4.Yoshlarning konstitutsiyaviy burch va majburiyatlari
“Burch ” jamiyat va davlat tomonidan belgilangan va huquqiy normalarda o‘z aksini topgan talablarni bajarish zaruriyatidir. Bundan tashqari burchning o‘ziga xos jihatlari bo‘lib, ular quyidagilarda namoyon bo‘ladi. Burch, asosan qoidalardan, axloqiy normalardan kelib chiqadi, “majburiyat” esa aksariyat hollarda shartnoma va bitimlardan kelib chiqadi; burch shaxs tug‘ilgandan to umrining oxiriga qadar davom etadi, majburiyat esa shartnomaning amal qilish davrigacha bo‘ladi; shuningdek, burch davlat va jamiyat tomonidan belgilanib, uning bajarilishi talab etiladi. Burch va majburiyat bajarilmagan taqdirda ko‘riladigan chora-tadbirlar turlichadir. Burch bajarilmaganda huquqiy ta'sir choralari qo‘llaniladi.
Burch – kishining biror shaxs, oila, jamoa, el-yurt, Vatan oldidagi majburiyatini anglatuvchi axloqiy tushuncha. Burchda obektiv munosabatlar ifodalanadi. Ya'ni u jamiyatning ijtimoiy-iqtisodiy va axloqiy negizlari bilan belgilanadi. Burchning o‘ziga xos xususiyatlari mavjud bo‘lib, u insonning ichki kechinmalari, tashqaridan turib nazorat qilinmaydigan murakkab ruhiy holatini ifodalaydi. Burch imon-e'tiqod, onglilik, halollik, vijdon kabi tushunchalar bilan chambarchas bog‘liq. Burch qanday vazifa, kimning oldidagi majburiyat ekanligiga qarab turlicha bo‘ladi (milliy burch, ijtimoiy burch, umuminsoniy burch va boshqalar). Ijtimoiy va shaxsiy burch, oilada ota-onalik burchi, farzandlik burchi va boshqalar. Burch nisbiy tushuncha. U ijtimoiy taraqqiyot jarayonida mazmunan boyib, shaklan o‘zgarib boradi. Hozirgi sharoitda yoshlarning tabiat va avlod-ajdodlar oldidagi burchi yangicha mazmun kasb etib bormoqda. Oilaviy burch esa jamiyat oldidagi turgan maqsadlar bilan yanada uyg‘unlashmoqda. Bizda ona Vatanga, xalqqa xizmat qilish eng ulug‘ va sharafli burch hisoblanadi.
Konstitutsiyamizning 48-moddasiga ko‘ra, fuqarolar Konstitutsiya va qonunlarga rioya etishga, boshqa kishilarning huquqlari, erkinliklari, sha'ni va qadr-qimmatini xurmat qilishga majburdirlar.
Konstitutsiya va qonunlarga rioya etish – nafaqat ularning qoidalarni buzmaslik, balki fuqarolarning o‘z faoliyati, hayot tarzi bilan konstitutsiyaviy prinsip va asoslarni, qonunchilik normalarini real voqelikka aylantirishga ko‘maklashishlari demakdir.
Prezidentimiz I.A. Karimov “Asosiy qonunimizda birinchi navbatda shaxs manfaatining davlat manfaatidan ustun qilib eng oliy qadriyat sifatida muhrlab quyilganligini yana bir marta ta'kidlab o‘tish o‘rinli deb bilaman. Aynan ana shu qa'tiy talabni nafaqat qonunlarimiz va huquqiy me'yoriylarimizda belgilab berish, balki bu prinsipni hayotimizga tadbiq qilish o‘ta muhim ahamiyatga egadir”, deb ta'kidlaganlari be'jiz emas. Zero, Konstitutsiya va qonunlarga rioya qilmaslik davlat tomonidan belgilangan qoidalarning huquqiy me'yorlarini buzilishiga olib keladi.
49-moddaga ko‘ra, fuqarolar O‘zbekiston xalqining tarixiy, ma'naviy va madaniy merosini avaylab asrashga majburdirlar. Madaniy yodgorliklar davlat muhofazasidadir.
Yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda mazkur burchga nisbatan mas'uliyatni oshirish muhim ahamiyatga ega.
O‘zbekiston xalqining tarixiy, madaniy va ma'naviy boyliklarini, madaniy yodgorliklarini ehtiyot qilish va saqlash har bir fuqaroning burchidir. Tarixiy, ma'naviy va madaniy merosimiz obektlari sirasiga muzeylar va muzey boyliklari, boshqa badiiy qadriyatlar (tarix va madaniyat yodgorliklari, davlat fondlari, shu jumladan, kitob, kino, foto va fonohujjatlarning davlat fondlari), arxivlar va ilmiy tadqiqot muassasalarining fondlari kiradi.
Ona yurtimiz O‘zbekiston zaminidagi arxitektura yodgorliklari, tarixiy-madaniy hudud va obektlar, badiiy va musiqiy asarlar, xalq og‘zaki ijodiyoti o‘zbek xalqining o‘zligini anglashiga, dunyoga tanilishiga xizmat qiladi. Ota-bobolarimizdan qolgan bunday buyuk merosni biz avaylab-asrab kelgusi avlodlarga etkazish uchun mas'uldirmiz.
Prezident I.Karimov O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining birinchi sessiyasida so‘zlagan nutqida “Noyob tarixiy yodgorliklarni saqlash va ta'mirlash, o‘zbek xalqi yaratgan va milliy boylik bo‘lgan san'at asarlarini izlab topish, ularni O‘zbekistonga qaytarish ma'naviyat dasturimizning muhim bo‘lagini tashkil etadi. Bu milliy boylik bizga ota-bobolarimizdan meros bo‘lib qolgan. Binobarin, biz ham uni ko‘z qorachig‘iday asrab-avaylashimiz va farzandlarimizga meros qilib qoldirishimiz kerak”, deb ta'kidlagandi.
Vatanimiz mustaqillikka erishgach, mamlakatimiz hududidagi dunyo sivilizatsiyasi rivojlanishida katta o‘rin tutgan, o‘nlab asrlar davomida shakllangan tarixiy shaharlar, 10 mingdan ortiq me'moriy va tarixiy obidalarni (ularning 6113 tasi davlat muhofazasiga olingan, shu jumladan: me'morchilik obidalari - 2164, arxeologik obidalar - 3186, monumental san'at yodgorliklari - 763 ta) avaylab saqlash, hisobga olish, o‘rganish, ularni ta'mirlab, kelajak avlodlarga etkazish, dunyoga olib chiqib targ‘ib qilishdek ezgu maqsadlar yo‘lida chmnakam tarixiy ishlar amalga oshirildi. Jumladan, “Meros” davlat dasturining qabul qilinishi, Amir Temur tavalludining 660 yilligini, Xiva va Buxoro shaharlarining 2500 yillik yubileyi, Imom al-Buxoriy tavalludining 1225 yilligini, Ahmad al-Farg‘oniy tavalludining 1200 yilligini, Termiz shahrining 2500 yilligini, Imom Abu Mansur al-Moturudiy tavalludining 1130 yilligini, Burxoniddin al-Marg‘inoniy tavalludining 910 yilligini, Alisher Navoiy tavalludining 560 yilligini, Abdulxoliq G‘ijduvoniy tavalludining 900 yilligini, Qarshi shahrining 2700 yilligini, Samarqand shahrining 2750 yilligini, Marg‘ilon shahrining 2000 yilligini nishonlashga doir ko‘plab qarorlar qabul qilinishi va ularning to‘la-to‘kis ado etilishi millatimizning o‘zligini anglashida, yoshlarimizning o‘tmishi sharafli xalqning, beqiyos ulug‘ zotlarning farzandi ekanini idrok etishida nihoyatda muhim rol o‘ynadi. Shunday ekan, bu obektlarni himoya qilish, ulardan bahramand bo‘lish va ularni kelajak avlodlarga etkazish har birimizning muqaddas insoniy va fuqarolik burchimiz hisoblanadi.
Konstitutsiyamiz tarixda sinalgan umumbashariy qadriyatlarni o‘zida mujassam etgan. Jumladan, eng qadimgi tarixiy-huquqiy manbalardan biri, zardushtiylikning muqaddas kitobi “Avesto”da ta'kidlanishicha, bizning ajdodlarimiz to‘rtta element - er, suv, olov va havoni muqaddas hisoblab, ularni himoya qilganlar. Atrof muhitga ehtiyotkorlik bilan munosabatda bo‘lib, uni har qanday tajovuzdan himoya qilganlar. Bu bashariy qadriyatlar Konstitutsiyamizning 50-moddasida ham o‘z aksini topgan.
Yurtboshimiz I.Karimov “Ekologiya hozirgi zamonning keng miqyosdagi keskin ijtimoiy muammolaridan biridir, uni hal etish barcha xalqlarning manfaatlariga mos bo‘lib, sivilizasiyaning hozirgi kuni va kelajagi ko‘p jihatdan ana shu muammoning hal qilinishiga bog‘liqdir” deb ta'kidlaydi. Zero, jamiyatimiz barcha a'zolarining yuksak mas'uliyatlaridan biri - bu tabiat boyliklarini saqlash va ulardan oqilona foydalanish, tabiatni muhofaza qilish vazifasidir.
Mustaqillik yillarida Respublikamizda qabul qilingan “Tabiatni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi (1992 yil 9 dekabr, 1995 yil 6 maydagi qo‘shimchalar), “Suv va suvdan foydalanish to‘g‘risida”gi (1993 yil 6 may), “Muhofaza etiladigan tabiiy hududlari to‘g‘risida”gi (1993 yil 7 may), “Yer osti boyliklari to‘g‘risida”gi qonunlar, (2002 yil 13 dekabr), “O‘simlik dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to‘g‘risida” gi, “Hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to‘g‘risida”gi, “Atmosfera havosini muhofaza qilish qilish to`g‘risida” gi, “O‘rmon to‘g‘risida”gi (1999 yil 15 aprel), “Davlat sanitariya nazorati to‘g‘risida”gi, hamda “Chiqindilar to‘g‘risida”gi qonunlar fuqarolarga tabiatni muhofaza qilishda alohida majburiyat yuklaydi.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi asosida tabiiy muhitni muhofaza qilish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish va aholining ekologik xavfsizligini ta'minlashga qaratilgan qonunlar qabul qilindi, mamlakatimiz xalqaro konvensiya, shartnoma va bitimlarga qo‘shildi. O‘rta Osiyo va Qozog‘iston davlatlari rahbarlarining 1993 yil mart oyidagi Qizil O‘rdadagi uchrashuvi, 1994 yil mart oyidagi Toshhovuzdagi davlatlararo kengash, 1995 yil 20 sentabrdagi Nukusdagi uchrashuvi, 1996 yil Shvetsariyaning Jeneva shahridagi Monreal bayonnomasi, 1998 yil iyun oyida Daniyaning Orxus shahrida bo‘lib o‘tgan xalqaro konferensiya, 1999 yil maydagi Bishkek uchrashuvi, O‘zbekiston va MDH a'zolari bilan ikki tomonlama kelishuv asosidagi davlatlararo ekologik Kengash, 2004 yil 11 martda qabul qilingan 2004-2008 yillarga mo‘ljallangan “O‘zbekiston Respublikasining Yevropa Ittifoqi va unga a'zo davlatlar bilan hamkorlikni takomillashtirish bo‘yicha choralar to‘g‘risida”gi qaror, “Yevropa uchun atrof-muhit” beshinchi konferensiyasi (Kiev 2003) va boshqalar shular jumlasidandir.
Tadbirkorlik, mehnat va boshqa daromad keltiruvchi faoliyat bilan shug‘ullanayotgan fuqarolarning, xususan, yoshlarning muhim majburiyatlaridan biri Konstitutsiyamizning 51-moddasida shunday ifodalanadi: Fuqarolar qonun bilan belgilangan soliqlar va mahalliy yig‘imlarni to‘lashga majburdirlar.
Soliqlar deganda, muayyan miqdorda undiriladigan, muntazam, qaytarib berilmaydigan va beg‘araz xususiyatga ega bo‘lgan, byudjetga yo‘naltirilgan majburiy pul to‘lovlari tushuniladi.
Boshqa majburiy to‘lovlar deganda Soliq kodeksida belgilangan davlat maqsadli jamg‘armalariga majburiy pul to‘lovlari, bojxona to‘lovlari, shuningdek vakolatli organlar hamda mansabdor shaxslar tomonidan yuridik ahamiyatga moliq xarakatlarni to‘lovchilarga nisbatan amalga oshirish uchun, shu jumladan muayyan huquqlarni yoki lisenziyalar va boshqa ruhsat beruvchi hujjatlarni berish uchun to‘lanishi lozim bo‘lgan yig‘imlar, davlat boji tushuniladi.
O‘zbekiston Respublikai Moliya vazirligining ma'lumotlariga qaraganda, davlat byudjeti daromadlarining asosiy qismini soliqlar va majburiy to‘lovlar tashkil etadi.
Soliqlarni davlatning qon tomirlariga o‘xshatish mumkin. Odamzodning yashashi uchun qon tomirlari naqadar muhim bo‘lsa, soliqlarning ham davlat byudjeti uchun ahamiyati shunchalik muhimdir.
Soliqlar O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligi va davlat hokimiyatining mahalliy organlari tomonidan belgilangan, hududning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga xizmat qiluvchi yig‘imlardir. Soliq bilan bog‘liq bo‘lgan huquqiy munosabatlar 2007 yil 25 dekabrda qabul qilingan , 2008 yil 1 yanvardan kuchga kirgan O‘zbekiston Respublikasining Soliq kodeksi bilan tartibga solinadi.
Davlat to‘plangan soliqlarni mamlakatning mudofaa qobiliyatini, fuqarolarning xavfsizligini ta'minlashga, iqtisod, ma’orif, fan, sog‘liqni saqlashni rivojlantirishga, onalik va bolalikni, yordamga muhtoj aholi qatlamlarini ijtimoiy muhofaza qilishga, maqsadga yo‘naltirilgan, kompleks ijtimoiy dasturlarni butun jamiyat manfaatlari yo‘lida amalga oshirishga sarflaydi.
Voyaga etgan, mehnatga layoqatli farzandlar o‘z ota-onalari to‘g‘risida g‘amxo‘rlik qilishlari lozimligi ham Konstitutsiyamizning 66-moddasida mustahkamlangan. Ular o‘z ota-onalariga ma'naviy yordam berishga hamda ko‘maklashishga majburdirlar. Ota-onalar turmushidan xabardor bo‘lib, sihat-salomatligiga katta e'tibor berishlari kerak.
Farzandlarnig ota-onalari to‘g‘risida g‘amxo‘rlik qilish majburiyatlari ilgari ularnig ahloqiy majburiyati bo‘lib hisoblangan. Mustaqil O‘zbekiston Respublikasining amaldagi Konstitutsiyasini qabul qilish bilan bolalarning bu majburiyati Konstitutsiyaviy majburiyatga aylandi.Farzandlar ota-onalarini mehnatga layoqatsiz bo‘lib qolganlarida, ayniqsa, nogiron bo‘lib qolganlarida ularga yordam ko‘rsatishlari, ular nimaga muhtoj bo‘lsalar, shularni muhayyo qilib turishlari lozim.
Voyaga etgan farzandlarning ota-onalari to‘g‘risida g‘amxo‘rlik qilishlari aliment majburiyati vujudga kelganmi yoki yo‘qmi, undan qat'i nazar, paydo bo‘ladi. Ko‘pincha ota-onalar qarilik yoki nogiron bo‘lgan davrlarida yoshga doir pensiya olib, moddiy tomondan yaxshi ta'minlangan bo‘lsalar-da, ammo ular o‘z farzandlarining ular to‘g‘risida g‘amxo‘rlik qilishlariga, ma'naviy e'tiborlariga muhtoj bo‘ladilar. Aksariyat holatlarda ota-onalar bunday bolalardan aliment undirish haqida da'vo qilmaydilar. Ammo bolalarni muhtoj va mehnatga layoqatsiz ota-onalari to‘g‘risida g‘amxo‘rlik qilmasliklari ularni aliment undirish haqida sudga da'vo arizasi bilan murjaat etishga majbur etadi.
Farzandlar ota-onalari to‘g‘risida g‘amxo‘rlik qilmasalar, ularga nisbatan ma'muriy va hattoki jinoiy javobgarlik choralari ham ko‘rilishi mumkin.Insofsiz, ota-onalariga nisbatan o‘z farzandlik burchlarini eslaridan chiqarib qo‘ygan bolalarga nisbatan ularning yashash yoki ishlash joylarida ma'naviy qiyofasini muhokama qilish, jamoatchilik izzasini qo‘llash ham ta'kidlab o‘tilgan bo`lib, bu ham konstitutsiyaviy normaning qanchalik mustahkamligini va shu bilin birga faqat ota-ona emas, balki voyaga etgan farzand ham oila muqaddasligi yuzasidan ko‘plab majburiyatga ega ekanligining kafolatlaydi .
Yoshlarning tom ma'nodagi vatanparvarlik fazilatlari ularning vatanni himoya qilish burchiga bo‘lgan mas'uliyatida namoyon bo‘ladi desak, mubolag‘a bo‘lmaydi.
Konstitutsiyamizning 52-moddasiga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasini himoya qilish – O‘zbekiston Respublikasi har bir fuqarosining burchidir. Fuqarolar qonunda belgilangan tartibda harbiy yoki muqobil xizmatni o‘tashga majburdirlar.
Har bir fuqaro O‘zbekiston Respublikasi manfaatlarini har tomonlama himoya qilish, uning qudratini va obro‘-e'tiborini mustahkamlash uchun barcha choralarni ko‘rishi lozim. Bundan ko‘zda tutilgan asosiy maqsad - davlat mustaqilligini, uning hududiy yaxlitligini, aholini tinch hayot kechirishini ta'minlashga qaratilgan tadbirlarni amalga oshirishdan iborat.
O‘zbekiston Respublikasini himoya qilish bo`yicha mamlakatimiz qonunchiligida etarlicha huquqiy asoslar mavjud.Jumladan, “Mudofaa to‘g‘risida”gi, “Umumiy xarbiy majburiyat va xarbiy xizmat to‘g‘risida”gi, “O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari rezervidagi xizmat to‘g‘risida”gi, “Fuqaro muhofazasi to‘g‘risida”gi, “Terrorizmga qarshi kurash to‘g‘risida”gi, “O‘zbekiston Respublikasining Davlat chegarasi to‘g‘risida”gi va boshqa qonunlar, Umumiy qo‘shin nizomlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti farmonlari va hukumat qarorlari, jumladan, O‘zbekiston Respublikasining Milliy xavfsizlik konsepsiyasi (mazkur Konsepsiya asosida Mudofaa doktrinasi ishlab chiqildi), O‘zbekiston Respublikasining Tashqi siyosiy faoliyati konsepsiyasi va shu kabi hujjatlar kiradi.
Shuningdek, harbiy huquqning maxsus manbalari ham bo‘lib, ular jumlasiga harbiy boshqaruvning normativ-huquqiy hujjatlarini, chunonchi – buyruqlar, qoidalar, yo‘riqnomalar va boshqalarni kiritish mumkin. Ular qonunosti va farmoyish tusidagi hujjatlardir.
Mamlakatimizda mudofaaning huquqiy asoslarini rivojlantirish uch bosqichda o‘tdi. Birinchi bosqichda «Mudofaa to‘g‘risida”gi, “Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat to‘g‘risida”gi, “Muqobil xizmat to‘g‘risida”gi (1992 yil 3 iyul) qonunlar qabul qilindi. Ulardan oldinroq «Respublika yoshlarini harbiy xizmatga chaqirish va harbiy xizmatni o‘tashni takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” (04.09.1990 y. №PF-52), «O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa ishlari vazirligini tashkil etish to‘g‘risida” (06.09.1991 y. №PF-243) Prezident farmonlari e'lon qilingan edi. Shuningdek, Prezidentimizning «SSSR Ichki ishlar vazirligining ichki qo‘shinlari va o‘quv yurtlari to‘g‘risida” (10.01.1992 y. №PF-318), «Harbiy va maxsus unvonlarni berish tartibi to‘g‘risida» (19.02.1992 y. №PF-345), «O‘zbekiston Respublikasi hududida joylashgan harbiy qismlar va harbiy-o‘quv yurtlari to‘g‘risida” (20.02.1992 y. №PF-347), «O‘zbekiston Respublikasining hududida joylashgan chegara qo‘shinlarining bo‘linmalari to‘g‘risida» (24.03.1992 y. №PF-365), «O‘zbekiston Respublikasi hududida joylashtirilgan havo desanti qo‘shinlari, harbiy-transport aviasiyasi, razvedka qismlari va ta'minot qismlari to‘g‘risida” (18.05.1992 y., №PF-434), “O‘zbekiston Respublikasi hududidagi kimyoviy qo‘shinlar harbiy qismlari to‘g‘risida” (13.11.1992 y., №PF-496), “O‘zbekiston Respublikasi davlat chegaralarini qo‘riqlashni yanada mustahkamlash to‘g‘risida”gi (26.04.1993 y., №PF-600) farmonlari va boshqa hujjatlar ham shular jumlasidandir.
Davlatning mudofaa qudrati asosida mamlakat iqtisodiy salohiyatini mustahkamlab borish maqsadi yotadi. 90-yillarning o‘rtalarida O‘zbekistonda qo‘shinlarning ustuvor turlari uchun yuqori malakali ofitserlarni tayyorlash maqsadiga xizmat qiladigan bir qator harbiy o‘quv yurtlari tashkil etildi. To‘rtta harbiy bilim yurti, shu jumladan, uchuvchilar bilim yurtidan tashqari 1993 yilda Toshkent aloqa elektrotexnika instituti (hozirgi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti) huzurida aloqa xizmati mutaxassislarini tayyorlaydigan harbiy fakultet ochildi. 1994 yilda Qurolli Kuchlar Akademiyasi tashkil etilib, bu yerda oliy harbiy malakali ofitser kadrlar tayyorlashga kirishildi. Shuningdek, armiyaning texnik jihozlanishini mustahkamlash chora-tadbirlari ko‘rildi.
Harbiy xavfsizlik huquqiy asoslarini rivojlantirishning ikkinchi bosqichi harbiy infratuzilmaning rivojlantirilishi va harbiy qurilish huquqiy bazasining yanada mustahkamlanishi, harbiy sohada xalqaro hamkorlikning kengaytirilishi bilan tavsiflanadi. Mazkur bosqich O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzurida Milliy xavfsizlik kengashining tuzilganligidan boshlandi. (Bu Kengash O‘zbekiston Reaspublikasi Prezidentining 01.05.1995 yilda e'lon qilingan PF-1149-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Milliy xavfsizlik kengashi to‘g‘risida”gi Farmoniga binoan tashkil topdi). Masalan, 1995 yilning 30 avgustida Harbiy doktrina qabul qilinib, unda davlatlararo harbiy mojaro va ziddiyatlarning oldini olish hamda ularni bartaraf etishda faol qatnashish belgilangan bo‘lib, bunda qarama-qarshiliklarning keskinlashuvi sabablarini diplomatik yo‘l bilan hal etishga urg‘u berildi.
Mudofaa yo`nalishidagi islohotlarning uchinchi bosqichi 1999 yildan boshlandi. Bu islohotning mohiyati harbiy qurilish muammolarini hal etishga yangicha yondashuvlar va mamlakat Qurolli Kuchlarini sifatli modernizatsiya etishdan iborat. Oxirgi yillarda harbiy sohaga tegishli ba'zi bir qonunlarga tegishli o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi. Xususan, 2002 yil 12 dekabrda qabul qilingan “Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat to‘g‘risida”gi qonunning 19- moddasi, birinchi qismi “Fuqarolarning muddatli harbiy xizmatga hamda safarbarlik chaqiruvi rezervidagi xizmatga chaqirilishi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qaroriga asosan yiliga bir marta - fevral – mart oylarida o‘tkaziladi”, deb belgilab qo‘yildi. Bu ham o‘ziga xos harbiy sohadagi islohotlarning bir huquqiy ko‘rinishidir.
Harbiy islohotning asosiy qoidalari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti I.A.Karimovning Oliy Majlis sessiyalarida qilgan qator ma'ruzalarida chuqur ochib berildi va milliy armiyaning tuzilishini o‘zgartirishni taklif etdi. Eng avvalo, gap kontrakt asosida harbiy xizmat qilishga o‘tish orqali armiyani qisqartirish xususida bordi. Markaziy Osiyo sharoitida samarali jangovar harakatlar olib borishga qodir professional armiyaga asos bo‘lib qolishi haqida so‘z yuritildi.
O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari jangovar tayyorgarligini ta'minlashning ustuvor vazifalari orasida qo‘shinlarni tayyorlashda milliy g‘oya, milliy mustaqillik mafkurasiga tayangan holda tarbiyaviy ishlarni tashkil etishning butun tizimini qayta tuzishga kirishilganligini alohida ta'kidlash zarur.
Mamlakat Prezidenti tashabbusi bilan Qurolli Kuchlarning rezervchilari instituti tarkib topganligi muhim ahamiyatga ega bo‘ldi. Rezerv safini to‘ldirishning maqsadi, vazifalari, prinsiplari va urush vaqtida rezervdan foydalanishning mexanizmi belgilab qo‘yildi.
Mintaqamizdagi va mamlakatimiz chegaralari yaqinidagi murakkab harbiy-siyosiy vaziyat, butun jahonda ekstremistik kuchlar kuchayganligi Prezidentning 2000 yil 7 fevraldagi Farmoni bilan tasdiqlangan yangi Mudofaa doktrinasini ishlab chiqish zaruriyatini yuzaga keltirdi, unga muvofiq mamlakat Qurolli Kuchlari o‘zida Mudofaa vazirligi bo‘linmalari, Chegara qo‘shinlari, Ichki ishlar vazirligi hamda Milliy xavfsizlik xizmatining maxsus bo‘linmalari va boshqa idoralarning harbiy tuzilmalarini birlashtirdi.
Mudofaa va harbiy qurilish sohasida yagona davlat siyosatini o‘tkazish hamda rivojlangan demokratik davlatlar tajribasini chuqur o‘rganish asosida Qurolli Kuchlar ustidan samarali fuqarolik nazoratini o‘rnatish maqsadida Mudofaa vazirligi hamda respublikaning mudofaa va xavfsizlikni ta'minlovchi boshqa tuzilmalari oldida turgan vazifalar qayta ko‘rib chiqildi.
Qurolli Kuchlarning Birlashgan shtabi tashkil etildi va u O‘zbekiston Respublikasining suvereniteti hamda hududiy yaxlitligini qurolli himoya qilish bo‘yicha qarorlarni ishlab chiquvchi va amalga oshiruvchi yagona qo‘mondonlik organiga aylandi.
Kompyuter texnologiyalaridan, modellashtirish, chalg‘itish uslublaridan va boshqa zamonaviy ta'lim shakllaridan foydalaniladigan, harbiy xizmatchilarni tayyorlashning mutlaqo yangi shakllari hisoblanadigan serjantlar maktablari va tayyorlov markazlari joriy etildi.
O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safida muddatli harbiy xizmatni o‘tab bo‘lgan fuqarolarga davlatimiz tomonidan bir qancha imtiyozlar yaratib kelinmoqda. Misol tariqasida, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2012 yil 31 mayda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safida muddatli harbiy xizmatni o‘tab bo‘lgan fuqarolarga imtiyozlar tizimini takomillashtirishga oid qo‘shimcha chora–tadbirlar to‘g‘risida”gi Qaroriga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safida muddatli harbiy xizmatni o‘tab bo‘lgan, harbiy qismlar qo‘mondonligining tegishli tavsiyanomalariga ega bo‘lgan fuqarolar barcha yo‘nalishlar va mutaxassisliklar bo‘yicha bakalavr tayyorlashda respublikaning barcha oliy ta'lim muassasalariga kirishda to‘plash mumkin bo‘lgan maksimal ballarning 27 foizi miqdorida qo‘shima ball shaklidagi imtiyozga ega bo‘ladilar. O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safida muddatli harbiy xizmatni o‘tab bo‘lgan fuqarolarga harbiy qismlarning qo‘mondonligi tomonidan oliy ta'lim muassasalariga kirish uchun berilgan tavsiyanomalar ular berilgan sanadan boshlab, uch yil mobaynida amal qiladi.
O‘zbekiston Respublikasining umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat to‘g‘risidagi qonunining 1-moddasida: “O‘zbekiston Respublikasini tashqaridan bo‘ladigan qurolli tajovuzdan himoya qilish O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining konstitutsiyaviy burchidir” deb mustahkamlangan.
Vatan himoyasidek konstitutsiyaviy burchni amalga oshirish O‘zbekiston Respublikasining 2001 yil 11 maydagi “Mudofaa to‘g‘risida”gi qonuniga asoslanadi.
O‘zbekiston Qurolli kuchlari va boshqa qo‘shinlari fuqarolarni umumiy harbiy majburiyat asosida harbiy xizmatga chaqirish hamda fuqarolarning shartnomaga asosan harbiy xizmatga kirishi orqali to‘ldiriladi.
Ular chaqiriqqacha kompleks tayyorgarlik – chaqiriluvchilarni harbiy-texnik mutaxassisliklarga tayyorlash, harbiy o‘quv yurtlariga tayyorlash va kirish, jismoniy tayyorgarlik, davolash, sog‘lomlashtirish ishlari, umumiy ta'lim tayyorgarligini oshirish va davlat tilini o‘rganish kabi tayyorlash ishlaridan o‘tadilar.
Qonunga ko‘ra, tinchlik vaqtida salomatligi harbiy xizmatga yaroqli bo‘lgan va chaqiriluv kunida 18 yoshga to‘lgan erkak O‘zbekiston fuqarolari muddatli harbiy xizmatga chaqiriladilar.Umumiy harbiy majburiyat fuqarolarni harbiy xizmatga tayyorlashni, harbiy xizmatga chaqirishni, chaqiruv yoki kontrakt bo‘yicha harbiy xizmat o‘tashni, rezervdagi xizmatni, muqobil xizmatni, harbiy ro‘yxatdan o‘tish qoidalariga rioya etishni, favqulodda vaziyatlarda yoki O‘zbekiston Respublikasiga qarshi tajovuz bo‘lgan taqdirda aholini muhofaza etish tadbir-choralarini qamrab oladi.
O‘zbekiston Qurolli kuchlari va boshqa qo‘shinlari fuqarolarni umumiy harbiy majburiyat asosida harbiy xizmatga chaqirish hamda fuqarolarning shartnomaga asosan harbiy xizmatga kirishi orqali to‘ldiriladi.Ayrim uzrli sabablarga ko‘ra, ya'ni oilaviy sharoiti, salomatligining yomonlashuvi yoki o‘qishni davom ettirilishi hollarida chaqiriluvchilarni chaqirish muddati (“Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat to‘g‘risida”gi qonunning 17-moddasiga asosan) uzaytiriladi.Shuningdek, chaqiruvdan kechiktirishga ega bo‘lganlar, muddatli harbiy xizmatga chaqirishdan ozod qilinganlar, dastlabki surishtiruv o‘tkazilayotgan va tergovga daxldor shaxslar, tinchlik paytida salomatligi tufayli harbiy xizmatga yaroqsiz deb topilgan, 27 yoshgacha harbiy yoki muqobil xizmatga chaqirilmagan, diniy idoralarning birida diniy rutbaga ega bo‘lgan, tug‘ishgan aka-ukalaridan biri muddatli harbiy xizmatni o‘tash vaqtida halok bo‘lgan shaxslar xizmatga chaqirilmaydilar.
Umumiy harbiy majburiyat O‘zbekiston Respublikasi hududida doimiy yoki vaqtincha yashayotgan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga tatbiq etilmaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |