Tayanch iboralar: sportni rivojlantirish, farmon va qarorlar, ommaviy sport, iqtidorli sportchilar, sog‘lom turmush tarzi, korrupsiyaga qarshi kurash, maktabgacha ta’lim tizimi
2.1. O‘zbekiston Respublikasi “Jismoniy tarbiya va sport to‘g‘risida”gi Qonuni. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirishga oid farmonlari va qarorlarining mazmuni.
O‘zbekistonda mustaqillik davrida jismoniy tarbiya va sport sohasining rivojlanishi mamlakatimizda amalga oshirilayotgan siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy islohotlarning samarali natijasi hisoblanadi. Mustaqillikning dastlabki yillarida O‘zbekiston Respublikasining «Jismoniy tarbiya va sport to‘g‘risida»gi Qonuni qabul qilindi. Ushbu qonunning ikkinchi tahriri 2000 yil 26 mayda tasdiqlandi. O‘zbekiston Respublikasining «Jismoniy tarbiya va sport to‘g‘risida»gi Qonunining yangi tahriri 2015 yil 4 sentyabrda qabul qilindi. Mazkur Qonunda O‘zbekiston hukumatining jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish huquqiy- me’yoriy asoslari Konstitutsiya va xalqaro huquq normalariga mos ravishda yaratildi.
O‘zbekiston Respublikasining «Jismoniy tarbiya va sport to‘g‘risida»gi Qonuni mamlakatimizda jismoniy tarbiya va sport sohasidagi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlarini belgilab berdi: jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirishni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash; har kimning jismoniy tarbiya va sport bilan erkin shug‘ullanishga bo‘lgan huquqini ta’minlash; jismoniy tarbiya va sport sohasidagi davlat hamda jamoat boshqaruvini uyg‘unlashtirish; fuqarolarning jismoniy tarbiya va sport sohasidagi huquqlarining davlat kafolatlarini belgilash; jismoniy tarbiya va sport sohasida kamsitishga hamda zo‘ravonlikka yo‘l qo‘ymaslik; jismoniy tarbiya va sport bilan shug‘ullanuvchi shaxslar, shuningdek, jismoniy tarbiya va sport tadbirlari ishtirokchilari hamda tomoshabinlarning hayoti va sog‘lig‘i xavfsizligini ta’minlash; sportning barcha turlari va tarkibiy qismlarini rivojlantirishga ko‘maklashish; nogironlar va jismoniy imkoniyatlari cheklangan boshqa shaxslar, shuningdek, yuqori darajada ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi guruhlari o‘rtasida jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirishga ko‘maklashish; O‘zbekistonning milliy sport turlari va xalq o‘yinlarini rivojlantirish hamda ommalashtirish uchun shart-sharoitlar yaratish; fuqarolarni jismoniy tarbiyalashning uzluksizligi va davomiyligini ta’minlash; xalqaro hamkorlikni amalga oshirish shular jumlasidandir.
O‘zbekiston Respublikasida Jismoniy tarbiya va ommaviy sportni rivojlantirish bo‘yicha tizimli va aniq maqsadga yo‘naltirilgan chora-tadbirlar amalga oshirildi. Nufuzli xalqaro musobaqalarda O‘zbekiston sharafini munosib himoya qilish va yuksak marralarni zabt etishga qodir mahoratli sportchilar tayyorlashning samarali tizimi yaratildi. SHu bilan birga, mavjud davlat boshqaruvi tizimi jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish muammolarini hal etish, shuningdek mazkur sohada davlat siyosatini samarali amalga oshirishni to‘liq darajada ta’minlash maqsadida 2017 yil 15 fevralda “Madaniyat va sport sohasida boshqaruv tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-4956-son Farmoni qabul qilindi. Farmonga muvofiq Madaniyat va sport ishlari vazirligi ikkita mustaqil idoraga qayta tashkil etildi: Madaniyat vazirligi hamda Jismoniy tarbiya va sport davlat qo‘mitasi.
2017 yil 17 fevralda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekistonni yanada rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar strategiyasi to‘g‘risida”gi PF-4947-son Farmoni qabul qilindi. 2017−2021 yillarda O‘zbekistonni rivojlantirish harakatlar strategiyasining 4chi “Ijtimoiy soxani rivojlantirish” yo‘nalishida bolalarni sport bilan ommaviy tarzda shug‘ullanishga jalb qilish maqsadida yangi bolalar sporti ob’ektlarini qurish, mavjudlarini rekonstruksiya qilish belgilab berilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 3 iyundagi “Jismoniy tarbiya va ommaviy sportni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-3031-son qarori sohadagi yana bir muhim hujjat bo‘ldi. Ushbu qaror bilan O‘zbekiston Respublikasida jismoniy tarbiya va ommaviy sportni yanada rivojlantirish dasturi qabul qilindi. Dasturda 2017-2021 yillarda jismoniy tarbiya va ommaviy sportni yanada rivojlantirish uchun 995,2 milliard so‘mdan ziyod mablag‘ sarflanishi, sport maktablarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash maqsadida 167 ta sport inshooti, jumladan, 90 ta sport majmuasi va 77 ta suzish havzasini qurish, rekonstruksiya qilish, kapital ta’mirlash, jihozlash va qayta jihozlash nazarda tutilgan.
O‘zbekistonda jismoniy tarbiya va sportni ommalashtirish, aholi, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish uchun zarur shart-sharoitlar va infratuzilmani yaratish, mamlakatning xalqaro sport maydonlarida munosib ishtirok etishini ta’minlash borasida izchil chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. SHu bilan birga, jismoniy tarbiya va sportni tashkil etishda qator tizimli muammolar va kamchiliklarni bartaraf qilish va ushbu sohada davlat siyosatini samarali olib borishga va mamlakatning mavjud sport salohiyatidan to‘liq foydalanishni ta’minlash borasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 5 martdagi «Jismoniy tarbiya va sport sohasida davlat boshqaruvi tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PF-5368-son Farmoni qabul qilindi. Mazkur farmonga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport davlat qo‘mitasi va uning hududiy bo‘linmalari negizida O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligini tashkil etish belgilandi. Jismoniy tarbiya va sport vazirligining asosiy vazifalari belgilab berildi. O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya instituti qoshidagi Jismoniy tarbiya va sport bo‘yicha mutaxassislarni ilmiy-metodik ta’minlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish markazini Vazirlik tasarrufiga berildi, Nukus, Samarqand va Farg‘ona shaharlarida uning filiallari tashkil qilindi. O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya instituti negizida O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti tashkil etildi.
Farmonda ommaviy sportni rivojlantirish va iste’dodli yoshlarni saralash (seleksiya) sohasida ta’lim tashkilotlarining ustuvor yo‘nalishlari belgilandi, shu jumladan, maktabgacha ta’lim tashkilotlarida — boshlang‘ich gimnastika va harakatli o‘yinlar bo‘yicha mashg‘ulotlar olib borish orqali jismoniy rivojlantirish hamda salomatlikni mustahkamlash uchun tarbiyalanuvchilarda jismoniy tarbiya va sport mashg‘ulotlariga qiziqishni shakllantirish.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 5 martdagi «Jismoniy tarbiya va sport sohasida davlat boshqaruvi tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PF-5368-son Farmoni ijrosi yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori 2018 yil 5 martdagi “O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligini tashkil etish to‘g‘risida”gi PQ-3583-son qarori qabul qilindi. Mazkur qaror bilan O‘zbekiston Repsublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligining tuzilmasi tasdiqlandi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining "YUqumli bo‘lmagan kasalliklar profilaktikasi, sog‘lom turmush tarzini qo‘llab-quvvatlash va aholining jismoniy faolligi darajasini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi 2018 yil 18 dekabrdagi PQ-4063-son qarori.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 26 avgustdagi "Jismoniy tarbiya va sport ob’ektlarini qurish, rekonstruksiya qilish, kapital ta’mirlash va jihozlash ishlarini moliyalashtirish tartibini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi PF-5787-son Farmoni qabul qilindi. Farmonga ko‘ra jismoniy tarbiya va sport sohasini rivojlantirish, sohani boshqarish organlari xodimlarini moddiy rag‘batlantirish, ularning kasbiy darajasini oshirish uchun munosib shart-sharoitlar yaratish maqsadida Vazirlikning byudjetdan tashqari "Sport" maxsus hisobraqami ochildi. Jismoniy tarbiya va sport ob’ektlarini qurishda ilg‘or xorijiy davlatlar tajribasidan kelib chiqib, innovatsion texnologiyalarga asoslangan, arzon, energiya tejamkor va tez barpo etiladigan konstruksiya va materiallardan foydalanishni nazarda tutuvchi namunaviy loyihalarni ishlab chiqish bo‘yicha vazifalar belgilab berildi.
So‘nggi yillarda xalqimizning salomatligi to‘g‘risida g‘amxo‘rlik qilish, ma’naviy va jismoniy barkamol avlodni shakllantirish, millionlar o‘yini bo‘lgan va mamlakatimizda alohida o‘rin tutadigan sportning futbol turiga aholini, ayniqsa yoshlarni keng jalb etish bo‘yicha bir qator chora-tadbirlar amalga oshirilib kelinmoqda. O‘zbekistonda futbolni aholi o‘rtasida eng ommaviy sport turiga aylantirish borasida bir qancha me’yoriy xujjatlar qabul qilingan. SHu jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 4 dekabrdagi “O‘zbekistonda futbolni rivojlantirishni mutlaqo yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-5887-son Farmonida yuqori iqtidorga ega bo‘lgan yosh futbolchilarni tanlash, saralab olish va ularni professional sportchilar sifatida tayyorlash tizimini yo‘lga qo‘yish, mamlakat futbolini rivojlangan mamlakatlar bilan raqobat qila oladigan darajaga etkazish bo‘yicha vazifalar va chora-tadbirlar belgilab berilgan.
Respublikada oxirgi yillarda jismoniy tarbiya va sportni ommalashtirish, aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, imkoniyatlari cheklangan shaxslarning jismoniy reabilitatsiyasi uchun zarur shart-sharoitlar yaratish hamda mamlakatning xalqaro sport maydonlarida munosib ishtirok etishini ta’minlash borasida izchil chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
SHu bilan birga, jismoniy tarbiya va sport sohasida aholi sog‘lig‘ini mustahkamlashga ko‘maklashadigan aniq dasturlarni amaliyotga joriy etish, yoshlarni sportga keng jalb qilish va ular orasidan iqtidorli sportchilarni saralab olish, sport turlari bo‘yicha yuqori natijalarni ta’minlaydigan mahoratli sportchilar bilan milliy terma jamoalarni shakllantirish va trenerlar uchun qo‘shimcha shart-sharoitlar yaratish zarurati bo‘lganligi sababli 2020 yil 24 yanvarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasida jismoniy tarbiya va sportni yanada takomillashtirish va ommalashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” PF-5924 son Farmoni qabul qilindi. Farmon bilan O‘zbekiston Respublikasida jismoniy tarbiya va sportni 2025 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi va uning maqsadli ko‘rsatkichlari tasdiqlandi. Konsepsiyada jismoniy tarbiya va sport sohasida davlat siyosatini amalga oshirishning maqsadi, vazifalari va uzoq muddatli rivojlanishining asosiy yo‘nalishlarini belgilab berilgan.
YUrtimizda aholi, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, ularning qishki sport turlari bilan shug‘ullanishlari uchun zarur shart-sharoitlar va infratuzilma yaratish, mamlakat sportchilarining xalqaro sport maydonlarida munosib ishtirok etishlarini ta’minlash, qishki sport turlarini ommalashtirish va rivojlantirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 4 fevraldagi “Qishki sport turlarini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-4583-son Qarori qabul qilindi. Joylarda qishki sport turlari bo‘yicha musobaqalarning tizimli o‘tkazilishini yo‘lga qo‘yish, yoshlar orasidan iqtidorli sportchilarni tanlab olish (seleksiya)ning samarali va shaffof tizimini yaratish, terma jamoalar tarkibini sifatli shakllantirish uchun yuqori malakali sportchilar zaxirasi tayyorlanishini ta’minlash; qishki sport turlarini rivojlantirish uchun zamonaviy moddiy-texnika bazasini rivojlantirish hamda xalqaro standartlarga javob beradigan sport anjomlari, asbob-uskunalar va jihozlar bilan ta’minlash; qishki sport turlari bo‘yicha yuqori malakali kadrlar tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini yaratish belgilab berilgan.
Jahonda COVID-19 koronavirus pandemiyasining yuzaga kelishi dunyo mamlakatlari qatori O‘zbekistonda ham aholining sog‘lig‘i, jismonan salomatligi, sog‘lom hayot kechirish darajasi zaif ekanligini ko‘rsatdi. Pandemiyaning keng tarqalishi jamiyatda inson salomatligini mustahkamlashda jismoniy tarbiya va sportning o‘rni naqadar ahamiyatliligini yanada yorqinroq namoyon etdi.
Jismoniy tarbiya va ommaviy sport bilan muntazam shug‘ullanish hamda sog‘lom turmush tarzi bo‘yicha hayotiy ko‘nikmalarni shakllantirish orqali har bir fuqaroda kasallikka qarshi kuchli immun tizimi paydo bo‘lishini ta’minlash, zararli odatlardan voz kechish, to‘g‘ri ovqatlanish tamoyillariga amal qilish, tiklash va reabilitatsiya ishlari hamda ommaviy jismoniy faollik tadbirlarini tizimli va samarali tashkil qilish, bu borada tegishli infratuzilma va boshqa zarur shart-sharoitlarni yaratish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Sog‘lom turmush tarzini keng tatbiq etish va ommaviy sportni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-6099-son Farmoni qabul qilindi. Mazkur Farmonga muvofiq sog‘lom turmush tarzini hayotga keng tatbiq etish va ommaviy sportni yanada rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlari etib belgilangan. 2021 yil 1 martga qadar tibbiyot xodimlari tomonidan bolalarning sog‘lig‘ini inobatga olgan holda, jismoniy tarbiya bilan shug‘ullanishi ustidan nazorat o‘rnatilishini va bolalarning salomatligi asosida tibbiy-sog‘lomlashtirish guruhlariga ajratilishini hamda shunga qarab jismoniy chiniqtirish miqdorini belgilash ko‘rsatilgan. Bog‘cha yoshidagi bolalarda jismoniy tarbiya va sport tushunchasini paydo qilish va ularni qiziqtirish maqsadida «Bolalikdan sportga», «Tonggi gimnastika» sport dasturlarini telekanallarda namoiyishini tashkillashtirish belgilangan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 2 martdagi PF-5953-son Farmoni bilan tasdiqlangan 2017 — 2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini «Ilm, ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili»da amalga oshirishga oid davlat dasturida belgilangan vazifalarning ijrosini ta’minlash, shuningdek jismoniy tarbiya va sport sohasida xalqaro standartlarga muvofiq kompleks bilimlarga ega malakali kadrlar tayyorlash sifatini yaxshilash, sportda ilm-fanni jadal rivojlantirish, yuqori malakali raqobatbardosh trener-o‘qituvchilar, mutaxassislar hamda ilmiy xodimlarni tayyorlash jarayonlarini yanada takomillashtirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 3 noyabrdagi “Jismoniy tarbiya va sport sohasida kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish va ilmiy salohiyatni oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-4877-son Qarori qabul qilindi.
Buyuk ajdodlarimizdan meros qolgan kurash sportining boy an’analari va qadriyatlarini kelajak avlodlarga etkazish, o‘zbek sporti brendi nomi bilan kurashning jahon arenasidagi rolini oshirish, yoshlarning milliy sportga bo‘lgan qiziqishlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida 2020 yil 4 noyabrda “O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori “Kurash milliy sport turini rivojlantirish va uning xalqaro nufuzini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-4881-son qarori qabul qilindi.
Bugun mamlakatimizda sport infratuzilmasini yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan keng islohotlar, bunyodkorlik ishlari yaqin kelajakda O‘zbekiston sportining imkoniyatlari cheksizligini va istiqbolini jahonga namoyon etadi. Muhimi, jismoniy tarbiya va sportga berilayotgan e’tibor orqali millat genofondi sog‘lomlashadi. Sog‘lom millat esa ulkan g‘alabalarga, qolaversa, intellektual yuksalishlarga qodir.
Do'stlaringiz bilan baham: |