Majmuali yondashuv tabiatning alohida komponentlarini bir butuning qismlari (bo‘laklari), deb tushunishga asoslanadi, tabiatdagi hodisa va jarayonlarning o‘zaro aloqadorligini va ularning o‘zaro bog‘liqligini e’tirof etadi. Bu yondashuv tabiat va jamiyatning o‘zaro aloqalarini o‘rganishda keng qo‘llaniladi.
D.L.Armand (1961) fikricha, landshaftshunoslikda THM ,,tabiiy region sifatida tabiiy chegaralar yoki joy tipi tariqasida ko‘riladi” (335-b.). V.B.Sochava (1972) geotizimlar ichida tipologik va regional majmualarni ajratadi. N.A.Gvozdeskiy (1979) majmuali tabiiy geografik tadqiqotlarda tizimli yondashuvni qo‘llashning ikkita yo‘lini ko‘rsatadi.
Voha landshaftlari dinamik jihatdan yaxlit tizim sifatida namoyon bo‘ladi. Bu yerda landshaftning turli tip va podtiplari mujassamlashgandir (landshaftlar guruhi va turi).
Shunday qilib, biz vohalarni geotizim sifatida o‘rganamiz. Vohalardagi komponentlar o‘rtasidagi (grunt suvlari, grunt, tuproq, o‘simlik, iqlim va b.) o‘zaro aloqadorlik geotizimlarning yaxlitligini murakkablashtiradi.
Vohalarni tadqiq qilishda hozirgi bosqichdagi asosiy yondashuvlardan biri bu ekologik yondashuvdir. I.P.Gerasimov va boshqalar (1987) geografiyada ekologik yondashuvning ahamiyati va muhimligini e’tirof etganlar.
Ekologik yondashuv – tabiat va jamiyat o‘rtasidagi o‘zaro ta’sir ko‘rilayotgan bir vaqtda hamda atrof muhit muhofazasining nazariyasi ishlanayotgan va tabiatni muhofaza qilish tadbirlari ishlab chiqilayotganda muhim hisoblanadi.
Tabiiyki, voha landshaftlari ma’lum darajada murakkabligi va xilma-xilligi bilan harakterlanadi. Ulardagi murakkablik eng avvalo ulardagi turli ob’ektlarning o‘zaro ta’siri, turli darajadagi dinamikaga ega ekanligi, barqarorlik, elastiklik, o‘z hatti-harakatlarining xilma-xilligi va noaniqligi bilan belgilanadi. Shunga qaramay voha landshaftlari jamiyat qonunlari bilan emas, balki tabiat qonunlari asosida rivojlanadi. Shu tufayli tabiiy landshaftlarni o‘rganuvchi usul (metod)lar – ekspeditsiya, aerokosmik, landshaft – indikatsiya, kartografik va boshqalar voha landshaftlarini o‘rganishda to‘liq qo‘llanilishi mumkin.
1982 yilda Leningrad (Sankt-Peterburg)da sobiq Butun ittifoq simpoziumi bo‘lib, unda antropogen landshaftlarni o‘rganishdagi asosiy usullar muhokama etildi. O‘shanda F.N.Milkov antropogen (ular qatoriga voha landshaftlarini ham kiritish mumkin) landshaftlarni o‘rganishdagi maxsus quyidagi usullarni ko‘rsatadi: 1) tarixiy-arxeologik usul; 2) tarixiy-genetik qatorlar usuli; 3) tabiiy analogli qiyoslash usuli; 4) antropogen landshaftlarning atrof bilan aloqalarini paragenetik tahlili (1982, 4-b; 1990, 154-b.).
Voha landshaftlarini tadqiq qilish maqsadida: kartografik, paleogeografik, tabiiy analoglar, distansion, landshaft-indikatsiya, landshaft-geokimyo, ekspeditsiya usullaridan foydalanish kutilgan samaralarni berishi aniq.
Do'stlaringiz bilan baham: |