MEHNAT BOZORINI TAKOMILLASHTIRISH BANDLIKNI TA’MINLASH ASOSI SIFATIDA
Rahmonov Xurshid Xayriddinovich
Buxoro muhandislik texnologiya instituti Buyurtmalar portfelini shakllantirish, bitiruvchilarni ishga taqsimlash va monitoring bo'limida 1-toifali iqtisodchi
Har qanday jamiyatning iqtisodiy asosini yaratuvchi kuch – bu ishchi kuchidir. Hozirgi sharoitda ishchi kuchini har tomonlama tadqiq qilish nazariy va amaliy ahamiyatga ega. Jamiyatdagi barcha moddiy va ma’naviy ne’matlar shu jamiyatda mavjud bo‘lgan ishchi kuchlari orqali yaratiladi. Inson o‘z tabiatiga ko‘ra ijtimoiy mavjudot hisoblanadi. Ijtimoiy hayot esa juda murakkabdir. Inson jamiyatda yashar ekan, o‘ziga xos va o‘ziga ma’qul bo‘ladigan turmush tarzini yaratadi. U o‘z hayotini davom ettirish uchun oziq– ovqat topishi, uy-joy qurishi, kiyim-kechak bilan taominlanishi va atrof– muhitning noqulay ta’sirlaridan himoyalanishi kerak. Buning uchun u o‘ziga kerakli bo‘lgan narsalarni tabiatdan qidiradi va topgan
27
materiallaridan o‘z maqsadlari yo‘lida foydalanadi. Bunday jarayon davomida inson tomonidan jamiyatning boshqa a’zolari ehtiyojlarini ham qondirish uchun zarur bo‘ladigan moddiy va nomoddiy ne’matlar yaratish sohasidagi maqsadga muvofiq faoliyati, ya’ni mehnat amalga oshiriladi. Bugungi kunda mehnat va bilan bog‘liq jarayonlarni o‘rganishga bo‘lgan intilish yanada rivojlanmoqda va u iqtisodiyotda juda muhim ahamiyatga ega [2].
O‘zbekiston iqtisodiyotining bozor munosabatlariga o‘tishda mehnat to‘g‘risidagi nazariy va amaliy tasavvurlarni o‘zgartirib, jamiyat faoliyati rivojining mutlaqo yangi asoslari ishlab chiqilishini taqozo etadi. Mehnat tushunchasi muhim iqtisodiy kategoriya bo‘lib, u muntazam ravishda tadqiq etish va aniqlashni talab qiladigan ko‘p qirrali tushunchadir. Demak, jamiyatning barcha iqtisodiy va ijtimoiy muammolariga mehnat tushunchasi nuqtai nazaridan yondashish mumkin.
O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar mehnat munosabatlarining mazmuni va xarakterida ham tub o‘zgarishlar yuz berishiga olib keldi. Mamlakatimiz mustaqillikka erishgach, amalga oshirilgan iqtisodiy islohotlar mulk shakllarining xilma-xilligini vujudga keltirdi, mehnat yollanadigan bo‘lib, ishchi kuchi tovarga aylandi.
Shu bilan birgalikda ishchi kuchining miqdor va sifat ko‘rsatkichlarini doimiy ravishda takomillashtirib borish, ulardan iqtisodiyotning turli tarmoqlarida unumli foydalanish, ularning kasbiy va texnikaviy bilim darajasini zamon talablariga moslashtirish hozirgi davrdagi eng muhim masalalardan biridir [3].
Aholi o‘rtasida ishsizlikni kamaytirish maqsadida mehnat bozoridagi haqiqiy holatni respublikamiz mintaqalari kesimida chuqur tahlil qilish asosida aholi bandligini taominlash bo‘yicha hududiy va tarmoq dasturlarini ishlab chiqish va ularning bajarilishin muvofiqlashtirish, yangi ish o‘rinlarini tashkil etish bo‘yicha davlat buyurtmalarini ishlab chiqish bo‘yicha aniq tizim asosida kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Miromonovich Mirziyoyev O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 26 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi ma’ruzasida quyidagilarni ta’kidlab o‘tdi: “Men hududlarga tashrif buyurganimda odamlar bilan ko‘proq muloqot qilishga harakat qilaman. Hayron qolasiz, joylarda oddiy quruvchi, tarktorchi yoki mexanizator yo‘q. Ishning ko‘zini biladigan yer tuzuvchi yoki suvchi topish amrimahol. Qani, kasb tarbiyasi? Qani, mehnat bozorini o‘rganish? Afsuski, hech kim bu masala bilan jiddiy shug‘ullanmayapti”36 [1].
Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan iqtisodiy-ijtimoiy islohotlardan ko‘zda tutilgan bosh maqsad – inson manfaatlari ekanligini bugun xalqimiz va jahon jamoatchiligi yana bir bor e’tirof etdi.
Bu esa mehnat resurslarining oqilona bandligini ta’minlashni, ishsizlikni kamaytirishni taqozo etadi.
Ularni ijobiy hal qilish aholi turmush darajasini oshirishga olib keladi.
Hozir mamlakat mehnat resurslarining ish bilan band bo‘lmagan qismi ko‘rsatkichi asta-sekin o‘sib borish an’anasiga – tendensiyasiga ega. Bunday holat sanoat mehnatining tor doirada qo‘llanilishi, yangi ish joylarini yaratishga yo‘naltirilgan investitsiyalar hajmining yetarli emasligi, mehnat resurslari sonining ish joylari miqdoriga nisbatan tezroq o‘sishi, ishchi kuchiga talab va taklif o‘rtasida mutanosiblikning mavjud emasligi, mahalliy kadrlar malakasi va raqobat qobiliyatining pastligi va ularning ish axtarish harakatlarining sustligi bilan asoslanadi. Bundan tashqari, mehnat resurslarining oqilona bandligini ta’minlashga yangi yerlar o‘zlashtirilishining kamayishi, intensiv texnologiya va kam mehnat talab qiladigan texnikaning yuqori unumsiz qo‘llanilishi, xo‘jalik yuritish, ishlab chiqarish va mehnatni tashkil qilishning yangi bozor usullaridan samarasiz foydalanilishi, kichik va xususiy tadbirkorlik rivojlanishining past darajasi, ish bilan band bo‘lganlar moddiy manfaatdorligining pasayishi va inflyatsiya jarayonlari kabi omillar salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Holbuki, sanab o‘tilgan omillar - bozor iqtisodiyotiga o‘tish davrining muqarrar belgilaridir.
Aholining ish bilan oqilona bandligini ta’minlash va ishsizlikni kamaytirishning samarali mexanizmlaridan biri mehnat bozorini maqsadga muvofiq shakllantirish va rivojlantirish hamda uni tartibga solish hisoblanadi. Bu, ishchi kuchiga talab va taklif o‘rtasidagi uzviy aloqalar va ziddiyatlarni, ular hamkorligining samaradorlik mezonlarini aniqlashga, qishloq mehnatkashlari kasb malakasini oshirishning asosiy yo‘nalishlarini belgilashga hamda jonli mehnat resurslarini «ortiqcha» va ish joylari «taqchil» sharoitlarda ishchi kuchiga talab va taklifni makroiqtisodiy tartibga solishga, pirovardida iqtisodiy, ijtimoiy va tashkiliy tadbirlarni maqsadga muvofiq ravishda ishlab chiqishga samarali imkon beradi.
Adabiyotlar:
28
Sh.M.Mirziyoyev. Bilimli avlod – buyuk kelajakning, tadbirkor xalq – farovon hayotning, do‘stona hamkorlik esa taraqqiyotning kafolatidir. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 26 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi ma’ruzasi. Xalq so‘zi. 9.12.2018 y.
Abdurahmonov Q.X., Murtazoyev B. “Mehnat bozori” o‘quv qo‘llanma. T: TDIU. 2016
yil.
Буланова Б.С. Волгина Н.А. «Рынок труда». Москва. Экзамен. 2017 г.
Do'stlaringiz bilan baham: |