Kasb tanlashga munosabat tizimi mezonlarining tanlanishi
Yuqoridagilarga asoslanib, mazkur bobda bayon etilgan fikr–mulohazalarni umumlashtirish orqali o‘quvchilarda kasbiy faollik ko‘rsatishgamunosabat tizimining mavjudligi, uning shakllanishi va ierarxiyasi haqida tegishli tasavvurlarni hosil qilish mumkin. Biroq o‘rganilgan pedagogik–psixologik adabiyotlar tahlili shuni ko‘rsatadiki, aynan O‘quvchilarda kasbiy faollik ko‘rsatishgamunosabatning shakllanish jarayonini yanada chuqurroq tahlil qilish va uning o‘ziga xos bo‘lgan ijtimoiy psixologik xususiyatlarni aniq yo‘naltirilgan tadqiqotlar asosida ochib berish, bugungi kunda ta’lim–tarbiya muassasalari oldida turgan eng muhim vazifalardan biridir.
Zero, O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti I.Karimov ham O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining IX sessiyasida so‘zlagan nutqida kadrlar tayyorlash tizimining shakllanishi va faoliyat ko‘rsatishining asosiy tamoyillari to‘g‘risida gapirar ekan, «Davlat va ijtimoiy muassasalarning kasb–hunarga yo‘naltirish bo‘yicha faoliyatini takomillashtirish, bunda kasb tanlashning bozor ehtiyojlari va imkoniyatlarini e’tiborga olish zarur, toki har bir shaxs o‘ziga mos kasbni egallay olsin» - deb o‘rinli ta’kidlagan edi.
Darhaqiqat, bugun har jihatdan omilkor, mas’uliyatli, tashabbuskor va jamiyat taraqqiyoti uchun ongli – faol ijtimoiy shaxsni tarbiyalash, uni o‘z salohiyatiga mos kasbga yo‘naltira olish nafaqat ta’limning, balki butun bir davlatning ham kelajak taraqqiyotiga daxldor bo‘lgan muhim vazifalardan biridir.
Qolaversa, O‘zbekistonda kechayotgan bugungi keng ko‘lamli ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar, beto‘xtov shakllanayotgan bozor munosabatlari, fan, texnika va ishlab chiqarishning keskin rivojlanishiga javob bera oluvchi jamiyat va shaxs ehtiyojlarining o‘zaro uzviy mutanosibligiga erishish uchun ham o‘quvchilarda kasbiy faollik ko‘rsatishganisbatan faol–ijobiy kasbiy faollik motivatsiyasi tizimini shakllantirishda jamiyat va jamoatchilik ta’sirini kuchaytirish lozim bo‘ladi.
Butun dunyoga ma’lum va mashhur bo‘lgan Sharq allomalarining (Arastu, Forobiy, Beruniy, Ibn Sino, Ulug‘bek, Navoiy, Abdulla Avloniy va boshqalar) o‘nlab asarlarida ta’kidlanganidek, o‘rta asrlardayoq, ayniqsa, bizning hududlarimizda diniy maktablar, madrasalarga tolibi ilmlarni tanlab olish, ularning aqliy taraqqiyot darajasini, birlamchi bilim va malakalarini, kasb yoki san’atning alohida turiga moyilligi hamda ichki munosabatining namoyon etilishini hisobga olgan holda amalga oshirilgan.
Mustaqillik yillarida o‘quvchilarning kasb–hunarga to‘g‘ri yo‘naltirilishini asoslab borishga qaratilgan talaygina pedagogik–psixologik tadqiqotlar olib borildi, qo‘lga kiritilgan empirik ma’lumotlar qaytadan tahlil qilindi. Albatta, olib borilgan bu tahlillar keng manodagi ijtimoiy shaxsni rivojlantirish jarayonining muhim tomoni hisoblangan «Ongli ravishda kasb tanlashga tayyorgarlik», «Kasb–hunar tanlashga yo‘nalganlik», «Kasb tanlashga u yoki bu munosabatni shakllantirish» tushunchalarini ilmiy–nazariy tadqiq qilish, bu boradagi muammolar ko‘lamiga jiddiy e’tiborni qaratishni ham taqozo etadi. Bundan tashqari, o‘quvchi yoshlarni kasbga yo‘naltirish faoliyati jarayonidagi tashqi va ichki ta’sirlarning o‘zaro mutanosibligi motivatsiyasining mahsuli bo‘lgan kasbiy o‘zlikni anglash jarayonini keltirib chiqaradi. Kasbiy o‘zlikni anglash esa, eng avvalo, shu jarayonnning tarkibiy qismi sifatida maqsadga yo‘naltiruvchi, kuchaytiruvchi, korreksiya qiluvchi, ya’ni uning ijtimoiy yo‘nalish xususiyatlarini belgilab beruvchi omil sifatida ham xizmat qilishi mumkin. Bunday yondashuvda kasbga yo‘nalganlik faqat tashqi ta’sirning aksi emas, balki, ichki va tashqi ta’sirlarning integratsiyasi sifatida ham talqin etiladi, yoxud, S.L.Rubinshteyn ta’kidlaganidek, «Tashqi ta’sir doimo ichki holat uchun bilvosita bo‘lib qolaveradi».
Demak, aytish joizki, o‘quvchi shaxsini ongli ravishda kasb tanlashga yo‘llashda birlamchi omil - bu shaxsning ichki imkoniyatlari, qiziqishlari, iqtidori hamda ehtiyojlari hisoblanadi. Shu nuqtai nazardan kasb jarayonini tashkil etishda sub’ektning (o‘quvchi shaxsining) ichki pozisiyasini (motivatsiyasini) va unga ta’sir etib turuvchi tashqi muhit bilan mutanosiblik jihatlarini tadqiq qilish muhim ahamiyat kasb etadi. Zero, o‘quvchi kasb-hunarga yo‘naltirish jarayonining ob’ekti bo‘lsa-da, kasbiy o‘zlikni anglash, ongli kasb tanlash jarayonining sub’ekti hisoblanadi. qolaversa, bugungi ilmiy matbuotda ma’lum nazariy va empirik ma’lumotlar tahlili shuni tasdiqlaydiki, o‘quvchi shaxsi kasb–hunarga yo‘naltirish jarayonida ham ob’ekt, ham sub’ekt sifatida ishtirok etadi. Uning bu ishtiroki markazida esa to‘liq ma’noda kasb tanlashga munosabat tizimi shakllanishining o‘ziga xos ijtimoiy psixologik xususiyatlari yotadiki, bu xususiyatlar ko‘lamini nazariy va empirik jihatdan tahlil qilish hamda shu asosda tegishli ijtimoiy psixologik tavsiyalarni ishlab chiqish masalasiga jiddiy e’tiborni qaratish tadqiqotimizning asosiy maqsad – muddaosini tashkil etadi. Ushbu holatlardan kelib chiqib, tadqiqot umumiy muammosining qo‘yilishi va tadqiqot umumiy vazifalarining belgilanishi quyidagi izohlarga asoslanadi:
Shaxsni kasb tanlashga tayyorlash va kasbga to‘g‘ri yo‘naltirish jarayoni hamma davlatlarda va hamma zamonlarda ham jamiyatning, xalqning, ijtimoiy taraqqiyotning eng muhim, dolzarb vazifalaridan biri bo‘lib kelgan.
Bu borada Sharq allomalarining va ilg‘or psixologiya fani vakillarining juda ko‘plab ilmiy fikr-mulohazalari yuqorida bayon etilgan. E’tirof etish kerakki, yuqoridagi fikr-mulohazalarda kasb tanlashning tarixi, buguni va kelajagi haqida qator nazariy mulohazalar va mushohadalar asosli ravishda bayon etiladi. Ayniqsa, bu borada O‘zbekistondagi olimlar tomonidan ham bugungi kunda olib borilayotgan psixologik tadqiqotlar ko‘lamiga va taraqqiyotiga alohida urg‘u berish mumkin. Albatta, kasb tanlash masalasi keng qamrovli jarayon bo‘lganligi uchun uning juda ko‘p qirralari yuqorida qayd etilgan tadqiqotlar orqali ochib beriladi. Aytish mumkinki, bu borada juda ko‘plab psixologlar, pedagoglar, faylasuflar, sotsiologlar va boshqa soha vakillari tomonidan tahsinga sazovor ishlar amalga oshirilgan va oshirilmoqda. Lekin, shunday bo‘lsa-da, aynan kasb tanlashga munosabat tizimining shakllanishi, uning o‘ziga xos ijtimoiy psixologik ierarxiyasi va motivatsiyasi shakllanishining bugungi yutuqlarimizga mos qirralari haqida batafsilroq tadqiqotlar olib borilishiga bo‘lgan ehtiyojining tobora ortib borayotganligini ham sezmasdan ilojimiz yo‘q. Chunki, o‘quvchi shaxsining kasb tanlash jarayoniga bo‘lgan real ichki (pozitiv), kasbiy faollik motivatsiyasi imkoniyatlarini chuqur o‘rganmay yoxud tahlil qilmay turib, kasb va shaxs taraqqiyoti mushtarakligini va uning ijtimoiy maqsadlar mutanosibligiga mos tarbiya yo‘nalishlarini belgilab bo‘lmaydi. Shu boisdan O‘zbekistonda o‘tkazilgan tadqiqotlarning mantiqiy davomi sifatida kasb tanlashga munosabat tizimining shakllanishi, namoyon etilishi va umumiy nazariy talqin qilinishiga dastlabki ijtimoiy psixologik tarzda qaraldi. Ishda kasbiy faollik motivatsiyasi tushunchasini asoslashga qaratilgan nazariy-ilmiy tadqiqotlar va adabiyotlar tahlilini bayon qilish maqsad qilib quyildi. Qolaversa, bu muammoning qo‘yilishi kasb tanlashga kasbiy faollik motivatsiyasi bilan bog‘liq nazariy tushunchalarga ma’lum darajada bo‘lsa-da, oydinlik kiritishi mumkin, deb o‘ylaymiz. qo‘yilgan ushbu vazifaning bajarilishi tadqiqotning birinchi bobida o‘z ifodasini topadi. Zero, bizningcha, kasb tanlash jarayoni va unga munosabat jarayoni bir-biridan ajralgan, alohida narsa emas, balki, ular bir–birini to‘ldirib turuvchi hamda yagona maqsadga yo‘naltirilgan ijtimoiy psixologik jarayon hamdir. Shuning uchun bu jarayonni ijtimoiy psixologik talablar asosida o‘rganish vazifasining qo‘yilishini ayni maqsadga muvofiq, deb hisoblaymiz.
Tadqiqot umumiy muammosining qo‘yilishidagi ikkinchi asos shundaki, o‘quvchi shaxsining kasb tanlashga munosabatini tadqiq qilish uslubi haqida amaliy qo‘llanmalarning yetarli emasligi bois bugungi kunda o‘quvchilarning kasb tanlashga nisbatan ichki motivatsiyasiga tegishli tartibda baho berish masalasida bir oz qiyinchiliklar yuzaga kelmoqda. Ushbu qiyinchiliklarni bartaraf etish uchun kasb tanlashga munosabat tizimini o‘rganish mezonlari va uslubini ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi.
Bunda faoliyat va faollik psixologiyasi, uning ijtimoiy ahamiyati haqidagi nazariy-ilmiy tahlillar, xulosalar xususidagi fikr–mulohazalar faoliyatga munosabatni yuqori darajada tarkib toptirishining kasbiy faollik motivatsiyasi samaradorligi uchun muhim mezon sifatida qabul qilish imkonini beruvchi jihatlar belgilab olindi. Chunki, faoliyatga berilgan ta’rifning (ya’ni faoliyat – kishining anglashilgan maqsad bilan boshqarib turiladigan ichki (psixik) va tashqi (jismoniy) faolligidir) o‘ziyoq insonning u yoki bu darajdagi munosabatlari majmuasini ifodalab turibdi. Demak, shunga muvofiq, faoliyatga nisbatan munosabatning uch darajasini (faol-ijobiy, ijobiy, indifferent) shartli ravishda belgilash mumkin.
Munosabat tizimini mazkur turlariga bo‘lishdan maqsad, faoliyatga nisbatan ijtimoiy faollikni munosabat tarzida ifoda etuvchi ayrim ijtimoiy psixologik jihatlarni yanada chuqurroq tasavvur va talqin etishdir (Sh.Barotov-1998).
