O‘mon sohilida hech qanday daromad keltirmasa-da, hozirgi kunda ham elkanli kema qurish
hunari davom etib kelyapti.
Lagash II dinastiyasining patesisi Gudea bergan xabarda Magandan haykallar qurish uchun
tosh keltirilgani aytilgan.
Makanning geografik o‘rni haqida ko‘plab tortishuvlar yuz berdi. Oxirgi paytda ko‘pchilik
mutaxassislar uni hozirgi O‘mon sultonligi va qisman Birlashgan Arab
amirliklarining janubiy
qismi bilan belgilamoqdalar.
Mesopotamiyadan topilgan savdo muomalalariga oid ko‘plab yozuvlarda qaerdan qanday
mol kelganligi aniq ko‘rsatilgan. Toshlar ro‘yxatida «diorit Makandan», metallar ro‘yxatida «mis
Makandan», yog‘ochlar ro‘yxatida xurmo yog‘ochi «Dilmun, Makan va Meluxxadan» deyilgan.
Makanning O‘mon ekanligiga ximiklar keskin dalil berdilar. Mesopotamiyada mil.avval
III-II ming yilliklarda ishlatilgan mis buyumlari ximiyaviy tahlil qilinganda ularning tarkibida
0,2-0,3 foiz nikelь borligi aniqlandi. Odatda kamdan-kam holatlarda mis rudasiga nikelь
aralashgan bo‘ladi. Ammo xuddi shunday nisbatdagi mis rudasi O‘mon territoriyasidagi,
aniqrog‘i hozirgi Abu Dabi va O‘mon chegarasidagi Buraymi vohasidan boshlanib, to Mosqat
qirg‘og‘idagi Es-Soxar portigacha cho‘zilgan qadimgi mis konlaridan topildi.
Nihoyat, III ming yillikning oxirlarida SHumer va Aqqod davlatlarida diorit toshidan keng
foydalanganligi ma’lum. Mesopotamiyaning o‘zida bu tosh hech qachon bo‘lmagan. Uni
qaerlardandir uzoq yurtlardan keltirishardi. Endigi paytda aniq tasdiqlandiki,
diorit va tarkiban
unga yaqin turdagi toshlarning juda katta zaxiralari O‘mon-Makanda mavjud bo‘lgan. Makan-
SHumer savdo aloqalari III ming yillikda gullab-yashnagani haqida ma’lumotlar ko‘p. Ammo II
ming yillikda SHumer shahar davlatlari qulab, Bobil davlati barpo bo‘lgach, Makan e’tibordan
chetda qoldi.
g) Arablar va Ossuriylar
Arabiston yarim orolining shimolida Iroq va Suriya chegaralariga yaqin erlarda qadim
zamonlardan buyon arab qabilalari istiqomat qilib kelgan. Aqqod podshosi Naram-suen (mil.avv.
2291-2255y.) Bobilga yaqin joyda «Aribu» degan aholi yashagan erlarni bosib olgani haqida
xabar qiladi. SHubhasiz, bu aholi ko‘chmanchilik tarzida yashagan va davlat hokimiyatiga ega
bo‘lmagan. Tavrotning «Sudьyalar» kitobida aytilishicha, madyaniylar
va banu mashriqlar
isroilliklarning g‘alla va chorva mollarini tortib olganlar. Ular qo‘qqisdan hujumlar qilganlar,
o‘zlari bilan chodirlarini olib yurganlar; «odamlari va tuyalari beadad, chigirtkadek
yopirilganlar». Bu erda zikr qilinayotgan «madyaniylar» aslan Hijozdan bo‘lib, ular Isroilga
qo‘shni Qizil dengiz qirg‘og‘idagi Madyan degan joyda o‘rnashib qolgandilar. Tavrotning
yuqoridagi rivoyatini mutaxassislar mil.avv. XI asrning birinchi yarmiga mansub, deb
hisoblaydilar. Banu Mashriq ham shu singari arab qabilalaridan bo‘lishi kerak.
