Suriya hikoyasi hozirgi bosqichda
Har bir o‘n yillikda Suriya adabiyotida novella janrini rivojlantirgan yangi nomlarni
yuzaga chiqadi. Gada as-Saman, Abdulloh Abd, Nodiya Xost, Muhsin G‘anim, Mustafo Hallojiy
va boshqalar hozirgi bosqichda inson va jamiyat mavzusini qalamga olmoqdalar. Ular ijodi
Suriya xalqining kundalik hayotidan sarchashma oladi. Ular ijodiga xos dolzarblik, xalqchillik,
gumanizm o‘quvchilar diqqatini o‘ziga jalb etmoqda. Arab tanqidchilari bu yozuvchilarni
an’anaviy yo‘nalishga mansub deb hisoblaydilar. Bu o‘rinda an’anaviylik so‘zini orqaga qaytish,
vatandoshlar ongiga diniy, millatchilik, antigumanistik g‘oyalarni singdirish deb tushunmaslik
kerak. Arab tanqidchilari yozuvchilarni "an’anaviy" deb xarakterlaganda ularning Liga
yozuvchilari g‘oyalari bilan uzilmas aloqalarini, yaqinliklarini, voqelikni tasvirlashda an’anaviy
realistik metodga amal qilishlarini nazarda tutadilar.
116
Suriyada 1960 - yillarda bir guruh yozuvchilar maydonga chiqdilarki, ularning ijodida
ongli ravishda realizmga qarshi isyon sezila boshladi. Buning sababi ular realizmni bevosita
marksizm falsafasi bilan bir narsa, deb talqin qilishlarida edi. Shu bois Suriya yozuvchilarining
realizmga bo‘lgan intilishlari to‘siqqa uchradi. Gazeta va jurnallar sahifalarida yozuvchilarning
ingliz-amerika va Fransiya adabiyotiga yaqinlashib borayotgani sezila boshladi. 1965 yilda "al-
Ma’rifa" jurnali "Sizning ijodingiz biror xorijiy yozuvchi ta’sirini o‘zida aks ettiradimi?" degan
savol bilan murojaat qilganida ko‘pchilik yozuvchilar Sartr, Kamyu, Joys, Kafka nomlarini tilga
oldilar. Bundan keyingi davrda ekzistensializm falsafasi ta’sirida bo‘lgan yozuvchilar
asarlaridagi personajlar jamiyatdagi ochiq kurash o‘rniga o‘zlarining ichki psixologik kurashlari
bilan band bo‘ldilar, mavhum falsafiy muammolar ifodachisiga aylandilar.
Bu yillarda kuzatilgan realizmdan chekinish o‘zining siyosiy sabablari, ijtimoiy ildizlari,
madaniy omillariga ham ega edi. Mamlakatdagi murakkab siyosiy holat, turli mafkuralar
orasidagi kurash, asrlar osha davom etib kelayotgan islomiy va feodal an’analar, Isroil bilan
bo‘lgan urushdagi mag‘lubiyat alami, mamlakating bir qism hududi bosib olinishi - bularning
barchasi mamlakatda realistik adabiyotning rivojlanishi uchun noqulay sharoitni vujudga
keltirdi.
