2. Kurs ishlarini bajarish bo‘yicha metodik tavsiyalar
Mazkur kurs ishi talabalarda maktabgacha pedagogika va maktabgacha metodika fanlarini o‘qitish borasidagi bilimlar to‘liq shakllanganidan so‘ng talablarga muvofiq tarzda bajarilishi talab qilinadi.
Kurs ishi talabaning maktabgacha pedagogika va maktabgacha metodika fanlaridan egallagan nazariy bilimlarini tizimlashtirish, tadqiqot, tajriba-sinov va loyihalash metodikalarini amaliyotda qo‘llay olish ko‘nikmasini nazorat qilish, shuningdek, talabaning zamonaviy kasb-hunar ta’limi sohasida kasbiy majburiyatlarni mutaxassis sifatida bajarishga tayyorgarlik darajasini aniqlash maqsadida amalga oshiriladi.
Kurs ishning asosiy vazifalari:
maktabgacha pedagogika va maktabgacha metodika fanlaridan olingan ilmiy-tadqiqot va amaliy ishlardagi bilimlarni mustahkamlash;
mustaqil ma’lumotlarni izlash va muayyan muammolar yuzaga kelish maqsadlarida vaziyatlarni o‘rganishga bo‘lgan bilimlarni egallash;
kurs ishida qo‘yilgan vazifalarni bajarishda tadqiqot, tajriba-sinov va loyihalash metodikalarini o‘zlashtirganlik darajasini namoyish etish;
real sharoitlarda talabaning ishga tayyorgarlik darajasining namoyon bo‘lishi;
tanlangan mavzu bo‘yicha kasbiy, pedagogik va psixologik kategoriyalar, muammolar mohiyatini ochish;
mavjud materiallarni tizimlashtirish, tahlil qilish va qayta ishlash;
maktabgacha pedagogika va maktabgacha metodika fanlarini o‘qitish bo‘yicha ta’limi samaradorligini oshirishga yo‘naltirilgan taklif va tavsiyalar ishlab chiqish va shu kabilardan iborat.
Kurs ishni bajarish jarayonida talaba turli ma’lumotlar beradigan yordamchi adabiyotlar, Davlat ta’lim standartlari, texnologik ko‘rsatma va meyoriy hujjatlardan foydalanishni o‘rganishi, mustaqil ravishda loyihalash ishlarini bajara olishi, fan va texnikaning ilg‘or yutuqlarini nazarda tutib ta’lim berishning eng samarador usullari, yangi o‘quv-didaktik vositalarni tanlashi hamda pedagogik jarayonni loyihalay olishi lozim. Shu bilan birga maktabgacha ta’lim tizimi, soha bo‘yicha kasb-hunar kollejlari o‘quv dasturlari va o‘quv rejalari bilan tanish bo‘lishi, maktabgacha pedagogika fanlarini o‘qitish metodikasi, pedagogika va psixologiya fanlari, zamonaviy pedagogik va axborot texnologiyalarini chuqur bilishi hamda bu bilimlarini amalda qo‘llay oladigan bo‘lishi kerak.
Kurs ishida talaba quyidagilarni aks ettirishi lozim:
mavzu tavsifi, dolzarbligi, muammoning o‘rganilganlik darajasi;
mavzu materiallarining nazariy va metodik asoslarini ochib berish;
mavzuni yoritishda pedagogik texnologiyalardan foydalanish;
mavzuni bo‘yicha o‘quv-didaktik materiallarni tayyorlash;
xulosa va takliflar berish;
foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxatini keltirish.
Do'stlaringiz bilan baham: |