Reptiliyalar – quruqlikda yashaydigan umurtqalilarning eng qadimiy sinfi. Qadimiy sudralib yuruvchilar paleozoy erasining toshko‘mir davrida amfibiyalardan paydo bo‘lgan. Sudralib yuruvchilarning tanasi bosh, bo‘yin, gavda, dum va oyoqlarga bo‘linadi. Umurtqa pog‘onasi 5 ta qismga ajralgan bo‘lib, ular bo‘yin, ko‘krak, bel, dumg‘aza va dum.
Reptiliyalarda bo‘yin umurtqalari soni sakkiztagacha yetadi. Birinchi bo‘yin umurtqasi halqa shaklida bo‘lib, ikkinchi umurtqa uzun bo‘lib aylana oladi. Shu tufayli boshning burilish doirasi kengayadi. Ko‘krak umurtqalarining soni turlichadir. Barcha ko‘krak umurtqalarga qovurg‘alar birikkan bo‘lib, qovurg‘alarning ikkinchi uchi to‘sh suyagiga birikkan. Shu tariqa ko‘krak qafasi hosil bo‘ladi.
Qushlar sinfi. Umurtqali hayvonlarning yuqori tabaqasiga mansub bo‘lib, tana tuzilishi jihatidan reptiliyalarga yaqin turadi. Qushlarning o‘ziga xos xususiyati – uchishga moslashganligidir. Qushlar mezozoy erasining yura davrida vujudga kelgan. Ular qadimgi sudralib yuruvchilar – daraxtlarda hayot kechirishga moslashgan psevdozuxiyalardan kelib chiqqan. Qushlarning tanasi ixcham gavda, juda harakatchan bo‘yin bilan birikkan bosh va oyoqlardan tashkil topgan. Qushlarning skeleti yengil bo‘lishi bilan farqlanadi, naysimon suyaklari havoli – pnevmatikdir. Umurtqa pog‘onasi besh bo‘limdan iborat, lekin embrional rivojlanish vaqtida gavda umurtqalarining ko‘pgina qismi bir-biri bilan va chanoq suyaklari bilan birikib ketadi va qushlar uchun xos bo‘lgan murakkab dumg‘aza hosil qiladi. Qushlarda to‘sh suyagi kuchli takomillashgan bo‘lib, uning o‘rtasida kattagina toj – ko‘krak toj suyagi ko‘tarilib turadi. Qushlarni yelka kamarida o‘mrov suyagi, uchburchaksimon uzun kurak suyagi va uning oldida tumshuqsimon suyak joylashgan.
Sutemizuvchilar –hayvonot olamining eng yuksak taraqqiy etgan sinfidir. Sutemizuvchilarning tuzilishi va evolutsiyasini o‘rganish odamning kelib chiqishini va a’zolarining filogenezini tushunish uchun katta ahamiyatga egadir. Evolutsiya jarayoniga ko‘ra sutemizuvchilar qushlardan oldinroq paydo bo‘lgan. Mezozoy erasining boshlariga mansub qatlamlardan qadimgi sutemizuvchilarning tishlari va suyaklari topilgan. Ularning ajdodlari darranda kaltakesaklar edi. Darrandalarning o‘q skeleti beshta bo‘limdan tashkil topgan bo‘ladi. Umurtqa pog‘onasinnng bo‘yin bo‘limi esa 7 ta umurtqadan iborat bo‘ladi. Odatda, 12 tadan 15 tagacha bo‘ladigan kurak umurtqalari qovurg‘alar bilan birikkan. Bel bo‘limininig umurtqalari 2 tadan 9 tagacha faqat qovurg‘a rudimentlariga egadir. Dumg‘aza bo‘limi reptiliyalardagidan ko‘ra yaxshiroq rivojlangan bo‘lib, odatda bir-biriga qo‘shilib ketgan to‘rtta umurtqadan iborat. Dum umurtqalarining soni turli xil vakillarida turlicha bo‘ladi.
Umurtqa pog‘onasi odam skeletining asosidir. Umurtqa pog‘onasi 33–34 ta umurtqalardan tashkil topgan. Odamda 7 ta bo‘yin, 12 ta ko‘krak, 5 ta bel, bitta yaxlit dumg‘aza suyagini tashkil etuvchi 5 ta dumg‘aza umurtqasi hamda 4 – 5 ta dum umurtqasi bo‘ladi.
Embrional taraqqiyot davrida barcha umurtqalarga qovurg‘alar birikkan bo‘ladi, keyinchalik qovurg‘alar reduksiyaga uchrab, faqat ko‘krak bo‘limida saqlanib qoladi. Lekin turmushda pastki bo‘yin umurtqalariga birikkan qovurg‘alar saqlanib qolish hollari uchrab turadi. Xuddi shuningdek, bel umurtqalarida birikkan qovurg‘alar saqlanib qolishi ham mumkin. Odam, embrioni 1,5–3 oylik davrida bel umurtqalarining soni 8–11 ta bo‘ladi. Embrion uch oylik davrida dum umurtqalarining tanadan tashqari qismi reduksiyaga uchraydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |