Vena kongressi. Fransiya tor-mor qilinmasdan oldinoq, oltinchi ittifoqning asosiy qatnashchilari diplomatik kongress chaqirishni va’dalashib qo’ydilar. 1814- yil sentyabrda Venada juda katta diplomatik kongress ochildi, ilgari hech qachon bunday katta diplomatik kongress chaqirilmagan edi. Kongressga birgina Turkiya imperiyasidan boshqa Yevropadagi barcha davlatlardan 216 vakil keldi. Kongressda Napoleonni yenggan eng kuchli davlatlar: Rossiya, Angliya va Avstriya asosiy rol o’ynadi. Rossiyaning vakillari imperator Aleksandr I, diplomat Karl Nesselrode va Rossiyaning kongressdagi birinchi muxtor vakili Andrey Razumovskiylar edi. Rossiya kongressning ishiga juda katta ta’sir ko’rsatib, Napoleonni tor-mor keltirishda rus xalqi o’ynagan hal qiluvchi roldan o’z manfaatlari uchun foydalandi.
Yevropadagi yirik monarxiyalarning kongressga to’plangan vakillari Napoleonning burjua imperiyasi ustidan qozonilgan g’alabani tantana qildilar.
Kongress qatnashchilarining birinchi maqsadi Yevropa xalqlarining respublikachi-demokratik va milliy-ozodlik harakatlarini bostirish va ilgari Napoleon bo’ysundirgan davlatlardagi avvalgi, feodal-absolyutistik tartiblarni tiklash edi. Bu davlatlarning hammasida kongress oldingi sulolalarni imkon boricha qaytadan taxtga o’tqazdi. G’oliblarning ikkinchi maqsadi Napoleon 79
ustidan qozonilgan g’alabani mustahkamlashdan, Fransiyaning bonapartizm rejimiga qaytishiga va qaytgan taqdirda Yevropani yangidan istilo qilishga urinishi ehtimollariga qarshi mustahkam to’siq yaratishdan iborat edi. Buning uchun kongressning rahbar qatnashchilari Fransiya bilan chegaradosh davlatlarni kengaytirish va kuchaytirishga hamda bu davlatlarni Fransiyaga qarshi to’siqqa aylantirishga harakat qildilar.
G’oliblarning uchinchi maqsadi o’zlarining hududiy davolarini qondirish, davlatlarning Yevropadagi va mustamlakalardagi yerlarini qaytadan taqsimlab olish edi. Shu bilan birga Vena kongressi yirik monarxiyalarning muddaosiga xizmat qilib, ayrim xalqlarning milliy-ozodlik yo’lidagi intilishlari va etnografik chegaralarini e’tiborga olmadi. Bu esa buyuk davlatlar o’rtasidagi ziddiyatlarning keskinlashuviga olib keldi.
Kongressda uning qatnashchilari o’rtasida jiddiy ziddiyatlar ro’y berdi. Rossiya imperiyasining G’arbiy Yevropadagi ta’sirini mustahkamlash uchun Aleksandr I Germaniyada ikkita kuchli davlat – Avstriya bilan Prussiyani saqlab qolishga intildi: ular o’zaro raqobat qilib, doimo bir-biriga qarshi bo’lishi kerak edi. Aleksandr I o’zini Fransiya tomonidan bo’ladigan xavfdan saqlashga intilish bilan birga Fransiyaning haddan tashqari xo’rlanishi va zaiflanishiga yo’l qo’ymadi: bunga yo’l qo’yish Fransiyani german davlatlarining kuchini G’arbga chalg’itish qobiliyatidan mahrum qilgan bo’lar edi. Rossiya Yevropa sharqida tugatilgan Varshava gersogligining deyarli butun hududini bosib olmoqchi bo’ldi. Bu vazifaning hal qilinishini osonlashtirish uchun Aleksandr pol’yak dvoryanlarining bir qismi bilan til biriktirdi. Pol’shada mahalliy qonunlarni saqlab qolishni hamda Pol’shaga cheklangan, aristokratik konstitutsiya va o’z armiyasiga ega bo’lish huquqi berishni va’da qildi.
