Jo‘rji Zaydon
(1861-1914)
Bayrutda nasroniy oilasida tug‘ilgan, otasi kichikroq qahvaxonaning sohibi edi.
Bo‘lg‘usi adib mustaqil mutolaga berildi, mumtoz arab she’riyatini qunt bilan o‘rgandi,
inglizcha–arabcha lug‘at tuzdi, ko‘p o‘qidi. O‘ta mehnatkash bo‘lgan Jo‘rjni Zaydon Qohira,
Londonda ta’lim oldi. 1892 yilda u mashhur adabiy – ilmiy «Al-Hilol» («Yarim oy») jurnalini
chiqara boshlaydi, unda o‘zining tarixiy romanlari, maqolalarini e’lon qiladi.
Uning ko‘plab ilmiy asarlari ichidan 4 jildlik «Arab adabiyoti tarixi» va «Musulmon
madaniyat tarixi» katta shuhrat qozongan. Zaydon bu asarlarida ilk bor adabiyot tarixini
o‘rganishda Yevropa ilmiy metodlarini qo‘lladi. Uning asarlari ingliz, fransuz, fors, turk, hind va
boshqa tillarga tarjima qilingan. Mashhur arabshunos A. G. Krimskiy J. Zaydonning g‘oyat og‘ir
hayot yo‘li, mehnatsevarligi, ijodining ko‘pqirraligini nazarda tutib, uni «arab Lomonosovi» deb
atagan edi. Zaydonning yorqin, beqiyos shaxsi arab ma’rifatparvarligida ulkan iz qoldirdi.
Dunyoqarashi jihatidan J. Zaydon–deist edi. U dunyoning moddiyligini, materiyaning
abadiyligini, bu dunyo hodisotlarining sababli bog‘lanishini tan oladi. Ayni chog‘da xudoning
mavjudligini, dinning zaruratini, uning odamlarni birlashtirishdagi kuch-qudratiga ishonadi,
oxiratni e’tirof qiladi.
J. Zaydon dunyoqarashining shakllanishida XVIII-XIX asr Yevropa fani va falsafasi
katta ahamiyat kasb etdi. Adib Yevropa fani va falsafasi g‘oya va yutuqlarini, ko‘p hollarda
tanqidiy va izchil qabul qilmaydi. Materiyaning xislatlari to‘g‘risidagi tasavvurlarida u XVIII asr
fransuz moddiyunchilariga yaqin (Didro, Golbax). Jamiyat tarixiga munosabatda ham J. Zaydon
fransuzlarga yaqin turadi. Uningcha, ijtimoiy taraqqiyotni harakatga keltiruvchi kuch-g‘oya,
nodonlik-insoniyat kulfatlarining bosh sababchisi.
Adib o‘z ijodida oila, nikoh masalalariga ko‘p o‘rin ajratadi, millat taraqqiyoti uchun
ayol mavqeining ahamiyatini ko‘rsatishga intiladi. «Millatni yuksaltirishning eng yaxshi vositasi,
-deb yozadi Zaydon - ayolni o‘qitish, tarbiyalash, ta’lim berishdir. Agar ayol tushkunlikda
bo‘lsa, butun millatimiz tanazzuldadir».
4
Zaydon merosida adabiy-tanqidiy maqolalar yo‘q. Adabiyotning vazifasi to‘g‘risidagi, til
haqidagi ayrim fikrlari ijtimoiy, axloqiy mavzulardagi maqolalarida sochilib yotadi.
Adabiyotning asosiy vazifasi deb tarbiyaviy xususiyatini ta’riflaydi, yozuvchidan haqqoniylik va
qat’iyatni talab qiladi. U neologizmlar, chet tili so‘zlarini ko‘proq qo‘llash tarafdori, lekin adabiy
tilni so‘zlashuv bilan almashtirishni keskin qoralaydi.
Adib badiiy ijodida ana shu tamoyillarga o‘zi amal qiladi. Zaydonni didaktik va
ko‘ngilochar voqealarni o‘zida mujassamlantirgan roman janri asoschisi deb hisoblashadi. Bu
janrning tomirlari o‘rta asr arab adabiyoti (adab)ga borib tutashadi. Darhaqiqat, Zaydon
romanlarini o‘qir ekansiz, olam-olam qiziqarli ma’lumotlar olasiz, ular sizni ezgulikka,
yaxshilikka undaydi, g‘aroyib voqealari bilan maftun etadi.
