Savol: 1) Sudning hal qiluv qarori asoslimi? 2) Mazkur ish qanday hal etilishi lozim? 17-BOB. HAKAMLIK SUDINING HAL QILUV QARORLARI BILAN BOG‘LIQ BO‘LGAN ISHLARNI YURITISH
17.1. Hakamlik sudlarida nizolarni ko‘rishning ahamiyati va afzalliklari
Mamlakatimizda tadbirkorlik subyektlari o‘rtasidagi xo‘jalik nizolari iqtisodiy sud bilan bir qatorda hakamlik sudlari tomonidan ham ko‘rib chiqilishi ilk bor O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2005 yil 14 iyundagi “Tadbirkorlik subyektlarini huquqiy himoya qilish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmonida belgilab qo‘yilgan edi. Keyinchalik hakamlik sudlarining tashkil etilishi va faoliyati sohasidagi munosabatlarni tartibga soluvchi “Hakamlik sudlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilinib, Senat tomonidan ma’qullandi va 2007 yildan e’tiboran kuchga kirdi.
Hakamlik sudlari huquq to‘g‘risidagi nizoni, kelishmovchiliklarni ko‘rish va hal qilish uchun taraflarning xohish-idorasiga muvofiq erkin tanlanadigan nodavlat sudining bir shakli hisoblanadi. Binobarin u doimiy faoliyat ko‘rsatuvchi va muvaqqat hakamlik sudlaridan iborat bo‘lib, fuqarolik huquqiy munosabatlaridan kelib chiquvchi nizolarni, shu jumladan tadbirkorlik subyektlari o‘rtasida vujudga keluvchi xo‘jalik nizolarini hal etuvchi nodavlat organidir.
Hakamlik sudlarida nizolarni ko‘rishning quyidagi afzallik jihatlarini ta’kidlab o‘tish mumkin:
taraflarda sudyani mustaqil tanlash imkoniyati mavjud. Taraflar doimiy faoliyat ko‘rsatadigan hakamlik sudlarida mazkur sudni tashkil etgan yuridik shaxs tomonidan tasdiqlangan ro‘yxatdagi hakamlik sudyalari orasidan tanlashlari mumkin. Muvaqqat hakamlik sudi sudyasini esa hakamlik bitimi taraflari o‘zaro kelishuv asosida tanlaydilar;
nizolar bitta instansiyada hal etiladi. Hakamlik sudlari qandaydir bir tizimni tashkil etmaydi va bir-biriga bo‘ysunmaydi, ya’ni hakamlik sudining yuqori turuvchi instansiyasi mavjud emas;
ish ko‘rish qisqa muddatlarda amalga oshiriladi. “Hakamlik sudlari to‘g‘risida”gi Qonunda hakamlik sudida nizoni ko‘rib chiqish muddati belgilanmagan. Mazkur muddat taraflar o‘rtasida tuziladigan hakamlik bitimida yoki doimiy faoliyat ko‘rsatadigan hakamlik sudlarining reglamentida ko‘rsatiladi;
hakamlik sudi xarajatlari nizolarni iqtisodiysudlar va fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlarda ko‘rish va hal etish uchun ketadigan sud xarajatlaridan bir necha bor kam, qolaversa, hakamlik sudlariga taqdim etilgan da’vo arizalaridan davlat boji undirilmaydi;
hakamlik sudi muhokamasi maxfiylik tartibida olib bori-ladi va oshkor qilinishi mumkin emas. Hakamlik sudyasi hakamlik muhokamasi davomida o‘ziga ma’lum bo‘lib qolgan ma’lumotlarni hakamlik muhokamasi taraflari yoki ularning huquqiy vorislari roziligisiz oshkor qilishga haqli bo‘lmaydi;
hakamlik muhokamasi taraflarning kelishuviga muvofiq belgilanadi. Doimiy faoliyat ko‘rsatuvchi hakamlik sudining nizomi va reglamentida sud muhokamasi taraflar va sud uchun qulay bo‘lgan joyda o‘tkazilishi belgilab qo‘yiladi.24