Suriya adabiyotini mexanik tarzda realistik va modernistikka ajratish qiyin. Aksar
hollarda yozuvchilar ijodida ham realistik, ham modernistik tamoyillar yonma-yon mavjud
bo‘lib, o‘zaro to‘qnashadi va kurashadi. Yozuvchilar ijodida hayotning murakkab, ziddiyatli
masalalari har xil individual uslub va janrlar orqali o‘z ifodasini topadi. Zakariyo Tamer, Jorj
Salim va boshqalar hikoyaning shu vaqtgacha arab adabiyotida misli ko‘rilmagan turlarini
yaratdilar. Epik vazmin, keng qamrovli voqealar bayoni o‘rnini o‘quvchi bilan muloqotga
asoslangan murakkab shakllar egalladi. Yozuvchilar o‘z g‘oyalarini majoz, istioralar vositasida,
bayonga ertak va fantastika unsurlarini kiritgan tarzda ifodalay boshladilar. Yozuvchining ijodini
kuzatib borayotgan arab tanqidchilari Zakariyo Tamerni " hayot dahshatlari va go‘zalliklari
kuychisi" deb atashadi. Misrlik tanqidchi Sabri Xofiz Tamer haqida bunday yozadi: "Bu
yozuvchi hayotdagi o‘rnini tinimsiz mehnat orqali egallar ekan, dunyoga g‘alati, hayrona ko‘zlar
bilan nigoh tashlaydi va ko‘p odamlar ko‘rmagan narsalarni ko‘radi. U hayotni boshqacha, odat
tusiga kirgandan o‘zgacha mushohada etadi. Bu qip - yalang‘och, jarohatli qalb
mushohadasidir".
65
Zakariyo Tamer yozuvchilik uslubining o‘ziga xosligi nimada ko‘rinadi? Ko‘pgina arab
yozuvchilari kabi urush va tinchlik, jamiyatni qayta qurish, qoloqlik, jaholat, xurofotga qarshi
kurash, qashshoqlarning fojealari uning ham diqqat markazida turadi. Bu masalalarni yoritishda
Tamer, albatta, arab yozuvchilari ichida birinchi emasdi. Ammo yozuvchi ijodida arab adabiy
an’analariga xos poetik ramzlar hozirgi zamon jahon adabiyoti uslublari bilan uyg‘unlashib
ketgan. Uning adabiy uslubiga xos xislat so‘zdagi tejamkorlik, sipolik, uslubdagi izchillik va til
ifodaliligidir. Tamer uslubining o‘ziga xosligi majozga, ramzlarga tez-tez murojaat qilishda,
realistik bayonga ertak unsurlarini kiritishda namoyon bo‘ladi.
"Qush" hikoyasida realistik bayon fantastika bilan qorishib ketadi. Abbos och. Uyidagi
mushuklar ham uning o‘zidek och. Bir och boshqa ochning qornini to‘yg‘aza olmaydi.
“O‘zlaring qorin g‘amini yenglar,” - deydi Abbos mushuklarga alam bilan. Uning ongida butun
dunyoni portlatishga qodir bomba loyihasi pishib yetiladi. Mushuklar undan bu ishni qilmaslikni
so‘rashadi, evaziga esa unga uchish uchun qanot berishadi. "U quvonch bilan yer uzra parvoz
etadi. Uning dahshatli g‘azabi qayoqqa ketdi? Abbosning qalbida odamlarga nisbatan cheksiz
muhabbaat jo‘sh uradi. Baxtiyorlikdan yig‘lagisi keladi".
66
Lekin dam o‘tmay u yerga qulab
tushadi. Uning erkin, baxtli hayot haqidagi barcha orzulari sarob bo‘lib chiqadi.
"Kichkina qalb" hikoyasidagi kambag‘al Abu Fahid bir kuni mast holda uyiga qaytayotib
yo‘lda bir qo‘zichoqqa duch keladi. U xursand bo‘lib, och o‘tirgan oilasi qornini to‘ydirish
uchun qo‘zini uyiga qarab sudraydi. Ammo bu oddiy qo‘zi bo‘lmaydi, balki devlar podshohining
bolasi ekani ma’lum bo‘ladi. Qo‘zi inson ovozi bilan Abu Faxiddan uni qo‘yib yuborishni
65
Закария Тамер. Ёнғинда қолган Дамашқ. М. 1977.
66
З.Тамар. Ўша китоб.
117
so‘rab, evaziga yetti ko‘za oltin va’da qiladi. Uyiga qaytgach Abu Faxid xotiniga bo‘lgan
voqeani gapirib beradi, u esa oltinni olmaguncha qo‘zichoqni qo‘yib yubormaslikni uqtiradi. Er-
xotin yangi uy, farovon hayot, bola-chaqaning yorqin kelajagi haqida hayol surib ketadilar.
Lekin ertasi kuni Abu Faxid kechagi joyda qo‘zichoqqa duch kelmaydi, o‘zi esa mast bezori
qo‘lida halok bo‘ladi.
Zakariyo Tamer o‘zi jamiyatning qashshoq tabaqalaridan chiqqani bois arab qashshoqlari
hayotini yaxshi bilardi. Uning anduhli, lirik hikoyalari esa yozuvchining tashvishlarini, oddiy
odamlarga bo‘lgan hamdardligini ifodalaydi.
Abdulla ibn Sulaymon tez-tez nima uchun Olloh unga o‘xshash bechoralarga rahm
qilmasligi haqida o‘ylar edi. U umr bo‘yi mehnat qilar, lekin oyog‘ida poyafzali yo‘q edi.
Nihoyat, u taqdiriga qarshi borishga qaror qiladi. Kunlardan bir kuni u bir yo‘lovchining yo‘lini
to‘sib oyog‘idagi poyafzalini tortib oladi. Shu damda polisiya mashinasi kelib qoladi va
Abdulloni hibsga oladi. Hikoya yozuvchining quyidagi achchiq kinoyasi bilan tugaydi: "Bu
ishning nihoyasi buyuk Olloh o‘lim yuborishini kutmasdan poyafzallik bo‘lishni xohlab qolgan
yalangoyoqlarga yaxshi ibrat bo‘ladi".
Suriya adabiyotida an’anaga aylangan ijtimoiy tengsizlik mavzusi Suriya yozuvchilari
uyushmasining tashkilotchisi va raisi Jorj Salim ijodida ham salmoqli o‘rin egallaydi. Uning
"Kambag‘al odamlar" nomli hikoyalar to‘plami nashrdan chiqqanida arab tanqidchilari bir
ovozdan uni Liganing demokratik an’analarini davom etdirib kelayotgan yozuvchilar guruhiga
qo‘shib quydilar. Yozuvchi hikoyalarining qahramonlari kambag‘al odamlar. Yozuvchi ularning
falokatlarga to‘la, umidsiz hayotini ko‘rsatish orqali ijtimoiy muhitni tadqiq etadi. "Qabr"
hikoyasida u faqatgina narigi dunyoda nasib qilishi mumkin bo‘lgan yaxshi hayot to‘g‘risida
orzu qilishga imkon qoldiradigan qashshoqlik tasvirini beradi. Hikoya qahramoni bir umr keng
uy, farovon hayot to‘g‘risida xayol suradi, lekin umrini kambag‘allikda, tor uyda o‘tkazadi.
O‘g‘li uning dardini yengillashtirish uchun morfiy olib kelganida, deydi: "Tiqilinchlik, dard -
yomon narsa, dori ham kerak emas, menga kenggina qabr kerak". Hikoya o‘g‘ilning monologi
asosida qurilgan, u biror narsani o‘zgartirishga qodir emas, shundan aziyat chekadi. Aptekachi
unga morfiy taklif qiladi, bu - uning onasiga ozgina vaqtga bo‘lsa ham o‘zini tashvishsiz va
baxtli sezish imkonini beradigan yagona vosita.
"Arzimas voqea" asaridagi yosh, ammo tinka - madori qurigan qiz vrach kabineti yonida
uni kuta-kuta jon beradi. Poliklinika egasi va uning yaqinlarini qizning o‘limi tashvishga
solmaydi, balki ular bu voqea poliklinika va do‘xtirlar obro‘yiga putur yetkazishidan tashvishga
tushadilar. Bu achinarli manzarani kuzatgan roviy inson hayotining qadr-qimmati haqida o‘y
surib ketadi.
"Bolalar" hikoyasi kontrast asosiga qurilgan. Hikoyaning boshi yoqimli, kishiga
xursandchilik bag‘ishlaydi. Quyosh charaqlab turibdi, bahor ayyomi, bog‘da qushlar sayraydi.
Qabriston yaqinidagi bu bog‘da o‘ynab yurgan bolalar beixtiyor noxush manzara guvohi
bo‘ladilar. Bir qizchani dafn qiladilar, ammo negadir jasadni tobutsiz qabrga qo‘yadilar
(hikoyada masihiy oila to‘g‘risida so‘z boradi). Bolalar ruhoniydan buning sababini
so‘raganlarida u kambag‘allar hatto o‘z yaqinlarini odamlarga o‘xshab ko‘ma olmaydilar ham,
deb javob beradi. Bu gap ta’sirida bolalar diliga dard, va kelajaklariga nisbatan qo‘rquv o‘rmalab
kiradi.
J.Salim mutafakkir san’atkor bo‘lgani bois ijtimoiy zulm odamlarni mayib-majruh
qilishini, ularning uyg‘un rivojlanishiga xalaqit berishini tushunadi. Lekin adibning hikoyalarini
o‘qir ekanmiz, ularda ziddiyat yetishmasligini his qilamiz, yozuvchining hayotiy pozisiyasini
ilg‘ab ololmaymiz. J.Salim "Jo‘nash", "Tashnalik tarixi" to‘plamlariga kirgan hikoyalarida o‘z
qahramonlarini ijtimoiy voqelikdan ajralgan holda tasvirlaydi, ularni tez-tez o‘zgarib turadigan
ijtimoiy-iqtisodiy sharoitdan yuqori qo‘yadi. Uning asarlarida ko‘pincha nohaqlik tarixdan,
zamondan tashqarida tasvirlanadi. Ularda yozug‘, taqdir alohida ahamiyat kasb etadi. Qator
hikoyalar personajlari o‘tmishni qoralaydilar, o‘zlari yashab turgan shahardan nafratlanadilar.
Biz ularda o‘z g‘azabini pinhon tutib qahvaxonada, sahroda tanho o‘tirgan yoki ko‘chalarda,
yovvoyi tabiat qo‘ynida kezib hayotni, odamlarni la’natlab yurgan qahramonni ko‘ramiz.
118
"Jo‘nash" to‘plami hikoyalaridagi qahramonlar g‘ayri-tabiiy holatlarda yashab, tafakkur
qiladilar. Ular shartli "Sin" harfi bilan ataladilar. "Poezd" hikoyasida Sin kutilmaganda o‘zini
yurib ketayotgan poezdning bir vagonida o‘tirgan holda ko‘radi. "Men qanday bu yerga kelib
qoldim, meni bu vagonga kim chiqazib qo‘ydi, oldin qaerda edim?" - so‘raydi u o‘zidan.
Hikoyada yurib ketayotgan poezd - hayot ramzi, uning uzluksiz harakati, shodliklari, qayg‘uli,
bayramlari, inson hayotidagi oddiy kunlari timsoli. Poezdda juda ko‘p turli yosh va kasbdagi
odamlar bor. Ular orasida hayotni falsafiy talqin qilishga uringan donishmand munajjim obrazi
diqqatga sazovor. Hikoya boshidan oxirigacha Sinning hissiyotlari bayoni asosiga qurilgan
bo‘lib, u qadam - baqadam munajjim yordamida bu g‘alati poezdning tuzilishini kashf etib,
uning shafqatsiz va ildam harakatiga ko‘nikib boradi. Sinning bu safar qachon tugaydi, degan
savoliga munajjim faqat o‘lim kishini bu intihosiz harakatdan xalos qiladi, deb javob beradi. Sin
g‘ildiraklarning surunkali tiqir-tiqiri ostida uyquga ketar ekan, birdaniga to‘xtovsiz oldinga
intilayotgan, o‘lim nomli noma’lum manzilga shoshayotgan bu poezdning to‘siq bilmas
harakatiga ko‘nikish, bo‘yin egish lozimligini anglaydi.
Valid Ixlosi, Zakariyo Tamer ijodidagi modernizm konsepsiyasiga xos ekzistensializm,
irrasionalizm, fenomenologizm, mifologizm va boshqalarga hayotni diniy konsepsiya asosida
tushinishni qo‘shdi. Uning ijodida ezgulik va adolatning to‘la g‘alabasi yo narigi dunyo bilan
yoki oxirat bilan bog‘lanadi. Uning falsafasidagi itoat, mo‘minlik, zulmga qarshi bosh
ko‘tarmaslik, kechirimlilikning ildizi shu yerda.
"Chig‘anoq" hikoyasida insonning o‘zi yashayotgan jamiyatdan begonalashib yurishi -
odamovilik muammosi qalamga olingan. Qahramonga hayotdagi hamma narsa - universitet,
sayohatlar, oila - nasib etgan, hayotga qiziqishi, bolalari bor. To‘satdan uni sotsial letargiya -
befarqlik o‘z domiga tortadi. Asta-sekin qahramonni muhit bilan bog‘lab turgan ijtimoiy rishtalar
zaiflashib, yo‘q bo‘lib ketadi. Uzlat, tanholikka intilib, u katta chig‘anoq ichiga kirib yashay
boshlaydi. Lekin bu yerda ham azob-uqubatlar uni tinch qo‘ymaydi. Haligacha u ruhiy
qiynoqlardan aziyat chekkan bo‘lsa, endi chidab bo‘lmas jismoniy azoblar iskanjasiga oladi. U
o‘rnidan turish, yurish imkoniyatidan ham mahrum bo‘ladi. Yaqinlari yodiga tushadi, ularni
yordamga chaqiradi. Uning ko‘z o‘ngida alpgavda shayxning bahaybat soyasi paydo bo‘ladi.
Ammo uning yolborishlari behuda ketadi. Shayx uni tanholikda azob chekib o‘lishga mahkum
etib, yolg‘iz tashlab ketadi. "Dilingdagi nur so‘ndi, qalbing qurib, bir parcha yog‘ochga aylandi,
u endi a’zolaringni oziqlantirishga qodir emas" - deydi shayx uni tashlab ketayotganida.
"Katta mehmonxona", "Soqovlar so‘zlashuvi", "Golgofaga ko‘tarilish" asarlarida dunyo
qora bo‘yoqlarda tasvirlanadi. Inson tasodifan hayot girdobiga otilgan, u cheksiz mashaqqatlar,
og‘ir va umidsiz qiynoqlardan so‘ng o‘limga mahkum. Umrbod qashshoqlik, bir luqma non
uchun kurash, doimiy qo‘rquv va xavotirlik insonning sillasini quritadi, undagi o‘z ideallari
yo‘lida kurashish istagini so‘ndiradi.
"Tashnalik tarixi" to‘plamidagi "Bulutga aylangan odam" hikoyasida tasvirlangan davlat
idorasi xodimi har doim ishdan haydalish qo‘rquvi ostida yolg‘izlik azobini chekib yashaydi.
Salim talqinida hayotda reallik va irreallik orasida chegara yo‘q, hayot chegarasizlik, absurd va
alg‘ov-dalg‘ovdan iborat. Hikoya g‘oyasi xodim va osmondan farishta qiyofasida tushgan bola
obrazlari orqali ochiladi. Yerdagi hayot qahramonni jonidan to‘ydiradi va u nigohini osmonga
qaratadi, bulutlarga havas qiladi, boshqa dunyoga ketgisi keladi; bola uning orzusini ro‘yobga
chiqaradi, qo‘lidan tutib, ochiq fazoga sayohatga olib ketadi.
Muta as-Safadi, Valid Ixlasi va boshqalar hikoyalarida odamovilik muammosi
qahramonlarda sarosimalik, hamma narsani zer-zabar qilish to‘yg‘usini uyg‘otgan bo‘lsa, Salim
asarlarida bu muammo hayotning butunlay ma’nisizligini, o‘lim haqligi e’tirofiga olib keladi.
"Shahar chetida" hikoyasidagi yigit yarim tunda qahvaxonadan qaytar ekan yo‘ldan
adashib, uyini topaolmay qoladi. Uning kun bo‘yi uyini topishga qilgan harakatlari zoye’ ketadi.
U uydan ham, xotindan ham, bolalardan ham mahrum bo‘ladi. Dallol unga yordamga qo‘l
cho‘zadi. U yigitga turli uylarni ko‘rsatadi, lekin yigit yana ularni yo‘qotib qo‘yaveradi, topa
olmay yuraveradi. Kutilmaganda dallol unga ajoyib uy topgani va u bu uyni hech qachon
yo‘qotib qo‘ymasligini, eng muhimi, bu uyda u o‘zini yolg‘iz va g‘amgin sezmasligini aytadi.
119
Dallol topgan uy shahar chetidagi manzarali sayhonlikda joylashgan. Dallol yigitni qabrga
ko‘madi. Yozuvchi talqinida dunyo ma’nosiz, uning qo‘ynidagi inson esa ojiz va notavon,
falokatlar, dunyoning yugur-yugurlaridan qutulishning yo‘li esa - o‘lim, qabr. Faqat shu yerda
inson, nihoyat, orom oladi, o‘z hayotining ma’nosizligi, maqsadsizligini anglab yetadi. Shu yo‘l
bilan o‘lim g‘oyasini Salim umumiy, mutlaq darajaga ko‘taradi. Modernizmning boy ifoda
uslubidan Salim bayondagi uzuq-yuluqlik, turli zamonlarning qorishib kelishiga ko‘proq
murojaat etadi.
Salim personajlarini hatto muhabbat tuyg‘usi ham hayot azoblaridan qutqaraolmaydi. Sin
bir qizni sevib qoladi ("Jo‘nash" hikoyasi). Shu vaqtda Sinni telegramma orqali uyiga chaqirib
qolishadi. Oshiq-ma’shuqlar bir-biridan ayrilishiga to‘g‘ri keladi. Bundan ular ko‘p iztirobga
tushadilar. Yoshlarning o‘zaro suhbatidagi qisqa, uzuq-yuluq iboralar ularning qayg‘uli ahvolini
ifodalaydi. Ular norozilik bildirish, muhabbatlarini himoya qilishga qodir emas. Qayg‘u,
umidsizlik, biror narsani o‘zgartirishdan ojizlik, ularning ahvoli-shu. "Poezd" hikoyasida
hayotning beshafqat ritmi ko‘rsatilgan bo‘lsa, bu yerda, aksincha, zamon va hayot to‘xtab
qolgandek, dunyoda yurakni o‘rtovchi muhabbat tuyg‘usi va judolik alamidan o‘zga narsa
yo‘qdek.
Salim hikoyalari sahifalarida hukm suradigan e’tiqodsizlik na zamoniy, na ruhiy
chegarani biladi, u qandaydir mavhum substansiya - mohiyat kabi chayqalib turaveradi, shu
sababdan uni tahlil va tafakkur qilish ma’nosizdek tuyuladi.
Borliq va shaxsning ekzistensializmga xos konsepsiyasi Suriya adabiyotida 60-yillarning
boshlarida kuchaydi. Adabiy jarayonda kuzatilgan bu bo‘hronli holat ham arab, ham xorijlik
olimlar tomonidan o‘rganilayotir. Suriyalik olim Ali Solih Ali Suriya adabiyotida kuzatilgan
realizmdan chekinishni bunday izohlaydi: “Bu - Liganing tarqalib ketishi tufayli realistik
adabiyotning ko‘zga ko‘ringan namoyandalari adabiy hayotdan chetlanishi, ko‘proq modernistik
adabiyotga ergashish, bir vaqtning o‘zida ham marksistik, ham burjua-falsafasidan yuz o‘girgan
mayda burjuaziyaning mafkuraviy bo‘shliqqa tushib qolishi oqibatida falsafada "uchinchi" yo‘lni
izlashi va uni ekzistensializmda topishi oqibati”.
Jorj Salim, Muta Safadi va boshqalar to‘g‘risida gapirganda, ularning badiiy shakl
sohasida, uslubiy va kompozision rang-baranglikda erishgan yutuqlarini chetlab o‘tib bo‘lmaydi.
Jorj Salim ijtimoiy jihatga diqqat qilmagan holda insonning ichki dunyosiga kirib borish
texnologiyasini ishlab chiqishga o‘z ulushini qo‘shdi. Insonning jamiyat bilan bog‘liq fojealarini
ko‘rsatar ekan, najot yo‘lini u shaxsning ongliligida ko‘radi. Bu esa, uni shaxsning majburiy
qulligi, jamiyatga qarshi foydasiz isyoni g‘oyasi tomonga yetaklaydi. Pirovardida, u inson
hayotining boshqacha shakli bo‘lishi mumkinligiga ishonchsizlik bildiradi.
Agar Suriya adabiyotining paydo bo‘lishi, shakllanish davridan bugungacha bo‘lgan
umumiy taraqqiyot yo‘nalishiga nazar tashlansa, uning har doim milliy zaminga chuqurroq kirib
borishga, turli davrlarda mamlakat, xalq orzu-umidlarini tasvirlashga intilganini ko‘rish mumkin.
Hozirgi zamon sharoitida insonga bo‘lgan munosabat, uning imkoniyatlarini baholash,
ichki dunyosini tushunish, shaxsning jamiyatdagi o‘rnini belgilash, uning tarix taraqqiyotiga
ta’sir ko‘rsatish qobiliyatini tadqiq etish - bu masalalar Suriya yozuvchilari tomonidan turlicha
talqin etib kelingan va etilmoqda.
120
VII BOB
IROQ ADABIYoTI
Iroq XIX asr boshlarida Yaqin Sharqning eng ko‘p qullik asoratiga tushgan
mamlakatlaridan edi. Bu mamlakat Usmonli turklar saltanatining chet o‘lkasi, odamlar surgun
qilinadigan joy hisoblarnadi. Misr va Suriyada arab islohotchilarini junbushga keltirilgan liberal
g‘oyalari XIX asrning 60-yillarigacha Iroqqa kirib bormadi, jamiyatga sezilarli ta’sir
ko‘rsatmadi. Iroqning ziyoli doiralarida an’anaviy she’riy asarlar, yilnomalar, maqomatlar,
Qur’on tafsirlari o‘qilar, madhiya she’rlar yozish keng rivojlangan edi.
XIX asrning ikkinchi yarmidan boshlab Iroq adabiyotiga ma’rifatparvarlik tafakkurining
ilk to‘lqinlari kirib kela boshladi (arab adabiyotshunoslari bu davrni adabiy yuksalish - "an-
nahda al-adabiya" deb atashadi) Bu davrda bir qator Iroq adiblari ijodida nafaqat xorijliklar
zulmiga, balki feodal voqelikka nisbatan o‘ta salbiy munosabat shakllandi. Ular baholi qudrat
bilim egallash, xalq hayotini yaxshilashga da’vat etib asarlar yoza boshladilar.
Iroq adabiyotida vorislik zanjiri hech qachon uzilmagan va adabiyot maydoniga har doim
yangi-yangi buyuk ijodkorlar kirib kelgan bo‘lsalar ham, unda g‘oyalar va obrazlar evolyusiyasi
sekinlik bilan kechdi. Asr boshida boshqa madaniyatlar vakillari bilan aloqa qilish imkoniyatidan
mahrum bo‘lgan Iroq adiblari ko‘proq o‘zlarining arabiy-islomiy meroslariga murojaat qilar
edilar.
Do'stlaringiz bilan baham: |