4
Долинина А. А. Очерки истории арабской литературы нового времени. М., 1968, стр . 103
17
Zaydon hikoya qilish usulida, syujetda arab xalq adabiyoti yo‘lidan boradi (qahramonona
jang tasviri, xavf-xatarlardan ajoyib tarzda xalos bo‘lish), shu bilan birga, Yevropa tarixiy
romanining, qisman Aleksandr Dyuma va Valter Skott ijodining ta’siri seziladi.
Ana shu o‘ziga xos xususiyatlar Zaydon romanlaridagi syujet qurilishini belgilaydi.
Odatda, ular bir qolipda bo‘lib, bir xil unsurlardan tashkil topadi. Chunki muallif syujet yaratar
ekan, xarakterlarga emas, oldindan o‘ylangan nasihatomuz sxemalarga amal qiladi. Shuning
uchun, ko‘pincha, tarixiy voqealar asarning asosi bo‘lmay, syujet qoliplovchisiga aylanadi.
Zaydon asarlaridagi asosiy konflikt yaxshilik va yozuvlik kurashidan iborat. Yaxshilik,
ezgulikni ifodalovchi kuchlar axloqiy go‘zallik, insonparvarlik, yuksak ijtimoiy ideallar, aql va
ma’rifat timsoli, yovuzlik kuchlari axloqsizlik, istibdod, manfaatparastlik, ma’naviy qashshoqlik
va bid’at ifodachilaridir. Romandan romanga ko‘chib yuruvchi ideal ijobiy qahramon va uning
sevgilisi, oliyjanob ota-onalar (ba’zida ota-rahmsiz), ig‘vogar, sadoqatli xizmatkor kabi siyqasi
chiqqan qahramonlar yuzaga keladi. Zaydon o‘z qahramonlarining psixologiyasi, ichki olamini
ochishga uncha intilmaydi.
Syujet ko‘pincha sarguzasht-avantyura asosiga quriladi. Uning markazida yaxshilik
qiluvchi qahramon va uning sevgilisi turardi. Ularning baxtli bo‘lishlari uchun hamisha to‘siqlar
ota-onalarning (ko‘pincha qizning ota-onalari) qarshiligi, doimo sevishganlarga xalaqit beruvchi
raqib, oshiqlarni judolikka duchor etuvchi urush va boshqa voqealar bo‘ladi. Ammo oxirida
sevishganlar murod-maqsadlariga yetadilar.
Shunday qilib, Zaydon romanlari badiiy uslubi jihatidan XIX asr tarixiy romanidan ko‘ra
XVIII asr ma’rifatparvarlik qissalariga yaqinroq turadi.
Zaydon romanlarini ikki guruhga ajratish mumkin. Birichisiga to‘rtta ilk romani-
«Qochoq mamluk» (1891), «Asir al-Laxdi» (1892), «Mamluklar o‘zboshimchaligi» (1893) va
«Sevishganlar kurashi» (1894) kiradi. Ularda arab dunyosi tarixi aks ettirilgan. Ikkinchisi 17
kitobdan iborat romanlar turkumi bo‘lib, ularda arablar tarixining fojiali holatlari ko‘rsatilgan.
Turkum mamluklar hukmronligigacha bo‘lgan davrni qamrab oladi.
Ana shu turkumdagi eng yetuk romanlardan biri «Al-Abbosa ar-Rashid singlisi»
romanidir. Uning syujetiga asos bo‘lgan voqea ilk arab solnomalarida bayon etilgan Ja’far
Barmakiyning xalok bo‘lish tarixidir. Ana shu voqeadan Barmakiy vazirlar sulolasining inqirozi
boshlanadi.
Horun ar-Rashidning al-Abbosa ismli sevimli singlisi bo‘lgan. Xalif islom qoidalarini
buzmagan holda doim bir dasturxonda ovqat yeydigan sevikli vaziri Ja’far bilan diydorlashib
turish uchun al-Abbosani vazirga soxta nikohlab beradi. Ko‘p o‘tmasdan soxta nikoh chinga
aylanadi, bolalar tug‘iladi. Ana shu afsonani asos qilib, Zaydon avantyurali o‘tkir syujet yaratdi.
Asarda siyosiy fitnalarga ham ko‘p o‘rin ajratilgan.
Ma’lum bo‘lishicha, Ja’far davlat jinoyatchisi Yah’yo Alaviyni yashirincha zindondan
ozod etgan.
Asarda uchta asosiy qahramon va ularning xizmatkoridan bo‘lak tarixiy shaxslar ham
harakat qiladilar. Jumladan, saroy shoiri Abul Atahiya al-Abbosa va Ja’far o‘rtasidagi yashirin
aloqani fosh qiladi, Horun ar-Rashidga uni chaqadi. Al-Abbosa va Ja’far Xurosonga qochmoqchi
bo‘ladilar. Yo‘lga tushish arafasida al-Abbosa oldiga Horun ar-Rashid jallod bilan keladi. Xalif
jallodga singlisining boshini olishni buyuradi. Al-Abbosa halokatini eshitgan Ja’far ikkilanmay
o‘limga tik boradi, ularning farzandlari ham o‘ldiriladi. Barmakiylar va ularni tarafdorlarini qatl
qilish boshlanadi. Al-Abbosa Zaydonning oxiri fojia bilan tugagan kam uchraydigan
romanlaridan biri. Romanda muallif fikri aniq ifodalangan uning xayrixohligi ochiq bayon
etilgan. Zaydon Horun ar-Rashidni, «Ming bir kecha»dagidek, ideallashtirmaydi. Horun ar-
Rashid ayovsiz, sharq mustabid hukmdoriga xos illatlar uning qiyofasida mujassamlashgan.
Mutlaq hokimiyatga intilish Horun ar-Rashidning insoniy tabiatini vahshiylashtirgan. U o‘z
hokimyatiga qilingan tajovuzni kechirmaydi, bu tuyg‘u hatto singlisi va Ja’farga bo‘lgan mehr-
shafqatini ham yo‘qqa chiqardi. Horun ar-Rashid atrofini axloqiy tubanlik va razolat egallagan.
Zaydon Horun ar-Rashid hukmron bo‘lgan «oltin asr»ning inqiroz davriga aylanishiga
bosh sabab istibdod ekanini ko‘rsatadi. Adibning mehri Ja’far tomonda. Darhaqiqat, barmakiylar
18
xalifalikda tinchlik va osoyishtalik o‘rnatdilar, davlat boshqaruvidagi ishlarni tartibga soldilar,
shaharlar xavfsizligini ta’minladilar. Vazir mamlakat uchun xalifadan ko‘ra foydaliroq ekani
bilinib qoldi. Ozod qilingan qul shaxsiy xususiyatlari jihatdan aslzoda hoshimiydan yuksak
turardi.
Zaydon romanlaridagi ayollar obrazlari ham diqkatga sazovor. O‘tmishning mashhur
oqila, ma’rifatli ayollari-Abbosa, shoira Leyla al-Axyaliyya, Su-Keyna zakovatli, bilimdon,
yuksak axloq sohibalari sifatida tasvirlanganlar.
Sevgi mavzusi talqinida Zaydon o‘zining didaktik uslubiga sodiq koladi. Yozuvchi o‘z
zamondoshlari arab ayollariga taqlid qilsa arziydigan namunalarni tavsiya etadi, zamondosh
erkaklarni esa, ayolga nisbatan tamomila yangi munosabatda jamiyatning to‘laqonli, teng
huquqli a’zosi sifatida muomala qilishga chaqiradi. Zaydon romanlaridagi muhabbat
mavzusida sentimentalizm ta’siri yaqqol seziladi.
U sevgini musaffo va mo‘’tabar tuyg‘u, buyuk qadriyat va qudratli kuch tarzida
tasvirlaydi. Adibning aksariyat ayol qahramonlari muhabbat yo‘lida zebu ziynat va boyliklardan
voz kechadilar. Zaydon romanlari, ayni chog‘da, axloqiy va aqliy balog‘atga undaydi, asarlarda
kitobxonni tarbiyalovchi, ularda vatanparvarlik hislarini uyg‘otuvchi son-sanoqsiz tarixiy
ma’lumotlar bor. Zaydon turli madaniy saviyadagi kitobxonlarni nazarga olgan holda qalam
tebratdi, ularga tushunarli bo‘lishiga intilib, iloji boricha, sodda tilda yozdi.
Do'stlaringiz bilan baham: |