KIRISH
Mavzuning dolzarbligi. Jahon mamlakatlari taraqqiyotidan ma'lumki, har qanday davlatning iqtisodiy rivojlanishi, unda yashovchi aholining ma'naviy-axloqiy saviyasi nechog`lik yuksakligiga bog`liq.
O'quvchi-yoshlarni ma'naviy-axloqiy tarbiyalash masalasi davlatimizning ta'lim sohasini isloh qilish bo'yicha asosiy hujjatlarida «Yosh avlodni ma'naviy-axloqiy tarbiyalashda xalqning boy milliy, madaniy-tarixiy an`analariga, urf-odatlari hamda umumbashariy qadriyatlarga asoslangan samarali tashkiliy, pedagogik shakl va vositalar ishlab chiqilib amaliyotga joriy etiladi», [16,17] - deb belgilab qo`yilgan.
Bugungi ba'zi bir yoshlar ma'naviyatining qisman buzilayotganligi, ayrimlarining bizga mutlaqo yot bo'lgan urf-odat, madaniyatga berilib ketayotganligi, voyaga yetmagan yoshlar o'rtasida turli bezorilik, jinoyat sodir etish hollari uchrab turishi barchamizni tashvishga solmoqda.
Bunday yoshlar kelajakda Vatan ravnaqi uchun o'zlarining qanday hissalarini qo'sha oladilar, qanday kadr bo`lib yetishadilar. Vaholanki, mustaqil O`zbekistonning jahondagi rivojlangan mamlakatlar darajasida ijtimoiy-iqtisodiy, ma'naviy-axloqiy rivojlanishi ko'p jihatdan yosh avlodni kamol toptirishga, uni yangi ijtimoiy munosabatlarga erkin kirisha oladigan, umuminsoniy qadriyatlarni e'tirof etadigan, ma'naviy-axloqiy qadriyatlarga yo'nalgan ijtimoiy faol, yuqori madaniyatli, malakali kadrlar bo`lib yetishishiga bog`liq.
Bu borada O'zbekiston Respublikasi Prezidenti I.A. Karimov «Biz oldimizga qanday vazifa qo'ymaylik, qanday muammoni yechish zaruriyati tug'ilmasin, gap oxir-oqibat, baribir kadrlarga va yana kadrlarga borib taqalaveradi. Mubolag'asiz aytish mumkinki, bizning kelajagimiz, mamlakatimizning kelajagi o`rnimizga kim kelishi yoki boshqacharoq qilib aytganda qanday kadrlar kelishiga bog'liq», [1, 64-b.] - deb haqli ta'kidlagan edi.
Prezidentimiz kadrlarni yetishtirishda boshlang`ich ta'lim asosiy poydevor ekanligiga ham e'tiborni qaratgan edi.
Yurtboshimiz I.A.Karimov o`zining «Yuksak ma'naviyat – yengilmas kuch» nomli asarida ta'lim va tarbiyaning uyg`unligi, «ta'limni tarbiyadan, tarbiyani esa ta'limdan ajratib bo`lmaydi – bu sharqona qarash, sharqona hayot falsafasi»[2, 62-b.] ekanligini alohida ta`kidlab, ta'lim sohasida ijobiy ma`nodagi «portlash effekti»ga, ya`ni yangi ta'lim modelining kuchli samaraga erishilayotganligini ta'kidlagan edi.
Shu bois boshlang'ich sinf o'quvchilarini ma'naviy-axloqiy tarbiyalashda ta'lim-tarbiya tizimiga innovasion, ya'ni ilg'or pedagogik texnologiyalarni tatbiq qilish davr talabi bo`lib kelmoqda.
O'quvchilarni ma`naviy-axloqiy shakllantirish sohasida qator tadqiqotlar olib borilgan. Bu muammo pedagog olimlar M.Ochilov, S.Nishonova, U.Mahkamov, O.Musurmonova, M.Quronov, M.Inomova, N.Ortiqov, Sh.Olimov, F.Norboyeva, Z.Qurbonniyozov, Q.Quronbayevlar tomonidan maxsus tadqiq etilgan.
Pedagogika fanlari doktori, prof. O.Musurmonova ma'naviy qadriyatlar vositasida o'rta maktab o'quvchilari ma'naviy madaniyatini shakllantirish, dars, darsdan tashqari ishlar jarayonida ularning ma'naviyatini shakllantirish muammosini tadqiq etgan.
Pedagogika fanlari doktorlari, prof. M.Quronov, S.Nishonova, U.Mahkamov, M.Inomova, S.Ochil tadqiqotlari, barkamol avlodni milliylik ruhida tarbiyalash, axloqiy madaniyatni shakllantirish, yoshlarni ijtimoiy hayotga tayyorlash kabi dolzarb muammolarni tadqiq etdilar.
Tadqiqotning ilmiy yangiligi yoshlarni ma'naviy-jasorat ruhida tarbiyalashda foydalanishning nazariy asoslari ilk marta asoslab berilganligi, o'quvchi yoshlarni ma'naviy-jasorat ruhida tarbiyalashda shakl va metodlari ishlab chiqilganligi va ularning eksperimental tadbig'iga erishilganligi bilan izohlanadi.
Tadqiqotning ilmiy farazi. Innovasion pedagogik texnologiyalardan foydalanish jarayonida boshlang'ich sinf o'quvchilarini ma'naviy-axloqiy tarbiyalash samaradorligi oshadi, agar:
- umumiy o'rta maktablarida ma'naviy-axloqiy tarbiyalash jarayonida innovasion pedagogik texnologiyalardan foydalanish imkoniyatlari aniqlanilsa;
- innovasion pedagogik texnologiyalardan foydalanishning samaradorligini ta`minlovchi omillar hamda ular imkoniyatidan maqsadga muvofiq foydalanilsa;
- boshlang`ich sinf o'quvchilarini ma'naviy-axloqiy tarbiyalashda qo'llaniladigan innovasion pedagogik texnologiyalarning maqbul tizimi ishlab chiqilsa, o'quvchilarda ijtimoiy ahamiyatga ega bo'lgan ma'naviy-axloqiy sifatlarni singdirish samarali kechadi.
Tadqiqotning metodologik asoslarini O`zbeksiton Respublikasi Konstitusiyasi, O'zbekiston Respublikasi Prezidenti I.A. Karimov asarlarida bayon qilingan ma'naviy-axloqiy tarbiyalashga doir nazariy g`oyalar, Sharq mutafakkirlarining barkamol inson tarbiyasiga oid qarashlari, ma`naviy-axloqiy tarbiyalashga qaratilgan falsafiy, psixologik, pedagogik ta'limotlar hamda mavzuga oid ilmiy-pedagogik, falsafiy, metodik manbalar, shuningdek, «Ta'lim to'g'risida»gi Qonun, «Kadrlar tayyorlash milliy dasturi», innovasion pedagogik texnologiyalarni ta`lim jarayonida qo'llash hamda ta'lim islohotlariga doir Respublika hukumati tomonidan qabul qilingan me`yoriy hujjatlar tashkil etadi.
|