Mamadaliyeva Madina Movlonboy qiz Oʻzbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti, magistrant Annotatsiya. Ushbu ishda yosh badiiy gimnastikachilarda murakkab koordinatsiyali sport turlarida algoritmik shakldagi koʻrsatmalar uslubiyatidan hamda noan’anaviy mashgʻulot vositalaridan foydalangan holda asoslangan dasturni qoʻllash asosida chaqqonlik va koordinatsion qobiliyatlari mashqlarini oʻrgatish jarayonini takomillashtirish masalalari koʻrib chiqilgan.
Kalit soʻzlar:badiiy gimnastika, koordinatsion qobiliyatlar, chaqqonlik, assimmetriya.
Ishning dolzarbligi. Mustaqilligimizning ilk kunlaridan boshlab aholining, ayniqsa, yosh avlodning barkamol boʻlib shakllanishi, jismoniy tarbiya va ommaviy sport bilan muntazam shug‘ullanishi uchun zamon talablariga mos shart-sharoitlar yaratilib kelinmoqda, sport orqali yoshlarda oʻz irodasi, kuchi va imkoniyatlariga boʻlgan ishonchni mustahkamlash, mardlik va vatanparvarlik, ona Vatanga sadoqat tuyg‘ularini kamol toptirish, ular orasidan iqtidorli sportchilarni saralab olish va maqsadli tayyorlash ishlarini tizimli tashkil etish borasida keng koʻlamli ishlar amalga oshirilib kelinmoqda.
Hozirgi vaqtda chaqqonlik va koordinatsion qobiliyatlari mashqlarini takomillashtirish va uni rivojlantirish masalalariga bagʻishlangan bir qator ilmiy ishlar va maqolalar mavjud. Lekin bu ishlarning tahlili shuni koʻrsatadiki, mazkur ishlarning koʻpchiligida mashqlarni bajarish texnikasining umumiy holatini tasvirlash bilan cheklangan, oʻqitish uslubi esa tavsiyalar shaklida bayon etilgan va ularning alohida tomonlari koʻrib chiqilmagan. Badiiy gimnastikaning sport turlari boʻyicha bolalar va oʻsmirlar sport maktablari trenerlarining hamda umumta’lim maktablari oʻqituvchilarining ishida nafaqat harakatni oʻzlashtirish jarayonini oʻrgatish va nazorat qilish, balki mashgʻulotlarning noan’anaviy vositalaridan samarali foydalanish imkoniyatini beradigan algoritmik shakldagi koʻrsatmalar uslubini amaliy jihatdan qoʻllash masalasi ochiq qolmoqda. Koʻrib chiqilayotgan ishlar oʻz mohiyati jihatidan turlicha malakaga ega boʻlgan sportschilarning jismoniy va funksional tayyorgarlik darajasini hisobga olgan holda mashgʻulot vositalarini hamda yondoshtiruvchi-rivojlantiruvchi mashqlarni tasniflash va tanlashga yoʻnaltirilgan.
Chaqqonlik va koordinatsion qobiliyatlarda bolalar va oʻsmirlarni rivojlantirish hamda sogʻlomlashtirish vositasi sifatida foydalanish masalalari kam oʻrganilgan masalalar sifatida qolmoqda. Ulardan bolalar sport maktablarida foydalanish maqsadga muvofiqligi bir necha ishlarda oʻz ifodasini topgan, ammo mualliflar oʻqitish jarayoni sxemasini oʻz ishlarida taklif qilmaganlar. Yuqoridagilarni umumlashtirgan holda, xulosa qilish mumkinki, hozirgi vaqtga qadar barqaror harakat koʻnikmalarini shakllantiradigan va keyinchalik chaqqonlik va koordinatsion qobiliyatlar mashqlari kabi oʻta murakkab mashqlarni oʻzlashtirishning samarali usullarini qoʻllash mavzuning dolzarbligidan dalolat beradi.