2. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining jismoniy tarbiya va sport sohasini rivojlantirishga oid qarorlari
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlari asosida hamda ularni ijro etish uchun qarorlar tarzida me’yoriy - huquqiy hujjatlar qabul qiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining "Nufuzli xalqaro sport musobaqalarida yuksak natijalarga erishgan O‘zbekiston sportchilarini jamoat va sport ishlariga keng jalb etish hamda sportchilarni va ularning trenerlarini rag‘batlantirish to‘g‘risida" 2017 yil 10 avgustdagi PQ-3196-son qarorida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash, shuningdek, O‘zbekiston milliy terma jamoalari a’zolarini moddiy qo‘llab-quvvatlash, ularni rag‘batlantirish hamda yuksak mahoratli sportchilar tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi 2017 yil 18 sentyabrdagi “Respublika oliy sport mahorati maktablari va ixtisoslashtirilgan bolalar-o‘smirlar sport maktablarida sportchi lavozimini joriy etish hamda ularga oylik ish haqi va ustamalar belgilash chora-tadbirlari to‘g‘risida” 733-son qarori qabul qilingan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining "Jismoniy tarbiya va ommaviy sportni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida" 2017 yil 3 iyundagi PQ-3031-son qarorida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash, shuningdek, mamlakatimizda jismoniy tarbiya va ommaviy sportni yanada rivojlantirish ishlarining samaradorligini oshirishga ko‘maklashish maqsadida Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 23 oktyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi huzurida Jismoniy tarbiya va ommaviy sportni rivojlantirish kengashini tashkil etish to‘g‘risida”gi 865-son qarori qabul qilingan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 22 yanvardagi PF-5308-son Farmoni bilan tasdiqlangan 2017 — 2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini «Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili»da amalga oshirishga oid Davlat dasturi hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Jismoniy tarbiya va sport sohasida davlat boshqaruvi tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida» 2018 yil 5 martdagi PF-5368-son Farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 3 maydagi “O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 331-son qarori qabul qilingan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 5 martdagi «Jismoniy tarbiya va sport sohasida davlat boshqaruvi tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PF-5368-son Farmoni ijrosini ta’minlash, shuningdek, jismoniy tarbiya va sport bo‘yicha mutaxassislarni ilmiy-metodik ta’minlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimini yanada takomillashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 14 avgustdagi “O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi huzuridagi Jismoniy tarbiya va sport bo‘yicha mutaxassislarni ilmiy-metodik ta’minlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish markazi faoliyatini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi 658-son qarori qabul qilindi.
Aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib qilishni tizimli yo‘lga qo‘yish, jamiyatda sog‘lom turmush tarzi tamoyillarini yanada kuchaytirish, o‘sib kelayotgan yosh avlodni zararli odatlardan asrash hamda har bir mahalla, ta’lim tashkilotlari, mehnat jamoalari va boshqalarda jismoniy tarbiya va sport faoliyatini samarali tashkil etish tizimini shakllantirish maqsadida Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 29 yanvardagi “O‘zbekistonda sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib qilish va aholini jismoniy tarbiya va ommaviy sportga jalb etish to‘g‘risida” 65-son qarori qabul qilingan.
Respublikada jismoniy tarbiya va sportni faol rivojlantirish, aholining barcha qatlamlarini, ayniqsa yoshlarni jismoniy tarbiya va ommaviy sport bilan muntazam shug‘ullanishga jalb qilish, jamiyatda sog‘lom turmush tarzining foydasi va ustunligini keng targ‘ib qilish, mamlakatda yaratilgan jismoniy tarbiya-sog‘lomlashtirish va sport infratuzilmasidan to‘laqonli va samarali foydalanishni ta’minlash, shuningdek, yanada takomillashtirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 13 fevraldagi “2019 — 2023 yillar davrida O‘zbekiston Respublikasida jismoniy tarbiya va ommaviy sportni rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi 118-son qarori qabul qilindi. 2019 — 2023 yillar davrida O‘zbekiston Respublikasida jismoniy tarbiya va ommaviy sportni rivojlantirish konsepsiyasini amalga oshirish chora-tadbirlari dasturi tasdiqlandi.
Do'stlaringiz bilan baham: |