OILADA YOSHLAR IJTIMOIY FAOLLIGINI TARBIYALASHNING MA’NAVIY ASOSLARI
D.S.Davronova
p.f.f.d.,(PhD)
Bugungi kunda texnogen sivilizatsiya va globallashuv jarayoni talablariga mos ijtimoiy-siyosiy faol avlodni tarbiyalash masalasi davlat siyosatining ustuvor masalalaridan biriga aylandi. Darhaqiqat, O‘zbekiston
Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyev tomonidan olg‘a surilgan “2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi”da
ta’kidlanganidek: “Yoshlarga oid davlat siyosatini takomillashtirishda jismonan sog‘lom, ruhan va aqlan rivojlangan, mustaqil fikrlaydigan, Vatanga sodiq, qat’iy hayotiy nuqtai nazarga ega yoshlarni tarbiyalash, demokratik islohotlarni chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish jarayonida ularning ijtimoiy faolligini oshirish” [1.4/5]. mamlakatni rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi.
20
Shu nuqtai nazardan aytish mumkinki, globallashuv, integratsiya jarayonida barcha sohalardagi shiddat bilan kechayotgan taraqqiyot insoniyatni ijtimoiy faolligini taqozo etadi. Bu o‘rinda yoshlarning ijtimoiy faolligini oshirishga alohida e’tibor berish davr talabidir. Shu bois, ularning iqtidori, iste’dodi, qobiliyati, intellektual salohiyati, kreativ va sog‘lom tafakkurini jamiyat talablariga mos rivojlantirishdan davlat va jamiyat manfaatdordir.
Xo‘sh ijtimoiy faollikning o‘zi nima? Nima sababdan bugungi kunda yoshlarda ijtimoiy faollikni tarbiyalashga davlat ta’lim siyosati darajasida qaralmoqda? – degan haqli savol tug‘iladi.
Pedagogik adabiyotlar tahlili va lug‘atlarda izohlanishicha “Ijtimoiy faollik-ijtimoiy sub’ektlar (jamiyat, tabaqa, guruh va shaxslar)ning ijtimoiy-siyosiy jarayonlardagi ishtirokini, mehnat hamda madaniy-ma’rifiy faoliyatining kuchayishi, qonunda belgilab qo‘yilgan huquq va burchlarini to‘liq amalga oshirishga intilishi” demakdir. Shuningdek,”ijtimoiy faollik shaxsning jamiyatda o‘z o‘rnini topishi va xulq atvorini ongli ravishda boshqarishniing asosiy sharti hisoblanadi” [3;]
Bizning nazarimizda yoshlar ijtimoiy faolligini oshirishda oiladagi ma’naviy muhit, ijtimoiy psixologik jarayoni muhim ahamiyat kasb etadi. Fikrimizcha, ijtimoiy faollik-shaxsning jamiyat taraqqiyotini ijtimoiy-siyosiy, ma’naviy-ma’rifiy, yaratuvchanlik hamda insonparvarlik siyosati mazmun va mohiyatini ongli ravishda bilishi hamda unga kreativ yondoshuv asosida amal qilishi demakdir. Ijtimoiy faollik natijasi shaxs ongi va tafakkuri mahsuli sifatida o‘zini amaliy faoliyatda namoyon etadi. Aynan oilada olib borilayotgan tarbiyaviy jarayon negizi ham yoshlarning g‘oyaviy –siyosiy, ijtimoiy ongini boyitishga qaratilgan bo‘lishi maqsadga muvofiq.
Bugungi kun yoshlarini “o‘tmishning ertaklari” bilan tarbiyalash ancha mushkul, chunki akseleratsiya davrida ulg‘ayayotgan bugungi avlod “real voqealarga asoslangan” ma’lumotlarga tayanadi. Shunga javoban biz oiladanoq yoshlar ijtimoiy faolligini oshirishga jiddiy e’tibor qaratishimiz lozim.
Buning uchun oilada tashkil etilgan ta’lim tarbiya jarayonida qo‘yidagi ustuvor yo‘nalishlarga e’tibor qaratish muhim pedagogik ahamiyat kasb etadi:
oilada sog‘lom turmush tarzini tarkib toptirish;
bolalarga ta’lim berish, ularni tarbiyalash va kamolga yetkazish sifatini oshirish;
oilalarda sog‘lom ma’naviy-ahloqiy muhitni shakllantirish, bolalarni tarbiyalash uchun munosib shart-sharoitlar yaratish;
Tajriba va kuzatishlarimiz asosida shu narsaga amin bo‘ldikki, mazkur ustuvor yo‘nalishlar zamirida yoshlar ijtimoiy faolligining to‘rtta tarkibiy komponentlari:
-yoshlarda globallashuv jarayoni talablariga mos ijtimoiy-siyosiy faollikni shakllantirishga;
-umuminsoniy va milliy demokratik qadriyatlarga sodiqlik asosida zamonaviy keng dunyoqarash va bag‘rikenglikni rivojlantirishga;
-ma’naviy-ma’rifiy tarbiya negizida yoshlarda mafkuraviy immunitet va milliy o‘zlikni anglashni shakllantirishga;
-kreativ tadbirkorlik tafakkurni tarbiyalash zamirida yoshlarda fuqarolik pozitsiyasini shakllantirishga erishiladi.
Xulosa qilib aytganda, oilalarda sog‘lom ma’naviy-ahloqiy muhitni shakllantirish, bolalarni tarbiyalash uchun munosib shart-sharoitlar yaratishda jamiyatdagi barcha institutlar ya’ni, oila, ta’lim muassasalari, tegishli vazirlik va idoralar,fuqarolik jamiyati institutlari ham faol ishtirok etishlari talab etiladi.
Foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 7 fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar strategiyasi to‘g‘risida”gi PF-4947-son Farmoni. – O‘zbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari to‘plami, 2017, 6-son, 70-modda
2.Tillayeva G. Ijtimoiy muhit va yoshlar tarbiyasi. –Toshkent: Falsafa va huquq in-ti, 2009. - 166 b.
Pedagogik atamalar lug‘ati. / O‘zbek, rus, ingliz tillarida/ O.Musurmanova va boshqalar. T.: “TURON
– IQBOL”, 2019.844
Do'stlaringiz bilan baham: |