7-mavzu. Ijtimoiy munosabatlar va huquq 82
8-mavzu. Huquqiy ong va huquqiy madaniyat 93
9-mavzu. Huquq normalari 105
10-mavzu. Huquq shakllari (manbalari) 113
11-mavzu. Huquq ijodkorligi 128
12-mavzu. Huquq tizimi va huquqiy tizim 141
13-mavzu. Huquqiy munosabatlar 153
14-mavzu. Huquqni amalga oshirish 164
15-mavzu. Huquq normalarini sharhlash 172
16-mavzu. Huquqiy xulq-atvor. Huquqbuzarlik va yuridik javobgarlik 180
17-mavzu. Huquqiy tartibga solish mexanizmi 187
18-mavzu. Qonuniylik va huquqiy tartibot 197
19-mavzu. Davlat va huquqning rivojlanish istiqbollari. 201
ADABIYOTLAR RO‘YXATI 209
KIRISH
Davlat va huquq nazariyasi yuridik fanlar tizimida o‘ziga xos o‘rin tutadi. Bu fan barcha yuridik fanlar uchun fundamental ahamiyatga ega bo‘lib, u o‘zida davlat va huquq rivojiga oid eng muhim va umumiy qonuniyatlarni, asosiy tushuncha, atama va qoidalarni jamlaydi. Shu bois ushbu fan yuzasidan o‘quv adabiyotlari, xususan, darsliklar va o‘quv qo‘llanmalarini tayyorlash muhim ahamiyat kasb etadi.
Binobarin, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 7 fevraldagi PF–4947-son Farmoni bilan tasdiqlangan 2017–2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida huquqiy ta'limni rivojlantirish masalalariga katta e'tibor qaratilgan. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi faoliyatini yanada takomillashtirishga doir tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ–3666-son qarorida ham huquqiy fanlar bo‘yicha yangi avlod adabiyotlarini tayyorlash masalasi dolzarb ahamiyatga molik ekanligi ta'kidlangan.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil
9 janvardagi PF–5618-son Farmoni bilan tasdiqlangan ”Jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirish konseptsiyasi”da huquqiy ong va huquqiy madaniyatni yuksaltirishning asosiy vazifalaridan biri sifatida “…yosh avlod oldiga huquq va burch, halollik va poklik tushunchalarini hamda odob-axloq normalarini chuqur singdirib boorish…” zarurligi ko‘rsatilgan.
Qayd etish joizki, mamlakatimizda demokratik yangilanishlar jarayoni ketayotgan hozirgi davrda, davlat va huquq hodisalarini o‘rganish dolzarb masalalardan biridir. Zotan jamiyatimizda ro‘y berayotgan yangilanish jarayonlari bizni davlat va huquq hodisalariga yangicha, zamonaviy nuqtai nazardan qarashga va ularni qayta idrok etish hamda baholashga yo‘naltiradi. Bu holat davlat va huquq nazariyasi fani oldiga ham yangi vazifalarni qo‘ygan.
Bunda davlat va huquq nazariyasi nafaqat davlat va huquq haqidagi jahon va milliy yuridik fanning eng yangi yutuqlarini o‘zida ifodalashi, balki mavjud ijtimoiy-siyosiy voqyelikka mos ilmiy xulosalar va amaliy tavsiyalar ishlab chiqishi taqozo etiladi.
Ushbu vazifalardan kelib chiqqan holda tayyorlangan mazkur darslikda quyidagi mavzular o‘z ifodasini topgan: Davlat va huquq nazariyasining predmeti va metodlari; Davlat va huquqning kelib chiqishi; Davlat tushunchasi, belgilari, mohiyati va tiplari; Davlat funksiyalari; Davlat shakllari; Davlat mexanizmi; Ijtimoiy munosabatlar va huquq; Huquqiy ong va huquqiy madaniyat; Huquq normalari; Huquq shakllari (manbalari); Huquq ijodkorligi; Huquq tizimi va huquqiy tizim; Huquqiy munosabatlar; Huquqni amalga oshirish; Huquq normalarini sharhlash; Huquqiy xulq-atvor, huquqbuzarlik va yuridik javobgarlik; Huquqiy tartibga solish mexanizmi; Qonuniylik va huquqiy tartibot; Davlat va huquqning rivojlanish istiqbollari. Darslikda yuqorida qayd etib o‘tilgan mavzulardagi muhim davlat-huquqiy kategoriya va tushunchalar bugungi kunda davlat va jamiyat hayotining turli sohalarida olib borilayotgan tub islohotlar asosida bayon etilgan.
Davlat va huquq nazariyasi fani o‘z mohiyatiga ko‘ra umumnazariy xususiyatga ega bo‘lgan fundamental yuridik fan hisoblanib, u yurisprudensiya uchun umumilmiy mazmunga ega, shu bilan birga, mazkur fan boshqa yuridik fanlar uchun nazariy asos bo‘lib xizmat qiladi. Bu fan bo‘lajak huquqshunoslarni davlat va huquqqa oid eng muhim nazariy bilimlar bilan qurollantiribgina qolmay, balki ularning huquqiy ongi va madaniyati darajasini ham yuksaltirishga xizmat qiladi.
Davlat va huquq nazariyasi fani o‘quvchilarga hozirgi davr ijtimoiy-siyosiy voqyeligi uchun zarur bo‘lgan bilimlarni berar ekan, shu orqali u muhim ma'naviy-ma'rifiy va tarbiyaviy funksiyalarni ham bajaradi. Ushbu darslik nafaqat texnikum o‘quvchilari, balki davlat va huquq hamda uning bugungi kundagi rivoji masalalari bilan qiziquvchilar uchun ham foydali bo‘lishi mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |