Terminlar izohi
Morf – ma’noli qism;
Morfema - mustaqil ma’no anglatish xususiyatiga ega bo‘lmagan, ayricha qo‘llanmaydiganmorf;
Submorf – ko‘rinish jihatdan affiksga o‘xshagan, ammo so‘z tarkibida asosdan ajratilmaydigan qism; moddiy, qishloq, siyosiy kabi
Kvazimorf (supermorf) – flektiv tillarga xos bo‘lgan, ichki yasalish asosida kengayuvchi shakllar; kitob - kutub
Segment morf – aynan morfema. U tarkibiga ko‘ra asos va affiksga ajraladi.
Motivatsiya – asosga yasovchi affiks ta’sirida yuzaga keluvchi o‘zgarishlar.
3-ma’ruza
MAVZU: GRAMMATIK SHAKL, GRAMMATIK MA’NO VA GRAMMATIK KATEGORIYA
REJA:
1. Grammatikaning tarkibiy qismlari.
2. Morfologiya, grammatik shakllangan so‘z uning birligi sifatida.
3. O‘zbek tilida leksemani grammatik shakllantiruvchi vosita va uning turlari.
4. Grammatik ma’no, uning turlari: morfologik va sintaktik ma’no, umumiy, oraliq va xususiy grammatik ma’no, kategorial, yondosh va hamroh ma’no, ularning xususiyatlari va turlari.
5. O‘zbek tili grammatik (morfologik) kategoriyalari va ularning turlari: lug‘aviy shakl hosil qiluvchi kategoriyalar, lug‘aviy-sintaktik shakl hosil qiluvchi kategoriyalar, sintaktik shakl hosil qiluvchi kategoriyalar.
Grammatika haqida. Grammatika ko‘plab tilshunoslik atamasi kabi ikki ma’noli. Bir ma’nosida tilning grammatik qurilishi tushunilsa, ikkinchi ma’nosida tilshunoslikning shu grammatik qurilishni o‘rganuvchi sohasi anglashiladi. Demak, u so‘z va gapning formal-grammatik tomoni – so‘z o‘zgarishi, sintaktik birliklar va ularning turli ko‘rinishi, strukturasi va hosil qiluvchi vositalari, shuningdek, ifodalaydigan grammatik ma’nosini o‘rganadi.
Tillar o‘zaro grammatik xususiyatiga ko‘ra ham tasniflanadi. Masalan, o‘zbek tilida kesimning gap markazi sifatida boshqa barcha bo‘laklarni o‘z atrofida uyushtirishi, eganing fakultativ (ixtiyoriy)ligi, sifatlovchining sifatlanmishdan oldin kelishi, bunda inversiyaning bo‘lmasligi, ega va kesim, qaratuvchi va qaralmishning ikkiyoqlama aloqaga egaligi, to‘ldiruvchi va to‘ldirilmish, hol va hollanmish, sifatlovchi va sifatlanmish, izohlovchi va izohlanmishning bir yoqlama aloqada ekanligi kabilar uning boshqa qarindosh tillar bilan birgalikda bir til oilasiga kirishini ta’minlaydi. Ammo bu bir til oilasiga kiruvchi barcha tillar orasidagi farqning mavjudligini inkor qilmaydi. Masalan, turkiy tillarning sintaktik qurilishida o‘xshashlik, morfologik qurilishida esa farq ko‘proq.
Til hamisha taraqqiyotda. Bunda ustuvorlik, asosan, tilning leksik sathiga beriladi. Ijtimoiy hayotning o‘zgarishi leksikada keskin o‘zgarish yasaydi. Yangi so‘zning vujudga kelishi, so‘zlarning «tirilishi», iste’moldan chiqib ketishi kabilar bunga misol. Tilning fonetik va grammatik sathlari ijtimoiy o‘zgarishga befarq, unda faqat vaqt o‘z izini qoldiradi. Chunki yaqin yillarda tubdan o‘zgarishga uchragan ijtimoiy hayotning ta’siri natijasida, masalan, o‘zbek tilining morfologik strukturasi, sintaktik qurilishida o‘zgarish kuzatilmaganligi buning yorqin dalili. Lekin asrlar davomida bunday o‘zgarish bo‘lib turadi. Masalan, eski o‘zbek tilida Bu sening, Bu mening ko‘rinishidagi sintaktik qurilma mavjud bo‘lgan. U hozirgi kunda Bu seniki, Bu meniki ko‘rinishiga ega. Bu vatan meningdir kabi qurilmalar uning «qoldig‘i».
Do'stlaringiz bilan baham: |