo‘lidan kelmaganlarni koyilmaydi va bajarmagani uchun yomon baho qo‘yilmaydi. Yaxshisi, uyga vazifaning asosiy topshirig‘i bo‘yicha ularni baholash to‘g‘ri bo‘ladi. Sinfda albatta uch-to‘rtta surat chizishga moyil bolalar bo‘ladi. Kim chizib kelgan bo‘lsa, ularning rasmlari albatta ko‘rsatilishi va izohlanishi lozim. Ularda asarning qaysi o‘rinlari, qaysi qahramonning qanday holati aks etganligini boshqa o‘quvchilarga sharhlatish badiiy matnni chuqurroq his etish, idrok qilishga yo‘l ochadi. Hech qachon o‘quvchi ishi boshqalar tomonidan kulgi bo‘lishi, mazaxlanishiga yo‘l qo‘ymaslik kerak. O‘quvchilar ishning saviyasi va sifatidan qat’iy nazar birovlarning mehnatini qadrlash, hurmatlashga odatlanishlari lozim.
Kino va televideniyeda ham ko‘rish, ham eshitish ko‘rgazmaliligi mavjud. Shuning uchun ulardan o‘quv maqsadlarida foydalanish imkonlari, kelajagi ham katta. Ammo ulardan foydalanishda murakkabliklar ham kam emas.
Kino ssenariylar orasida yozuvchi tarjimai holi bilan bog‘liqliklari, ekranlashtirilgan asarlar mavjud. O‘qituvchi ularning hammasidan emas, balki bevosita dars maqsadi va vazifasiga bog‘liq qismlaridangina foydalanilishi maqsadga muvofiq bo‘ladi. (Masalan, "O‘tgan kunlar", "Qutlug‘ qon", "Temir xotin", "Qirol Lir"...) Ayni paytda ta’lim bosqichlarda adabiyot o‘qitish ishiga ko‘maklashuvchi o‘quv filmlarini yaratish dolzarb vazifa bo‘lib turibdi.
Adiblar yashagan joylar bilan bog‘liq kinoekskursiyalardan ham shu xilda foydalanish o‘rinli bo‘ladi. Ularning ayrimlaridan sinfdan tashqari ishlarda foydalanish ham samarali bo‘ladi.
Hozirgi paytda doimo yangilanib turadigan tele-darslar ham qo‘shimcha imkoniyat sifatida nazarda tutilishi mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |