VI BOB
SURIYa ADABIYoTI
Arab adabiyotida XIX asrda Milliy uyg‘onish (an-Nahda) jarayoni yuzaga keldi. Bu davr
feodal munosabatlarning tanazzuli, milliy - ozodlik harakati va ma’naviy hayotdagi jiddiy
siljishlar zamoni sifatida ma’lum. XIX asrning oxirgi o‘n yilligida Suriyaga xorijiy kapital
ko‘plab kirib kelaboshladi.
Suriyaning kapitalistik bozor munosabatlariga tortilishi, yangi ijtimoiy munosabatlarning
qaror topishi, Suriya xalqining turklar va xorijiy kapital hukmronligiga qarshi kurashi
mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy biqiqlikdan qutilishiga olib keldi. Ingliz, rus
missionerlari tomonidan ochilgan maktablar ham Suriya madaniy hayotida ijobiy rol o‘ynadi.
Suriya ma’rifatparvarlari keng xalq ommasini ma’rifatli qilishni asosiy maqsad qilib
oldilar, vatanlarining ijtimoiy, madaniy rivojlanishi omilini shunda ko‘rdilar. "Arab milliy
burjuaziyasining shakllanishi va milliy o‘zini anglashning o‘sishini qamrab oladigan bu davr
Suriya va Misr uchun, ta’bir joyiz bo‘lsa, fikrlashga qobil aqli butun mavjudot uchun yagona
o‘lchov bo‘lib xizmat qiladigan ma’rifatparvarlik davri vazifasini o‘tadi.”
52
Arab ma’rifatparvarligi va maorifini rivojlantirishga Butrus al-Bustoniy (1819-1883)
katta hissa qo‘shdi. U maktab ochib yoshlarda o‘z madaniyatiga qiziqish hissini uyg‘otdi, arab
tilining izohli lug‘atini tuzdi, ensiklopediya yaratdi. Grammatika, ritorika, poetika bo‘yicha qator
qo‘llanmalar tuzgan Nasif al-Yaziji (1800-1871) ham xuddi shunday mavqega ega.
Bu davrda publisistika ancha rivojlanib, XIX asr arab adabiyotining mustaqil janriga
aylandi. Suriyaning bir qator ko‘zga ko‘ringan ma’rifatparvarlari - Adib Ishoq, Abdurahmon al-
Kavokibiy, Muhammad Kurd Ali, Abdulloh Marrash faoliyati matbuot bilan bog‘liq holda
kechgan.
Suriya matbuoti boshqa arab mamlakatlari kabi milliy o‘zlikni anglashni uyg‘otib,
Sharqning G‘arb bilan bo‘lgan aloqalariga ijobiy ta’sir ko‘rsatdi. Demokratik ro‘znomalar o‘z
sahifalarida o‘quvchiga tushunarli tilda bayon etilgan dolzarb muammolar aks ettirdilar, tashqi
istiloga, diniy ayirmachilikka qarshi chaqiriqlar bilan chiqdilar.
Fransuz ma’rifatparvarlari, jumladan, Russo g‘oyalari Fransis Marrashga (1836-1875)
ta’sir ko‘rsatdi. U adolat, erk, aql g‘alabasiga ishonar, vatandoshlarini fikriy yangilanish,
tafakkurni o‘tmish sarqitlaridan poklashga chaqirar edi.
Marrashning qarashlarini uning singlisi suriyalik ayollardan chiqqan birinchi publisist
Maryana Marrash ham qo‘llab-quvvatlar edi. Uning maqolalari Xalil Sarkisning "Lison al-hol"
gazetasi va Butrus al Bustoniyning "al-Jinon" jurnalida chiqib turar edi. Maqolalarda musulmon
52
Долинина А.А. Очерки истории арабской литературы нового времени. М.:1968.С.40.
107
oilalarida hukm surgan eski urf-odatlar tanqid ostiga olinardi. U vatandosh ayollarni oilada va
jamiyatda o‘z mavqeini tiklash uchun faolroq kurashga da’vat etardi.
Antifeodal kurashning eng ko‘zga ko‘ringan ideologi Abdurahmon al - Kavokibiy edi.
Uning "Shaharlar onasi" va "Istibdod tabiati" asarlarida feodal tuzum sarqitlaridan xoli yangi
jamiyat qurishga da’vat qilinadi. Al - Kavokibiy birinchilardan bo‘lib arablar birligi g‘oyasini
ko‘tarib chiqdi. U jamiyatni yangilash uchun islohotlar bilan birgalikda inqilobiy yo‘lni ham
inkor qilmas edi.
Mamlakatdagi ma’naviy hayotni junbushga keltirgan Uyg‘onish jarayoni adabiyotda ham
jonlanishga olib keldi.
Boshlanishda jur’atsizlik va qat’iyatsizlik bilan boshlangan adabiyot yangilanish harakati
asta-sekin barcha sohalarda yetakchi o‘ringa chiqib oldi. Bu harakat yangi davrdagi ijtimoiy -
iqtisodiy taraqqiyoti tufayli yuzaga chiqqan keng miqyosdagi tarixiy - adabiy jarayon doirasida
davom etdi. Adabiyot sekin - asta o‘zining elitar xarakterini yo‘qotib bordi. Vaqtli matbuot,
kitob nashrining yo‘lga qo‘yilishi, Yevropa yozuvchilari asarlaridan qilingan tarjimalarning
ko‘payishi adabiyot vazifalarining tubdan o‘zgarishiga olib keldi, uni ijtimoiy hayotning muhim
omiliga aylantirdi. Adabiyotda dunyoviylik birinchi o‘ringa chiqadi: hayotiy tuyg‘ular, voqeiy
turmush haqidagi oqilona mulohazalar kitoblar sahifasidan mistikani, taqvodorlik kayfiyatlarini,
mavhum nasihatgo‘ylikni siqib chiqardi. Adabiyotning an’anaviy janrlari - qasida, maqola,
g‘azal o‘z o‘rnini yangi - hikoya, roman, drama janrlariga bo‘shatib berdi.
Hikoya janri arab adabiyoti uchun yangi va uning kelib chiqishi haqidagi masala
mubohasali hisoblanadi. Ba’zi bir arab adabiyotshunoslari va tanqidchilari arab hikoyachiligi
Qur’on va o‘rta asr maqollaridan boshlangan, deb hisoblashadi. Boshqalar (Yahyo Haqqiy, Saloh
Dixniy) arab novellasining ildizini Yevropaga nisbat berishadi. "Evropadan esgan shabadalar, -
yozadi Yahyo Haqqiy, - arab tuprog‘iga novellaning ajoyib urug‘larini olib keldi. U bilan
tanishuv dastlab tarjimalar orqali yuzaga keldi."
53
Bizningcha, Suriyaning taniqli yozuvchisi Abdussalom al-Ujaylining fikri haqiqatga
yaqinroqdir. U Suriya hikoyachiligiga nafaqat Yevropa yozuvchilarining novellalari, balki
maqoma, "1001 kecha ertaklari" kabi an’anaviy janrlar ham katta ta’sir ko‘rsatgan, deb
hisoblaydi.
Suriya hikoyachiligining ilk boshlovchilari sifatida Fransis Marrash, Nu’mon al-Kastali,
Shukri al-Asali, Antuan as-Sakala nomlarini zikr etish lozim. Ilk suriyalik novellistlar o‘z ijodida
jamiyatning dolzarb masalalarini qalamga olar edilar. Ularning asarlarida tenglik, Suriyaning
siyosiy istiqloli haqidagi ma’rifatparvarlik g‘oyalari o‘z aksini topdi, ular musulmon ayolining
oilada, jamiyatda tutgan o‘rni masalasini kun tartibiga qo‘ydilar, eski urf - odatlar, an’analarni
qattiq tanqid qilib chiqadilar. Ularning asarlari shakl jihatidan o‘tish davriga xos, an’anaviy
bayon uslubi va sajdan asta - sekin yangi uslubga, sodda va tushunarli tilga o‘tish jarayonini
o‘zida aks ettirar edi. Publisistik uslub, didaktika, ochiqdan - ochiq pandgo‘ylik Marrashning
ham, Kastalining ham, al-Asalining ham asarlarida yaqqol ko‘zga tashlanib turadi.
Birinchi jahon urushidan so‘ng Suriya Fransiya tasarrufiga o‘tdi. Yangi tarixiy sharoit,
madaniyat, ideologiya tizimidagi o‘zgarishlar, fransuzlar ta’siridan o‘zini saqlashga intilish,
milliy o‘ziligini anglashning o‘sishi yozuvchilar oldiga yangi vazifalar qo‘ydi. Bu jihatdan "Arab
akademik yozuvchilarining ilmiy jamiyati" (ar-Rabita al-adabiya - 1921) faoliyati diqqatga
sazovordir.
Jamiyat a’zolari arab tili muammolarini, arablarning ko‘p asrlik tarixini, ularning ilmiy
va madaniy merosini o‘rganishga alohida diqqat qilar ekanlar, bu orqali suriyaliklarning milliy
o‘zligini anglashiga, ularda vatanparvarlik tuyg‘ularini mustahkamlashga, arab tilidagi
adabiyotni yoyishga ijobiy ta’sir ko‘rsatdilar. Adabiyotga XX asrning 20-30 - yillarida kirib
kelgan yozuvchilar ularga qarshi turdilar. Ammo Yevropa yozuvchilari asarlari, Suriya -
Amerika muhojirlar adabiy maktabi an’analari ta’sirida shakllangan bu adiblar jamiyatni
o‘zgartirish haqidagi inqilobiy g‘oyalariga ergashib, qadimparastlarni tanqid qilishar, ularni
53
Иностранная литература. 1960. №9. С.281.
108
dolzarb muammolarni ko‘tarib chiqadigan yangi adabiy janrlarda asar yaratishga da’vat etardilar.
Fuad ash-Shaibning realistik hikoyalari yaratilishiga hali ikki o‘n yillik muddat o‘tishi
lozimligiga qaramay aynan ana shu davrda adabiyotning jamiyat hayotidagi vazifasini yangicha
baholashga, voqelikni yangi shakllarda ifodalashga qaratilgan harakat yuzaga kelgan edi.
Suriyada hikoya janrining rivojlanishiga Ma’ruf al-Arnaudt, Xalil Hindavi, Idvar Murkas
va boshqalarning tarjimonlik faoliyati ijobiy ta’sir ko‘rsatdi. Bu haqda Suriyada realistik hikoya
janrini boshlab bergan Fuad ash-Shaib bunday yozgan edi: "Men yozishdan ko‘ra ko‘proq
o‘qishni xush ko‘radigan yozuvchilar avlodiga mansubman. Oldiniga biz asotiriy adabiyotni
o‘qir edik. Keyin Shekspirni, Rasinni, Kornelni o‘qidik, undan keyingina Volterni, Russoni,
Fransni, Zolyani, Mopassanni o‘qishga jur’at etdik. Axir, M.Gorkiyni bilib Dostoyevskiyni
bilmaslik mumkinmi? Axir, bizni Tolstoy, Turgenev, Pushkin tomonga yetaklagan shu emasmi?
Axir, arab novellisti jahon adabiyotida bu janr bosib o‘tgan yo‘l bilan tanishmasdan turib
arabcha hikoya yozishga kirishishi mumkinmidi?"
54
Suriyada hikoya janrining tug‘ilishi va rivojlanishida matbuotning roli katta bo‘ldi.
Aynan matbuot sahifalarida bu yangi janr sinovdan o‘tkazildi. O‘quvchilarning keng doiralariga
mo‘ljallangan, hajman matbuotga mos hikoya janri Suriya ziyolilarining ilg‘or qatlamlari
g‘oyalarining targ‘ibotchisiga aylandi. Gazeta va jurnallar orqali suriyalik o‘quvchilar Misr va
Livan yozuvchilari asarlari bilan tanishish imkoniyatiga ega bo‘ldilar. Suriyada hikoya janrining
shakllanishiga sabab bo‘lgan omillar haqida so‘z yuritilidigan bo‘lsa, albatta, Suriya - Amerika
maktabi yozuvchilari haqida gapirishga to‘g‘ri keladi. Jubron Jalil Jubron, Amin ar-Rayhoniy,
Mixail Nuayme va boshqalar ijodi yangi arab adabiyotining rivojlanishiga barakali ta’sir
ko‘rsatdi.
Adabiyot 20-30 - yillarda romantik yo‘nalishda rivojlanib bordi va bu hol, so‘zsiz, g‘arb
adabiyoti ta’sirida yuzaga keldi. G‘arbiy Yevropa modernizmi Suriya milliy sharoitida
romantizm xislatlarini o‘zida ifoda etdi. Romantik yo‘nalishdagi asarlar, odatda, o‘ta tushkunlik
ruhida edi. Bunga tarixiy sharoit ham sabab bo‘lgan edi. Jamiyatdagi ilg‘or kuchlar umid
bog‘lagan 1925-27 yillardagi isyonning mag‘lubiyati liberal millatchilikning tanazzuliga sabab
bo‘ldi. Uning mafkurachilari - romantik adabiyot vakillari vujudga kelgan sharoitdan qutulish
yo‘lini topa olmadilar va bu holat ularning ijodida aks etdi.
Subhi Abu G‘anim, Sami al-Kayali hikoyalarida ishqiy-maishiy mavzular yetakchilik
qildi. Abu G‘animning "O, tun", "G‘am", "Men va she’riyat", "Yig‘lama" nomli asarlari
qahramonlari irodasiz, bo‘shang, hayotdan bezgan odamlar. Ular o‘z shaxsiy kechinmalarining
biqiq doirasida cheklanib qolganlar, atrofdagi voqelik ularni faqat iztirobga soladi, ularda
yovuzlikka qarshi kurash intilishni qo‘zg‘atmaydi. Ular yoki tabiat qo‘ynida taskin topadilar
yoki mavhum xayollarga beriladilar.
Suriyalik tanqidchilar hikoya janrida realistik unsurlarning paydo bo‘lishini Ali Xalqi
nomi bilan bog‘laydilar. Ali Xalqi o‘z zamonasi adabiyoti haqida fikr yuritar ekan, o‘z ijodining
ma’naviy va estetik manbalariga ishora qiladi: "Biz mamlakatning ruhiy ozodligi, siyosat haqida
gapirdik, adabiyotdagi konservatorlar va novatorlar kurashi borasida bahslashdik. Biz Taha
Huseyn, Saloma Muso, Ismoil Mazhar asarlarini berilib o‘qidik... Men Pushkin, Dostoyevskiy,
Gorkiy, Bayron hayoti va ijodini chuqur o‘rgandim."
55
Ali Xalqiyning real voqelik manzaralarini haqqoniy tasvirlovchi hikoyalari sevib o‘qilar
edi. «Qiz» hikoyasida ("Bahor va kuz" to‘plami, 1931) Ali Xalqi muhabbat asosida oila qurishni
yoqlab chiqadi, «Tanus amaki» esa hayot haqida qoloq tasavvurlar, sarqitlarning tanqid ostiga
olinishi bilan qiziqarli. Salaflaridan farqli ravishda Ali Xalqi bosh qahramon obrazini ochib
berishga ko‘proq diqqat qaratadi. Buning uchun har xil badiiy usullardan (dialog, monolog,
portret chizgilari) foydalanadi, ular sekin - asta Suriya hikoyanavisligidagi bayonchilik
unsurlarini surib chiqaradi.
Muhammad an-Najjor hikoyalarida ("Damashq koshonalarida", 1937) burjuaziya va
ruhoniylarning riyokorligi, ikkiyuzlamaligi, konservativligi ochib tashlanadi. muallif o‘z davriga
54
Мустафо Шокир. Иккинчи жаҳон урушидан олдинги даврдаги Сурия ҳикоянавислиги. Бейрут. 1958. Б.47.
55
Мустафо Шокир. Иккинчи жаҳон урушдан олдинги Сурия ҳикоянавислиги. Бейрут. 1958. Б.277.
109
nisbatan jasorat bilan shaxs erkinligi haqidagi g‘oyalarni ilgari suradi, ayrim zodagonlar va
burjuaziya qatlamlaridagi molparastlikni tanqid qiladi.
Suriya realistik hikoyanavisligining shakllanishida Fuad ash-Shaibning ulushi
salmoqlidir. U ham oldin zikr etilgan adiblar kabi professional yozuvchi emas edi. Shunga
qaramay oz sonli hikoyalar ("Jarohat tarixi", 1944) va "Amaldorning pullari" romani uning
ajoyib yozuvchiligini ko‘rsatdi.
Fuad ash - Shaib hikoyalarida ilk bor mehnat kishisi tasvirlandi. Bu och-nahor Hamidan
va aravakash Juma ("Mashinaning o‘limi", "Ro‘za tugagunga qadar"). Ammo insonlarning azob
- uqubati muammosi yozuvchini ijtimoiy jihatdan emas, ko‘proq psixologik planda qiziqtiradi.
muallifni ko‘proq och - nahor Hamidanning ijtimoiy ahvoli, ehtiyojlari emas, balki ovqat topish
ilinjida sargardon yurganidagi ruhiy holati qiziqtiradi. Ash - Shaibning xizmati shundaki, u
hikoya janrini mazkur janrni xarakterlaydigan xususiyatlari bilan adabiyotga olib kirdi. Uning
asarlaridan ilgarigi adabiyotga xos didaktika, safsatabozlik yo‘qoldi. Shaib hikoyalarining
kompozisiyasi ravon va uyg‘un. Voqealar tabiiy ravishda kechadi, qahramonlar xatti - harakati
mantiqan o‘zaro bog‘liq. Asar g‘oyasini ochishda yozuvchi tashqi detallar, nafis chizgilardan
unumli foydalanadi.
"Qariqiz" hikoyasidagi bosh qahramon - Nur deyarli gapirmaydi. Ammo yozuvchining
qisqagina replikalaridan o‘quvchi Nurning tanholigi, singlisiga hasad qilishini bilib oladi. "O‘lim
farishtasi" hikoyasida bir vaqtning o‘zida ham eri, ham o‘g‘li o‘lim to‘shagida yotgan ayol
obrazini tasvirlar ekan, yozuvchi uning pala-partish kechinmalarini ochiq tasvirlamaydi, unga
kim azizroq ekanini aytmaydi. O‘quvchi uning hayajon bilan goh eri, goh o‘g‘li to‘shagi yoniga
yugurishidan ayolga eri ham, o‘g‘li ham birdek aziz ekanini anglaydi. "Ro‘za tugagunga qadar"
hikoyasida bozor, loviya solingan qozon va boshqa narsalar tasviriga ko‘p o‘rin ajratiladi. Bu
ashyolardan och-nahor Hamidanning holatini, bozorda sandiroqlab, ovqat hidi chiqqan har bir
teshikka hirs bilan qaraganini tasvirlash vositasi sifatida foydalanilgan.
Suriyalik novellistlar guruhi urushdan oldingi vaqtda kam sonli edi. Bu davrda ularning
ijodiy metodi, dunyoqarashi turli bo‘lishiga qaramay o‘z zamonasidagi urf-odatlar, feodalcha-
islomiy an’analarni tanqid qilishda bir yoqadan bosh chiqarar edilar. Ularning asarlariga
zamonaviy jamiyat hayoti, uning barcha axloqiy-maishiy, ijtimoiy muammolari shiddat bilan
kirib bordi. Adabiyotda sekin - asta an’anaviy janrlardan chekinish, yangi shakllarga murojaat
qilish, tilni takomillashtirish tamoyillari namoyon bo‘lib bordi.
Ikkinchi jahon urushi davrida Suriya adabiyoti undan keyingi davrga qaraganda sust
rivojlandi. 1935 yilda Damashqda K.Ayyad boshliq bir guruh ziyolilar tomonidan "at-Talia"
("Avangard") jurnali nashr etila boshladi. Bu jurnal 1945 yilda Bayrutda chop qilingan
antifashistik mashhur jurnal "at-Tarix" ("Yo‘l")ning salafi edi.
Mamlakatda 1925-1927 yillardagi isyondan keyin yuzaga kelgan publisistika taraqqiyoti
va g‘oyaviy harakatlar natijasi o‘laroq paydo bo‘lgan "at-Talia" jurnali mamlakatda ilk bor izchil
ravishda jamoatchilik fikrini mehnatkashlar ahvoliga qaratdi, uni o‘zgartirish yo‘llarini ko‘rsatdi.
Jurnal sovet madaniyatiga ham katta qiziqish bilan munosabatda bo‘ldi.
O‘z salafi an’analarini davom ettirgan "at-Tariq" jurnali, o‘z sahifalarida ilg‘or Yevropa
madaniyatini o‘zlashtirishga intilayotgan yozuvchilar asarlarini bosib chiqarar, ayni chog‘da,
mumtoz milliy madaniyatning ilg‘or an’analari bilan ham aloqani uzmas edi. Shu sababdan ham
bu jurnal bilan hamkorlik qilgan yozuvchilarning ko‘pchiligi urushdan keyingi davrda arab
adabiyotidagi demokratik yo‘nalishning o‘zagini tashkil etdilar.
Do'stlaringiz bilan baham: |