Ya’qub Sannu (1839-1912) Qohirada yahudiy oilasida tug‘ildi. Otasi Rafael Sannu
Muhammad Alining nabirasi Ahmad Yekun poshshoning ishonchli odami bo‘lgan. Ya’qub
an’anaviy yahudiy ta’limini olgan, Yevropa tillarini yoshligidan boshlab o‘rgangan. U poshsho
yordami bilan Italiyada filologiya sohasida ta’lim oldi. Misrga qaytgach, teatr bilan qiziqdi,
Qohiraga gastrolga kelgan fransuz va italyan truppalarining spektakllarida ishtirok etdi. 1870
yilda ilk Misr teatrlaridan birini tashkil qildi. Yevropadagi teatr ishlarini yaxshi bilgan, fransuz
mumtoz akademiyasining muxlisi bo‘lgan Sannu yangi teatr uchun repertuar yaratishga
kirishadi.
Arab dramaturgiyasining dastlabki «qaldirg‘ochlari» yaratgan asarlar Yevropa
dramaturglaridan mexanik ravishda ko‘chirma bo‘lmasdan, arab adabiyoti uchun yangi janr
bo‘lgan dramani arab ma’rifatparvarlarining axloqiy-didaktik niyatlariga mos keladigan
shakllarini izlash tusiga ega edi. XIX asrning qator ijtimoiy arboblari drama publisistika bilan
bab-baravar ma’rifatparvarlik mafkurasi, milliy uyg‘onish g‘oyalarini hammabop, tushunarli
tarzda ommaga yetkazish imkoniyatlariga ega ekanini nozik his qildilar.
Teatrni axloq va ma’naviy kamolot vositasi sifatida foydalanish arablar uchun yangilik
emasdi. An’anaviy milliy teatrlashtirilgan tomoshalarning barcha turlarida, soyalar va
qo‘g‘irchoq teatrida azaldan yaxshilikni ulug‘lovchi, yovuzlikni qoralovchi so‘zlar baralla aytib
kelingan.
Arab tomoshabini teatr tomoshalarni qabul qilishga yaxshi tayyorlangan. Islomning
badiiy ijodga bo‘lgan salbiy munosabati tomoshalarning hamma turlariga baravar tatbiq
qilishganligiga qaramay, xalq teatri arab mamlakatalarida qadimdan turli tomoshalar shaklida
yashadi va taraqqiy etdi.
Milliy dramaturgiya shakllanishiga Ya’qub Sannu o‘z hissasini qo‘shdi. Uning
dramaturgiyaga oid boy merosi 30 dan ortiq pesani o‘z ichiga oladi.
Bu asarlar ularning matni chop etilmagani sababli uzoq vaqt o‘rganilmasdan keldi, faqat
ba’zilari bundan mustasno. Bu asarlarning Livan adabiyotshunosi M. Najm tomonidan e’lon
qilinishi Y. Sannuning Misr milliy dramasi ijodkorlaridan biri ekanini ko‘rsatdi.
Y. Sannu komediya janrida ijod qilar ekan, e’tiborini ko‘proq fars yo‘nalishidagi
p’esalarga qaratdi. Ammo ko‘rinishidan beozor muhabbat sahnalarida muhim ijtimoiy va siyosiy
muammolar ko‘tarib chiqilar, saroy a’yonlarining yaramas illatlari qoralanardi. («Misr birjasi»,
«Bemor»).
Ko‘pgina pesalarda ijtimoiy zulm, dehqon huquqsizligi, shahar qashshoqligi («Bechora
Zam Zam»), ko‘p xotinlik («Ikkita xotin»), Yevropa madaniyatini yengil-elpi qabul qilish va
yevropacha axloqqa ko‘r-ko‘rona taqlid qilish («Iskandariyalik grafinya») kabi hodisalarga
Sannunning tanqidiy nuqtai nazari ifodalangan. Sannu o‘z asarlari uchun har bir misrlikka
tushunarli so‘zlashuv tilini tanlagan. Uning fikricha, adabiy til teatrning axloqiy-ma’rifiy
maqsadlariga to‘sqinlik qiladi va komediya janriga ziddir. Teatrda adabiy silliqlangan til emas,
jonli til hukmron bo‘lsin.
Sannuning deyarli har bir pesasida an’anaviy arab xalq tomoshalariga xos personajlar-
duduq va tentaklarni, aldangan keksa erlar, janjalkash xotinlarni uchratish mumkin. Ularning
nutqi hazil mutoyibaga, qochirimlarga boy. Har bitta pesa an’anaviy xalq teatriga xos
tomoshabinni voqealar mohiyati bilan tanishtiruvchi monolog bilan boshlanib, qahramonlarni
sharaflovchi qo‘shiq bilan yakunlanadi.
Misrning yevropalashishi va burjua taraqqiyoti yo‘lini yoqlagan xediv Ismoil Sannu
faoliyatiga xayrixohlik bilan qarardi, uni «Misr Moleri» unvoni bilan taqdirladi. Ko‘p vaqt
o‘tmasdan Sannu siyosatidan norozi bo‘ldi va uning muxoliflari bilan yaqinlashdi. Sannuning
«Vatan va ozodlik» pesasi mazmunini xediv o‘zi va a’yonlariga nisbatan haqoratli sanab, teatr
faoliyatini to‘xtatdi.
20
Sannu endi teatr o‘rniga jurnalistika sohasida faoliyat boshladi. 1877 yildan boshlab u
siyosiy mazmundagi haftali gazeta chiqara boshladi. Gazeta Yevropaning siyosiy va iqtisodiy
ta’siriga va Ismoil faoliyatiga qarshi chiqdi. Sannu Misr jurnalistikasi uchun yangi bo‘lgan satira
qurolini ishga soldi. Uning «Abu Nazzora zarqa» («Ko‘k ko‘zoynakli odam») gazetasi dolzarb
masalalarni ko‘tarib chiqa boshladi. Abu Nazzora na amirni, na vazirlarni, na turk, na yevropalik
amaldorlarni ayadi. Uning tig‘dor qochirimlari hammaga tushunarli edi. Misrda xediv o‘ziga
yoqmagan odamlarni huzuriga chaqirib, ularni zaharlangan qahva bilan mehmon qiladi, degan
gap tarqaladi. Shayx Abu Nazzora do‘stlar davrasida o‘tirib, qahva ichishdan bosh tortadi.
«Yo‘q, birodar, men qahvani suymayman, u xavfli. Bizning zamonamizda kimki bir finjon qahva
ichsa, til tortmay o‘ladi».
5
Sannuning qahramoni kimni nazarda tutayotgani esa o‘quvchiga ayon.
Ushbu birinchi arab hajviy gazetasida Muhammad Abduh va Jamoliddin al-Afg‘oniylar
ham nomlarini yashirib, qatnashib turganlar. Abu Nazzora nomi Sannuning taxallusiga aylandi.
Gazetaning so‘zlashuv tilida nashr etilishi ham uning muvaffaqiyatiga sabab bo‘lar edi.
Sannuning bu jasurona tashabbusi juda ko‘p izdoshlar orttirdi.
Gazeta 15-sonidan so‘ng yopib qo‘yildi, Sannu esa Parijga ketib, u yerda gazeta nashrini
davom ettirdi. Misrda u hamon qo‘lma-qo‘l yurar edi. Gazeta 1887 yildan boshlab rasmli chiqa
boshladi. U tez-tez taqiqlanar, nomi ham o‘zgarib turardi, «Abu Safora» («Hushtakli odam»),
«Abu Zammora» («Surnayli odam») kabi, lekin uning «Misr misrliklarga» degan shiori
saqlanardi. Sannu Fransiyaning «Figaro» va «Maten» gazetalarida ham chiqib turdi.
Ya’qub Sannu Yevropa ekspansiyasiga qarshi musulmonlar birligi tarafdori sifatida
Yaqin Sharq mamlakatlarida katta obro‘ga ega edi. Eron shohi va turk sultoni Abdulhamid uni
o‘z tomonlariga og‘dirishga intilar edilar. Xediv Abbos II Sannuni Misrga qaytishga chaqiradi.
Sannu inglizlar Misrda hukmron ekan, vatanga qaytmasligini aytadi.
«Abu Nazzora zarqa» gazetasi 34 yil umr ko‘rdi. Gazetaning oxirgi soni 1910 yilda
chiqdi. Ko‘zi ojiz bo‘lib qolgan Sannu esa 1912 yilda vafot etdi.
Yangi arab adabiyotida G‘arbiy Yevropa adabiyoti tajribasiga suyanish faqat drama
uchungina xos bo‘lmay, XIX asr oxirida novella, qissa va romanlar shakllanishi jarayonida ham
o‘z ifodasini topdi. Deyarli har bir arab adibi-al-Manfalutiy, al-Maziniy, J. Zaydon, keyinroq
H. Haykal ham, tarjimada asar mazmunini o‘zlashtirib ifodalashdek mustaqil ijodga ilk qadam
qo‘yish jarayonini boshdan kechirdi. Natijada, yangi kitobxon yoki tomoshabinga mo‘ljallangan,
o‘z zamonasi, uning muammolari bilan bog‘liq, ba’zida ilgarigi, ko‘hna shakllarda yozilgan
asarlar paydo bo‘ldi. Ular asta-sekin o‘ziga yo‘l ochdi va yangi milliy adabiyotning taraqqiyot
yo‘lini belgilab berdi.
Yuqorida aytilganlardan xulosa qilish mumkinki, Sharq ma’rifatparvarligining Yevropa
bilan umumiy jihatlari ko‘p. U tarixiy jarayondagi umumiylik, burjua jamiyatining shakllanishi,
feodalizmga qarshi kurashning keskinlashuvi, taraqqiyparvar doiralarning iqtisodiy, siyosiy va
madaniy turmushda islohat qilishga intilishi bilan bog‘liq holda yuzaga kelgan.
Sharq ma’rifatparvarligida o‘tmishdagi taraqqiyot taqozosi bilan yuzaga kelgan o‘ziga
xos xususiyatlar ham mavjud. Sharq ma’rifatparvarlarining dinga munosabati alohida diqqatga
sazovor. Dinga qarshi keskin munosabat Yevropa ma’rifatparvarligi uchun xosdir. Sharq
ma’rifatparvarlari mahalliy sharoitdan kelib chiqib, dinning o‘ziga emas, balki nafsga berilgan
din peshvolari, bid’at va xurofotlarga qarshi chiqqanlar.
Arab mamlakatlarida ma’rifatparvarlar dinni isloh qilish, uni mamlakatning ijtimoiy
taraqqiyoti maqsadi va ehtiyojlariga moslashtirishga, milliy manfaatlarni himoya qilish yo‘lida
foydalanishga intilganlar. Arab ma’rifatparvarlari eskilikni keskin tanqid qilish bilan birga
ijtimoiy tuzumga nisbatan o‘z qarashlarini din talablari bilan moslaganlar. Shuning uchun
ularning aksariyati ma’rifatparvar-demokrat hamda musulmon-islohatchilari sifatida maydonga
chiqqanlar.
Arab ma’rifatparvarlari davlat tuzumi masalalariga e’tiborlarini kam qaratdilar, chunki
Usmonli imperiyasi tomonidan o‘tkazilgan zulm, mamlakatlarning tez sur’atlar bilan
5
Долинина А. А. Очерки истории арабской литературы нового времени, М., 1968, стр. 42
21
mustamlakaga aylanishi ularni bu masalalarni erkin muhokama qilish imkonidan mahrum etdi.
Yangi tug‘ilayotgan adabiyot esa, Sharqda ilgari ma’lum bo‘lmagan hikoya, qissa, roman, drama
kabi janrlarni tez o‘zlashtirdi.
Ma’rifatparvarlik harakati Sharq xalqlari adabiyotida romantizm bilan uyg‘unlashgan
realizmning tez rivojlanishiga zamin hozirladi.
Sharqdagi ma’rifatparvarlik harakati G‘arbdagi ma’rifatparvarlik davridan (u ham barcha
mamlakatlarda bir xil kechmagan) farqli o‘laroq, har bir mamlakatda o‘ziga xos xususiyatlarga
ega bo‘ldi.
Ba’zi mamlakatlarda ma’rifatparvarlik tez rivojlangan bo‘lsa, boshqalarida bu jarayon,
ma’lum sabablarga ko‘ra sekinroq kechdi. Ayrim mamlakatlarda ma’rifatparvarlik islohatlari
chuqur o‘zgarishlarga olib kelgan bo‘lsa, boshqalarida jamiyat tuzilishi va adabiyotga yuzaki
o‘zgarishlar kiritdi, xolos. Shunga qaramay ular orasida tipologik umumiylik, shubhasiz,
bo‘lgan. Bu ham sharq ma’rifatparvarligining o‘ziga xos xususiyatlaridan bo‘lib, bu mamlakatlar
adabiyoti jahon adabiyotining umumiy qonuniyatlari asosida rivojlanganini yana bir bor
tasdiqlaydi. Uning miliy, o‘ziga xos xususiyatlari esa aniq-ravshan namoyon bo‘lib turadi.
Ma’rifatparvarlik adabiyotini tadqiq etish zamonaviy adabiyotning ilk manbalarini aniqlash
imkonini beradi.
22
Do'stlaringiz bilan baham: |