Yakka va jamlovchi ot. Bir turdagi predmetning o‘zini bildiruvchi ot yakka ot deyiladi:[kitob], [uy], [daraxt]. Jamlovchi ot birlik shaklda ham predmetlar majmuini anglatadi: [armiya], [ko‘pchilik], [xalq]. Lekin bunday ot semantik ko‘plikda bo‘lsa-da, grammatik birlikda deyiladi.
Otning xususiy lug‘aviy shakllari: kichraytirish, shaxsiy munosabat shakllari. Otdagi yana bir lug‘aviy shakl – kichraytirish-erkalash shakli. Kichraytirish-erkalash paradigmasi [-cha], [-gina], [-(a)loq] shakllaridan iborat bo‘lib, ular quyidagi ma’noni ifodalaydi: [-cha]:
a) shaxs va predmetning kichik ekanligini:(kitobcha), (qalamcha);
b) erkalash ma’nosini: (o‘g‘ilcha), (qizcha);
d) kamsitish ma’nosini: (domlacha), (odamcha).
[-gina]:
a) kichraytirish:(qizgina), (bolagina);
b) achinish: (bechoragina);
d) erkalash: (bolaginam).
[-(a)loq] qo‘shimchasi ayrim otlarga qo‘shilib, erkalash ma’nosini bildiradi: (bo‘taloq), (qizaloq), (toyloq).
Shaxsiy munosabat (erkalash) shakllari ([-jon], [-xon], [-oy], [-bonu]) shaxs bildiruvchi atoqli va turdosh otga qo‘shilib, erkalash, suyish ma’nosini ifodalaydi:(Ahmadjon), (xolajon), (Gulnoraxon), (Shirinabonu)
Otning morfologik belgilari va tasniflovchi kategoriyalari. Ot morfologik o‘zgaruvchi so‘z sifatida o‘ziga xos morfologik paradigmalarga ega. Son va subyektiv baho shakllari otning asosiy tasniflovchi grammatik shakllari hisoblanadi.
Son kategoriyasi. Otlarda ziddiyat holida bo‘lgan birlik va ko‘plik ma’nosi va bu ma’noni ifodalovchi shakllar sistemasi grammatik son kategoriyasini tashkil etadi.
Mantiqiy va grammatik sonni aralashtirmaslik kerak. Masalan, jamlovchi ot ([xalq], [qo‘shin], [poda], [suruv]) mantiqan predmet jamini bildiradi, lekin grammatik jihatdan birlikda deb qaraladi.
Son kategoriyasining ikki: [-lar] affiksi bilan yasaluvchi shakli va shunga oppozitsiyada bo‘lgan nol ko‘rsatkichli shakli bor. Bulardan [–lar] affiksi otning ko‘plik shaklini yasaydi, birlik shakl esa nol ko‘rsatkichli shakli.
[-lar] shaklining ko‘plikni ifodalashi masalasida barcha tilshunoslar hamfikr. Ammo nol ko‘rsatkichli shakl masalasida har xil qarash bor.
Ko‘p holda nol shakl faqat birlik ma’nosining ifodalovchisi sifatida qaraladi. Ba’zilar esa u na ko‘plik, na birlik ifodalashini ta’kidlab, bu shaklning son kategoriyasi tarkibidagi o‘rniga shubha bilan qaraydi. Zero nol shakl miqdoriy grammatik ma’no anglatishdan mahrum ekan, unda [-lar] shakli bilan aynan bir xil qurshovda o‘rin almashishini qanday tushunish kerak? Unda Askar o‘rab oldi o‘ngdan-u so‘ldan (Mirt) gapida mantiqan (askarlar) so‘zshakli ishlatilgan bo‘lur edi.
Demak, [-lar] va nol shakl – hozirgi o‘zbek tilida miqdor anglatuvchi grammatik ko‘rsatkich. Bu ular sof miqdor anglatadi, degani emas, albatta. Miqdor belgisi bu shakllarda kategorial ma’no bo‘lsa, unda sifatiy yondosh va boshqa hamroh ma’no ham mavjud.
Quyida [-lar] shaklining OGMlarini sanaymiz.
«Ko‘plik» [-lar] shakli eng ko‘p ifodalaydigan ma’no. Bunda [-lar] UGMsining kategorial ma’nosi «ko‘plik» bo‘lsa, unga dialektik yondosh bo‘lgan ma’no – «miqdoriy noaniqlik» va «sifatiy bo‘linuvchanlik». Ya’ni grammatik ma’no «bo‘linuvchan noaniq ko‘plik». Demak, «ko‘plik» ma’nosi ifodalanganda, albatta, o‘z-o‘zidan «noaniqlik» va «bo‘linuvchanlik» ma’nosi yuzaga chiqishi shart. Bunga misol: Bog‘da shirin-shirin olmalar bor. Olmaning ko‘pligi ayon. Ammo uning nechtaligi noaniq va bu ko‘plik bo‘linuvchan (olma+olma+olma...).
«Jamlik» ma’nosi ba’zan sezilar-sezilmas, ya’ni bo‘linuvchanlik xususiyatini saqlagan holda (a) yuzaga chiqsa, ayrim holda, xususan, turg‘unlashib qolgan izofada (b) yaqqol yuzaga chiqadi: a) kishilar orzusi, qushlar bayrami; b) ishchilar sinfi, o‘qituvchilar ro‘znomasi, kitoblar uyi.
[-lar] shaklining «bog‘liqlik yoki o‘xshashlikka asoslangan ko‘plik»ni ifodalashi quyidagi misolda ko‘rinadi: 1. Avazlarga g‘isht quyib berdim (Avaz va u bilan bog‘liq oila a’zolariga). 2. Avvalgi sarvigullar o‘qishni tugatishdi (Sarvigulga o‘xshaganlar).
[-lar]ning miqdoriy va sifatiy belgisi ayrim holda unga makon va zamon o‘lchovida taxminiylikni ifodalash imkonini beradi. Masalan, 1. Adashmasam, uni urib burnini qonatganimda uch yoshlarda edik. 2. O‘n yillar ilgari kamina ham shu qizlar yoshida edim.
[-lar]ning kuchaytirilgan ma’no ifodalashi: Tillarimga ko‘cholmaydi bo‘g‘zimdagi ovozim. Bundagi kuchaytirish [-lar]ning «ko‘plik» ma’nosiga bog‘liq. Chunki ko‘p narsa mantiqan kuchli bo‘ladi. Ya’ni til aslida «bitta». Uni kuchli qilib ko‘rsatish uchun ko‘plik shakli berilmoqda.
Quyida nol [0] shakl OGMlarini sanaymiz.
«Birlik» ifodalash [0] shaklning asosiy vazifasi. Bu ma’no ko‘rsatish olmoshlari, bir so‘zi, aniqlovchilar bilan munosabatga kirishganda yuzaga chiqadi: Bir radiosi bor, sandiqdek keladi. (O‘.Hosh.)
[0] shakl jamlik ifodalaganda narsalarning bo‘linmas, yaxlit birligi anglashiladi:Gadoning dushmani gado bo‘ladi. (A.Orip.)
[0] shakl matnda aniq va noaniq ko‘plik ifodalashi mumkin. Masalan, Ermon buvaning aytishiga qaraganda, o‘n pud ko‘sakni chuvish zimmamizga yuklatilgan edi.
Aytilganlar asosida son kategoriyasi shakllari uchun quyidagi UGMlarni ko‘rsatamiz:
[0] shakli UGMsi – «bo‘linmas sifat, aniq/noaniq miqdor ifodalash»
[-lar] shakli UGMsi – «bo‘linuvchan/bo‘linmas sifat va aniq/noaniq miqdor ifodalash».
Bu UGM o‘z o‘rnida kategorial va nokategorial qismga bo‘linadi. «Miqdor» kategorial, «bo‘linuvchan/bo‘linmas sifat» yondosh, «tur», «xil», «kuchaytirish», «hurmat» kabilar – kategorial ma’no bilan dialektik bog‘lanmagan hamroh ma’no.
Do'stlaringiz bilan baham: |