Avstriya bilan Prussiya Aleksandr I ning bu ishiga norozilik bildirdilar, bu ikki davlat o’zlari olmoqchi bo’lgan pol’yak viloyatlariga hech qanday muhtoriyat berishni istamadilar.
Aleksandr I pol’yak yerlaridan katta bir qismining Rossiyaga o’tishiga Prussiyaning roziligini olish maqsadida Prussiyaning butun Saksoniyani olish 80
to’g’risidagi da’vosini qo’llab-quvvatlashga va’da berdi. Prussiya qiroli singari, Aleksandr I ham bosqinchilik niyatida edi. Saksoniya qirolining (ayni zamonda u Varshava gersogi ham edi) Napoleonga ittifoqchi va vassal bo’lganligi Pol’sha bilan Saksoniyaning taqsimlab olinishiga bahona bo’ldi.
Angliyaning torilar hukumati savdo-sanoat va mustamlakachilik monopoliyasining Angliya qo’lida bo’lishini ta’minlashga harakat qildi. Torilar hukumati Yevropa ligasidagi aristokratik reaksiyani qo’llab-quvvatlashni o’z maqsadiga erishishning eng yaxshi vositasi, deb bilar edi va shu sababli u Angliyaga raqib bo’la oladigan mamlakatlarda turg’unlik va qoloqlik holatini mumkin qadar uzoqqa cho’zishga harakat qildi. Britaniya tashqi ishlar vaziri Kaslri Napoleon urushlari davrida fransuzlardan, ispanlardan va gollandlardan bosib olingan mustamlakalarning Angliya qo’lida qolishiga erishmoqchi bo’ldi. Ammo u dastlab burjua Angliyasining eng xavfli raqibi bo’lgan Fransiyani zaiflashtirishga va uning hududini 1792- yildagi chegara doirasi bilan cheklashga harakat qildi. Britaniya kabineti Burbonlar sulolasini qaytadan taxtga chiqarishni ayniqsa qattiq talab qildi. U shuningdek, Fransiya chegaralari yonida to’siq davlatlar barpo etishga va Reyn daryosi bo’yida Prussiyani kuchaytirishga katta ahamiyat berdi. Ingliz diplomatiyasi o’zining Yevropadagi siyosatini Yevropa qit’asidagi davlatlarni bir-biriga qarama-qarshi qilib qo’yishga qaratdi. Bu davlatlar bir-biriga “tenglashib” olguncha Angliya ularga doimo hakamlik qilish imkoniyatiga ega bo’ldi va mustamlakalarni bemalol bosib olaverdi. Kaslri Rossiyaning Yevropadagi ta’siri yanada kuchayib ketishidan qo’rqib, Aleksandr I ning Pol’sha to’g’risidagi rejalariga turli yo’llar bilan qarshilik ko’rsatishga urindi, shuning uchun ham Pol’shani yangidan taqsimlashda uning Rossiyaga o’tishi mumkin bo’lgan qismini kamaytirishga va Avstriya bilan Prussiyaning hissasini ko’paytirishga harakat qildi.
Vena kongressida Avstriyaning vakili knyaz Metternix edi. Inqilobiy va milliy-ozodlik harakatlari chinakam “xalqlar turmasi” bo’lgan ko’p millatli Gabsburglar monarxiyasining hayotiga xavf solmoqda edi. Shu sababli, Metternix monarxlarni inqilob bilan qo’rqitib va ularni jipslashtirib, reaksiya tamoyillarini 81
zo’r berib himoya qildi. Avstriya hukumati Prussiya bilan Rossiyaning kuchayib ketishiga mumkin qadar yo’l qo’ymaslikka harakat qildi. Metternixning Germaniya masalasida tutgan siyosati Germaniyaning tarqoqligini saqlab qolish bilan birga unda Avstriya ta’sirining ustun bo’lishini ta’minlashdan iborat edi.
