Xalqaro aloqalarni rivojlantirish
2015 yilning birinchi yarmida viloyatning umumiy tashqi savdo aylanmasi 414,6 million AQSh dollarini (5 oylik) tashkil etib, shundan, 130,9 million dollar miqdoridagi mahsulotlar eksportga chiqarildi. Import hajmi 283,7 million dollarni tashkil etdi.
Import mahsulotlarining asosiy qismi ya´ni, 251,9 million dollari (89 foizi) mashina va uskunalarga, shundan 160 million dollari kichik korxonalar tomonidan keltirilgan uskuna va jihozlarga to´g´ri keldi.
Viloyat eksportining asosiy qismini ya´ni, 47,5 foizini paxta tolasi, 31 foizini kimyo mahsulotlari, 4 foizini energetika, 11 foizini xizmatlar va 6,5 foizini boshqalar tashkil etdi.
Eksport salohiyatini mustahkamlash va uning tarkibini kengaytirish bo´yicha amalga oshirilgan ishlar natijasida o´tgan davrda 33 ta hududiy korxonalar tomonidan 22 turdagi quritilgan meva-sabzavot, tekstil, qurilish materiallari, farmasevtika va boshqa turdagi mahsulotlar eksporti amalga oshirildi.
Hududiy eksportning geografiyasi kengaytirilib, Latviya, Qozog´iston, Rossiya, Belorussiya, Afg´oniston, Eron, Qirg´iziston, Hindiston, Turkiya kabi davlatlarga meva-sabzavot, poliz, qurilish materiallari va boshqa turdagi mahsulotlar eksport qilindi.
Kitob tumani “Kitob marmar zavodi” MChJ tomonidan Tojikiston davlatiga mikrokalsit, Qarshi tumani “Personal qurilish savdo” MChJ tomonidan Qozog´iston davlatiga bo´r, “Muborak global impeks” korxonasi tomonidan Eron davlatiga oltingugurt, Qarshi tumani “Vud dekor prodakshen” qo´shma korxonasi tomonidan Turkiya davlatiga milamin qog´ozi kabi yangi turdagi mahsulotlar eksporti yo´lga qo´yildi.
Viloyatda AQShning “Kaliforniya qishloq xo´jaligi texnologiyalari instituti”ning tajribalari bilan tanishgan holda ertapishar poliz ekinlari eksportini tashkil qilish bo´yicha loyiha ishlab chiqildi.
Loyiha doirasida “Qashqadaryo tijorat savdo” MChJ bazasi hududidan YEvropaga, jumladan Latviya va u orqali qolgan YEvropa davlatlariga hamda Rossiya va Qozog´iston davlatlariga “Jiyan”, “Torpedo” navli qovunlar eksport qilinmoqda.
Meva-sabzavot va poliz mahsulotlarini YEvropa va MDH davlatlariga eksport qilish uchun avvalom bor jahon talablariga mos keladigan qadoqlash tizimiga e´tibor qaratilib, 2014 yil oxiridan boshlab “O´zmarkazimpeks” kompaniyasi yordamida dunyoda etakchi kompaniyalardan biri Italiyaning “Teko” kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan va qiymati 123 ming AQSh dollari bo´lgan poliz va meva-sabzavot mahsulotlarini qadoqlaydigan yangi uskuna o´rnatildi.
Hozirga qadar qiymati 21 million dollarlik 8765 tonna meva-sabzavot va poliz mahsulotlarining eksporti amalga oshirildi.
Do'stlaringiz bilan baham: |