Psixologiya. Madaniyatlararo muloqotni shakllanishi va rivojlanishida psixologiya alohida o‘rin tutadi. Ayniqsa, psixologiyaning geshtalt, bixeviorizm, kommunikatsiya va faoliyat nazariyalari madaniyatlararo muloqot masalalariga bog‘lanadi.
Bixeviorizm (ingl. behavior – fe’l-atvor) nazariyasi XX asrning boshlarida AQShda vujudga keldi. Mazkur nazariyaga ko‘ra, psixologiyaning predmeti tafakkur emas, balki insonning fe’l-atvoridir. Chunki, bixevioristlarning nazdida tafakkurni bevosita kuzatib yoki o‘lchab bo‘lmaydi. Bixeviorizm psixikaga kishining hayoti va faoliyati kontekstini kiritadi va uni tashqi ta’sirlar hamda organizmning fiziologik xususiyatlari bilan bog‘laydi. Bixeviorizm nuqtayi nazaricha, mahluqqa (bu odam yoki jonivor bo‘lishi mumkin va h.k.) ta’sir qiladigan qandaydir stimul (S) va ushbu stimulga qandaydir reaksiya (R) bor (S -> R).
Keyinroq ushbu formula 3 tarkibda yanada mukammallashtirildi: inson organizmi x stimullar = fe’l-atvor. Bunda tashqi predmet stimullari inson hayot faoliyatining madaniy muhitida shakllanadigan stimullarga o‘zgartirildi. Ya’ni, endilikda predmetlar dunyosi o‘rnini jamiyat tomonidan ishlab chiqilgan madaniy belgilar egallaydi. Shunday qilib, baribir yana 2 tarkibli (S -> R) formulaga qaytiladi, faqat stimul endi “madaniy stimul” sifatida talqin qilinadi.
Bu orada boshqa bir psixologiya maktabi – geshtaltpsixologiya (nem. gestalt – shakl, (yaxlit) obraz, (tashqi) ko‘rinish) yuzaga keldi. Geshtaltpsixologiya inson fe’l-atvorini “insayt” (ingl. insight – birdan tushunish, aqliga kelish) tushunchasi bilan izohladi. Mazkur tushunchaga universal xarakter berildi. Geshtaltchilar intellektual masalalarni yechishda insaytning asosiy rol o‘ynashini da’vo qildilar8. Tafakkur dinamik bir butun “maydon”, uning tahlil birligi “geshtalt” – butun bir obraz sifatida talqin qilindi.
Keyingi davrdagi psixologlar, masalan, Gordon Allport stereotip tushunchasi, stereotiplarning hayotdagi funksiyalari va madaniyatlararo muloqotni tushunish yo‘llarini tadqiq etdilar. Richard Brislin (1999) va Dan Landis (Landis & Wasilewski, 1999) singari psixologlar muloqot jarayoniga milliylik, etnik egalik, shaxs va gender farqlarining ta’sirini ko‘rsatib berdilar9.
Shunday qilib, garchi madaniyatlararo muloqot kommunikatsiyaning muayyan turi bo‘lsa-da, “madaniyat” tushunchasi madaniyatlararo muloqotni fanlararo metafanga aylantirdi. Madaniyatlararo muloqotning vujudga kelishida tilshunoslik, antropologiya, psixologiya, sotsiologiya, etnologiya, folklorshunoslik va h.k. sohalarning hissasi katta bo‘ldi. Mazkur sohalarning nazariya va metodlari asosida madaniyatlararo muloqot integrativ xarakter kasb etdi. Bugungi kunda “Madaniyatlararo muloqot” fanining integrativ xarakteridan tashqari, uning amaliy (turli madaniyat vakillari orasidagi kommunikatsiyani qulaylashtirish, to‘qnashuvlarni kamaytirish) xususiyati ham ortib bormoqda.
Do'stlaringiz bilan baham: |