Prussiyaning Vena kongressida yuritgan siyosatning negizi pruss yunkerlari ahvolini mustahkamlashdan, Saksoniyani bosib olish va ayni zamonda Reyn daryosi bo’yidagi boy yerlarni qo’lga kiritishdan iborat edi.
Fransiya hukumati Prussiyani Fransiyaning o’ta ketgan dushmani, deb bildi va Saksoniya qo’shib berilgan taqdirda pruss monarxiyasining yanada kuchayib ketishidan xavfsiradi. Fransiya hukumatida Prussiyaga protestantlar yashaydigan Saksoniya o’rniga katoliklar yashaydigan Reyn viloyati bilan Vestfaliyani berish mayli bor edi, Fransiya hukumati, Prussiya bu ikki o’lkani o’ziga qo’shib ololmaydi, deb o’ylagan edi. Shu sababli Taleyran Vena kongressida Prussiyaning Saksoniyani bosib olishiga ochiqdan-ochiq qarshi chiqdi. Taleyran kongressda davlatlar o’rtasida ro’y bergan ziddiyatlardan ustalik bilan foydalandi. Bu ziddiyatlardan foydalanib, Taleyran, Fransiya urushda tor-mor qilingan bo’lishiga qaramay, kongressda beshinchi buyuk davlat vakili sifatida o’rin ola bildi.
Rossiyaga xalaqit berish uchun Kaslri bilan Metternix Taleyranni zo’r berib qo’llab-quvvatladilar, Napoleon ustidan qozonilgan g’alaba natijasida Rossiyaning g’oyat darajada kuchayib ketishi uning kechagi ittifoqchilarini shu qadar qo’rqitib yuborgan ediki, rus hukumati bilan pruss hukumatining Pol’sha va Saksoniya masalalaridagi rejalariga qarshi turish maqsadida Angliya, Avstriya va Fransiya 1815- yil 3- yanvarda o’zaro maxfiy ittifoq tuzdilar. Fransuz tarixchilari, odatda, bu shartnomani Taleyranning qilgan ishi, deb ko’rsatsalar ham, lekin haqiqatda uning qilgan ishi emas edi. Bu bitimni zimdan tayyorlashda ingliz va Avstriya diplomatlari asosiy rol o’ynagan edilar. Yangi ittifoqchilar bir-birlariga harbiy yordam berishni va’da qildilar va bu akt imzolangandan keyin Rossiya bilan Prussiyaga tazyiq qilishni juda kuchaytirdilar.
Prussiya Saksoniyaning hammasini emas, balki shimoliy qisminigina olishga rozi bo’ldi, Saksoniyaning janubiy qismi mustaqil qirollik bo’lib qoldi. 82
Podsho ham sobiq Varshava gersogligining hamma yerini o’z mulklariga qo’shib olishdan voz kechishga majbur bo’ldi, gersoglikka qarashli hududning katta bir qismi Rossiyaga o’tdi, Poznan bilan Gdansk (Dansig) Prussiya qo’lida qoldi. Bundan tashqari, Shvetsiya Pomeraniyasi Prussiyaga tegdi, Galitsiya esa Avstriyaga berildi. G’arbda ilgari mayda knyazliklarning yerlaridan tashkil topgan ikkita katta viloyat – Reyn viloyati bilan Vestfaliyani Prussiyaga qo’shishga qaror qilindi. Germaniyaning bu viloyatlari iqtisodiy jihatdan eng taraqqiy qilgan bo’lib, strategiya jihatidan muhim ahamiyatga ega edi. Bu viloyatlarning qo’shib berilishi Prussiyaga keyinchalik Germaniyaning katta qismini bo’ysundirish hamda Fransiyaning eng kuchli va eng xavfli dushmaniga aylanish imkoniyatini berdi.
Vena kongressida Pol’sha to’rtinchi marta qayta taqsimlandi. Pol’shaning yangidan taqsim qilinishi natijasida uch davlat: Rossiya, Avstriya va Prussiyaning hukmron tabaqalari polyak milliy harakatini birgalikda bostirishdan avvalgidek manfaatdor bo’lib qola berdilar. Faqat Krakov shu qadar janjalli punkt bo’lib qoldiki, uning kimga berilishi to’g’risida bir fikrga kelish mumkin bo’lmadi. Krakov shahri va unga bevosita tutashgan hududdan kichik bir mustaqil respublika barpo etildi. Pol’shani navbatdagi taqsimlashda va polyak xalqini ezishda Rossiyaning Prussiya va Avstriya bilan hamkorlik qilishi Yevropada reaksiyami mustahkamlashga yordam berdi.
Napoleon Elba orolidan chiqib, Fransiya shimoliga kelib tushgan va qo’shin to’plab Parijga qarab yo’l olgan paytda Vena kongressi o’z ishini yakunlab qolgan edi. Fransiyada Bonapart sulolasining qayta tiklanishidan qo’rqib, kongress qatnashchilari hal bo’lmagan janjalli masalalarni yig’ishtirib qo’yib, darhol yangi (yettinchi) ittifoq tuzdilar.
Napoleonning Vaterloo yonidagi jangda so’nggi marta yengilishidan sal oldinroq, 1815- yil 9- iyunda Vena kongressining аsosiy (oxirgi) hujjati imzolandi. Bu hujjatda Fransiyaning sharqiy chegaralarida fransuz tajovuzining yangi urinishlariga qarshi mustahkam to’siqlar barpo qilish ko’zda tutilgan edi.
Prussiyaning G’arbdagi yangi yerlari: Reyn viloyati bilan Vestfaliya Fransiyaga qarshi qaratilgan sharqy to’siqning asosiy bo’yini va platsdarm edi. 83
Gollandiya va Belgiya yagona Niderlandiya qirolligi qilib birlashtirildi va shunday qilib, belgiyaliklar ezilgan xalq ahvoliga tushirib qo’yildi. Bundan tashqari, Niderlandiya qiroli Lyuksemburg gersog ligini shaxsiy mulk qilib oldi.
Mustaqil davlat qilib qaytadan tiklangan Shveytsariyani kongress betaraf davlat deb e’lon qildi va uning Napoleon tomonidan o’z davrida tortib olingan chegara viloyatlari (bu viloyatlarning strategiya jihatidan muhim ahamiyatga ega bo’lgan tog’ yo’llari bor edi) yana o’ziga qaytarib berildi.
Italiyada Sardiniya qirolligi qaytadan tiklandi va kuchaytirildi; unga Savoyya bilan Nitsa qaytarib berildi va sobiq Genuya respublikasining hududi olib berildi. Sardiniya qirolligi Fransiyaning janubiy chegarasida Fransiyaga qarshi platsdarm rolini o’ynashi lozim edi.
Vena kongressining asosiy oxirgi hujjatida Yevropaning va mustamlakalarning Napoleon ustidan g’alaba qozongan g’oliblar o’rtasida qaytadan taqsimlanish yakunlari bayon qilindi.
Rossiya Pol’shaning katta bir qismini oldi va ilgari qo’shib olingan Finlyandiya bilan Bessarabiyani o’z qo’lida saqlab qoldi.
Angliya Mal’ta oroli va Gollandiya bilan Fransiyadan bosib olgan mustamlaka yerlarni o’ziniki qilib oldi. Afrikaning janubida ilgari Gollandiyaga qaragan Kap mustamlakasi va Seylon oroli mustamlaka yerlarning eng muhimlari edi. Bu mustamlakalar, birinchi navbatda, Hindiston yo’lidagi va uning bo’sag’asidagi muhim strategik punktlar sifatida Angliya uchun juda katta ahamiyatga ega edi. Hindistonni batamom va uzil-kesil istilo qilish Britaniya mustamlakachilik siyosatining asosiy maqsadi edi.
Do'stlaringiz bilan baham: |