Parta turlari va ularning nomerlarini aniqlash
Ish qobiliyati uzoq vaqtgacha pasaymay turishini hamda bolalar qaddi- qomatining to'g'ri rivojlanishini, o'qish davrida ko'zning salbiy ta'sirlanmasligini ta'minlash maqsadida sinflarni gigiyena talablariga javob beradigan partalar bilan jihozlash muhim ahamiyatga ega.
Yuqorida keltirilgan gigiyenik talablarni hisobga olgan holda taxtadan yasalgan ikki o'rinli („Erisman partasi") partaga ba'zi bir o'zgarishlar kiritilib, 5994—64 raqamli davlat standard bo'yicha temir oyoqli ikki va bir o'rinli parta tavsiya qilingan.
Bunday partalarning gigiyenik afzalligi shundaki, balandligini bolalarning bo'yiga qarab o'zgartirib turish mumkin, bundan tashqari, suyanchig'i ikkita taxtadan iborat bo'lib, suyanganda yaxshi tayanch vazifasini o'taydi. Hozirgi vaqtda o'quvchilar uchun 15 sm oralab belgilanadigan bo'y balandligi qabul qilingan, o'quvchilar mebelining davlat standartlari shu ko'rsatkichga muvofiq ishlab chiqilgan.
1—3- sinf o'quv xonalari uchun А, В, V turdagi partalar ishlab chiqariladi. „A" turdagi partalar bo'yi 130 sm gacha bo'lgan bolalar uchun, „B" turdagi partalar bo'yi 130—145 sm, „V" turdagi partalar bo'yi 145—160 sm li bolalar uchun mo'ljallangan. Parta o'rindig'ining chuqurligi son uzunligining 2/ 3—3/ 4 / qis-miga teng bo'lishi lozim.
Partaning o'quvchi qaddi-qomati to'g'ri bo'lishini ta'minlaydigan asosiy parametrlari parta suyanchig'i bilan o'rindig'i orasining to'g'ri nisbatda bo'lishidir, ya'ni differensiatsiyasidir. Differensiatsiya deb parta chetidan o'rindiq tekisligigacha bo'lgan tik chiziq bo'ylab o'tgan masofaga aytiladi.
Differensiatsiya musbat, nol, manfiy bo'lishi mumkin. Manfiy ko'rsatkich gigiyena talablariga javob beradi, bunda o'rindiqning old qismi partaning orqa chetidan tushirilgan vertikal chiziqchaga bo'lgan nisbatda ichkari kirgan bo'ladi. Nolga teng bo'lganda o'rindiqning old qismi partaning orqa chetidan tushirilgan vertikal chiziq bilan bir tekis turadi. Differensiatsiya musbat bo'lganda o'rindiqning old qismi partaning orqa chetidan tushirilgan vertikal chiziq orasidagi masofaga teng bo'ladi. Masofa nolga teng va, ayniqsa, musbat bo'lsa, o'quvchi qo'llarining bilak qismini parta yoki stol ustiga to'g'ri qo'yishi uchun oldinga engashishga majbur bo'ladi. O'tirib ishlashga noqulaylik, zo'riqish va o'quvchini tez charchatib qo'yadigan sharoitlar yuzaga keladi.
Differensiatsiya musbat bo'lganda yozish vaqtida o'quvchi o'ng yelkasini pastga tushirishga majbur bo'ladi, bu tana asimmetriya-siga hamda umurtqa pog'onasining qiyshayib qolishiga olib keladi, shuningdek ko'zdan kitob yoki daftargacha bo'lgan masofani uzaytiradi.
Suyanchiq masofasi stol qopqog'ining orqa chetidan gorizontal bo'ylab stul suyanchig'igacha bo'lgan masofadir. Bu ko'krak qafasi ( old-orqa) diametridan ko'pi bilan 5 sm keladigan oraliq bo'lishi kerak. Suyanchiq masofasi kichik bo'lsa, stol qopqog'i ko'krak qafasiga taqalib qoladi, nafas va qon aylanishi buzilib, o'tirib ishlash noqulay bo'ladi, statilk og'irlik ortadi, odam tez charchab, ish qobiliyati pasayadi. Suyanchiq masofa katta bo'lganida o'quvchi stolga suyana olmay, tananing markazi tayanch nuqtasiga nisbatan oldinga suriladi. Manfiy ko'rsatkich 3—5 sm bo'lganda, gigiyenik jihatdan eng yaxshi natijaga erishiladi.
O'rindiqning pol sathidan balandligi boldir suyagi va to'piqning uzunligiga hamda poyabzalning 1—2 sm poshnasi balandligining yig'indisiga teng bo'lishi kerak.
Partaning o'quvchiga qaragan qirrasining pol sathidan balandligi o'quvchi o'tirganda pol sathidan to'g'ri burchak hosil qilgan tirsagining balandligiga teng bo'lishi kerak.
Parta ustki qismining o'tiravchiga nisbatan 15° pastga og'ishi gigiyenik talablarga javob beradi.
Partalar va stollarning ustki sathi tabiiy taxta rangida yoki yashil, sariq va havo rangga bo'yalgani ma'qul, bunda yorug'likni qaytarish koeffitsienti 35—55% atrofida bo'ladi. Shuningdek,stollar va stullar ham gigiyenik talablarga javob beradi. Shu bois ham hozir sinflar stol va stullar bilan jihozlanayapti.
Bolalarni antropometrik belgilarni hisobga olib partalarga o'tqizish ularning to'g'ri rivojlanishiga ta'sir qilib qolmay, ish qobiliyatini ham oshiradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |