Aim.uz
Yusuf Xos Hojib. “Qutadg’u bilig” dostoni
Dars rejasi:
1. Yusuf Xos Hojibning hayoti va ijodiy faoliyati haqida.
2. Adib asarining bizgacha yetib kelgan nusxalari haqida nimalarni bilasiz?
3. “Qutadg’u bilig” obrazlari.
Tayanch so’z va iboralar: Yozma adabiyotning ilk yirik namunasi, didaktik doston, turkiylar istiqomat qiladigan qadimiy shahar, el-yurt madhiyasi, “Qutadg’u bilig” siymolari.
Yusuf Xos Hojib XI asrning 20-yillarida Bolosog’unda tug’ilgan. “Qutadg’u bilig” asarini 1069-1070-yillarda Qashqarda yozib tugallaydi. Asar turkiy tildagi yozma adabiyotning ilk yirik asari hisoblanadi
Yusuf Xos Hojib davrining turkiy muhitdagi dunyoga kelgan zamonasining eng muhim fanlaridan bilimlar olgan.
Taassufliki, bu buyuk alloma haqida uning o’z asaridan boshqa biror yerda ma’lumotlar saqlangan emas. Asardagi ma’lumotlar esa quyidagilardan iborat.
Kitob muqaddimasida adib o’zining tug’ilgan yurtini eslatib o’tadi:
Munuqi turug’laq Quz O’rdu eli,
Tub – asli, nasabdin yurumish tili.
(Buning tug’ilgan eli, Quz O’rdudir,
Tub – asli, nasl – nasabdan tili so’z ochdi.)
Quz O’rdu turkiylar istiqomat qiladigan qadimiy shaharlardan biri.
U Bolosog’un nomli bilan ham mashhur bo’lgan. Bu shahar XI asrda yozilgan yana bir muhtasham obida-Mahmud Koshg’ariyning “Devoni lug’otit-turk” asarida bir necha marta tilga olinadi. Jumladan,bu shaharning arg’un lahjasida Quz ulus, o’g’uz lahjasida esa Quz O’rdu deb yurtilishini Mahmud Qoshg’ariy maxsus qayd etadi.
Yusuf Xos Hojib ham, Mahmud Qoshg’ariyga o’xshab ko’pgina o’lkalarni kezib chiqqan, talaygina sayr-u sayohatlarda bo’lgan.
Adib asarini yozishga bir yarim yil vaqt sarflaydi. O’n sakkiz oy, tabiiyki, asarni bevosita yozish uchun sarflangan muddat. Adibning unga katta tayyorgarlik ko’rgani va ko’p kuch sarflagani aniq. Har holda asarning Qashg’arda tugatilgani maxsus qayd etiladi.
Adibning ismi Yusuf ekanligi haqida asar so’ngidagi qasidalardan birida o’qiymiz.
Ey Yusuf, kerak so’zni ro’yi rost so’zla,
keraksiz so’zni yashir, (chunki u) ziyon qiladi.
Kitob Qashg’ar elining eligi (hukmdori) Tabg’ach ulug’ Bug’ro xonga tortiq qilinadi. Buning evaziga esa Xos Hojiblik lavozimi bilan taqdirlanadi.
Asardan bilinadiki, adib doston yozilgan paytda ellik bilan oltmish yosh orasida bo’lgan.
“Qutadg’u bilig” –qut (saodat, baxt)ga eltuvchi bilim, demakdir. Bu asarning maydonga kelishi yuqorida aytganimizday, nihoyatda kuchli hayotiy zarurat va ma’naviy ehtiyoj samarasidir.
Aslida uni vatan, el-yurt madhiyasi, deb atash mumkin. Zero, asar to’laligicha turkiy xalqlarning davlat tuzilishi, el-yurt farovonligini ta’minlashga qaratilgan chora-tadbirlarning badiiy tahlilidan iboratdir.
Xalq XI asrda “Budun” – “Budun” atamalari bilan yuritilgan. Mamlakatning dahlsizligi, uning ravnaqi faqat va faqat bugun bilandir.
Bu yerda “turu” – siyosat, qonun – qoida ma’nosini beradi.
Xalqning qanday bo’lishi mamlakat boshlig’iga to’la bog’liqdir. “Qutadg’u bilig”da mamlakat boshlig’i, hukmdor “elig” yoki “bek” deb yuritiladi.
Alohida ta’kidlash joizki, qadim turklarda tasavvur etilgan. Ushbu tushuncha “el” so’zi bilan ifodalanadi.
“El” so’zi mamlakat, o’lka, xalq, davlat (saltanat), yurt tushunchalariga teng keladi.
Shuning uchun ham Yusuf Xos Holib mamlakat mustaqilligini, vatan ozodligini, el – yurt mustaqilligini, xalq ozodligidan tashqarida ko’rmaydi.
Yusuf Xos Hojib nazarida Vatanga xizmat bu dastlab xalqqa, el- yurtga xizmat qilishdir. Faqat shu yo’l bilangina Vatanning ozodligini, uning iqtisodiy, harbiy va siyosiy udratini ta’minlash mumkin. Shu maqsadda adib XI asrdagi juda ko’plab ijtimoiy guruh va tabaqalarga tavsif beradi, ularning jamiyat va yurt oldidagi mas’uliyat va burchlariga alohida to’xtab o’tadi.
Yusuf Xos Hojib nazarida har bir shaxs jamiyatning og’irini yengillattishga urinmog’i kerak. Buning uchun esa har bir kishi o’z ishi bilan shug’ullanmog’i, halol, pokiza yashamog’i, o’zining tor shaxsiy manfaatlari doirasida bekinib qolmasdan, el-yurt manfaatlarini ustun go’ya oladigan darajaga ko’tarilmog’i shart. Buning yo’li o’qish, o’rganishdir.
Uquv – idrok kishi ko’ngilini boyitadi. Ko’ngli boy kishi esa himmat-muruvvatli, sofdil, odil bo’ladi. Aksincha, bilimsiz, uquv-idroksiz kishilarni tiriklar qatoriga qo’shish ham dushvor. Shuning uchun ham bilimga intilish, o’zini bilim bilan poklashga urinish chin insoniylikdir.
El-yurt taqdiriga kuyinish aslida kishilarning shaxsiy xislat-fazilatriga bog’liq. Ko’zi och odam el manfaati, yurt taqdiriga befarq bo’ladi, faqat o’zinigina o’ylaydi.
Aksincha, boshqalar tashvishi bilan yashaydigan, mehr – muruvvatli kishilar elga ko’p naf keltiradi.
“Qutadg’u bilig” siymolari.
Asarda to’rtta yetakchi qahramon bor. Bular Kuntug’di, Oyto’ldi, O’gdulmish, O’zg’urmishdir. Ularning har biri ramziy tarzda adolat, davlat, aql va ofiyat (qanoat)ni ifodalaydi, Ayni paytda asarda ular muayyan lavozim egalari sifatida ko’rinadi.
Kuntug’di – elik (hukmdor)-adolat timsoli. Oyto’ldi - vazir-davlat timsoli. O’zg’urmish - zohid-ofiyat (qanoat) timsoli.
Asar qahramonlarning o’zaro suhbati asosiga qurilgan. Dastlab Kuntug’di va Oyto’lidi asar sahnasiga chiqib keladi. Kuntug’di mamlakatni adolat bilan boshqaradi. Uning ovozasi olamga ketadi. Hatto adolatliligi tufayli Oyto’ldi ham uning xizmatiga keladi.
Kuntug’diga adolat ramzinning berilishi tasodifiy emas. Adib bu bilan davlat tepasiga adolat, ya’ni adolatli hukmdor va adolatli qonun – qoidalar turishi kerak, degan aqidani bayon etadi.
Kuntug’di ezgu – yaxshi kishi, hech qachon o’z tabiatini o’zgartirmaydi, chunki yaxshi qiliq oq sut bilan kirsa, o’lim kelib tutmaguncha o’z tarzini buzmaydi, deb uqtiradi.
Oyto’ldi –vazir, ayni paytda davlat ramzi. Uning fe’l – atvorida barcha ezgu xislatlar mujassam.
O’gdulmish – asardagi eng faol qahramon. O’gdulmish so’zining ma’nosi “o’g” bilan bog’liq. U “aql”, “aql - idrok” ma’nosiga ega. O’gdulmish “aql bilan ziynatlangan” demakdir. Uning asarda vazirning o’g’li darajasidan vazir martabasiga ko’tarilishi bejis emas.
Yusuf Xos Hojib aslida Davlat, Adolat va aql bilan boshqarilmog’i kerak, degan fikni olg’a suradi. Faqat bu fikr ramziy shaklda ifodalangan.
Asar qahramonlaridan yana biri O’zg’urmishdir. Buning ma’nosi “hushyor qiluvchi”, “sergaklantiruvchi” degani. Boshqalardan o’zib ketuvchi ma’nosi ham bor. Uning zohid qiyofasida ko’rinishda shu ma’noga uyg’unlik bor. U behuda ishlar bilan band bo’lish, har xil mayda – chuyda orzu – havaslarga ovunib qolishdan ogohlantiradi. Mudrab borayotgan tuyg’ularni sergaklantiradi. Dunyoga faqat davlat yoki aql bilan bitirib bo’lmaydigan ishlar ham borligidan, inson ko’nglida nozik tuyg’ular mavjlanib turishdan xabar beradi, shu tuyg’ularga beparvo bo’lmaslikka undaydi, hushyorlikka chaqiradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |