ish beruvchining
asosiy huquqlari quyidagilardan
iborat:
–
korxonani boshqarish va o‘z vakolatlari doirasida mustaqil qarorlar
qabul qilish;
–
qonun hujjatlariga muvofiq yakka tartibdagi mehnat shartno-
malarini tuzish va bekor qilish;
–
mehnat shartnomasida shart qilib ko‘rsatilgan ishni lozim darajada
bajarishni xodimdan talab qilish;
–
o‘z manfaatlarini himoyalash uchun boshqa ish beruvchilar bilan
birga jamoat birlashmalari tuzish va bunday birlashmalarga a’zo bo‘lish.
42
Endi xodimlar va ish beruvchilarning vakilligi haqida to‘xtalamiz.
Mehnat munosabatlarida xodim va ish beruvchi ham bevosita, ham
bilvosita munosabatlarga kirishishlari mumkin. Bevosita munosabatlar
xodimlar va ish beruvchilarning o‘zlari, bilvosita munosabatlar ularning
vakillari, vakillik organlari orqali amalga oshiriladi. Mehnat huquqi
subyektlarining huquqlari va majburiyatlarining o‘zlari vakolat bergan
maxsus shaxslar yoki organlar tomonidan amalga oshirilishi mehnat
munosabatlarida vakillik deyiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 21-moddasida meh-
natga oid munosabatlarda xodimlarning manfaatlarini ifoda etishda vakil
bo‘lish va bu manfaatlarni himoya qilishni korxonalardagi kasaba uyush-
malari va ularning saylab qo‘yiladigan organlari yoki xodimlar tomonidan
saylanadigan boshqa organlarning amalga oshirishi mumkinligi qayd
etilgan.
O‘zbekiston Respublikasining 1992 yil 2 iyuldagi «Kasaba uyush-
malari, ularning huquqlari va faoliyatining kafolatlari to‘g‘risida»gi
qonunining 1-moddasida ta’kidlanganidek, «kasaba uyushmasi ko‘ngilli
jamoat tashkiloti bo‘lib, ham ishlab chiqarish, ham noishlab chiqarish
sohalaridagi faoliyat turiga qarab, o‘z a’zolarining mehnat va ijtimoiy-
iqtisodiy huquqlarini hamda manfaatlarini himoya qilish uchun mushtarak
manfaatlar bilan bog‘langan mehnatkashlarni birlashtiradi». Korxonada
kasaba uyushmasining xodim nomidan vakillik qilishi, uning huquqlari va
manfaatlarini himoya etish usullari hamda shakllari yuqorida tilga olingan
qonun, Mehnat kodeksi va boshqa qonun hujjatlarida belgilab qo‘yilgan.
Kasaba uyushmalarining mehnat huquqi subyekti sifatidagi yuridik
maqomini belgilashda ular qandaydir davlat yoki jamoat organlaridan
mustaqil, o‘z faoliyatini faqat xodimlar manfaatlariga mos ravishda
amalga oshiruvchi organlar ekanligi muhim ahamiyat kasb etadi.
Korxonalarda kasaba uyushmalarini tuzish, ularning doimiy ish olib
boruvchi organlarini tashkil etish (saylash), bu organlar vakolatlari
doirasini belgilash ushbu korxonada mehnat qilayotgan mehnat jamoasi
tomonidan bevosita amalga oshiriladi.
Kasaba uyushmalarining xodimlar vakillik organi sifatidagi fa-
oliyatining shakllari xilma-xil bo‘lib, ular qonunlarda belgilab qo‘yilgan.
Bunday shakllar jumlasiga quyidagilarni kiritish mumkin:
1)
mehnat va ijtimoiy himoyalash masalalariga oid qonunlarning
ishlab chiqilishida ishtirok etish, shu sohada qonunlar va boshqa me’yoriy
hujjatlar qabul qilinishida takliflarini bildirish;
43
2)
xodimlarning mehnat huquqlarini ish beruvchilar, davlat organlari
oldida, shu jumladan sud yo‘li bilan himoya qilish;
3)
ish beruvchilar, ularning vakolatli organlari, davlat bilan xo-
dimlarning mehnat sharoitlarini belgilash, o‘zgartirish masalalari
yuzasidan muzokaralar olib borish;
4)
mehnat va kasaba uyushmalari to‘g‘risidagi qonunlarga ish be-
ruvchilar, ularning vakillik organlarining rioya etishlari ustidan nazoratni
amalga oshirish;
5)
qonunda belgilangan hollarda mehnat sharoitini belgilash yoki
o‘zgartirishga oid mehnat nizolarini ko‘rib, hal etish;
6)
jamoa kelishuvlari va shartnomalari shartlari to‘liq bajarilishini
kuzatib borish.
Kasaba uyushmalarining xodimlar vakillik organi sifatidagi huquqlari
har tomonlama kafolatlanadi. Xodimlar vakillik organining yana biri
mehnat jamoasidir. O‘zbekiston Respublikasining 1991 yil 15 fevraldagi
«O‘zbekistondagi korxonalar to‘g‘risida»gi qonunining 28-moddasida
aytilishicha: «O‘z mehnati bilan korxona faoliyatida mehnat shartnomasi
(bitimi, kelishuvi), shuningdek xodimning korxona bilan mehnat
munosabatlarini tartibga soluvchi boshqa shakllar asosida qatnashuvchi
barcha fuqarolar shu korxonaning mehnat jamoasini tashkil etadilar».
Mehnat jamoasining vakolatlari O‘zbekiston Respublikasining
qonunlari, korxonani barpo etish to‘g‘risidagi ta’sis hujjatlari, korxona
ustavi, korxona ma’muriyati (mol-mulk egasi) va mehnat jamoasi o‘rtasida
tuzilgan shartnomada belgilanadi. Korxona mehnat jamoasi vakolatlarini
amalga oshirishning asosiy shakli umumiy yig‘ilish (konferensiya)dir.
Yuqorida tilga olingan qonunning 29-moddasida mehnat jamoasining
umumiy yig‘ilishi (konferensiyasi)ning vakolatlari aks etgan bo‘lib, uning
mohiyati jamoa a’zolari nomidan vakillik qilish, ularning huquq hamda
manfaatlarini himoyalashdir. Korxonaning boshqaruv organlarida mehnat
jamoasi saylagan vakillar ishtirok etadilar.
Korxonalarda kasaba uyushmalari va mehnat jamoasidan xodim-
larning boshqa vakillik organlari ham tashkil etilishi mumkin, ular doimiy
yoki vaqtinchalik xususiyatga ega bo‘ladi. Ish beruvchilar korxonalarda
xodimlar vakillik organlarining faoliyat yuritishlari uchun barcha zarur
sharoitlarni yaratib berishlari, faoliyatiga to‘sqinlik qilmasligi, ularning
qonuniy talablarini so‘zsiz bajarishlari shart.
Mehnat qonunlarida xodimlar vakillik organlarida asosiy mehnat
vazifasidan ozod etilgan yoki kundalik mehnat vazifalarini bajarishdan
ozod etilmagan tarzda ish olib boruvchi xodimlar uchun qo‘shimcha
44
huquqiy kafolatlar berilgan. O‘zbekiston Respublikasi Mehnat
kodeksining 25-moddasida aytilishicha: «Xodimlarning vakillik organlari
a’zolariga o‘zlarining vakillik faoliyatlarini amalga oshirishlari munosabati
bilan ish beruvchi tomonidan biron-bir shakldagi ta’qib qilinishdan himoya
etish kafolatlanadi. Vakillik organlari tarkibiga saylangan va ishlab
chiqarishdagi ishidan ozod etilmagan xodimlarga intizomiy jazo berishga,
ular bilan tuzilgan mehnat shartnomasini ish beruvchining tashabbusi bilan
bekor qilishga, mahalliy mehnat organining oldindan roziligini olmay turib
bekor qilishga yo‘l qo‘yilmaydi».
Vakillik organlariga saylangan xodimlarning ushbu organlardagi
vakolat muddatlari tugaganidan keyin, ikki yil muddat davomida mahalliy
mehnat organlarining oldindan roziligi olinmasdan turib, ish beruvchining
tashabbusi bilan ularni ishdan bo‘shatish mumkin emas. Vakillik organiga
saylangan xodimning vakolat muddati tamom bo‘lganidan keyin, ish
beruvchi unga avvalgi lavozimini berishi, buning iloji bo‘lmasa, o‘sha
lavozimga teng keluvchi boshqa vazifa berishi shart. Bunday kafolatlar
kasaba uyushmalari, ularning huquqlari va faoliyatlarining kafolatlari
to‘g‘risidagi qonunning 17–20-moddalarida belgilab qo‘yilgan.
Ish beruvchilar ham xodimlar bilan bir qatorda mehnat huquqiy
munosabatlarida o‘z vakillik organlari orqali ishtirok etishlari mumkin.
MKning 28-moddasida aytilganidek, «ish beruvchilar uyushmalarga,
assotsiatsiyalarga va boshqa jamoat birlashmalariga birlashishga haqlidir».
Hozirgi paytda respublikamizda xalq xo‘jaligi tarmoqlari, iqtisodiy
korxonalarni birlashtiruvchi ko‘plab assosiasiyalar, korporatsiyalar,
uyushmalar faoliyat ko‘rsatib kelmoqda (masalan, Yengil sanoat
assotsiatsiyasi, O‘zbeksavdo korporatsiyasi, Dehqon (fermer) xo‘jaliklari
ittifoqi va boshqalar).
Do'stlaringiz bilan baham: |