Hozirgi kunda jamiyatimiz hayotiga jiddiy xavf tug‘dirayotgan mafkuraviy tahdidlar quyidagilardan iborat:
islom xalifaligini tiklab, uning bayrog‘i ostida musulmonxalqlarini yangi imperiyaga birlashtirishga qaratilgan intilishlar;
yosh mustaqil davlatlarni sobiq Ittifoqqa birlashtirish g‘oyasi;– tariximizni, milliy qadriyatlarimizni soxtalashtirishga urinishlar;
axloqsizlik g‘oyalarini yoyib, xalqni ma’naviy jihatdan buzishgaintilishlar;
turli mafkuraviy vositalar orqali mintaqaviy va davlatlararomojarolarning kelib chiqishiga qaratilgan harakatlar.
Bu tahdidlar jamiyat, davlat yoki xalqning mafkura masalalari va ma’naviyatga yetarli e’tibor qaratmagani, ta’lim-tarbiya sohasida o‘zibo‘larchilikka yo‘l qo‘yilgani natijasida sodir bo‘ladi, g‘oyaviy ojizlik holatida yanada kuchayib boradi va jamiyat barqarorligiga jiddiy xavf soladi. Umuman olganda, g‘oyaviy zaiflik xalq ommasining tub manfaatlarini va ko‘nglidagi orzu-intilishlarini ifoda etadigan, uni taraqqiyot sari, ulkan maqsadlar yo‘lida jipslashtiradigan haqqoniy va jozibali g‘oyaning, mafkuraning yo‘qligi, ishlab chiqilmaganligi natijasida hosil bo‘ladi. U ko‘p hollarda ma’naviy beqarorlik va parokandalikka olib keladi.
G‘oyaviy zaiflik va mafkuraviy beqarorlik millatning birdamligi, davlatning qudratiga putur yetkazadi, uning taraqqiyotini orqaga surib yuboradi. Masalan, Chingizxon bosqini, chor Rossiyasi istilosi davrlarida ayrim hukmdorlarning xalqni birlashtirib, kurashga safarbar etmagani o‘lkamizni uzoq muddat qaramlik changaliga tushib qolishiga sabab bo‘ldi.
Har qanday jamiyatda turli manfaat, maqsad va intilishlarni ifodalovchi g‘oyalar va ularga tayanadigan kuchlar o‘rtasida ziddiyat bo‘lishi tabiiy hol. Inson va jamiyat bor ekan, ezgu g‘oyalarning qarama-qarshisi bo‘lgan zulm va zo‘ravonlik, qabohat va jaholat yangi-yangi shakllarda namoyon bo‘lishga urinadi. Lekin ular odamzodning adolat, tinchlik va birodarlik, taraqqiyot va farovonlik g‘oyalariga tayanib, oliy maqsadlar sari intilishini aslo to‘xtata olmaydi.
XX asrning ikkinchi yarmiga kelib dunyoda ulkan o‘zgarishlar ro‘y berdi. Mustamlaka zulmi ostidagi ko‘plab musulmon davlatlari (Jazoir, Tunis, Marokash kabi) ozodlikka erishdi. Yevropa va Amerikadagi taraqqiy etgan yirik davlatlar ta’sirida musulmon olami, xususan, arab mamlakatlari ichki va tashqi siyosatida ham o‘zgarishlar ro‘y bera boshladi. Ya’ni, din peshvolarining siyosatga aralashishi jiddiy ixtiloflarni keltirib chiqardi.
Ayniqsa, sobiq sho‘rolar mamlakati parchalanib ketgach, turli ekstremistik guruhlarning yosh mustaqil davlatlarga bo‘lgan xuruji ochiq tus ola boshladi. Hurriyat, ozodlik g‘oyalari bilan niqoblangan «Hizbut-tahrir» partiyasining O‘zbekistondagi amaliyoti hech bir sog‘lom aql doirasiga sig‘masdi. Juda qisqa fursat ichida, xususan, yoshlar orasiga kirib kelgan ushbu guruh missionerlari ko‘plab kishilarni jarohatlashga ulgurdilar. Ularning xayoliy g‘oyalariga berilgan aksariyat yoshlar hayotiy zarur faoliyatlarini bir chetga yig‘ishtirib qo‘yib, allaqanday xayolkashlarning xalifalik to‘g‘risidagi safsatalariga uchib, qaltis yo‘llarga kirib ketdi.
«Hizbut-tahrir» partiyasi 1953-yil Livanda tashkil topdi. Isroil va arab mamlakatlari o‘rtasida XX asrning 50-yillarida boshlangan va hozirgacha davom etayotgan arab-isroil ixtilofi natijasi o‘laroq dunyoga kelgan bu partiyaning asoschisi 1909-yil Falastinda tug‘ilgan Taqiyiddin Nabahoniy. Falastin xalqi boshiga tushgan fojialarga shaxsan guvoh bo‘lgan Taqiyiddin musulmon olamining barcha muammolari faqat xalifalik yo‘li bilangina hal bo‘lishiga qattiq ishondi. Qohiradagi «Al-Azhar» oliy islom universitetini tamomlagach, siyosiy faoliyatga sho‘ng‘ib ketgan Taqiyiddin Nabahoniy «Hizbuttahrir» partiyasini ta’sis etdi va 1979-yilgacha, ya’ni vafotiga qadar rahbarlik qildi. Taqiyiddin Nabahoniyning vafotidan so‘ng bu vazifani uning shogirdi Abdulqadim Zallum o‘z zimmasiga oldi.
Yuqorida qayd qilinganidek, «Hizbut-tahrir» partiyasining yagona va asosiy maqsadi – dunyoni xalifalik shaklida ko‘rish. Ya’ni, butun dunyo musulmonlarini (ularning qat’iy ishonchiga ko‘ra, butun dunyo musulmon xalifaligiga bo‘ysunishi kerak) yagona xalifalik bayrog‘i ostida birlashtirish. Vaholanki, o‘rta asrlarda bir necha yuz yillik xalifalikni boshdan kechirgan musulmon xalqi hozirgi XXI asrda yana orqaga qaytish hech qanday aqlga to‘g‘ri kelmasligini yaxshi biladi.
Islomdek o‘ta oliyjanob va insonparvar ta’limotning mohiyatini teran tahlil qilgan mamlakatimiz Prezidentining ushbu fikrlari diqqatni jalb etadi: «Afsuski, insoniyat tarixida diniy ongning ajralmas qismi bo‘lgan odamlardagi e’tiqoddan faqat bunyodkor kuch sifatida emas, balki vayron qiluvchi kuch, hatto, fanatizm (o‘taketgan mutaassiblik) sifatida foydalanilganini ko‘rsatuvchi misollar ko‘p. Fanatizmning o‘ziga xos xususiyati va ko‘rinishlari, avvalambor, o‘z dinining haqiqiyligiga o‘ta qattiq ishonish, boshqa diniy e’tiqodlarga murosasiz munosabatda bo‘lishdan iboratdir.
Aynan fanatizm illatiga yo‘liqqan odamlar yoki ularning guruhlari jamiyatda beqarorlik to‘lqinini keltirib chiqarishga qodir bo‘ladilar. Ustiga-ustak, ommaviylik unsuri muayyan bir xatti-harakatlar uchun shaxsiy javobgarlik hissini yo‘qotib yuboradi...»
2004-yilning mart-aprel oylarida mamlakatimiz poytaxti Toshkent shahrida, Buxoro va Toshkent viloyatlarida sodir etilgan, bir qancha begunoh yurtdoshlarimizning umriga zomin bo‘lgan fojiali voqealar ham fanatizmning manfur namoyishidir. Ko‘ksini qalqon qilib, Vatanimiz xavfsizligi, yurtdoshlarimizning tinchosoyishta hayotini asrash yo‘lida o‘z jonini ayamagan vatandoshlarimizning ibratli xatti-harakati shundan guvohlik beradiki, xalqimizning aksariyat qismi yurtimizning xavfsizligi va tinchligini ta’minlash, Vatan qudratini oshirish, ma’rifiy dunyo xalqlari yashayotgan farovon hayot darajasiga erishish uchun bugun davlatimiz rahbari boshchiligida o‘tkazilayotgan izchil siyosatni to‘liq qo‘llab-quvvatlaydi. Shu bilan birga, shuni ham qayd qilish kerakki, yurtdoshlarimiz orasida irodasi zaif, dunyoqarashi tor, vatanparvarlik tuyg‘usi to‘liq shakllanmagan kimsalar ham borki, ular shaxsiy manfaatlarini umummilliy manfaatlardan ustunroq qo‘ygan holda, O‘zbekiston mustaqilligini ko‘ra olmayotgan, bizning asrlar davomida orzu qilib, endigina Ollohning marhamati bilan erishgan istiqlolimizdan mahrum qilmoqchi bo‘layotgan ayrim ayirmachi guruhlarning quroliga aylanib, tinchligimizni buzayotir.
Insoniyat o‘zligini anglay boshlagan hozirgi zamonda g‘oyaviy ziddiyatlarni demokratiya va plyuralizm tamoyili asosida hal qilish imkoniyatlari ochila boshladi. Shuning uchun ham Prezidentimiz Islom Karimov tomonidan yuksak mafkuraviy madaniyatni mujassam etgan g‘oyaga qarshi g‘oya, fikrga qarshi fikr, jaholatga qarshi faqatgina ma’rifat bilan kurashish haqidagi tamoyil maydonga tashlandi.
O‘zbekiston xalqining milliy istiqlol mafkurasi hayotbaxsh va adolatli g‘oyalarni o‘z ichiga oladi.
Adabiyotlar:
1. Milliy istiqlol g’oyasi: asosiy xususiyatlari, falsafiy va tarixiy ildizlari. Mas’ul muharrir Q.Nazarov. Toshkent 2001 y.
2. G’oya va mafkura. Mas’ul muharrir Q.Nazarov. Toshkent - 2001 y.
3. Milliy istiqlol g’oyasini xalqimiz ongiga singdirish omillari va vositalari. Mas’ul muharrir Q.Nazarov. Toshkent 2001 y.
4. Markaziy Osiyo: g’oyaviy jarayonlar va mafkuraviy tahdid. Mas’ul muharrir Q.Nazarov. Toshkent — 2001 y.
Do'stlaringiz bilan baham: |