Bitiruv malakaviy ishning tuzilishi va tarkibi: kirish, 2 bob, 5 reja, xulosa, foydalanilgan adabiyotlar ro’yxatidan iborat.
I - BOB. O‘QUVCHILARDA KASBIY FAOLLIK KO‘RSATISHGA MUNOSABAT TIZIMI MOTIVATSIYASINI SHAKLLANTIRISHNING PSIXOLOGIK TAMOYILLARINI ADABIYOTLARDA O‘RGANILGAN-LIK DARAJASI
O‘quvchilarda kasbiy faollik motivatsiyalarini nazariy, ilmiy va ijtimoiy psixologik asoslari
Kasbga yo‘naltirish muammosini hal qilish nafaqat u yoki bu shaxsning, oilaning, balki butun bir davlatning muhim strategik vazifasi hisoblanadi. Shuning uchun ushbu jarayonni har jihatdan puxta o‘rganish, tahlil qilish va tegishli tavsiyalarni ishlab chiqib, amaliyotga tatbiq etish orqali shaxs va jamiyat taraqqiyotini ta’minlashga ma’lum darajada hissa qo‘shish mumkin. Qolaversa, kasb tanlashdagi muvaffaqiyatsizliklar shaxs faoliyati va faolligiga salbiy ta’sir etishi, ayni paytda u yoki bu sohalarda mehnat unumdorligining pasayishi shaxs va faoliyat nomutanosibligining yuzaga kelishi kabi ayanchli ijtimoiy psixologik asoratlarni ham keltirib chiqarishi mumkin. Ushbu muammolarni bartaraf etish uchun davlat tomonidan muhim vazifalar belgilangan.
Bu vazifa yoshlarni turli kasblarga yo‘naltirish imkonini beradigan maktablardagi ijtimoiy-siyosiy ta’lim yo‘li bilan, shuningdek, matbuot, kino, radio, televidenie vositasida kasbiy ma’rifat berish va kasbiy targ‘ibot qilish bilan yoshlarning qobiliyatini aniqlashga imkon yaratadigan va ularga tavsiyalar beradigan kasb bo‘yicha konsultatsiyalar o‘tkazish bilan amalga oshiriladi. Shuningdek, qobiliyatiga ko‘ra kasbni tanlab olish va kasbga ko‘niktirish (biologik, jismoniy, muhit sharoitiga ko‘nikish, ijtimoiy-kasbiy ta’lim orqali kasbga kirishish va ishlab chiqarish jamoalariga qo‘shilish) yo‘li bilan ham joriy qilinadi. Umuman, shaxsni kasbga yo‘naltirish muammosiga o‘ziga xos ijtimoiy psixologik tamoyillar asosida yondashish tendensiyasini ko‘rish mumkin. Jumladan, olimlar tomonidan «kasbga yo‘naltirish uchburchagi» tavsiya etiladi. Mazkur uchburchakning birinchi tomoni - turli xil kasblarning insonga qo‘yadigan talablarini yaxshi bilishdir. Ikkinchi tomoni - ehtimol kutilgan mehnat bozorini, jamiyatning (tor ma’noda - shahar, tumanning) u yoki bu mutaxassisga bo‘lgan ehtiyojini bilish. Bu mohiyatiga ko‘ra iqtisodiy va ijtimoiy muammodir, biroq usiz kasb tanlashga yo‘llash mumkin emas. Kasbga yo‘naltirishning uchinchi tomoni va bunga oid barcha ishlarning asosi shaxs xususiyatlarini, eng avvalo kasbga yo‘naltirilayotgan shaxsning qobiliyati va istagini bilishni o‘z ichiga oladi.
Bu borada yana eng muhimi shundaki, maktab davrida o‘quvchilarga nafaqat bilim berish, balki, faol shaxsiy faoliyat yurita bilish va o‘z-o‘zini anglash ko‘nikmasini doimo shakllantirib borish lozim. «Kadrlar tayyorlash milliy dasturi» bizni shu maqsadga yo‘naltiradi, bunday yondashuv har bir umumta’lim muassasasining aniq kasbga yo‘naltirish dasturi bo‘lishi lozim.
Maktab ta’lim tizimi o‘quvchilarda kasbiy o‘z-o‘zini anglash jarayonining shakllanishiga ta’sir etadi. Bu jarayon muvaffaqiyatli kechishi uchun kasbga yo‘naltirish ishlarining mazmunini, prinsiplarini, tashkiliy shakllarini, usul va vositalarini belgilovchi, o‘quvchiga kasblar dunyosi va shaxsiy xususiyatlarni o‘rgatishda yordam beruvchi, kasblarni ongli ravishda tanlashni ta’minlovchi, faoliyat sohalariga, qobiliyat va qiziqishlariga javob beruvchi, shaxsning salomatlik holatiga va jismoniy qobiliyatlariga mos keluvchi va shu bilan birga mehnat bozorining kadrlarga bo‘lgan ehtiyojini tasavvur etuvchi kasbga yo‘naltirish ishlari tizimida munosabat mavjud bo‘lishi kerak.
Bizning vazifamiz – har bir maktab o‘quvchilari muvaffaqiyatli kasbiy o‘z-o‘zini anglashi uchun sharoit yaratgan holda har birining moyilliklarini, qiziqishlarini va qobiliyatlarini aniqlash va rivojlantirish asosida mustaqil va ma’naviy sog‘lom, ijodiy fikrlovchi shaxsni shakllantirishdir.
Hozirgi kundagi amaliyot o‘quvchilarni tashxis qilish va tanlash, kasbiy o‘z-o‘zini anglash mexanizmini yuzaga chiqarishning psixologik muolajalariga muhtojlikni boshdan kechirmoqda.
Darhaqiqat, kasbiy ta’limning to‘g‘ri tashkil etilishi, uning nazariy hamda amaliy talablarga javob bera olishi o‘quvchilarda kasbiy faollik ko‘rsatishga ijobiy munosabat tizimining shakllanishi uchun muhim manba sifatida xizmat qiladi.
O‘sib kelayotgan yosh, bunyodkor avlodni kasbiy to‘g‘ri yo‘naltirish, har bir shaxsdagi o‘ziga xos imkoniyatlarni hisobga olgan holda ta’lim tizimini tashkil etish har bir davlatning asosiy dolzarb vazifalaridan biri hisoblanadi. Zero, bugungi kunda kasb ta’limi va kasbiy yo‘nalganlik muammosining zarurligini ko‘rsata oluvchi va uning o‘ziga xos metodologik «ildizlarini» asoslab bera oluvchi ilmiy adabiyotlarni, tadqiqotlarni va qo‘llanmalarni alohida qayd etish mumkin. Mazkur adabiyotlarda kasb tanlash muammosining turli yo‘nalishlari ma’lum darajada ochib beriladi. Bu esa kasb tanlash jarayonnining nihoyatda ko‘p qirrali va keng ko‘lamli ekanligidan dalolat beradi.
Umuman, turli-tuman adabiyotlar tahlili shuni ko‘rsatmoqdaki, kasb tanlash jarayonini talqin qilish har bir fanning istiqbollari, dolzarb vazifalaridan kelib chiqib amalga oshirilishi o‘ziga xos ahamiyat kasb etadi.
Asosan pedagogika, psixologiya, falsafa, adabiyotshunoslik kabi qator fanlarning ma’lum yo‘nalishlari istiqboli kasb tanlash jarayonining ilmiy-metodologik jihatlarini asoslab berishga yo‘naltirilganligini qayd etish mumkin. Jumladan, pedagogika fani maqsadlaridan kelib chiqib mualliflar (Tutov P.R., Vasilev Y.K., Vorobyov A.K.) kasb tanlashni shaxsning tarbiyaviy tizimida muhim o‘rin tutuvchi omil ekanligini asoslab beradilar. Har bir pedagogik vaziyat talqini orqali kasb tanlash va unga munosabat tizimini shakllantirishning o‘ziga xos tamoyillarini ko‘rsatib o‘tadilar.
Yoshlarni kasbga yo‘naltirishda Sharq mutafakkirlari qarashlarining alohida o‘rni bor. Jumladan, Abu Nasr Forobiy (870-980) ruhshunoslik ilmining o‘ziga xos amaliyotchisi va nazariyotchisi sifatida shaxsning oqil, dono va hunarli bo‘lishi haqida qator ilmiy risolalar yozib qoldirgan. Chunonchi, u «Fozil odamlar shahri» asarida davlatni har tomonlama yetuk, o‘zida eng yaxshi insoniy fazilatlarini jo qilgan kishilar yordamida idora etish masalasiga jiddiy e’tibor qaratgan.
Buyuk qomusiy olim Abu Ali Ibn Sino (980-1037) bola shaxsining turli-tumanligini hisobga olgan holda uni tarbiyalash masalasini ko‘targan. Uning «Donishnoma», «Risolai ishq», «Uy xo‘jaligi», «Tib qonunlari» kabi qator asarlari insondagi irodaviy sifatlar orqali tarbiya istiqbollarini belgilab berishga xizmat qiladi.
Abu Rayhon Beruniyning (973-1048) inson omilini tadqiq qilishdagi ijtimoiy psixologik qarashlari bugungi kunda ham o‘z ahamiyatini yo‘qotmagan. Ayniqsa, olimning «Minerologiya» asarida ta’kidlanganidek, insonning qadr-qimmati o‘z vazifasini a’lo darajada bajarishdan iborat. Shuning uchun ham insonning eng asosiy vazifasi va o‘rni mehnat yoxud uning kasbi bilan belgilanadi. Zero, inson o‘z xohishiga mehnati bilan erishadi.
XI asr donishmandi Mahmud Qoshg‘ariy o‘zining «Devonu lug‘atit turk» asari orqali har bir insonni oqilu dono bo‘lishga, aql-zakovat bilan ish qilishga, jamiyat uchun foydali bo‘lgan biror kasb-hunar bilan muntazam ravishda shug‘ullanishga da’vat etadi.
Buyuk bobokalonimiz Alisher Navoiyning butun hayoti, faoliyati va ijodiyoti mehnat ahlini va kasb-hunarni yuksak darajada qadrlashga qaratilgandir.
Navoiyning deyarli har bir asarida insonni kasb-hunar orqali qadr topishi va ulug‘lanishi tarannum etiladi.
Jumladan: «Hunarni asrabon netkumdir, oxir,
Olib tufroqqamu ketkumdir, oxir»,
deganida Alisher Navoiy kasbning naqadar e’zozli va qimmatli ekanini qayta-qayta ta’kidlab o‘tadi.
Iste’dodli ma’rifatparvar pedagog Abdulla Avloniy ham o‘zining «Turkiy guliston yoxud axloq» asari orqali barkamol shaxsning ko‘p qirrali bilimlarga ega bo‘lishi, yaxshi bir kasb-korning sirlarini egallashi bir tomondan ijtimoiy muhit va oilaviy sharoitga bog‘liq bo‘lsa, ikkinchi tomondan bola shaxsidagi g‘ayrat-shijoatga, xohish, intilish va iqtidor kurtaklarining namoyon etilishi haqida o‘zining ilmiy–pedagogik mulohazalarini bayon etadi.
