YOSHLARNING O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI
O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI ADLIYA VAZIRLIGI
MAVZU: “YOSHLARNING O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI KONSTITUTSIYASIDA BELGILANGAN HUQUQ VA MAJBURIYATLARI”
Ma’ruza matni
Toshkent – 2013
KIRISH
Mustaqil O‘zbekiston Respublikasi o‘z taraqqiyot yo‘lini belgilab olar ekan, demokratik huquqiy davlat va adolatli fuqarolik jamiyati qurishni o‘z oldiga pirovard maqsad qilib qo‘ydi. Bu oliy maqsad yo‘lida shu kungacha ko‘pdan-ko‘p ishlar amalga oshirildi. Ma'lumki, demokratik huquqiy davlat va adolatli fuqarolik jamiyatini Konstitutsiya va qonun ustunligiga erishmay, ularni ham normativ hujjatlarda, ham amalda ta'minlamay turib qurib bo‘lmaydi. O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti I.A.Karimov haqli ravishda ta'kidlaganidek: «Huquqiy davlatning asosiy belgisi – barcha fuqarolarning qonun oldida tengligi, Konstitutsiya va qonunlarning ustunligi ta'minlanishidir. Konstitutsiya va qonunlarning ustunligi prinsipi shuni anglatadiki, bunda barcha joriy qonunlar va me'yoriy-huquqiy hujjatlar Konstitutsiya asosida va unga muvofiq bo‘lishi talab etiladi. Ulug‘ bobokalonimiz Amir Temur aytganlaridek: «Qayerda qonun hukmronlik qilsa, shu yerda erkinlik bo‘ladi»1. Demak, qayerda qonun hukmronlik qilsa, o‘sha yerda erkinlik, demokratiya bo‘ladi.Binobarin, davlatimiz Asosiy Qonuni xalqimizning milliy o‘ziga xosligi, urf-odat va an'analari, o‘zbek davlatchiligi rivojidagi tarixiy tajribalarimiz, xalqaro huquqning umume'tirof etilgan qoidalari, rivojlangan demokratik davlatlarning ilg‘or tajribalarini hisobga olgan holda ishlab chiqilganligi bilan ajralib turadi. Mamlakatimizning amaldagi Konstitutsiyasi sof demokratik ruhda yaratilgan bo‘lib, u milliy huquqiy tizimning poydevoridir. Shu bois “1992 yil dekabr oyida qabul qilingan, mamlakatimizning demokratik taraqqiyotini ta'minlash va fuqarolik jamiyatini shakllantirishning asosiy prinsiplarini belgilab bergan Konstitutsiyamizning qoida va normalariga tayanish alohida ahamiyat kasb etadi.”2. Zero, Bosh Qomusimiz insonlar qonun uchun emas, qonunlar insonlar uchun xizmat qilmog‘i lozim degan prinsipni o‘zida mujassam etgani, xalqning davlat hokimiyatining birdan-bir manbai sifatida e'tirof etgani uchun ham ulug‘vor ahamiyatga egadir.
Jamiyatimizda muhim ijtimoiy qatlam sanaluvchi yoshlarda siyosiy-huquqiy ong va madaniyatning shakllanishi ham davlat ham ularning o‘zlari uchun birdek foydali ekanligi amalda o‘z isbotini topdi.Bugun yangicha fikrlaydigan, o‘z mustaqil dunyoqarashiga ega, yon-atrofida sodir bo‘layotgan voqealarga daxldorlik hissi bilan yondashuvchi, mustahkam fuqarolik pozitsiyasiga ega yoshlarni tarbiyalash ustuvor vazifa sanaladi. Mazkur jarayonnni amalga oshirishda Asosiy qonun sanalmish Konstitutsiyamiz muhim o‘rin tutishi shubhasizdir.Sababi, yoshlarning dastavval Konstitutsiyamizda belgilangan o‘z huquqlari, burchlari va majburiyatlarini chuqur anglab yetishi birinchi navbatda ularda Konstitutsiya va qonunlarga nisbatan hurmat hissini oshirsa, ikkinchidan, shakllangan huquqiy madaniyat va ong kelgusida yoshlarning har qanday ijtimoiy foydali faoliyatida o‘zining ijobiy samarasini berishi shubhasizdir.
Do'stlaringiz bilan baham: |