15-may Xalqaro oila kuni munosabati bilan oila va mahallaning bolalar va yoshlar tarbiyasiga ta'sirini oshirish maqsadida oila va mahallaning yoshlar tarbiyasidagi o'rni oila ma'naviyat qo'rg'oni
Yurtimizda azaldan oila muqaddas qo‘rg‘on sifatida e’zozlangan. Zero, inson qalbida ahillik, mehr-oqibat tuyg‘ulari, ilm-ma’rifatga oshno bo‘lish ko‘nikmasi, avvalo, shu aziz dargohda shakllana boshlaydi. Bosh qomusimizda oila jamiyatning asosiy bo‘g‘ini, deb belgilanganligi zamirida ham ana shu milliy qadriyatlarimiz mazmuni mujassam.
O‘z hayoti, ma’naviyati va kelajagining bunyodkori bo‘lgan bola shaxsining kamol topishida oila muhiti, sog‘lom turmush tarzi birinchi darajali rol o‘ynaydi. Ota-ona oilaning muqaddasligini dildan his etishi, uning mustahkam, barqaror va umrboqiy bo‘lishida mas’uliyatini chuqur anglashi, farzandi hayotida yuksak ma’naviy-axloqiy milliy va umuminsoniy qadriyatlar o‘rnini mustahkamlaydi, oilaning ijtimoiy hayotdagi mavqeini oshiradi. Sababi, oila - jamiyatning ijtimoiy, iqtisodiy va demografik rivojlanishiga poydevor bo‘luvchi asosiy ijtimoiy institut sanalib, undagi muhit qanchalik sog‘lom bo‘lsa, Vatan shunchalik gullab yashnaydi, taraqqiy etadi. Zero, kuchli fuqarolik jamiyati va demokratik huquqiy davlatni yaratishning muhim shartlaridan biri har jihatdan sog‘lom, mustaqil fikrlovchi, ma’naviyati yuksak avlodni tarbiyalashdir. Oila farovonligi va uning ravnaqi, gullab yashnasin, degan har bir ota-ona sog‘lom farzand dunyoga kelishi uchun qayg‘urishi, kelajak sari intilib yashamog‘i zarur. Oila tarbiyali bo‘lishi uchun avvalo ota-ona tarbiyali bo‘lishi lozim. Shunda farzand katta, mustaqil hayotga, jumladan, oilaviy hayotga tayyorlanadi, o‘ziga yarasha sifat va fazilatlarni shakllantirib boradi, har tomonlama yetuk, barkamol, aqlli, sog‘lom bo‘lib voyaga yetadi.
Oiladagi sog‘lom ma’naviy muhit bolani jamiyatda o‘z o‘rnini topishga, muomala qilish, faoliyat yuritish, kasb-hunarli bo‘lish, odob-axloq qoidalariga bo‘ysunishga o‘rgatadi. Oilada bola tarbiyasida, ayniqsa, ota yetakchi rol o‘ynaydi. U avvalo yurish-turishi, odamlar bilan muomalasi, yolg‘on gapirmasligi, lafzida turishi, va’dasiga vafo qilishi bilan o‘rnak bo‘ladi. Ota bolalar bilan suhbatlashishga vaqt topishi, ularning qiziqishlariga alohida e’tibor qaratishi, lozim bo‘lsa, qo‘llab-quvvatlashi kerak.Ayol qudrati, uning oiladagi ishtiroki erkaklar bilan tengligini namoyon qilishda emas, balki nazokat va mehr-shafqatda, o‘ziga xos iffat, kiyinish odobi, kishilar bilan munosabatda iboli, andishali bo‘lish kabi axloqiy sifatlardadir. Shuning uchun qizlar tarbiyasi va ma’naviy kamolotiga faqat oila doirasida emas, jamiyat nuqtai nazaridan e’tibor berish kerak. Qizlar oilada, jamoat joylarida yurish-turishi, axloq doirasida o‘zini tutishi, ota-onaga itoatda bo‘lishi singari odobning nozik tomonlariga o‘rgatilishi kerak. Ona zimmasidagi bu mas’uliyat natijasi farzandlar ulg‘ayganida, ularning xatti-harakatida, qo‘ni-qo‘shnichilikda, atrofdagi insonlar bilan ijtimoiy munosabatlarda o‘z aksini topadi. Demak biz nafaqat oiladagi, balki mahalla-ko‘ydagi odamlarning xatti-harakati ham bolaning shakllanib kelayotgan sof qalbi va ongiga qanday ta’sir ko‘rsatishini e’tiborga olishimiz kerak. Har qanday mamlakat taraqqiyoti o‘sha yurtdagi oila mustahkamligi, ularning barqarorligiga chambarchas bog‘liqdir.
Oila — barcha ezgu tilaklar, orzu-umidlar ro‘yobga chiqadigan qutlug‘ maskan hisoblanadi. Zero, inson o‘z saodatini avvalo oilasi bag‘ridan topadi. Hayotning abadiyligi, avlodlar davomiyligini ta’minlaydigan milliy va diniy urf-odatlarimizni asrab-avaylaydigan va ularni kelgusi avlodga yetkazadigan tarbiya maskani — oiladir. Ta’lim muassasalari va mahalla faollari hamkorligida farzandlari o‘qishga bormay, ko‘cha-ko‘yda, bozor-o‘charda yurgan oilalarga jamoatchilik ta’siri kuchaytirilib, lozim topilganda, notinch oilalarda profilaktik tadbirlar o‘tkazilayotgani, respublika umumta’lim maktablari, o‘rta maxsus kasb-hunar kollejlari va litseylarda davomat, o‘quvchilar kiyinish madaniyatining tartibga solinishi ham axloqiy tarbiyaning uzviy davomidir.
Ota-ona doimo o‘z farzandi timsolida ezgu orzu-niyatlar yuzaga chiqishini tasavvur qiladi. Umuman bugungi kunda amalga oshirayotgan barcha ishlarimiz birinchi galda farzandlarimizning baxtu saodati, ularning yorug‘ kelajagi uchun amalga oshirilmoqda. Odobli, bilimdon, aqlli, sog‘lom, mehribon hamda mehnatsevar farzand nafaqat ota-onasining, balki butun jamiyat va xalqning boyligidir. Farzandlarimizni har tomonlama sog‘lom va barkamol etib tarbiyalashimiz, ularning kamolga yetishi, sog‘lom hayoti va yorug‘ kelajagini ta’minlashimiz, ma’naviyat qo‘rg‘oni bo‘lgan oilani mustahkamlash barchamizning burchimiz ekanligini zinhor yoddan chiqarmasligimiz lozim.
Do'stlaringiz bilan baham: |