Professional niyatlarning barqarorligini o‘rganish yuzasidan N.P.Krilov o‘tkazgan tadqiqotlar shuni tasdiqlaydiki, o‘z niyatlarini amalga oshirib, oliy o‘quv yurtlariga kirgan talabalar orasida ham ko‘plari o‘zlarining kim bo‘lishlarini oxirigacha hal qilolmaganlar. Bunga sabab maktabni bitirgan yoshlarni mazkur oliy o‘quv yurtiga olib kelgan kasb haqidagi tasavvurlar bilan bu kasbning haqiqiy, amaliy mazmuni o‘rtasidagi nomuvofiqlikdir. Ularning ko‘plari mazkur oliy o‘quv yurtiga tasodifan kirgan bo‘ladilar: «otam vrach bo‘lganligi sababli kirdim», «o‘rtog‘im kirayotgani sababli kirdim», «chunki bu yerga kirish osonroq bo‘ldi» va hokazo. Axir, o‘zining professional taqdirini tasodifan hal etish murakkab kechinmalarga, tanlangan kasbi sohasida ikkilanishlarga, og‘ir ichki konfliktlarga olib kelishi mumkin va olib keladi ham. Bu narsa yigit-qizlar uchun ham, jamiyat uchun ham katta zarar keltiradi.
E.G‘oziyev va R.Asomova tadqiqotlarida ta’kidlaganidek, motiv va motivatsiya tizimi shaxsning faoliyati, muomalasi, xatti-harakatining ichki regulyatsiyasi funksiyasini bajarib, ehtiyojini qondirish, xohish-istak, ezgu niyat, orzu-tilak, mayl, his-tuyg‘u, ustanovka, ideal, imon–e’tiqod, vijdon, maqsad qo‘ya olish va boshqalarni amaliyotda ro‘yobga chiqarishning bosh omili bo‘lib hisoblanadi. Motiv va motivatsiya faqat bilimlarni o‘zlashtirish, o‘quv malakalarini egallash, muomala maromini qo‘llash bilangina cheklanib qolmasdan, balki shaxsning xulq-atvorini, yangi xislatlar namoyon bo‘lishini ham izohlab berishga xizmat qiladi.
Motivatsiya – bu psixika orqali hosil bo‘ladigan determinatsiyadir, motiv - bu shaxs xulq-atvorining kognitiv jarayonini bevosita tashqi olam bilan bog‘lovchi subyektiv tarzda aks etishi demakdir.
Professor E.G‘oziyev ma’lumotlariga qaraganda, motivning tuzilish tarkibiga shaxsning yo‘nalganligi, xarakter xususiyatlari, his-tuyg‘ulari, ichki kechinmalari, faoliyat yo‘nalishlarida ifodalangan ehtiyoji, qiziqishi, mayli, ustanovkasi kiradi.
Zero, u yoki bu shaxsning motivlari tuzilishini, ularning asosiy funksional mexanizmlarini hamda shakllanish jarayoniga yo‘naltirishning strategik rejasini ishlab chiqishni psixologik jihatdan tushunish muhim ahamiyat kasb etadi.
R.Asomova tadqiqotlarida kasbiy (professional) motivlar birlamchi ahamiyatli motivlar sifatida quyidagi guruhlarga bo‘lib o‘rganiladi: a) ijtimoiy motivlar, b) guruhiy xususiyatli motivlar, v) protsessual motivlar, g) rag‘batlantiruvchi motivlar. Mazkur motivasion guruhlarning o‘ziga xos har bir jihati tadqiqotchi tomonidan ilmiy asoslab beriladi.
Umuman, shaxs motivatsiyasining shakllanishi professor E.G‘oziyev modifikatsiyasi bo‘yicha quyidagi yo‘nalishlarga asoslanadiki, bu yo‘nalishlar, bizningcha, kasb tanlashga kasbiy faollik motivatsiyasining nazariy asoslarini belgilashga xizmat qiladi.
Motivatsiya shakllanishining birinchi yo‘li - bu ko‘pincha «yuqoridan pastga» deb nomlanib, talabalarda o‘quv motivining namunalari ideal darajadagisini tarkib toptirishda o‘z ifodasini topadi. Talaba uchun tanish motivlar o‘z xulqini ular bilan qiyoslash orqali o‘zlashtiriladi, shaxsiy motivlar esa jamiyat tomonidan taklif qilinganlari bilan mujassamlashtiriladi.
Motivatsiya shakllanishining ikkinchi yo‘li «pastdan yuqoriga» deb atalib, talaba ijtimoiy hayotdagi faoliyat turlarida bevosita ishtirok etadi, axloqiy xulq-atvor, faoliyat ko‘nikmalarini amaliy jihatdan egallab boradi, unda real, haqiqiy, adekvat motivlar yuzaga kela boshlaydi.
Taniqli psixolog A.N. Leontev o‘zining «Faoliyat, ong, shaxs» nomli monografiyasi orqali (motivatsiya talqiniga yangicha yondashuv nazariyasini fanga kiritdi, bu yondashuv esa motivatsiya va munosabat uyg‘unligining shaxs faoliyatida namoyon etilishini nazariy jihatdan asoslab berishga xizmat qiladi. Demak, A.N.Leontev talqinidagi shaxs, faoliyat, ong va ijtimoiy faollik o‘rtasidagi psixologik mutanosiblikning mavjudligi shaxs munosabatlari tizimining psixologik mexanizmlarni yaratishda muhim metodologik ahamiyat kasb etadi. V.D.Shadrikov tomonidan kasbiy faollik motivatsiyasi jarayonini faoliyat tizimining funksional psixologik modeliga bog‘lab, faoliyatli yondashuv motivatsiyasi kasbiy tayyorgarlikning o‘ziga xos ijtimoiy psixologik istiqbollarini ochib berishi ma’lum darajada shaxs va kasb umumiy taraqqiyoti yo‘nalishlarini belgilashda muhim ahamiyat kasb etadi.
V.G.Aseyev (1976) tadqiqotlaridagi shaxs munosabatlari tizimiga daxldor bo‘lgan boshqaruv motivatsiyasi, V.S.Merlin (1973) tadqiqotlaridagi shaxs va kasbning induvidial motivatsiyasi, P.M. Yakobson (1969)ning kasbiy faollik motivatsiyasi va ijtimoiylashuvi kabi nazariy qarashlarning yaratilishi munosabat tizimida ma’lum metodologik asoslarni izohlab berishga xizmat qiladi.
Taniqli psixolog L.I.Bojovich (1968) va uning shogirdlari tomonidan olib borilgan izlanishlarda o‘quvchi shaxsi motivatsiyasi zamirida yotuvchi munosabat jarayonining ayrim psixologik tamoyillarini ochib berishga harakat qilinadi. Ularning mazkur ilmiy g‘oyasi asosan shaxsning yo‘nalishi, uning motivlar bilan aloqadorligi, atrof-muhitga nisbatan munosabatlar esa motivatsiya tuzilishi bilan bog‘liq ravishda hukm surishi muqarrarligini asoslab bera olganligi bilan qimmatlidir. Zero, shaxs munosabatlari o‘zining har bir yosh davri taraqqiyotida ma’lum muhitga va motivatsiyaga bog‘liq holda o‘zgarib borishi yoxud ijtimoiy jihatdan takomillashib borishi tabiiydir. Bu tabiiylik zamirida albatta shaxs yo‘nalganligi, ijtimoiy faolligi va ijtimoiy imkoniyatlarining keng ko‘lamda namoyon etilishi yotadi.
A.B.Darinskiy tadqiqotlarida qayd etilganidek, yoshlarning oliy ma’lumot olishga intilishining yaxshi tomonlari mavjudligi bilan birga, buning salbiy oqibatlari ham bor. Jumladan, yuqori sinf o‘quvchilari o‘zlari tanlagan oliy o‘quv yurtiga kirish uchun imtihon topshiradigan 3-4 ta fanni chuqur o‘rganishni mo‘ljallaydilar, xolos. Boshqa fanlarni o‘rganishga vaqt sarflash oqilona va samarali ish deb hisoblanmaydi. «qoniqarli» baho olinsa bo‘lgani. Ikkinchidan, tanlangan fanlarni o‘rganish orqaligina u yoki bu kasbga munosabat shakllanadi. Natijada aksariyat hollarda mazkur bir tomonlama psixologik ustanovka o‘z niyatlarini amalga oshira olmagan bitiruvchilarga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
Bugungi kunda maktab kasbga yo‘naltirish amaliyotida Y.A.Klimovning DTS (differensiol-tashxis so‘rovnoma) metodikasi keng qo‘llaniladi, shubhasiz, uning qimmati yuqori sinf o‘quvchilarining kasblar tasnifi doirasida qiziqish va moyilliklari shakllanganligi to‘g‘risida ma’lumotlar olish imkoniyati sanaladi.
Mazkur metodika butun xilma-xil kasblarni insonning o‘zaro ta’sir etuvchi predmeti bilan bog‘liq bo‘lgan 5 ta asosiy yo‘nalishga bo‘lish asosiga qurilgan. Bular: «Inson-texnika», «Inson-inson», «Inson-tabiat», «Inson-belgilar sistemasi», «Inson-badiiy obraz».
Taniqli psixolog R.Sunnatova Y.A.Klimov metodikasining respublikamizda mavjud bo‘lgan 9 yillik umumta’lim maktabidan keyingi ta’lim tizimiga muvofiqlashtirish maqsadida modifikatsiyalangan variantini tavsiya etadi.
O‘rta maxsus, kasb ta’limi muassasalarida kasb va ixtisosliklar yo‘nalishlari tasniflagichiga asoslanib, kasblarning butun xilma-xilligi 12 yo‘nalishga bo‘linadi: 1)sanoat (mashinasozlik, yengil sanoat, oziq-ovqat sanoati va hokazo); 2) transport; 3) aloqa; 4) qurilish; 5) uy-joy kommunal xo‘jaligi; 6) qishloq va o‘rmon xo‘jaligi; 7) sog‘liqni saqlash; 8) ta’lim; 9) madaniyat va san’at; 10) ijtimoiy-iqtisodiy soha; 11) savdo, xizmatlar va umumiy ovqatlanish sohasi; 12) belgilar sistemasi.
Mazkur metodikaning qimmati shundaki, tegishli kasblardagi eng og‘ir, qiziqarsiz faoliyat turlari tavsiya etiladi. Masalan, tibbiyot sohasida: laborantning tibbiy analiz olish bilan bog‘liq ishi, kuyganda yordam ko‘rsatish va hokazo. Taxmin qilinadiki, o‘quvchiga kasbning «kundalik» qismi qiziqarli bo‘lsa, uning diltortar, tashqi tomoni ham albatta qiziqarli bo‘ladi. Uning yana bir qimmati-ko‘proq qiziqarli fanlar bo‘yicha o‘quv faoliyatiga emas, balki kasbiy faoliyatning mehnat elementlariga yo‘naltirishdan iborat.
Yana bir muammo shundaki, ko‘pgina o‘quvchilar kasblar to‘g‘risida aniq tasavvurga ega bo‘lmaganliklari sababli, ularni to‘g‘ri tanlay olmaydilar. Tanlanilgan u yoki bu kasb odamning sifatlariga qanday talab qo‘yishini ham bilmaydilar. Ikkinchidan, o‘quvchilar o‘zlarining biror kasbga layoqatli ekanliklarini hamma vaqt ham obyektiv aniqlay olmaydilar. Ayni paytda, psixologik jihatdan reaksiyaning tezligi va aniqligi, harakatlarning muvofiqlashganligi, sezish xususiyatlari, asab tizimining harakatchanligi va hokazo xarakteristikalar odatda ularga notanish bo‘ladi, chunki ko‘pincha bular maxsus tadqiqotni talab qiladi.
Tabiiyki, o‘quvchilar u yoki bu kasbni ongli ravishda tanlash vaqtida, birinchidan, xalq xo‘jaligining u yoki bu mehnat turiga bo‘lgan ehtiyojining va ikkinchidan, o‘z moyilligi va qobiliyatlarini hisobga olish, o‘z shaxsiy sifatlari u yoki bu kasb qo‘yadigan talablarga qanchalik muvofiq kelishini, bu jihatdan to‘g‘ri kelmaydigan xususiyatlarning (xususan, asab tizimi xususiyatlari, analizatorlar xarakteristikasi, masalan: ko‘rish, eshitish analizatorlari, hissiy-irodaviy sohalar va hokazolar) bor-yo‘qligini hisobga olish zarurligini tushunishlari lozim.
Psixologiya fanlari doktori, professor V.M.Karimova rahbarligida yangicha ijtimoiy psixologik munosabatlarga o‘rgatish muammosiga bag‘ishlab olib borilayotgan tadqiqotlar ham umuman munosabat tizimi motivatsiyasini bugungi ijtimoiy psixologik talablar asosida talqin qilishda muhim ahamiyat kasb etadi. qolaversa, bu tadqiqotlar zamirida yotgan mulohazalarni ta’kidlash orqali O‘zbekistonda ijtimoiy munosabat tizimi motivatsiyasi shakllanishining tarixi, buguni va kelajagi haqida ma’lum tasavvurlarni shakllantirish mumkin. Jumladan, muallif qayd etib o‘tganidek, insoniyat tarixi qanchalik qadimiy bo‘lsa, insoniy munosabatlar, shaxslararo ijtimoiy munosabatlar masalasi ham shu darajada ko‘hna va hamisha dolzarbdir. Inson tafakkuri va uning aql-idrokiga xos bo‘lgan muhim xususiyatlardan biri shuki, uning taraqqiyoti, eng avvalo, kishilik jamiyatidagi o‘zaro munosabatlarning qay darajada mukamalligi hamda insoniyligiga bog‘liq. Shuning uchun ham har bir shaxs va jamiyat uchun demokratik, insoniy munosabatlar mezoni muhim va o‘ta ahamiyatlidir. Xalqimiz ma’naviyati va ma’rifati tarixiga nazar tashlar ekanmiz, qadimiy Sharq mamlakatlarida davlatchilik an’analari, avvalo, inson haq-huquqlari, erki, tafakkuri rivojiga munosib o‘zaro munosabatlar, bir so‘z bilan aytganda, insonparvarlik tamoyillari asosiga qurilganligini ko‘rishimiz mumkin. Aks holda, tarix ulug‘ bobolarimiz Afrosiyob va Mahmud G‘aznaviylarni, Amir Temur va Husayn Boyqarolarni, Mirzo Ulug‘bek va Boburlarni, Xumoyun va Akbarshohlarni, Ibn Sino va al-Xorazmiylarni, Beruniy va Navoiylarni bilmagan, ularning buyuk zehni va iqtidori, jamiyat, fan va madaniyat ravnaqiga qo‘shgan hissalaridan bahramand bo‘lmagan bo‘lar edi. Demak, demokratik jarayonlar va gumanistik munosabatlargina xalqni taraqqiyotning eng yuksak darajasiga eltadi. Lekin insonlar o‘rtasidagi ijtimoiy munosabatlar Sharqda o‘ziga xos va har bir millat psixologiyasiga mos holda shakllangandir. Psixologik munosabatlarning psixologik tabiatini tahlil qila turib, psixolog V.M.Karimova uning shaxs kamoloti va salohiyatiga ta’siri masalasiga alohida to‘xtaladi. Birinchidan, aynan jamiyatda shaxslararo munosabatlarda shaxsda o‘z-o‘zini anglash, kamol toptirish jarayonlari tezlashadi, samimiy insoniy munosabatlar, inson haq-huquqini e’zozlashga asoslangan munosabatlar shaxsning o‘zi haqidagi bilimlarini, o‘z imkoniyatlarini va nasl-nasabini aniqroq hamda to‘g‘riroq tasavvur qilishga imkon beradi.
Ikkinchidan, aynan to‘g‘ri ijtimoiy munosabatlar o‘zga shaxslar huquq va erkinliklarini ham anglash, ularni hurmat qilishga qaratilgan tasavvurlar majmuining bo‘lishiga imkon yaratib, insoniy munosabatlarda madaniyat va iltifot tamoyillariga amal qilinishiga sharoitlar yaratadi».
Demak, ijtimoiy munosabatlarga yoshlar tarbiyasining barcha bosqichlari va jabhalarida e’tiborga molik obyekt sifatida qaralmog‘i lozim. Ayniqsa, kasb tanlash munosabatlarini shakllantirishda bu jarayonga alohida e’tibor qaratish talab qilinadi. Oliy o‘quv yurtlarida bo‘lg‘usi mutaxassislar tayyorlashda ularda kasbiy mahoratning o‘sishini ta’minlovchi ma’naviy omillardan biri - talabaning shaxsiy intilishi, qiziqishi, maslagi nuqtai nazaridan o‘z bilimiga va malakalariga muayyan talablar qo‘ya bilishidir. Boshqacha qilib aytganda, biz ta’lim «standart»lariga to‘la javob beradigan shaxsni mutaxassis sifatida bir qolipda tarbiyalashimiz qiyin, lekin maqsadli ta’lim-tarbiya zaminida har bir talabaning rivojiga turtki berish, uning muomala tafakkuri o‘sishiga ta’sir etish usullarini qo‘llashda eng samarali muomala shakllarini amaliyotga tatbiq etish zarur. Demokratik, teng huquqlilikka asoslangan o‘zaro munosabatlargina talabaga o‘z-o‘zini anglash, kelajakda jamiyatga nima bera olishi haqida tasavvurlarga ega bo‘lish, o‘z ruhiyatida «ichki tartib-intizom»ni joriy etish va shu asosda o‘z-o‘zini ruhiy-ma’naviy jihatdan tarbiyalash tizimini amalga oshirishga imkon beradi. Zero, shaxs ma’naviyati rivoji ham avvalo o‘z-o‘zini anglash, keyinchalik o‘z manfaatini anglash va nihoyat jamiyatni tanish bosqichlarini taqozo etadi.
Ikkinchidan, aynan yangicha demokratik munosabatlar yoshlarni kasbga to‘g‘ri yo‘naltirish, o‘z iqtidori doirasida kasb tanlash, unga to‘g‘ri munosabatda bo‘lish, boshqacha qilib aytganda, bozor munosabatlari ehtiyojlari va talablariga xos hamda har bir shaxsning layoqatiga va maslagiga mos kasbni tanlashga yo‘naltiradi. Bu jarayon keyinchalik mutaxassis uchun zarur bo‘lgan kasb mahorati va professionalizm uchun ham muhim zamin hozirlaydi. (V.Karimova, 1999).
Umuman, yuqorida qayd etilgan fikrlardan ko‘rinib turibdiki, kasb tanlash muammosi o‘zining keng ko‘lamli va ko‘p qirrali jarayondir. Bu jarayonni o‘rganish uchun juda ko‘plab tadqiqotlar olib borilganligini alohida qayd etish lozim. Binobarin, bu boradagi pedagogik va psixologik hamda ijtimoiy psixologik tadqiqotlarning mavjudligi tadqiqotimizning nazariy-ilmiy asoslari sifatida xizmat qilishi mumkin. Ushbu nazariy-ilmiy tadqiqotlarga tayangan holda esa kasb tanlashga kasbiy faollik motivatsiyasi talqinlarini bayon etishga harakat qilamiz.
Do'stlaringiz bilan baham: |