Tafakkur fe’llari sirasiga insonning fikrlash qobiliyati bilan bog‘liq o‘ylamoq, fikrlamoq, xayol surmoq, tafakkur qilmoq, o‘yga botmoq, ko‘z oldiga keltirmoq, bir qarorga kelmoq, xulosaga kelmoq kabilar kiradi.
Munosabat fe’llari qatori [erkalamoq], [suymoq], [yaxshi ko‘rmoq], [parvona bo‘lmoq], [rahmi kelmoq], [xushomad qilmoq], [yon bosmoq], [maftun bo‘lmoq], [e’zozlamoq]kabi ijobiy xarakterdagi munosabat fe’llari, [beti qursin], [xudo olsin], [qorasi o‘chsin], [baloga giriftor bo‘lsin], [juvonmarg bo‘lgur] kabi salbiy xarakterdagi munosabat fe’llaridan tashkil topadi.
Fe’l ma’noviy guruhlarida ham markaz va qurshov leksemalari farqlanadi. Masalan, ma’nodosh fe’llarda bosh (dominanta) so‘z, uyadoshlik paradigmasida uya (giperonim) markaz leksemasi hisoblansa, boshqa ma’nodosh va uyadosh (giponimlar) qurshov leksemasi deyiladi. [Kulmoq] fe’li dominanta sifatida bunga ma’nodosh boshqa leksemalarni, [buzmoq] esa buzishning turli ko‘rinishini ifodalaydigangiponim leksemani uyushtirib turadi. So‘zlar yirikroq butunliklarga birlashtirilganda, markaz leksemasigina bu butunlikdan joy oladi. Qurshov leksemalari esa uning «soyasi» sifatida quyida qolaveradi. Masalan, [kulmoq], [yig‘lamoq], [xursand bo‘lmoq] leksemalari o‘z atrofida ko‘plab fe’llarni birlashtirgan. Lekin ular bu uch leksema mansub
tizimga kira olmaydi, quyi bosqichda qoladi.
Fe’lda so‘zshaklning turlari. Fe’lda ham, boshqa turkumda bo‘lgani kabi, so‘zshakllar nol shaklli, sintetik, sintetik-analitik, takroriy ko‘rinishda bo‘ladi.
Nutqda fe’lning moddiy (nol ko‘rsatkichdan boshqa) grammatik shakldan xoli qilingan qismi har doim kelasi zamon, buyruq mayli, aniq nisbat, ikkinchi shaxs, birlik ma’nosini ifodalaydi:(bor), (kel), (o‘qi), (yoz), (sev), (ayt), (ishon) kabi. Bunday so‘zshakllar nol shaklli deyiladi. Yuqorida aytilganidek, nol shakl masalasi o‘zbek tilshunosligida o‘z yechimini kutayotgan muammolardan.
Grammatik shakli qo‘shimcha tusida bo‘lgan fe’l sintetik shaklli so‘zshakl deyiladi: (o‘qiyman), (bordim), (kelyapman), (yozayotirman), (shoshib), (kelgach), (kelgan)kabi. Bunda grammatik shakl fe’l o‘zak-negiziga «yopishgan» holda bo‘ladi.
Fe’llar nomustaqil fe’l bilan shakllanganda, albatta, sintetik-analitik ko‘rinishda bo‘ladi. Masalan,(o‘qib chiqdi), (ayta boshladi), (borgan ekan)kabi. Bunda ham «yopishgan», ham «ajralgan» grammatik shakl yaxlitlikni tashkil qilganligi uchun u sintetik-analitik shakl atamasi bilan yuritiladi.
Takroriy shakllarni faqat takroriy deyish unchalik to‘g‘ri emas. Chunki bunda takrorlanayotgan fe’l avval sintetik shakl qiyofasiga kiradi, so‘ngra takroriy shaklga aylanadi. Masalan, (aytdi-aytdi), (o‘qidi-o‘qidi), (bordi-bordi)kabi. Misol: aytib-aytib charchadi, chopib-chopib o‘ynadi va h. Bunda takrorlanuvchi fe’l nisbat, o‘zgalovchi, kesimlik shaklini olgan va undan keyin takrorlangan.
Ayrim manbalarda fe’lning juft so‘zshakl turi ham ajratilib, unga (aytdi-qo‘ydi), (topshirdi-qo‘ydi)tipidagi misol kiritiladi. Bunga qo‘shilib bo‘lmaydi. Chunki juftlanayotgan fe’lning ikkalasi ham mustaqil bo‘lsa va ularning juftlanishidan yangi grammatik ma’no uqilsagina, uni so‘zshakllarning juftligi deyishga asos bo‘lur edi. Bunda esa juftlikning ikkinchi qismi ko‘makchi fe’l sifatida grammatik ma’no ifodalash uchungina xizmat qilmoqda.
O‘zbek tilida ravishdosh, sifatdosh va harakat nomi kategoriyalari
emas, balki turli ko‘rinishlarga ega bo‘lgan uch shakldan iborat bitta o‘zgalovchi kategoriyasigina mavjud.
Ravishdosh shakli va uning variantlari. «Fe’lni fe’lga bog‘lash» UGMsiga ega bo‘lgan ravishdosh shakli [-(a)y], [-(i)b], [-gach],[-guncha], [-gancha], [-ganda], [-gani], [-may/masdan] kabi variant shakliga ega. Bu variant shakllar o‘zaro quyidagi tajalli ma’nolar asosida xarakterlanadi:
[-(a)y] –davomli harakatning holat tusini ifodalash;
[-(i)b] –davomli/davomsiz harakatga holat tusini ifodalash;
[-may/masdan] – bo‘lishsiz harakatga holat tusini berish.
[-gach] –harakatning boshlanish paytini ko‘rsatish;
[-ganda] –harakatning sodir bo‘lish paytini ko‘rsatish;
[-guncha] –harakatning tamom bo‘lish paytini ko‘rsatish;
[-gancha] –harakatlarning bir paytdaligini ko‘rsatish;
[-gani] –harakatga maqsad ma’nosini berish;
[-may/masdan] –bo‘lishsiz harakatga holat tusini berish.
Aytilganidek, barcha variant shakllar uchun «fe’lni fe’lga bog‘lash» sintaktik vazifasi umumiy.
Ko‘rinadiki, variant shakllardan uchtasida turli xil «holat», qolgan oltitasida esa har xil «payt» ma’nosi ifodalangan.
[-(a)y], [-(i)b]shaklli ravishdosh bajaradigan vazifasining xilma-xilligi bilan ajralib turadi. Bu shaklli ravishdosh ko‘pincha [boshlamoq], [chiqmoq], [qolmoq], [ko‘rmoq], [yubormoq] kabi fe’l bilan birikib keladi. Ko‘p hollarda ravishdoshli birikuvlar fe’lning harakat tarzini hosil qilish uchun xizmat qiladi: (o‘qib chiqdi), (berib yubordi). Bunda faqat shakl mavjud bo‘lganligi uchun mazkur ko‘rsatkichli so‘zshakl (o‘qib, berib)ni shakl va ma’no yaxlitligi sifatida ravishdosh deb bo‘lmaydi.
Ravishdosh shakllari ma’noviy munosabatini kuzatish natijasida amin bo‘lish mumkinki, [-gani] va [-guncha] hokim fe’l ifodalagan harakatdan keyin sodir bo‘luvchi jarayonni anglatadigan ravishdosh hosil qiluvchi shakl sirasiga kiradi. Modallikning kuchli darajada ifodalanishi va harakatlar bajaruvchilarining umumiyligi belgisi bilan [-gani] shakli bu belgiga ega bo‘lmagan [-guncha] shaklidan farqlanadi.
Payt ma’nosini namoyon qilganda [-(i)b] va [-gach] shaklli ravishdoshlar harakat bajaruvchisiga munosabat jihatdan qarama-qarshi turadi. Mazkur ma’noni ifodalashda [-i(b)] shaklli ravishdosh bilan undan keyin keluvchi hokim fe’lning bajaruvchisi bitta bo‘ladi. Ikromjon maxorkasini o‘t oldirib bo‘lib, javob berdi. (S.Ahm.) [-gach] shaklli ravishdoshli qurilmada esa ravishdosh va hokim fe’l bajaruvchisi turlicha bo‘lishi mumkin. Ikromjon maxorkasini o‘t oldirib bo‘lgach, (Ikromjon yoki boshqa kimdir) javob berdi.
Ravishdosh shakllarining tavsiflangan alohida ma’nolari uning UGMsi tarkibidagi yondosh ma’no hisoblanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |