6-MA’RUZA
MAVZU: OT SO‘Z TURKUMI
REJA:
1. Ot va uning o‘rganilish tarixi.
2. Otning mustaqil so‘z turkumi sifatidagi umumiy grammatik xususiyatlari.
3. Otning umumiy grammatik ma’nosi. Otning lug‘aviy-grammatik guruhlari.
4. Otning tasniflovchi kategoriyasi. Son kategoriyasi va uning shakllari. Son kategoriyasi va shakllarining UGMsi.
5. Son kategoriyasi umumiy grammatik ma’nosining nutqiy voqelanishida lisoniy va nolisoniy omillar munosabati. Otning nokategorial shakllari.
Kim?, nima?, qayer? so‘roqlariga javob bo‘lib, mavjudot, narsa, joy, voqea, jarayonni atovchi leksik birlik – ot. «Borliq yoki uning parchasini predmet sifatida atash» - ot turkumining UGMsi. Bunda predmet tushunchasi mantiqiy emas, balki grammatik mohiyatga ega. Mantiqan jonsiz va bevosita sezgi a’zosiga ta’sir etuvchi narsa predmet deyiladi. Grammatikada esa u keng ma’noda tushuniladi, «mavjudlik» mohiyatiga ega deb qaraladi.
Ot so‘z turkumi sifatida o‘ziga xos morfologik paradigmaga, yasalish tizimiga, xoslangan sintaktik pozitsiyalariga ega.
Otning UGM parchalanishiga ko‘ra turlari. Otni ma’no jihatidan turlicha tasnif qilish mumkin. Bu o‘rinda ularning grammatik xususiyatini muayyanlashtiruvchi semantik belgi asosga olinadi. Ot quyidagi xususiyatiga ko‘ra tasnif qilinadi:
Bir turdagi predmetdan birining nomini yoki shu turdagi predmetlarning umumiy nomini bildirishiga ko‘ra.
Kim? yoki nima? so‘roqlariga javob bo‘lishiga ko‘ra.
Sanalish-sanalmasligiga ko‘ra.
Ot borliqdagi bir turdagi predmetdan birining yoki shu turdagi predmetlarning umumiy nomini bildirishiga ko‘ra atoqli va turdosh otga bo‘linadi.
Atoqli va turdosh ot. Atoqli ot bir xil predmet yoki hodisaning birini ajratib ko‘rsatishga xizmat qiladigan ikkilamchi nom. Masalan, bola bir turdagi predmet(shaxs)ning umumiy va birlamchi nomi. Sherzod ana shu bir xil predmet(shaxs)dan birini ajratib ko‘rsatish uchun xizmat qiladigan va bola atamasidan keyin qo‘yilgan ikkilamchi nom.
Atoqli ot quyidagi lug‘aviy mavzuviy to‘da (LMT) ga ega:
1. Kishilarning ismi, familiyasi, taxallusi: [Ikrom], [Otabek]; [Jumayev], [Xudoynazarov]; [Imomzoda].
2. Jo‘g‘rofiy nom: [O‘zbekiston], [Dehqonobod], [Hisor], [Tanxozdaryo].
3. Tashkilot, muassasa, korxona nomi: [Qarshi universiteti], [Xalq ta’limi vazirligi], [ «Nasaf ziyosi» jurnali].
4. Samoviy yoritqichlar nomi: [Mushtariy], [Zuhro], [Yupiter], [Yarqiroq].
5. Tarixiy hodisa nomi:[Mustaqillik kuni], [Loy jangi], [Boston choyxo‘rligi].
6. Hayvon nomi: [Boychibor], [Brendi], [Yo‘lbars].
7. Mahsulot nomi: [Siltama] (go‘shtli ovqat), [Qoraqum] (shokolad) [Chiyal yaxnasi].
8. Ilohiy tushunchani ifodalovchi nom: [Alloh], [Do‘zax], [Iso], [Buroq].
Atoqli ot matndan, nutq vaziyatidan uzilgan holda atash ma’nosiga ega bo‘lmaydi, faqat kontekstda reallashadi. Masalan, [Sanam] so‘zining atoqli yoki turdosh ekanligi shu so‘zni qurshab turgan so‘z yordamida anglashiladi. Bu jihatdan atoqli ot olmoshga o‘xshab ketadi.
Atoqli otning aksariyati turdosh ot va boshqa turkum so‘zi asosida vujudga kelgan. Turdosh otdan: [Asal], [Dilshoda], [Rayhon], [Anor]; fe’ldan: [Sotiboldi], [O‘lmas], [Itolmas], [Turdi]; sifatdan: [Shirin], [Buyuk], [Aziz], [Ulug‘]; sondan:[Yetmishboy], [Saksonboy]kabi.
Bir jinsdagi predmetlarning umumiy nomini bildiruvchi ot turdosh ot deyiladi. Turdosh ot ot turkumiga kirgan so‘zning asosiy qismini tashkil etadi:[tog‘], [qishloq], [mashina], [sevgi], [muhabbat]. Turdosh otda predmetlik va belgilik xususiyati yaxlitlashgan holda mavjud bo‘ladi. Chunki har qanday narsa – belgi-xususiyat majmui.
Atoqli va turdosh ot nafaqat lug‘aviy semantikasi, balki grammatik xususiyati bilan ham farqlanadi. Masalan, atoqli ot, asosan, birlik sonda qo‘llanadi. Ko‘plik son shaklida butunlay boshqa ma’no bo‘yog‘iga ega bo‘ladi:Farhodlar keldi kanal qazmoqqa.(Turs.)
Turdosh ot atoqli otdan hosil bo‘lishi ham mumkin:[muslimka], [xosiyatxon], [rentgen], [amper].
Turdosh ot ifodalangan tushunchaning xarakteriga ko‘ra:
a) muayyan;
b) mavhum otlarga bo‘linadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |