Kompozitsiya usuli bilan qo‘shma va juft otlar otlar hosil qilinadi: [toshko‘mir],[tuyaqush], [karnaygul], [oybolta], [ko‘kqarg‘a], [qoraqurt], [mingoyoq], [qo‘ziqorin], [ota-ona], [qozon-tovoq], [qizilishton]
Qo‘shma otlar:
[Ot+ot]: [ajdargul], [ayiqtovon], [atirgul], [kinolenta], [xontaxta], [xo‘rozqand], [toshbo‘ron], [sochpopuk], [shakarqamish], [qo‘ypechak], [qo‘larrra], [temiryo‘l], [piyozdog‘], [O‘rta Chirchiq].
[Sifat+ot]:[kaltakesak], [Markaziy Osiyo], [Sho‘rko‘l], [ko‘ksulton], [ko‘rsichqon], [sassiqpopishak], [qoradori].
[Ot+fe’l]: [echkiemar], [ko‘zboylog‘ich], [kallakesar], [husnbuzar], [beshiktervatar], [socho‘sar], [dunyoqarash].
[Son+ot]:[beshbarmoq], [beshqarsak], [Yettisuv], [Oltiariq], [uchburchak], [mingoyoq], [qirqog‘ayni].
[Son+fe’l]: [beshotar], [birqoqar].
[Ot+sifat]: [ustabuzarmon], [gulbeor], [oshko‘k].
[Fe’l+fe’l]: [iskabtopar], [ishlab chiqarish].
[Fe’l+ot]: [savacho‘p].
Juft otlar. Juft otlar [ot+ot], [sifat+ot] kabi qoliplar, shuningdek, boshqa turkumga oid juft so‘zlarning otga ko‘chishidan vujudga keladi. Juft otlar tarkibiga ko‘ra quyidagi ko‘rinishlarga ega:
I. Har ikki qismi mustaqil holda ham ishlatiladigan juft otlar:
Qismlari o‘zaro sinonim: [azob-uqubat], [aysh-ishrat], [dori-darmon], [baxt-saodat], [zeb-ziynat], [izzat-ikrom], [izzat-hurmat], [kayf-safo], [makr-hiyla], [nasl-nasab], [pand-o‘git].
Qismlari o‘zaro antonim: [avra-astar], [avlod-ajdod], [achchiq-chuchuk], [bordi-keldi], [bosh-oyoq], [er-xotin], [o‘g‘il-qiz], [savol-javob], [salom-alik], [qulf-kalit].
Qismlarining ma’nosi yaqin: [ariq-zovur], [baxt-taxt], [baqir-chaqir], [boj-xiroj], [bosh-ko‘z], [dev-pari], [sovg‘a-salom], [o‘q-dori], [qovoq-tumshuq], [hisob-kitob], [hol-jon], [qo‘y-qo‘zi].
II. Qismlaridan biri mustaqil holda ishlatilmaydigan juft otlar: [aldam-quldam], [bozor-o‘char], [bola-baqra], [qo‘ni-qo‘shni], [latta-putta], [yig‘i-sig‘i], [maza-matra], [mehmon-izmon], [irim-sirim].
III. Har ikki qismi ham mustaqil ishlatilmaydigan juft otlar: [adi-badi], [ashqol-dashqol], [zer-zabar], [shikast-rext], [ikir-chikir], [lash-lush], [qalang‘i-qasang‘i], [mirqinboy-shirqinboy], [ya’juj-ma’juj].
7-MA’RUZA
MAVZU: SIFAT, SON, RAVISH SO‘Z TURKUMI.
REJA:
1. Sifat va uning o‘rganilish tarixi. Sifatning mustaqil so‘z turkumi sifatidagi umumiy grammatik xususiyatlari. Sifatning lug‘aviy-grammatik guruhlari. Asliy va nisbiy sifatlar. Daraja sifatning tasniflovchi kategoriyasi sifatida. Daraja kategoriyasi umumiy grammatik ma’nosining nutqiy voqelanishida lisoniy va nolisoniy omillarning uyg‘unlashuvi.
2. Son va uning o‘rganilish tarixi. Sonning mustaqil so‘z turkumi sifatidagi umumiy grammatik xususiyatlari. Sonning lug‘aviy-grammatik guruhlari va tasniflanishi. Son grammatik shakllarining lug‘aviy ma’noga ta’sir qilish imkoniyatlari. Son shakllari umumiy grammatik ma’nosining nutqiy voqelanishidalisoniy va nolisoniy omillarning uyg‘unlashuvi. Numerativlar. Numerativli birikuvlarning qoliplari.
3.Ravish va uning o‘rganilish tarixi. Ravishning mustaqil so‘z turkumi sifatidagi o‘ziga xos grammatik xususiyatlari. O‘zgarmaslik ravishning grammatik belgisi sifatida. Ravishning lug‘aviy-grammatik guruhlari.
Sifat va uning UGMsi. Asosan predmetning, qisman harakatning belgisini bildiruvchi darajalanuvchi so‘z sifat deyiladi: qizil qalam, oq kabutar, yaxshi gapirmoq.
Boshqa so‘z turkumi ham belgi ifodalaydi. Ammo sifat barqaror va turg‘un belgi ifodalashi jihatidan ulardan ajralib turadi. Masalan, Gul – qizil deganda turg‘un (statik) belgi, Gul qizardi deganda esa o‘zgaruvchi (dinamik) belgi namoyon bo‘lgan. Sifat anglatadigan belgi boshqa turkum anglatadigan belgidan xususiyati bilan farqlanadi. Masalan, qizg‘ish – qizil – qip-qizil. Boshqa turkum anglatuvchi belgida esa bunday xususiyat yo’q. Sifat gapda, asosan, sifatlovchi aniqlovchi, qisman kesim, hol vazifasida keladi.
Shu asosda sifatning UGMsini «asosan predmetning, qisman harakatning belgisini bildirib, gapda asosan sifatlovchi aniqlovchi, ba’zan kesim, ayrim hollarda hol vazifasida kelish» ko‘rinishida tiklash mumkin.
Belgi tushunchasi o‘z ichiga rang-tus, hajm-shakl, xarakter, vazn, maza kabini qamrab oladi. Belgining xususiyatiga ko‘ra sifat ikkiga bo‘linadi: asliy sifatlar va nisbiy sifat.
Asliy sifat predmetning turg‘un, nisbatlanmaydigan va darajalanadigan belgisini ifodalaydi:[qizil], [sariq], [katta], [ko‘p], [oz].
Nisbiy sifatlar belgini qandaydir bir predmet, belgi, miqdor, o‘rin va harakatga nisbatan ifodalaydi: moddiy yordam, siniq piyola, burchakdagi o‘tirgich. Nisbiy sifatda darajalanish, qiyoslanish bo‘lmaydi. Lekin u daraja belgisiga ega bo‘lgan ravishdan asosan predmet belgisini bildirishi bilan farqlanadi.
Asliy sifatning barchasida daraja shakllari, ayrimida ozaytirma va kuchaytirma shakl bor.
Asliy sifat bildirgan belgining darajasi har xil bo‘lishi mumkin. Daraja kategoriyasi (DK) sifat ifodalagan belgining shu nuqtayi nazaridan tavsifini beradi.
Sifat LMGlari. Darslik va qo‘llanmalarda sifatning 9 ta LMG ajratiladi:
1. Xususiyat bildiruvchi sifat. 2. Holat bildiruvchi sifat. 3. Shakl bildiruvchi sifat. 4. Rang-tus bildiruvchi sifat. 5. Maza-ta’m bildiruvchi sifat. 6. Hid bildiruvchi sifat. 7. O‘lchov bildiruvchi sifat. 8. O‘rin bildiruvchi sifat. 9. Payt bildiruvchi sifat.
Quyida ularning har birini alohida-alohida ko‘rib o‘tamiz.
Do'stlaringiz bilan baham: |