2.3. Maktabgacha ta’lim tizimida korrupsiyaga qarshi kurashishning huquqiy asoslari va uning oldini olish omillari
Insoniyat paydo bo‘libdiki, korrupsiya, deb atalmish illat u yoki bu ko‘rinishda hamisha namoyon bo‘lib kelgan. Bugungi kunda bu illat shaxsning o‘z mansabi va xizmat mavqeidan shaxsiy manfaat, boshqalarning manfaatlarini ko‘zlab foydalanishi ya’ni, tamagirlik, firibgarlik ko‘rinishlarida amalga oshiriladi. Bu muammo bugungi kunda hal etilishi lozim bo‘lgan asosiy global vazifalardan biriga aylangan. Agar bu muammo hal etilmas ekan, har qanday davlat va jamiyatning siyosiy, iqtisodiy taraqqiyotiga jiddiy zarar etkazadi, inson huquq va erkinliklarining poymol bo‘lishiga olib keladi.
Mamlakatimizda mazkur muammoga qarshi kurash masalasiga mustaqillikning dastlabki kunlaridanoq jiddiy e’tibor qaratib kelin moqda. O‘tgan davr mobaynida korrupsiya va jinoyatchilikka qarshi kurashish hamda uning oldini olishga qaratilgan mustahkam huquqiy baza va tizimli amaliyot shakllandi. Eng avvalo, respublikamizda Birlashgan Millatlar Tashkiloti homiyligida qabul qilingan EKOSOS (BMTning iqtisodiy va ijtimoiy kengashi)ning Korrupsiyaga qarshi kurash rezolyusiyasi (1995 y.), Davlat mansabdor shaxslarining xalqaro axloq kodeksi (1996 y.), Xalqaro tijorat tashkilotlarida korrupsiya va poraxo‘rlikka qarshi kurash haqidagi deklaratsiya (1997 y.), Millatlararo uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash konvensiyasi (2000 y.) va boshqa xal- qaro hujjatlarning qabul qilingani mazkur illatga qarshi kurashda muhim omil vazifasini o‘tamoqda.
Xalqaro hujjatlar ichida BMT Bosh Assambleyasi tomonidan qabul qilingan Korrupsiyaga qarshi konvensiya (2003 yil 31 oktyabr) asosiy xalqaro-huquqiy hujjat bo‘lib, u ushbu jinoyatning mohiyatini to‘liq ochib, unga qarshi kurash choralarini belgilab beradi.
Barcha mamlakatlar korrupsiya illatini tag-tomiri bilan qo‘porib tashlashda xalqaro hamjamiyat bilan hamkorlik qilayotgan bo‘lsada, unga qarshi kurash har bir davlatning o‘zida olib borilishi muhim ahamiyatga ega. Zero, yuqoridagi Konvensiya milliy qonunchilikni yanada takomillashtirish yo‘nalishlarini belgilab beradi.
O‘zbekiston 2008 yil 7 iyulda BMTning yuqorida ko‘rsatib o‘tilgan Konvensiyasiga qo‘shildi. Davlatimiz 2010 yil mart oyida Iqtisodiy hamkorlik va rivojlanish tashkiloti doirasida qabul qilingan korrupsiyaga qarshi kurashning Istanbul rejasiga (2003 yil 10 sentyabr) qo‘shilgan. SHuningdek, Oliy Majlis tomonidan Jinoiy daromadlarni legallashtirishga va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish bo‘yicha Evroosiyo guruhi to‘g‘risidagi bitimi (Moskva, 2011 yil 16 iyun) 2011 yil 13 dekabrda ratifikatsiya qilingan.
Aytish joizki, O‘zbekiston Markaziy Osiyoda birinchilardan bo‘lib “Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi Qonunni qabul qildi. Ushbu Qonun ijrosini ta’minlash yuzasidan Adliya vazirligi tomonidan bir qator idoraviy normativ-huquqiy hujjatlar davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan.
Mamlakatimizda ham korrupsiyaga qarshi kurash, bu yo‘lda huquqiy mexanizm yaratish choralari ko‘rilmoqda. Buning uchun zarur huquqiy hujjatlar qabul qilingan. Ularga muvofiq, mamlakatimizda rivojlangan demokratik davlatlar tajribasini inobatga olgan holda davlat hokimiyati idoralari, huquqni muhofaza qilish tuzilmalari, jumladan, prokuratura faoliyatida qonunchilik talablariga rioya qilish, qonun ustuvorligini ta’minlash, uning ijrosini nazorat qilishning yangicha tizimi yaratildi. Bu tizim barcha sohalar faoliyati ustidan nazorat o‘rnatib, korrupsiyaning oldini olish, unga qarshi kurashish choralarini ko‘zda tutadi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini takomillashtirish borasida qabul qilingan "Korrupsiyaga karshi kurashish to‘g‘risida"gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni bilan yanada mustahkamlandi. Bu qonunda korrupsiyaga qarshi kurashish, uning oldini olish mexanizmlari aniq belgilab berilgan.
O‘zbekiston Respublikasining “Korrupsiyaga karshi kurashish to‘g‘risida”gi Qonuni Qonunchilik palatasi tomonidan 2016 yilning 24 noyabrida qabul qilingan, senat tomonidan 2016 yilning 13 dekabrida ma’qullangan. 2017-yil 3 yanvarda Prezident imzoladi. Qonun 5 ta bob, 34 ta moddadan iborat.
Qonunning maqsadi korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat. O‘zbekiston Respublikasining “Korrupsiyaga karshi kurashish to‘g‘risida”gi Qonuni, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 2 fevraldagi PQ-2752-sonli “Korrupsiyaga karshi kurashish to‘g‘risida'gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining koidalarini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi karori, 2017 yil 1 avgustdagi 679-sonli “Jismoniy tarbiya va sport davlat ko‘mitasi tizimida korrupsiyaga karshi kurashish bo‘yicha ko‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi buyruqlari dunyo miqyosida hal etilishi lozim bo‘lgan eng birlamchi masalalardan biri korrupsiya muammosi ekanligiga qaratdi. SHu bois unga qarshi kurash xalqaro miqyosga ko‘tarilib, jahon siyosatining muhim masalalaridan biriga aylandi. Binobarin, ushbu illat nafaqat islohotlar yo‘liga jiddiy to‘siq bo‘lishi, balki xozirgi rivojlanish davrida belgilangan maqsadlarga erishishga ham bevosita tahdid tug‘dirishi mumkin.
Qonnuning 18 moddasida ta’lim tashkilotlarida korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi huquqiy ta’lim va tarbiya asoslari belgilab berilgan.
Ta’lim tashkilotlarida korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi huquqiy ta’lim va tarbiya belgilangan davlat ta’lim standartlariga muvofiq amalga oshiriladi.
Davlat ta’limni boshqarish organlari va ta’lim tashkilotlari korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlarini inobatga olgan holda ta’lim tashkilotlarida huquqiy ta’lim va tarbiyaga, mutaxassislarni kasbiy tayyorlashning sifatini oshirishga, ta’lim dasturlarini doimiy ravishda takomillashtirib borishga qaratilgan chora-tadbirlarni ishlab chiqadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |