MODAL SO’ZLAR
So'zlashuv jarayonida albatta, shubhasiz, ehtimol singari so'zlarni ko'p eshitasiz, lekin bunday so'zlar borliqdagi narsa-hodisalar, belgi xususiyatlarini nomlamaydi. Shu bilan birgalikda yordamchi so'zlarga o'xshab sof grammatik ma’no ham ifodalamaydi. Bunday so'zlar bildirilayotgan axborotga so'zlovchining tasdiq, ishonch, gumon kabi munosabatlarini bildiradi.
Ifodalanayotgan fikrga so'zlovchining munosabatini (ishonch, gumon, achinish kabi) bildirgan so'zlarga modal so‘zlar deyiladi.
Masalan, Mamlakatimiz, albatta, buyuk, gullagan yurtga aylanadi.Yuqoridagi gapdanalbatta so'zini tushirib qoldirsangiz ham gapning umumiy mazmuniga futur yetmaydi. Lekin, ishonch, tasdiq ma’nosi bo'rtib turmaydi. Gapga albatta, shubhasiz so'zlarining qo'shilishi bilan esa so'zlovchining gap orqali ifodalanayotgan axborotga ishonch, tasdiq munosabati alohida ta’kidlangan holda bayon qilinadi.
Modal so'zlar gapda vergul bilan ajratiladi. Gap boshida kelsa, undan keyin, o’rtasida kelsa, har ikki tomonidan, oxirida kelsa, undan oldin vergul qo’yiladi.
Misol:Xayriyat, daraning oxiriga yaqinlashgan sayin asov soy sayozlashib, muz tobora yupqalashib bordi-yu, nihoyat, qoyatoshlar chekinib, yaylov ko'rindi. Kattasi ham uyg’onib ketdi, shekilli, qo'shilishib yig'lashga tushdi. Lekin, chamasi, kursdoshlar orasida yolg’izlanib qolish, ming bir ta’nalarni eshitishdan ham qo'rqdim, shekilli.
Modal so`zlar ma’no jihatidan quyidagi turlarga bo`linadi:
1. Ishonch: albatta,shaksiz,so‘zsiz,shubhasiz.
2. Gumon: ehtimol,balki,chamasi,shekilli,aftidan.
3. Fikrning tartibi: avvalo, avvalambor, birinchidan, ikkinchidan.
4. Fikrning dalillanishi: masalan, jumladan.
5. Xulosa: xullas, demak, nihoyat, xullas kalom,umuman.
6. Achinish: afsus, attang, esiz,nachora.
7. Ajablanish: ajabo,voajab.
8. Quvonch: xayriyat.
9. Tasdiq: darhaqiqat,haqiqatan.
10. Mavjudlik va mavjud emaslik: bor, yo`q.
Modal so`zlar sof va vazifadosh modal so`zlarga bo`linadi. Faqat modal ma’no uchun xoslangan so‘zlar sof modal so‘zlar sanaladi: haqiqatan, darhaqiqat, afsuski, attang, albatta, shekilli, avvalo,avvalambor, xullas, masalan,koshki so`zlari sof modal so`zlar hisoblansa, modal ma’noda ham qo`llanadigan aftidan, chamasi, ehtimol, shubhasiz , umuman, taxminan kabi so`zlar vazifadosh modalso`zlar hisoblanadi.
Modal so`zlar gap tarkibidagi so`zlardan vergul bilan ajratiladi va ko`pincha kirish so`z vazifasini bajarib keladi.
TASDIQ VA INKOR SO‘ZLAR
Ha, xo‘p, mayli singari so‘zlar tasdiq so‘zlar; yo‘q, mutlaqo kabi so‘zlar inkor so‘zlar sanaladi. Bunday so‘zlar dialogik nutqda -mi so‘roq yuklamasi orqali ifodalangan so‘roq gaplarning javobi bo‘lib keladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |