Muayyan va mavhum ot. Sezgi a’zosibilan sezish mumkin bo‘lgan predmetni atovchi – ot muayyan ot. Muayyan otni bevosita sanash mumkin. Shuning uchun bunday ot sanoq son bilan munosabatga kirishadi. Shuningdek, shaxsiy baho shakli, ko‘plik qo‘shimchasini olishi mumkin: (beshta daftar), (yuzlab odam), (o‘g‘ilcha), (qizgina).
Muayyan ot quyidagi LMTga ega:
Modda nomi:[oltin], [kumush], [qum], [suv].
Shaxs tavsifi nomi: [yigit], [chol], [o‘zbek], [tojik], [cho‘loq], [kasal], [ota], [ona].
Buyum nomi:[qalam], [kitob], [cho‘mich], [kosa], [gilam], [sholcha].
O‘simlik nomi: [daraxt], [buta], [o‘t], [jiyda], [ildiz].
O‘rin-joy nomi:[qishloq], [shahar], [sahro], [adir].
Miqdor nomi:[misqol], [tonna], [botmon], [chaqirim].
Tashkilot va muassasa nomlari: [maktab], [idora], [do‘kon], [bozor].
Vaqt-payt nomi: [kun], [fasl], [tong], [kecha].
Bu har bir LMT o‘z ichida bir necha lug‘aviy-ma’noviy guruh (LMG) ga bo‘linib ketadi. Masalan, shaxs tavsifi nomi quyidagi LMGga ajraladi:
Shaxsni yosh jihatdan tavsiflovchi LMG: [chol], [qari], [o‘smir], [o‘spirin].
Shaxsni qarindoshlik jihatdan tavsiflovchi LMG: [opa], [ona], [singil], [egachi], [buvi].
Shaxsni kasb jihatdan tavsiflovchi LMG: [ishchi], [dallol], [dehqon],[suvchi], [mirob].
Shaxsni istiqomat jihatdan tavsiflovchi LMG: [qishloqi], [toshkentlik], [shaharlik].
Shaxsni tashqi belgilari jihatdan tavsiflovchi LMG: [bukri], [novcha], [pakana];
Shaxsni ruhiy holati jihatdan tavsiflovchi LMG: [jinni], [ovsar], [dovdir], [ezma].
Shaxsni ijtimoiy jihatdan tavsiflovchi LMG: [boy], [kambag‘al], [xasis], [ziqna].
Boshqa LMT ham shunday LMGga bo‘linadi. Masalan, «Hayvon nomi» LMTsi LMG lari: «qoramol» LMG, «ot» LMG, «qo‘y» LMG, «echki» LMG, «it» LMG, «eshak» LMG, «tovuq» LMG va h.
Muayyan ot LMGlari nisbatan barqaror va o‘ta keng, deyarli cheklanmagan va o‘zgaruvchan qurshovdan iborat. LMG markazidagi leksemalar o‘zaro giponimik, partonimik, graduonimik, funksionimik, ierarxionimik munosabatlarda yashaydi. Masalan, [araxt] leksemasi quyidagi jins-tur munosabati: [qayin], [tol], [o‘rik], [terak], [majnuntol], [archa]. Funksionimik asosda tuzilgan LMG ancha oz: [qalam], [ruchka].
Shaxs tavsifi oti esa keng graduonimik munosabatga egaligi bilan ajralib turadi.
Mavhum ot turli narsada mavjud bo‘lgan bir xil yoki o‘xshash sifatni bir alohidalik tarzida ifoda etadi. Masalan, [olma], [qovun], [shakar], [qand] otining muhim sifat belgisi «shirinlik» bo‘lsa,[shirinlik] mavhum otida yuqoridagi narsalarda mavjud bo‘lgan umumiy belgi bir alohidalik sifatida beriladi. Shuning uchun muayyan va mavhum otning farqli tomoni faqatgina ularning haqiqiy ([kitob], [olma], [eshik]) yoki xayoliy ([sevgi], [ishq], [shirinlik]), umumiy va yakka narsani ifodalashi emas, balki belgi, sifat ma’nosining qay usulda talqin etilishi ham.
Ot birlik shaklda bir turdagi predmetlarning o‘zini (yakka ot) yoki predmet to‘dasini (jamlovchi ot) bildirishiga ko‘ra ham farqlanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |