Voha landshaftlarini tadqiq qilish
metodologiyasi va usullari
Metodologiya (metod-- yunoncha ,,methodos” – usul, yo‘l; ,,logos” – ta’limot) bu qaysidir fanda foydalaniladigan bilishning vositalari, usullari yig‘indisidir (Filosofskiy slovar. M.; 1987, s.278.).
Dialektik materializm – tabiiy geografik tadqiqotlarning metodologik asosidir. Tabiiy geografiya, landshaftshunoslik hamda tabiiy geografik rayonlashtirishning nazariy zaminining asosini landshaftlarning aniq (real), ob’ektiv mavjudligi, tabiiy majmualarning chegarasi va hududiy tafovutlari tashkil etadi.
Tabiiy geografik nuqtai nazardan qaralganda geografik muhitning tuzilish va rivojlanish qonuniyati asosida uning o‘zgarishi va qaytadan bunyod bo‘lishi mumkinligi yotadi.
D.A.Armand, L.S.Berg, A.A.Grigorev, I.P.Gerasimov, N.A.Gvozdeskiy, I.M.Zabelin, A.G.Isachenko, S.V.Kalesnik, F.N.Milkov, V.A.Nikolayev, V.S.Preobrajenskiy, N.A.Solnsev, V.B.Sochava kabi olimlarning ishlarida tabiiy-hududiy majmualar (THM) to‘g‘risidagi ta’limot bilan bog‘liq qator muhim nazariy va uslubiy (metodik) tomonlar ochib berilgan.
Dialektik materializm qoidasiga ko‘ra tabiatdagi o‘zaro aloqadorlik va o‘zaro bog‘liqlik, tabiatdagi hodisalarning o‘zgarishi tizim (sistema)li yondashuvga asoslanadi. Landshaftlarning ichki o‘zaro aloqadorligining tahlili asosida yaxlit hosila sifatida o‘rganish, har bir THMni alohida dialektik birlik, deb qaralmog‘i lozim.
B.A.Voronovich (1982) ta’kidlaganidek, tabiat va jamiyat o‘rtasida ,,mutloq chegara yo‘q... Bundan tashqari tabiatda ham, jamiyatda ham yagona dialektika qonunlari faoliyat bajaradi ”(6-b.).
Antropogen landshaftshunoslik (jumladan, vohalar ham) muammolarini o‘rganishning eng umumiy asosi tabiat va jamiyat o‘rtasidagi o‘zaro aloqadorlikning materialistik jihatdan anglashdir.
Tabiat turli hududlardagi turlicha tabiiy sharoitlar majmuasidan iborat bo‘lsada, uning bir butun - yaxlit hosila ekanligini inkor etib bo‘lmaydi. V.S.Jekulin (1989): ,,O‘zaro aloqadorlik va o‘zaro bog‘liqlik geografiya fanining asosiy metodologik tamoyili” ekanligini bejiz ta’kidlamagan(105-b.).
Vohalarni tadqiq qilishda tizim (sistema)li yondashuv eng asosiylardan hisoblanadi. Landshaft A.G.Isachenko (1991) ta’rificha: mahalliy ko‘lamdagi geotizimlarning o‘ziga xos yig‘indisidan iborat bo‘lib, o‘zining zonal va azonal belgilari bo‘yicha bir butun hamda genetik jihatdan yaxlit geotizimlardir. A.A.Rafiqov (2004) esa landshaftning ,,joy” ma’nosini anglatishini e’tirof etgan(43-b.). Keyingi paytda ,,landshaft” bilan birga ,,geotizim” (geosistema) atamasi ham birday qo‘llanilmoqda. Biroq, bulardan tashqari yana ,,tabiiy majmua”(kompleks), ,,tabiiy hududiy majmua”, ,,geografik majmua” (yoki geomajmua) iboralari ham ,,landshaft”ga sinonim tarzda ifodalanmoqda.
V.B.Sochava (1978) ta’riflaganidek geotizim, bu alohida, o‘ziga xos boshqaruvchan tizimlar sinfi bo‘lib, unda tabiatning barcha komponentlari bir-biri bilan bog‘liq va o‘zaro aloqada hamda ma’lum miqdorda yaxlit ob’ekt sifatida fazo va kishilik jamiyati bilan o‘zaro ta’sirdadir. Demak, geotizimni murakkab tuzilishdagi geografik borliq deb tushunmoq lozim. Shunda uni batafsil o‘rganishga tizimli yondashuvsiz erishish mumkin emasligi oydek ravshan bo‘ladi. I.Nazarov (2013) aytganidek ,,tizimli yondashuvsiz geografiya yo‘q” (37-b.). Tizimli yondashuv geografiyada avval kam yoki butunlay o‘rganilmagan hodisalarni tahlil qilish uchun foydalaniladi (Preobrejenskiy, 1986, 55-b.).
Do'stlaringiz bilan baham: |