SHimoliy arablar haqida Ossuriya yozuvlarida nisbatan ko‘p ma’lumotlar bor.
Arablarga
oid birinchi ishorani Ossuriya podshosi Salmanasar III ga tegishli yozuvda uchratamiz. Bu
yozuvda aytilishicha, Salmanasar (mil.avv. 858-824) hukmining oltinchi yili Damashq podshosi,
arameylar podshosi, Isroil podshosi va bir arab qabilasining boshlig‘i Jandib ishtirokida tuzilgan
ittifoq ustidan g‘alaba qozongan. Bu matndagi «arab» atamasi ham ko‘chmanchi, badaviy
ma’nosiga ega. Gap shundaki, miloddan oldingi paytlarda «arab» so‘zi faqat ko‘chmanchi hayot
tarzida yashagan arablarga nisbatan ishlatilgan. Hozirgi zamon arab adabiy tilida bu ma’noda
«a’robiy» so‘zi ishlatiladi. O‘troq hayot kechirgan arablar esa yo yashagan joylarining nomi
bilan yoxud shuhrat qozongan laqablari bilan atalardilar. YUqoridagi yozuvga qaytsak, unda
shunday so‘zlar bor: “Qurqur - podsholik poytaxti, men unga zarar etkazdim, men uni vayron
qildim, men uni yoqib tashladim; 1200 arava, 1200 otliq, Arab sohibi (egasi) Haddodning 20000
askari Arabi Jandibning 10000 tuyasi ... 12 podsho menga qarshi chiqdi...”. Albatta, raqamlarda
katta mubolag‘a bor. Bunday mubolag‘a qilish o‘tmishda hammaga rasm bo‘lgan.
Salmanasar III janubga qilgan yurishi haqida ham habar beradi. U xaldeylar o‘lkasini
ishg‘ol qilgach, yana janubga yurishda davom etib, «Achchiq» dengizga (Nar Marratu) chiqadi,
u erdagi aholini bo‘ysundiradi. Aftidan, bu erda Fors ko‘rfazi haqida gap ketayotgan bo‘lsa
kerak. Salmanasar hozirgi Kuvayt erlarigacha etib kelganga o‘xshaydi.
Yangi Ossuriya davlatining asoschisi Tig‘latpalassar (mil.avv. 745-727) hukmining
uchinchi yiliga tegishli yozuvda unga Arabining boshlig‘i Zabibi degan ayol jon solig‘i (jizya)
to‘laganligi xabar qilinadi. AQSH da istiqomat qilgan asli chex olim Mosilning fikricha, bu ayol
Dumat al-Jandal (Hijozning shimoli) rayonida ko‘chmanchilik qilgan
Qeydar qabilasining ham
kohinasi ham boshlig‘i bo‘lgan. Matndagi Zabibi arabcha keng tarqalgan ism Zabibaga to‘g‘ri
keladi. Xuddi shu podsho hukmining 9 yilida boshqa arab qabilasining boshlig‘i SHamsi ismli
ayolni bo‘ysundirganini xabar qiladi. Matnning mazmuniga qaraganda SHamsi Ossuriyaga
qarshilik ko‘rsatgan Damashq podshosiga yordam bergan. Bu yozuvda ham mubolag‘ali
raqamlarni uchratamiz: SHamsi bu jangda go‘yo 1100 kishi, 30 ming tuya, 20 ming chorva
molidan ayrilgan. Tig‘latpassarning shu matnida bundan tashqari unga soliq to‘lagan bir qancha
boshqa qabilalar zikr qilingan: Mas’a, Tima, Saba, Xayapa, Batana, Xatti, Idibail. Mil.avv. 738
yili Tig‘latpalassar G‘azza shahrini ishg‘ol qilgani ma’lum. YUqorida zikr qilingan qabilalar shu
rayonga yaqin erlarda ko‘chmanchilik qilgan arab qabilalari bo‘lsa, ehtimol.
Sargon II (mil. avv. 722-705) o‘z hukmining ettinchi yilida Tamudi, Ibodidi, Marsimani,
Xayapaning adabini bergani, ularni mag‘lub qilgani va ulardan qo‘lga tushganlarini Samariyaga
ko‘chirganini hikoya qiladi. Bu xabardan so‘ng u Aribi malikasi SHamsidan,
Masuri maliki
Pir’udan va Saba’li YAta’amardan juzya kelganini eslatadi. Qabilalarning nomlaridan ko‘rinib
turibdiki, janglar Arabistonning shimoli-g‘arbida yuz bergan va Ossuriya qo‘shinlari shimoldan,
ya’ni Falastindan bostirib kelgan.
Sinnaxoreb (mil.avv. 705-681) ham qisqa muddatga bo‘lsada, shimoliy arab qabilalaridan
bir nechtasini bo‘ysundirgan ko‘rinadi. Gerodot uni «arablar va ossuriylar podshosi» deb bejiz
atamagan. Assarxaddon (mil.avv. 680-669) tuzdirgan matnda o‘zining va otasi Sinnaxorebning
ishlari haqida hikoya qilib, otasi, jumladan «aribi»larning qal’asi «Adomatu»ga (Dumat al-
Jandal) hujum qilgani, arablarning but-sanamlarini qo‘lga tushirib, o‘z poytaxtiga yuborgani,
arablarning malikasi Iskalattu va amira Tabvani asir qilganini eslatadi. Mosilning fikricha,
Dumat al-Jandal arablari Ossuriya va Bobil urushida Bobil tomonida
qatnashgan va Bobilni
enggach, Sinnaxoreb arablarni ta’qib qilgan. Sinnaxoreb vafotidan so‘ng Asarxaddon taxtga
o‘tirdi. O‘z hukmining beshinchi yilida, ya’ni (mil.avv. 676 y.) u «Vazu va Xazu» da yashab
turgan sakkizta arab qabilasiga hujum qildi. Ko‘pchilik mutaxassislarning fikricha, bu qabilalar
Vodi Sarhonda istiqomat qilgan.
Ossuriya qanchalik kuchli imperiya bo‘lmasin, qo‘shni arab qabilalari unga nisbatan zaif
mavqeda turmaganini ko‘ramiz. Har qanday qulay fursatdan foydalanib, ular Ossuriya erlariga
hujumlar uyushtirganlar. Masalan, Ashshurbanipal (mil.avv. 669-631) yozuvlaridan (ma’lumki,
uning «kutubxonasi»da 20 mingdan ortiq mixxat yozuvli lavhalar saqlangan)
bizga ayonki,
Bobilda hokim bo‘lib turgan ukasi SHamash-shumukin isyon ko‘targanda uning tomonida Misr,
Suriya, Falastin, Midiya, Elam hokimlari bilan birga arab shayxlari ham bo‘lgan. Mil.avv. 652
yili birinchi jangdayoq Elam qo‘shinlari tor-mor keltirilgach, arablardan boshqa birorta ittifoqchi
Bobilga yordam bermagan. Ashshurbanipal qattiqqo‘llik bilan o‘z raqiblarini engdi. Elam
poytaxti Suzini xarobaga aylantirdi. SHundan so‘ng u arab qabilalariga qarshi 9 marta hujum
uyushtirdi. Arab qabilalari qo‘qqisdan qarshi hujumga o‘tib qolishidan qo‘rqqan Ashshurbanipal
sahro chekkalarida istehkomlar tashkil qildi. Ammo insoniyat tarixidagi birinchi «olamshumul»
imperiya - Ossuriyaning sanoqli yillari qolgandi. Miloddan avval 612 yili Midiya va Bobilning
ittifoqchi qo‘shinlari Nineviyani ishg‘ol qildilar va uni abadiy harobaga aylantirdilar.
Do'stlaringiz bilan baham: