YaIM (Yalpi Ichki Mahsulot) - mamlakat rezidentlari tomonidan maʼlum muddat davomida ishlab chiqarilgan pirovard tovarlar va xizmatlar bozor baholarininng umumiy yig‘indisidan iborat.
Qo‘shilgan qiymat tovar va xizmatlarning sotish bahosi bilan ularni ishlab chiqarish uchun foydalanilgan xom ashyo va materiallarni sotib olishga qilingan xarajatlar o‘rtasidagi farq ko‘rinishida aniqlanadi.
Ishsizlar – bu, ishchi kuchining bir qismi bo‘lib, ijtimoiy ishlab chiqarishda band bo‘lmagan, lekin ishlashni xohlovchi va faol ish qidirayotgan aholidir.
Pozitiv makroiqtisodiyotreal iqtisodiy hodisalarni va ularning aloqadorliklarini o‘rganadi.
Normativ makroiqtisodiyot qaysi sharoitlar yoki jihatlar maqbul yoki nomaqbul ekanligini belgilaydi, harakatning aniq yo‘nalishlarini taklif etadi.
Nominal YaIM - bu joriy baholarda hisoblangan YaIM.
Real YaIM – bu taqqoslama (bazis) baholarda hisoblangan YaIM.
Ishlab chiqarish, bandlilik va inflyatsiya darajasining davriy tebranishiga iqtisodiy davr (sikl)lar deyiladi.
Potensial YaIM deganda mamlakatdagi ishlab chiqarish resurslaridan to‘liq foydalanilgan sharoitda mumkin bo‘lgan ishlab chiqarish hajmi tushuniladi.
Yalpi talab – uy xo‘jaliklari, korxonalar, hukumat va chet ellik xaridorlarning baholarning maʼlum darajasida iqtisodiyotda ishlab chiqarilgan yakuniy tovarlar va xizmatlarning umumiy hajmiga bo‘lgan talabidir.
Friksion ishsizlikga ish qidirayotgan yoki yaqin vaqt ichida ish bilan taʼminlanishni kutayotgan ishchi kuchi kiradi.
Ishsizlikning bu turi asosan ish yoki turar joylarni o‘zgartirish, o‘quv yurtlarini tugatish va boshqa sabablardan kelib chiqadi. U doimo mavjud bo‘lib, maʼlum bir darajada kerakli hisoblanadi.
Tarkibiy ishsizlikka ishlab chiqarish tarkibining o‘zgarishi tufayli ishchi kuchiga talab tarkibining o‘zgarishi natijasida ishsiz qolganlar kiradi. Unga asosan malakalarini o‘zgartirishi va oshirishi, maʼlumot olishi, yangi kasb egallashi lozim bo‘lgan ishsizlar guruhlari kiradi.
Davriy ishsizlik ishlab chiqarish hajmining pasayishi natijasida ishchi kuchiga bo‘lgan talabning kamayishidan paydo bo‘ladi. Davriy pasayish tovar va xizmatlarga bo‘lgan yalpi talabning kamayishini, shunga muvofiq, yalpi taklifning kamayishini va oqibatda aholining ish bilan bandligi qisqarishi va ishsizlikning o‘sishini bildiradi.
Ishsizlikning tabiiy darajasi holatida barcha mavjud resurslardan to‘liq foydalanib iqtisodiyotda yaratilishi mumkin bo‘lgan mahsulot hajmini iqtisodiyotning ishlab chiqarish salohiyati deb ataladi. Mamlakatning ishlab chiqarish salohiyati potensial YaIM ko‘rsatkichi bilan o‘lchanadi.
Talab inflyatsiyasi – yalpi talabning yalpi taklifga nisbatan yuqori surʼatlarda o‘sishi tufayli narxlarning oshishidir.
Taklif inflyatsiyasi – ishlab chiqarish xarajatlari oshishi hisobiga yalpi taklifning qisqarishi va narxlarning o‘sishidir.
Namoyon bo‘lish shakliga ko‘ra inflyatsiya ikki xil bo‘ladi:
Ochiq inflyatsiya – ushbu inflyatsiya narxlarning o‘sishida namoyon bo‘ladi
Yashirin inflyatsiya – ushbu inflyatsiya tovarlarning defitsitida, kamomatida namoyon bo‘ladi.
Stagflyatsiya –mamlakat iqtisodiyotida stagnatsiya va inflyatsiyaning birgalikda sodir bo‘lishi;
Slampflyatsiya – ishsizlik va inflyatsiya surʼatlarining bir vaqtda o‘sib borishi.
Deflyatsiya – bu inflyatsiyaga nisbatan teskari jarayon bo‘lib, u pulning xarid qobiliyatini ortishida o‘z aksini topadi.
Qiyosiy narx- ishlab chiqarishning natijalari maʼlum yil (bazis yil) asosida hisoblanuvchi va boshqa yillar bilan taqqoslanuvchi narx.
Ixtiyorida bo‘lgan daromad- barcha soliqlar to‘langandan keyin qolgan daromad, yaʼni shaxsiy isteʼmol va jamg‘arma maqsadlarida foydalanish mumkin bo‘lgan daromad.
Pirovard mahsulot-ishlab chiqarish jarayoni yakunlangan, shaxsiy va unumli isteʼmol qilishga tayyor bo‘lgan mahsulotlar.
Oraliq mahsulot- ishlov berish, qayta ishlash va qayta sotish maqsadlarida sotib olingan mahsulotlar.
Inflyatsiya- qog‘oz pul birligining qadrsizlanishi.
Investitsiya- ishlab chiqarishni va xizmat ko‘rsatish sohalarini kengaytirishga, yaʼni asosiy va aylanma kapitalga pul shaklidagi qo‘yilma.
Ouken qonuni-ishsizlik darajasi va YAIM hajmining orqada qolishi o‘rtasidagi nisbatning matematik ifodasi.
Makroiqtisodiyot- moddiy va nomoddiy ishlab chiqarish sohalarini yaxlit bir butun qilib birlashtirgan milliy iqtisodiyot va jahon xo‘jaligi darajasidagi iqtisodiyotdir.