Bundan tashqari, kasb tanlashga kasbiy faollik motivatsiyasini shakllantirishga xizmat qiluvchi quyidagi to‘rt yo‘nalish tanlab olindi va shu yo‘nalishlar tadqiqotning umumiy maqsadiga singdirildi: birinchi yo‘nalishda qiziqishlarni o‘rganish orqali; ikkinchi yo‘nalishda shaxs yo‘nalganligini o‘rganish orqali; uchinchi yo‘nalishda kasbiy ustanovkalar shakllanishini o‘rganish orqali; to‘rtinchi yo‘nalishda qadriyatlar orqali kasb tanlashga kasbiy faollik motivatsiyasini tadqiq qilishga qaratilgan usullar majmuasi tanlab olindi va uni amaliyotga tatbiq etish orqali tegishli empirik materiallarni tanlash vazifasi qo‘yildi.
Zero, har bir usul asosida qayta ishlangan ma’lumotlarni tadqiq qilishda qo‘shimcha yordamchi usullar orqali munosabatlarning beqarorligi yoki barqarorligi ijtimoiy keng yoki torligi, kasbiy tasavvurlarning mavjud yoki mavjud emasligi, o‘quvchilarning kasb tanlash jarayoniga mas’uliyat bilan yoki yuzaki qarashlari kabi qator mezonlar inobatga olinib, shartli ravishda kasb tanlashga munosabat tizimi deb ataluvchi shkalaga kiritiladi.
Kasb tanlashga munosabat tizimi shkalasida o‘quvchilar faoliyatida shakllanayotgan kasb tanlash jarayoniga bo‘lgan «faol-ijobiy», «ijobiy», «indifferent» munosabatlar motivatsiyasining o‘quvchilar xarakteriga mos o‘rtacha umumiy, qiyosiy ko‘rsatkichlari ko‘lami kiritiladi va bu esa tadqiqot maqsadiga mos ijtimoiy psixologik mezonlarni tahlil qilish imkoniyatini yaratadi.
3. Ilmiy tadqiqot umumiy muammosining qo‘yilishdagi uchinchi asos, bu kasb tanlashga munosabat tizimini keltirib chiqaruvchi ijtimoiy psixologik omillarga baho berishdir. Chunki, kasbiy faollik motivatsiyasi zamirida yotgan ijtimoiy psixologik omillarga baho bermay turib, kasb tanlashga faol-ijobiy munosabatlarni rivojlantirish uchun amaliy tavsiyalar berib bo‘lmaydi. Bizning nazarimizda, bu omillar o‘ziga xos hududiy, etnopsixologik, yosh va individual, ichki psixik xususiyatlarga ega. Boshqacha qilib aytiladigan bo‘lsa, bu omillar shaxsning «tashqi» va «ichki» olami mushtarakligi (S. L.Rubinshteyn) zamirida yotuvchi «qiziqishlar olami», «shaxs yo‘nalganligi», «kasbiy ustanovkalar» va «qadriyatlar»ning shaxs xulq-atvorida va faolligida qay darajada (faol-ijobiy, ijobiy, indifferent) namoyon etilishi bilan belgilanadi va baholanadi. Bundan tashqari, kasbiy faollik motivatsiyasini harakatga keltiruvchi keng ko‘lamli ijtimoiy psixologik omillarning aniq yo‘naltirilgan maqsadlar asosida o‘rganilishi va tadqiq qilinishi kichik va katta yoshdagi o‘quvchilarning kasbiy o‘zligini anglashlaridagi tasavvurlarini yanada takomillashtirishga ham xizmat qiladi.
4. Tadqiqot umumiy muammosining qo‘yilishidagi to‘rtinchi asos O‘quvchilarda namoyon etilgan kasb tanlashga munosabat ierarxik tizimi ko‘rsatkichlarining o‘rtacha–umumiy va qiyosiy- tipik ko‘rsatkichlari ko‘lamini tadqiq qilish va qo‘lga kiritilgan empirik materiallarga tayanib, kichik va katta yoshli o‘quvchilar shaxsi, faoliyati bilan bog‘liq bo‘lgan yosh, hududiy, individual va etnopsixologik qonuniyatlar mavjudligini aniqlash hamda bu yo‘nalishni to‘liq ifoda etuvchi tavsiyalarni ishlab chiqishga bo‘lgan bugungi ehtiyojni inobatga olishning muqarrar ekanligi bilan xarakterlanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |