Echimni topish. Talabalar “fikriy hujum”ga kirishganlaridan keyin belgilangan vaqt tugab borayotganda yoki echimga olib boradigan fikrlar aytib qo`yilganda, o`qituvchi fikriy hujumni to`xtatib, oxirgi bosqichga o`tish, ya`ni muammoni echish kerakligini esga soladi. Bu vaqtda guruhlardagi kotiblar barcha fikrlarni yozib olishgan, har bir talaba bu fikrlarning qaysilari yaroqli ekani to`g`risida o`ylay boshlagan bo`lishadi. Talabalar bir-birlari bilan maslahatlashib, aytilgan fikrlarning har birini bir qadar muhokama etgan holda yaroqsiz fikrlarni o`chirib, fikrlar ro`yxatini tobora qisqartirib boradi. Nihoyat, bir necha juda muhim qarashlargina qoladi. Talabalarning kichik guruhi ana shularga tayanib, ta`limiy masalaning echilishi bo`yicha o`z xulosasini beradi.
Tatbiq. Agar “Fikriy hujum” natijasida kelingan xulosa amaliyotga tatbiq etiladigan yo`sinda bo`lsa, uni qaysi sohaga qay tarzda qo`llash mumkinligi haqida o`qituvchi to`xtab o`tgani ma`qul.
Umuman, mashg`ulot so`ngida “Fikriy hujum” jarayoni qanday o`tgani va qaysi guruhga nima sababdan qanday baho qo`yilishi xususida o`qituvchi bir necha og`iz so`z aytgani ma`qul. Alohida ta`kidlash kerakki, baho alohida talabalarga emas, balki kichik guruhlarga qo`yiladi. SHunday qilinsa, guruh a`zolari bir-birlarini o`qitishadi, didaktik materialning hamma tomonidan o`zlashtirilishiga intilishadi.
Adabiyot o`qituvchisi “Fikriy hujum” asnosida muammoning echimi sifatida taqdim etilayotgan fikr o`rganilishi lozim bo`lgan badiiy asar matnidan keltirib chiqarilgan bo`lishiga alohida e`tibor berishi kerak.
“klaster” usulidan foydalanish
yo`llari
“Klaster” inglizcha so`z bo`lib, “bog`lam”, “tutam”, “taram”, “dasta” ma`nolarini anglatadi. Bu usulning “bog`lam”, “tutam”, “taram”, “dasta” ma`nolaridagi so`z bilan atalishining sababi shundaki, ushbu metodda har bir kichik guruh butun guruh oldida turgan umumiy muammoning bir jihatini hal etishga yo`naltiriladi. Har bir kichik guruh oldiga umumiy o`quv muammosining biror qirrasini echish topshiriladi va barcha kichik guruhlarning faoliyati natijasida o`quv muammosi to`la hal qilinadi. Bunda kichik guruh a`zolari muammoni echishda qo`l keladigan dalillarni imkon boricha ko`proq to`plashga yo`naltiriladi.
Ayrim jihatlariga ko`ra “klaster” “fikriy hujum”ga o`xshab ham ketadi. Faqat bunda har bir kichik guruh qo`yilgan umumiy muammoning bir jihatini aniqlashga e`tibor qaratadi. Klaster usuli o`quvchilarni tezkor fikrlashga, dalillarni tahlil qilish, xususiy fakt zamiridagi umumiyga xos jihatni ko`rish va ular asosida xulosa chiqarabilishga o`rgatadi.
Klaster usulidan foydalanish ham bir necha bosqichli jarayondir. Birinchi bosqichda o`qituvchi darstaxtaga umumiy muammo va uni echishda qo`l kelishi mumkin bo`lgan kalit so`zlarni yozib qo`yadi. Masalan, O`tkir Hoshimovning “Bahor qaytmaydi” qissasini klaster usuli asosida o`rganishda talabalar oldiga “Alimardonning ma`naviy tanazzuli sabablari nimada?” muammosi qo`yildi. Muammoning echimi uchun “do`stlik”, “xiyonat”, “xudbinlik”, “manfaatparastlik”, “buzuqlik”, “talant”, “ezgulik”, “jazo”, “mukofot”, “adolat”, “soddalik”, “to`g`rilik”, “iste`dod”, “manmanlik” kabi kalit so`zlar berildi.
Do'stlaringiz bilan baham: |